Жюль Верн

Капитан Грант болалари


Скачать книгу

aga mashhur bo‘lgan qirol yaxt-klubining eng ko‘zga ko‘ringan a’zosi Eduard Glenarvanga qarashli edi.

      «Dunkan»da kema xo‘jayini Glenarvan, uning yoshgina xotini Elen va Eduardning amakivachchalaridan biri, mayor Mak-Nabbs bor edilar.

      Bu yaxta Klayd qo‘ltig‘idan bir necha mil narida, ochiq dengizda sinovdan o‘tkazilib, endi yana Glazgoga qaytib kelmoqda edi.

      Vaxtada turgan matros «Dunkan»ning orqasidan katta bir baliq suzib kelayotganini xabar qilganida ufqda Arran oroli ko‘rinib qolgan edi. Kapitan Jon Mangls darhol bu to‘g‘rida Glenarvanga xabar berishni buyurdi, Glenarvan esa Mak-Nabbs bilan birga darrov yutga3 ko‘tarildi.

      ‒ Menga qarang, bu qanday baliq deb o‘ylaysiz? – deb so‘radi u kapitandan.

      ‒ Menimcha, bu katta akula, ser, – deb javob berdi Jon Mangls.

      ‒ Bu atrofdagi suvlarda akula nima qilsin! – deb yubordi Glenarvan.

      ‒ Bunga hech qanday shubha yo‘q, – deb davom etdi kapitan, – bunday akulalar barcha dengizlarda va barcha kengliklarda uchraydi. Bu bolg‘a baliq. Yo men qattiq yanglishyapman, yo biz o‘shanday yirtqichlardan biriga duch keldik. Agar ijozat etsangiz, ser va missis Glenarvan bu g‘alati ovni tomosha qilishga rozi bo‘lsalar, uning qanday baliq ekanini aniq bilish uchun biz darhol ov qilishga boshlaymiz.

      ‒ Siz nima deysiz, Mak-Nabbs? – deb so‘radi Glenarvan mayordan. – Ov qilib o‘tirishga arzirmikin?

      ‒ Oldinoq aytib qo‘ya qolay, siz nima desangiz men ham fikringizga sherikman, – dedi mayor bamaylixotir.

      ‒ Umuman-ku, yirtqich maxluqlarni iloji boricha ko‘proq qirish kerak-a, – deb qo‘ydi Jon Mangls. – Duch kelgan fursatdan foydalanaylik, juda g‘alati tomosha ko‘ramiz, ayni vaqtda foydali ish ham qilamiz.

      ‒ Bo‘lmasa boshlang, Jon, – dedi Glenarvan.

      Keyin u xotiniga aytib qo‘yishni buyurdi, bu ajoyib baliq ovini tomosha qilishga juda qiziqqan Elen eri oldiga chiqishga shoshildi.

      Kapitan ko‘prikchasida turib, akulaning barcha harakatlarini kuzatib turish qiyin emas edi: akula goh sho‘ng‘ib ketar, goh hayron qolarlik darajadagi zo‘r kuch bilan suv yuziga otilib chiqardi.

      Jon Mangls zarur buyruqlarni berdi. Matroslar yaxtaning o‘ng bortidan uchiga changak bog‘langan pishiq arqon tashladilar, changakka kattagina bo‘lak cho‘chqa yog‘i ilib qo‘yildi. Ochko‘z akula «Dunkan»dan ellik yardlar4 chamasi narida bo‘lsa ham changakdagi yog‘ni sezdi va yaxtani tez quvib kela boshladi. Endi uning uchi kulrang va past tomoni qora qanotlari suv to‘lqinlarini kuch bilan yorib kelayotgani, dumi esa to‘ppa-to‘g‘ri suzishga yordam berayotgani ko‘rinib turardi. Kemaga yaqinlashib kelgan sari uning ochko‘zlik bilan yongan ola ko‘zlari tobora aniq ko‘rina bordi; baliq ag‘darilgan paytlarida uning katta ochilgan og‘zidagi to‘rt qator tishlari ko‘rinib qolardi. Akulaning boshi yapaloq bo‘lib, bitta dastaga o‘rnatilgan ikkita to‘qmoqni eslatar edi. Jon Mangls yanglishmagandi – bu haqiqatan ham akulalar oilasiga kiradigan baliqlarning eng ochko‘zi – bolg‘a baliq edi.

      «Dunkan»ning yo‘lovchilari ham, komandasi ham akulaning harakatlarini diqqat bilan kuzatib turar edilar. Mana, u changakka juda yaqinlashib keldi, mana, yog‘ni osonroq yutish uchun qornini osmonga qilib to‘ntarildi. Bir lahzadan keyin katta bo‘lak cho‘chqa yog‘i uning og‘ziga kirib yo‘q bo‘ldi. Yana bir lahzadan keyin baliq arqonni qattiq siltab tortdi va changakni o‘z etiga o‘zi sanchdi. Shundan so‘ng matroslar, vaqtni qo‘ldan bermay, grot-reyaga o‘rnatilgan chig‘irlar yordami bilan o‘ljani torta boshladilar.

      Akula o‘zini qadrdon suvdan ajratib olishayotganini sezib, qattiq tipirchilay boshladi, lekin uning dumiga sirtmoq tashlab, qimir ettirmay qo‘ydilar. Yana bir necha sekunddan so‘ng akulani tortib oldilar va bortdan oshirib, palubaga tashladilar. Shu zahotiyoq matroslardan biri ehtiyotlik bilan unga yaqinlashdi va baliqning dahshatli dumini bolta bilan shart uzib tashladi.

      Baliq ovi tugadi. Endi bu yirtqichdan qo‘rqmasa ham bo‘lardi. Matroslarning akuladan o‘ch olish hissi qondirildi, lekin hali unga qiziqib qarar edilar. Shuni aytish kerakki, barcha kemalarda ushlangan akulalarning qornini sinchiklab ko‘zdan kechirish odat bo‘lib qolgan. Bu nihoyatda ochko‘z baliqning to‘g‘ri kelgan narsani yutib yuboraverishini bilgan matroslar, odatda, baliqning qornidan hech kutilmagan narsalar chiqib qolishiga qiziqishar, ularning kutgani ham ko‘pincha to‘g‘ri chiqardi.

      Elen Glenarvan bu jirkanch «ko‘rikni» tomosha qilishni istamay, rubkaga5 o‘tib ketdi. Akula hali nafas olar, uning uzunligi o‘n fut6 va og‘irligi olti yuz qadoqdan ortiq kelardi. Odatda bolg‘a baliqlarning uzunligi va og‘irligi shuncha bo‘ladi. Lekin bolg‘a baliq akulalarning eng yirigi bo‘lmasa ham, ularning eng xavflilaridan hisoblanadi.

      Ortiq cho‘zib o‘tirmay, tezda bu kattakon baliqning qornini bolta bilan yordilar. Changak baliqning bo‘m-bo‘sh oshqozoniga borib qadalgan ekan. Aftidan, baliq ancha vaqtdan beri och edi. Hafsalasi pir bo‘lgan matroslar akulani endi dengizga tashlab yubormoqchi bo‘lib turgan edilarki, birdan baliqning ichiga juda mahkam o‘rnashib qolgan qattiq bir narsa kapitan yordamchisining diqqatini jalb qilib qoldi.

      ‒ Iye! Bu nima? – deb qichqirib yubordi u.

      ‒ Hoynahoy, bu baliq o‘z og‘irligini oshirish uchun yutib olgan qoya parchasi bo‘lsa kerak, – deb javob berdi matroslardan biri.

      ‒ Ol-a, – dedi boshqa bir matros. – Bu oddiy zambarak yadrosi: bu maxluqning qorniga tushgan-u, lekin hali hazm bo‘lib ulgurmagan.

      ‒ Jim bo‘linglar, hay! – deb gapga aralashdi kapitan yordamchisi Tom Ostin. – Bu maxluqning nihoyatda piyonista bo‘lganni ko‘rmayapsizlarmi? Ichkilikning bir tomchisini ham qoldirmay qorniga joylab, shishasini ham yutib yuboribdi!

      ‒ A! – deb yubordi hayron bo‘lib Glenarvan. – Akulaning qornidan shisha chiqdimi?

      ‒ Rostakam shisha, – deb javob berdi kapitan yordamchisi, – lekin, ko‘rinishidan, ombordan chiqqaniga ancha vaqt bo‘lgan.

      ‒ Tom, bo‘lmasa shishani oling, lekin ehtiyot bo‘ling, – dedi Glenarvan, – ko‘pincha dengizdan topilgan shishalar ichida muhim hujjatlar bo‘ladi.

      ‒ Siz shunday deb o‘ylaysizmi? – deb so‘radi mayor Mak-Nabbs.

      ‒ Har holda, shunday bo‘lishi mumkin.

      ‒ Mutlaqo qo‘shilaman. Shishaning ichida biror sir bo‘lsa ham ajab emas.

      ‒ Buni hozir bilamiz, – dedi Glenarvan, – Xo‘sh, Tom nima gap?

      Kapitan yordamchisi akulaning qornidan o‘zi zo‘rg‘a ajratib olgan bir narsani ko‘rsatdi:

      ‒ Mana, – dedi u.

      ‒ Juda soz! – dedi Glenarvan. – Bu badhazm narsani tozalab yuvdirib, rubkaga olib kiring.

      Tom buyruqni bajardi, ko‘p o‘tmay bunday g‘alati vaziyatda topilgan shisha kayut-kompaniyadagi stol ustiga keltirib qo‘yildi. Glenarvan, mayor Mak-Nabbs, kapitan Jon Mangls va Elen (aytishadi-ku, xotinlar doim har narsaga qiziqadigan bo‘lishadi deb) stol atrofidan joy oldilar.

      Dengizda har qanday hodisa ham kishini qiziqtiradi. Bir minutcha hammalari jim o‘tirishdi. Har kim bu mo‘rtgina idishga qiziqib qarardi: bu shisha ichida biror kema falokati to‘g‘risida xabar bormidi, yo biror bekorchi dengizchining zerikkanda yozib to‘lqinlar quchog‘iga otgan ahamiyatsiz biror qog‘ozimi?

      Har holda, unda nima gap borligini bilish kerak edi, shu maqsadda Glenarvan, bunday paytlarda zarur bo‘lgan barcha ehtiyot choralarini ko‘rib, shishani ko‘zdan kechira boshladi. Bu paytda Glenarvan yuz bergan jinoyatning sirini topishga tirishayotgan koronerga7 o‘xshar edi. Albatta, Glenarvan ishga bunday diqqat bilan qarab, juda to‘g‘ri qilayotir, chunki ko‘pincha yuzaki qaraganda ahamiyatsiz ko‘rinadigan eng mayda ikir-chikirlar ham ko‘p yangiliklarning ochilishiga sabab bo‘ladi.

      Shishaning og‘zini ochishdan oldin Glenarvan uni tashqi tomondan tekshirib chiqdi. Shisha uzun va mahkam bo‘lib, unda zanglab ketgan bir bo‘lak sim hali ham saqlanib qolgan.