Астрид Линдгрен

Uzunpaypoq Peppi


Скачать книгу

shirinlikdan keyingi o‘rindagi eng ajoyib xilqat.

      Peppi yuzida quvnoq tabassum o‘ynagancha ularni qarshi oldi.

      – «Tovuq» villasiga yaqinda ko‘chib o‘tgan qiz shumi? – so‘radi politsiyachilardan biri.

      – Biroz adashdingiz, bu siz aytgan qizaloq emas, bu – shahar chekkasidagi uyning uchinchi qavatida yashaydigan qari kampir.

      Peppi bu gaplarni faqatgina mirshablar bilan biroz hazillashish uchun aytgan edi, lekin ularga bu hazil malol keldi. Ayni damda ular Peppiga bunaqangi tarbiyasizlik qilmasligini, shaharchadagi bir talay himmatli insonlar qizaloqni bolalar uyiga joylashtirish borasida kengashib olishganini bildirish uchun kelishganini aytishdi.

      – Men allaqachon bolalar uyiga joylashib bo‘lganman-ku, – dedi Peppi.

      – Nahotki?! – ishonqiramadi mirshablardan biri. – Allaqachon bolalar uyiga topshirishganmidi seni? Qaysi bolalar uyiga?

      – Mana shu uyga, – dedi Peppi dimog‘dorlik bilan. – Men shundog‘am bolaman va bu yer mening uyim. Shunday ekan, bu yer ham bolalar uyi, qancha xohlasangiz, shuncha xona topiladi, bu yerda xonadan ko‘pi yo‘q.

      – Bolaginam, – dedi mirshablardan biri, – sen tushunmagan ko‘rinasan. Biz haqiqiy bolalar uyi haqida gapiryapmiz, u yerda senga g‘amxo‘rlik qiladigan kishilar ham bo‘ladi.

      – Bolalar uyiga ot olib borish mumkinmi? – so‘radi Peppi.

      – Yo‘q, – javob berdi mirshab.

      – O‘zim ham shunday deb o‘ylagandim. Unda maymun olib borish-chi?

      – Bu ham mumkin emas. O‘zing tushunasan-ku.

      – Unaqada o‘sha bolalar uyiga boshqalar boraversin, men hech qayerga jilmayman.

      – Hech qursa maktabga borishing kerakligiga aqling yetar?

      – Nega maktabga borishim kerak ekan?

      – Ko‘p narsani o‘rganish uchun!

      – Masalan… nimalarni?

      – Ko‘p narsani, – javob qildi mirshab. – Jumladan, ko‘paytirish jadvalini ham.

      – To‘qqiz yildan buyon hech qanday ko‘kartirish jadvallarisiz ham yaxshigina yashab kelyapman-ku! Menimcha, bundan keyin ham hayotim davom etaveradi.

      – To‘g‘ri, lekin o‘zing bir o‘ylab ko‘r, – dedi mirshab, – bir umr savodsiz bo‘lib yurishdan uyalmaysanmi? Katta bo‘lganingda kimdir sendan Portugaliyaning poytaxti qayerda, deb so‘rasa-yu, javob berolmay uyatga qolsang, qanchalar ayanchli holat yuz berishini bir tasavvur qilgin-a.

      – Nega javob berolmaskanman? Albatta, javob beraman-da. «Agar Portugaliya poytaxti haqida bilishga shunchalik oshiqayotgan bo‘lsang, bemalol Portugaliyaning o‘ziga xat yozib so‘rashing mumkin!» deyman – vassalom!

      – Mayli, lekin o‘zing bu haqda bilmasligingdan xijolat chekmaysanmi?

      – Balki, xijolat chekarman, – dedi Peppi. – Bordi-yu, chindan xijolat chekadigan bo‘lsam, o‘sha kech albatta ko‘zimga umuman uyqu kelmaydi, allamahalgacha o‘ylanib chiqsam kerak: Portugaliyaning poytaxti qayerda ekan, deb. Lekin darrov suyunib ketaman, – dedi Peppi biroz bukilib oyog‘ini osmondan qilib olgach, – chunki bir paytlar dadam bilan Lissabonga borganmiz-da.

      Peppi gapini tugatganidan so‘ng ham oyoqlarini osmondan qilib turaverdi, chunki u har qanaqasiga: oyog‘i yerda bo‘lsa ham, osmonda bo‘lsa ham bemalol gaplasha olardi. Lekin politsiyachilardan biri unga ko‘ngliga kelgan ishni qilib yuraverishi to‘g‘ri emasligi, darhol bolalar uyiga ko‘chib o‘tishi kerakligini aytdi. Mirshab Peppining yaqiniga borib, bilagidan ushlagan edi hamki, Peppi zudlik bilan uning qo‘llari orasidan yulqinib chiqib, mirshabning o‘zini ushlab oldi.

      – Tutdim! Endi yana siz quvlang! – dedi Peppi qichqirib.

      Haligi politsiyachi kiprik qoqishga ham ulgurmasidan Peppi avval ayvon panjarasiga, undan oshib ayvon yuqorisidagi boloxonaga chiqib ketdi. Ikkala mirshab ham Peppiga o‘xshab birato‘la tomga chiqib keta olmasliklariga ko‘zlari yetgach, uy ichi orqali chiqmoqchi bo‘lib yugurishdi. Afsuski, ular boloxonaga yetishganida Peppi allaqachon xuddi epchil maymuncha kabi tom ustiga chiqishiga bir baxya qolgan edi. Bir soniya deganda u avval tomning uchiga, keyin esa bir sakrash bilan mo‘ri yaqiniga yetib oldi. Pastda, boloxonada ikki mirshab boshlarini qashib o‘tirar, maysazorda esa Tommi va Annika Peppiga tikilib turishardi.

      – Quvlashmachoq o‘ynash naqadar maza! – dedi Peppi jarangdor ovozda. – Eh, lekin kelganingiz zap ish bo‘ldi-da. Shunaqayam omadim chopadigan kun bo‘ladimi bugun?!

      Politsiya nozirlari ancha payt nima qilishni bilmay garangsib turishganidan so‘ng, borib narvon olib kelishdi-da, uni uyning bir burchagiga tirab, Peppini pastga tushirish uchun birma-bir tomga chiqa boshlashdi. Ular tomning sirpanchiq nishabliklariga oyoq qo‘yar paytda qo‘rquvdan ranglari bo‘zday oqarib, Peppi tomonga ehtiyotkorlik bilan bitta-bittalab qadam bosishdi.

      – Nimasidan buncha qaltiraysizlar? Qo‘rqishga arziydigan narsaning o‘zi yo‘q-ku. Bor-yo‘g‘i vaqtimizni chog‘ qilyapmiz xolos, – dedi Peppi ularga.

      Ular yaqinlashgan zahoti Peppi mo‘ri ustidan sakrab tushib, nishablik bo‘ylab yugurgancha narigi burchakka o‘tib oldi. Uyning yonginasida bir daraxt o‘sardi.

      – Men hozir sho‘ng‘iyman, – dedi Peppi va qarshisidagi daraxtning quyuq barglari orasiga o‘zini urdi. Daraxtning shoxidan ushlab olib, orqa-oldinga bir muddat siltanib turdi-yu, o‘zini gup etib yerga tashladi. Chaqqon harakatlari evaziga uyni aylanib o‘tib, mirshablar qo‘ygan narvonni olib qo‘ydi.

      Peppi daraxtga sakraganida mirshablar bir sharmanda bo‘lgan bo‘lishsa, bu galgi sharmandalik barchasidan oshib tushdi. Bechoralar endi yerga tushamiz deb taraddudlanishsa-yu, narvon bo‘lmasa, alam qilmaydimi? Avval boshda ularning Peppidan qattiq jahllari chiqib, tezda narvonni o‘rniga keltirib qo‘ymasa, yetti uxlab tushiga kirmagan hodisalar ro‘y berishini aytib, po‘pisa qilishdi.

      – Nega menga bunchalar qo‘pol gapiryapsiz? – dedi Peppi ularga norozi nigohlarini qadab. – Axir, biroz quvlashmachoq o‘ynadik xolos-ku!

      – Oh, azizam, yaxshi qizcha bo‘lib, narvonni o‘rniga qo‘yib bermaysanmi, shunda biz ham yerga tushib olardik, – dedi mirshablardan biri uzoq o‘yga cho‘mganidan so‘ng.

      – Jonim bilan, – dedi Peppi va darrov narvonni o‘z o‘rniga qo‘ydi. – Pastga tushsangiz, barchamiz birgalashib qahva ichib, vaqtichog‘lik qilardik.

      Biroq mirshablar tulkilik hadisini olgan edilar, yerga tushib olganlari zahoti qaytadan Peppiga tashlanib baqira ketishdi:

      – Hozir ta’ziringni yeysan, mishiqi!

      – O, yo‘q, kechirasizlar-u, siz bilan boshqa pachakilashib o‘tiradigan vaqtim qolmadi. Lekin sizlar bilan o‘ynash juda maroqli ekan.

      Shunday degancha Peppi ikkala mirshabning ham kamaridan ushlab, bog‘ yo‘lagidan sudrab olib borib, panjaradan tashqariga – to‘g‘ri ko‘chaga uloqtirdi. Mirshablar ancha paytgacha o‘rinlaridan qo‘zg‘alolmay yotishdi.

      – Hozir, bir daqiqa, – dedi u doimgiday jarangdor ovozda va oshxonaga yugurib kirib, ikki dona yurakchasimon shirinlik ko‘tarib qaytdi.

      – Ta’tib ko‘rishga nima deysiz? – deb so‘radi u. – Chetlari ozroq kuygan-u, lekin bu unchalik ham ahamiyatli emas, to‘g‘rimi?

      Peppi shirinlikni ko‘targancha hozirgina ko‘z o‘ngida nimalar yuz berganini ko‘rgan bo‘lsa ham, ko‘zlariga ishonolmay og‘zi lang ochilib qolgan Tommi va Annikaning yoniga keldi. Haligi ikki mirshab esa o‘rinlaridan turib, shaharchaning oliyhimmat aholisiga Peppi degan bezori qiz bolalar uyiga unchalik ham to‘g‘ri kelmasligini aytishdi (tomda qolib ketishgani haqida esa hech kimga churq etishmadi). Shundan so‘ng shaharchaning oliyhimmat xonimchalari va janoblari Peppi «Tovuq» villasida qolishi mumkin, agar maktabga borishni istasa, bu yog‘ini o‘zi hal qilsin, degan qarorga