tinchlikmi?
Jim edim, nima deb javob berardim? O‘qituvchi ayol Kalleni qanchalik yaxshi ko‘rishimni tushunarmidi?
Endi, Kalle butunlay Benkaga tegishli. To‘g‘risi ham shu-da! Kalle-Olifta meni sog‘inganda Benkani ovuta qolsin.
Menda esa oltin yolli Miramis bor. U hech kutilmaganda mening tulporimga aylandi.
Bir kuni kechasi otam bilan suhbatlashib, planerlar yasar ekanmiz (xuddi Benka va uning otasidek), u kishiga Kalle haqida gapirib berdim.
– Bolajonim Mio! Otlarni yaxshi ko‘rasanmi?
– Ha, – otam menga nimadir yetishmayapti, deb o‘ylamasligi uchun iloji boricha beparvo javob berishga harakat qildim.
Ertasi kuni esa ota-bola bog‘da aylanib yurar ekanmiz, atirgul butalari oralab oppoq tulpor men tomonga chopib kelayotganiga ko‘zim tushdi. Bunaqa chiroyli yo‘rg‘ani hech qachon ko‘rmagandim. Oltin yollari shamolda o‘ynar, tilla tuyoqlari esa quyoshda tovlanardi. Tulpor yonimda to‘xtadi va quvnoq kishnadi. Ilgari bunday shiddatli kishnashni eshitish menga nasib etmagandi. Sal hadiksirab otamning pinjiga kirib oldim. Ammo otam tulporning yolidan mahkam tutgach, u tek turdi. So‘ngra muloyim burni bilan qand topish umidida cho‘ntagimni iskadi. Kalle-Olifta ham xuddi shunday qilardi. Baxtiga cho‘ntagimda anchadan beri qand bo‘lagini olib yurardim. Albatta, eski odatim bo‘yicha uni cho‘ntagimga solganman. Tulpor uni topdi va kumur-kumur ovoz chiqarib yedi.
– Bolajonim Mio! Bu sening tulporing. Laqabi Miramis.
Mening Miramisim! Bir ko‘rishdayoq senga mehrim tushdi. Butun dunyoni aylanib chiqsam ham sendek go‘zal arg‘umoqni topolmasligim aniq. Va Miramis horg‘in qariya Kallega mutlaqo o‘xshamasdi. Toki Miramis chiroyli boshini ko‘tarib, menga qaramaguncha hech bir o‘xshashlik sezilmagandi. O‘shanda tulporimning ko‘zlari ikki tomchi suvdek Kallening ko‘zlariga o‘xshashiga guvoh bo‘ldim. Sadoqatli ko‘zlar, barcha tulporlarda bo‘lganidek.
Umrimda otda yurmagandim. Otam esa meni ko‘tarib, Miramisga mindirdi.
– Bilmadim, eplay olarmikinman?!
– Bolajonim Mio! Axir ko‘ksingda bahodirning yuragi urib turibdi.
Bog‘da yurarkanman, jilovni zo‘rg‘a ushlab turar, teraklarning shox-shabbalari, kumush barglari sochimga ilashib qolardi.
Miramis borgan sari tezroq chopar, eng baland atirgul butalari orasidan o‘tardi. Faqat bir safar buta devorga sal tegib o‘tdi va atirgul yaproqlari boshimiz uzra sochilib ketdi.
Shu payt bog‘da Yum-Yum paydo bo‘ldi. Meni ko‘rib, qarsak chalib, qichqirib yubordi:
– Mio Miramisni boshqaryapti! Mio Miramisni boshqaryapti!
Men Yum-Yumdan otda sayr qilishni istaysanmi, deya so‘radim. Albatta, istaydi-da! Darrov otga sakrab, orqamga o‘tirib oldi. Va biz atirgul bog‘idan so‘ng yoyilgan yashil maysazor uzra ot choptirdik. Hayotimda bundan ortiq lazzatni his etmagandim.
Otamning saltanati bepoyon bo‘lib, Uzoq Mamlakat esa uning tasarrufidagi eng kattasi hisoblanardi. U ham shimol-u janub, ham g‘arb-u sharqqa qadar cho‘zilgandi. Qirol qasri joylashgan orol esa Yashil Dalalar Oroli, deb nomlanarkan.
– Fordning4 narigi tomonida, tog‘lar ortida Dengiz Orti O‘lkasi va Tog‘lar Orti Yurti joylashgan. Ularga ham otang hukmronlik qiladi! – qichqirdi Yum-Yum yashil dalalardan yelib borarkanmiz.
Tevarak juda go‘zal edi. Yumshoq barra o‘t, rang-barang gullar, zumrad adirlar bag‘rida oppoq momiq qo‘zichoqlar shodon o‘tlashardi. Cho‘pon bola fleytada5 mo‘jizaviy kuyni ijro etar, u kuyni qachondir, qayerdadir eshitgandek edim-u, ammo sira yodimga kelmasdi. Nima bo‘lgan taqdirda ham o‘sha kuyni Uplandsgatan ko‘chasida eshitmaganim aniq edi.
Otni to‘xtatdim va cho‘pon bola bilan suhbatlashdik. Yigitchaning ismi Nonno ekan. Undan chalish uchun fleytasini berib turishini so‘radim. Bolakay nafaqat fleytasini berdi, balki o‘zi chalgan kuyni menga o‘rgata boshladi.
– Istaysizmi, sizlarga ham xuddi shunday fleyta yasab beraman, – so‘radi Nonno. Albatta, istaymiz-da, bu haqda gap bo‘lishi mumkin emasdi. Yonginamizda jilg‘a oqar, qaddi egik majnuntol boshimiz uzra shoxlarini yoydi. Biz qirg‘oq bo‘yiga o‘tirib, oyoqlarimizni suvga tiqib oldik. Nonno esa men va Yum-Yum uchun fleyta yasardi. Nonnoning aytishicha, u chalgan kuy dunyodagi eng qadimiy navo emish. Cho‘ponlar bu kuyni yaylovlarda ming-ming yillardan buyon chalib kelisharmish.
Fleytalar va qadimiy kuyni o‘rgatgani uchun Nonnoga minnatdorchilik bildirdik. Otga minib, sayohatimizni davom ettirdik. Olis-olislardan Nonno chalayotgan ko‘hna cho‘ponlar kuyining ovozi qulog‘imizga eshitilib turardi.
– Bu fleytalarni ko‘z qorachig‘imizdek asraymiz, – dedim Yum-Yumga. – Oramizdan kimningdir boshiga kulfat tushsa, cho‘ponlar kuyini chaladi.
Yum-Yum otdan yiqilmaslik uchun belimdan mahkam ushladi va dedi:
– Albatta, biz bu fleytalarni ehtiyot qilamiz. Agar fleytamning kuyini eshitib qolsang, bilginki, men seni chaqirayotgan bo‘laman.
– Yaxshi, – javob berdim Yum-Yumga. – Bordi-yu, tanish ohangni eshitib qolsang, bilginki, seni chorlayotgan bo‘laman.
– Xo‘p, – dedi Yum-Yum.
Shunda endi u mening eng yaqin do‘stim, degan o‘y o‘tdi. Otamni hisobga olmaganda, albatta. Uni dunyoda hammadan ham ko‘proq yaxshi ko‘raman.
Yum-Yum esa tengqurim. Modomiki, Benka bilan endi hech qachon ko‘risholmas ekanmiz, Yum-Yum eng yaxshi o‘rtog‘im bo‘lib qoladi-da.
Qanday soz! Mening otam, Miramisdek tulporim va Yum-Yumdek do‘stim bor. Baxtdan boshim aylanib ketdi. Adirlardan, dalalardan go‘yo shamol yanglig‘ uchib o‘tardim.
– Dengiz Orti O‘lkasi va Tog‘lar Orti Yurtiga qanday borsa bo‘ladi? – so‘radim Yum-Yumdan.
– Tong Yog‘dusi ko‘prigi orqali, – javob berdi u.
– Qayerda o‘sha ko‘prik? – qiziqdim men.
– Hozir ko‘rasan, – dedi Yum-Yum. Va haqiqatan ham tez orada biz ko‘prikni ko‘rdik. U shu qadar hashamatli va uzun ediki, narigi tomonini ko‘z ilg‘amasdi. Butun ko‘prik quyosh nurlarida tovlanar, xuddi oftobning zarrin nurlaridan to‘qilgandek edi.
– Bu dunyodagi eng katta ko‘prik, – dedi Yum-Yum. – U Yashil Dalalar Oroli va Dengiz Orti O‘lkasini bir-biriga bog‘laydi. Lekin kechalari qirol ko‘prik tomonlarini ayirib qo‘yadi. Yashil Dalalar Orolidagilar tinch orom olishi uchun.
– Bu nimaga kerak? – so‘radim men. – Tunda kim bizga daxl qilishi mumkin?
– Ritsar Kato!
U bu so‘zlarni zo‘rg‘a talaffuz qildi. Dalani sovuq shamol qopladi, Miramis titradi.
Bu ritsar haqida birinchi eshitishim edi va baland ovozda takrorladim:
– Ritsar Kato!
Shu so‘zlarni aytarkanman, sovuqdan etim junjikib ketdi.
– Yovuz ritsar Kato, – qo‘shib qo‘ydi Yum-Yum.
Miramis tahlikali kishnadi va ikkimiz jim bo‘lib qoldik. Albatta, Tong Yog‘dusi ko‘prigidan o‘tishni juda ham istardik, ammo buning uchun otamdan ruxsat olmagandim. Shu boisdan ortga – bog‘ga qaytdik. Ilk sarguzashtimiz shunday intiho topdi. O‘sha kuni Miramisni uzoq cho‘miltirdik, oltin yollarini taradik, yag‘rinidagi yunglarini to‘zg‘itdik, Yum-Yumning onasi bergan qand va non bilan siyladik.
Yum-Yum bilan bog‘da chayla qurdik. U yerda yig‘ilib, shirin taomlardan tatib ko‘rdik. Hammasidan ham qand upasi sepilgan quymoqlar zo‘r edi. Faqat va faqat xursandchilik qildik. Benkaning onasi ham quymoqlar pishirardi va gohida ularni tatib ko‘rish nasib etardi menga. Lekin, Yum-Yumning onasi tayyorlagan quymoqlarni ular bilan taqqoslab bo‘lmaydi. Benka tez-tez Vaksxolmdagi dala hovlida chayla