n
Suv ostida sakson ming kilometr
BIRINCHI QISM
Birinchi bob
HARAKATDAGI SUVOSTI QOYaSI
1866-yil hanuz odamlar xotirasidan ko‘tarilmagan g‘aroyib voqealar bilan mashhur bo‘lib qoldi. Bu voqealar haqidagi mishmishlar butun dunyo xalqlari o‘rtasida qiziqish uyg‘otdi va port shaharlar aholisini tashvishlantirib qo‘ydi, dengizchilarni esa hayajonga soldi. Savdogarlar, kema egalari, kapitanlar, shkiperlar1, harbiy dengizchilar, hatto Eski va Yangi dunyodagi bir qancha davlatlarning hukumatlarini ham kamdan kam uchraydigan bu hodisa juda qiziqtirib qo‘ydi.
O‘sha yili bir necha kemalarda kishilar dengizda qandaydir uzun, duksimon bir narsani ko‘rishdi. U hajmi va tez harakat qilishi jihatidan kitdan ustun turar; ba’zan yorqin yog‘du taratardi.
Turli kemalarning bort jurnallaridagi yozuvlar bu narsa yoki mavjudotning tashqi qiyofasini ifoda etishda bir-biridan juda kam farq qilar edi. Uning misli ko‘rilmagan darajada tez harakat qilishini ham bir xilda qayd etar edilar. Boshda uni kit deb o‘ylashdi. Ammo fanga ma’lum turli xil kitlarning birortasi bu qadar katta bo‘lmagan. Kyuve ham, Laseped ham, Dyumeril ham, Katrfaj2 ham o‘z ko‘zlari bilan ko‘rmaguncha, shunday bahaybat maxluqning mavjudligiga ishonmagan bo‘lur edilar.
Bu mavjudotni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan ba’zi bir kishilar uning uzunligini ikki yuz ingliz futi3 deb chamalashdi, lekin bu juda kichraytirib aytish edi, albatta. Boshqalar esa uning uzunligini uch milya, enini bir milya deb, shubhasiz, haddan tashqari mubolag‘a qilib yuborgan edilar. Bu bir-birini inkor qiladigan gaplarga qaramay, ko‘p sonli axborotlardan xulosa chiqarib, shuni dadil aytish mumkinki, bordi-yu shunday bahaybat maxluq mavjud bo‘lgan taqdirda ham u hozirgacha zoologlarga ma’lum bo‘lgan hayvonlardan beqiyos darajada kattadir. Shuningdek, uning mavjudligi ham shubhasizdir, bu haqda so‘z bo‘lishi mumkin emas edi. Tabiiyki, insonga xos bo‘lgan sirli hodisalarga qiziqish ishtiyoqi natijasida, butun dunyo bu xabarlardan larzaga kelgan edi.
1866-yilning 20-iyulida Kalkuttadagi kemachilik shirkatiga qarashli «Gubernator Xiginson» kemasi suzib ketayotgan bu bahaybat maxluqni Avstraliyaning sharqiy qirg‘og‘iga yaqin bir yerda uchratib qoldi.
Boshda kapitan Bekker xaritaga tushmagan suvosti qoyasiga duch keldim, deb o‘yladi. Uning geografik koordinatlarini aniq belgilab olishga endi kirishmoqchi bo‘lib turganida, to‘satdan bu g‘alati narsaning ostidan ikkita suv ustuni yuz ellik fut balandlikka vashillab otilib chiqdi. Agar bu suvosti geyzeri4 bo‘lmasa, unda «Gubernator Xiginson» kemasi burun kataklaridan bug‘ aralash suv otadigan allaqanday noma’lum dengiz maxluqiga duch kelgani aniq.
1866-yilning 23-iyulida bu g‘alati mavjudotni Tinch okeanida Vest-Indiya va Tinch okean kemachilik shirkatiga qarashli «Xristofor Kolumb» kemasidagilar uchratib qolishdi. Bu g‘alati kit chindan ham juda katta tezlik bilan harakat qilar ekan. Chunki uch kun mobaynida «Gubernator Xiginson» va «Xristofor Kolumb»dagilar uni yer sharining oralig‘i yetti yuz dengiz milyasiga teng bo‘lgan masofadagi ikki nuqtasida ko‘rishdi.
O‘n besh kundan keyin Milliy kompaniyaning «Gelvetsiya» va «Royal Meyl» kompaniyasining «Xanaan» kemalari Atlantika okeanida – Amerika bilan Yevropaning o‘rtasida uchrashib, bu bahaybat maxluqni shimoliy kenglikning 42-gradus 15-minutida va g‘arbiy uzunlikning 60-gradus 35- minutida (Grinvichdan) ko‘rdilar. Har ikkala kemaning kapitanlari bu maxluqning uzunligini kamida uch yuz ellik ingliz futi deb chamalashdi. Forshtevenidan5 arxershtevenigacha6 har birining uzunligi uch yuz yigirma besh fut keladigan «Xanaan» va «Gelvetsiya» kemalari undan kichik edi. Aleut orollari atrofida uchraydigan eng yirik kitlarning uzunligi esa hech qachon bir yuz o‘n besh futdan oshmagan.
Ketma-ket kelib turgan bu axborotlar, Atlantika okeani orqali qatnaydigan «Pereyra» kemasidagilarning ham bahaybat maxluqni ko‘rgani, «Etna» kemasi u bilan to‘qnashgani haqidagi xabarlar va nihoyat, uch machtali fransuz harbiy yelkan kemasi «Normandiya» ofitserlari tomonidan tuzilgan protokol va ingliz admiralligiga «Lord Klayd» kemasi komandiri Fits-Jems yuborgan batafsil hisobot – mana shularning hammasi jamoatchilik fikrini ostin-ustun qilib yubordi. Ba’zi mamlakatlarda bu favqulodda voqeani gapirib kulishardi. Ammo Angliya, Amerika va Germaniya singari davlatlarda bunga juda qiziqib qolgan edilar.
Barcha poytaxtlarda bahaybat maxluq haqidagi gaplar asosiy suhbat mavzuyi bo‘lib qoldi. U haqida estradalarda qo‘shiq kuylashardi, jurnallarda karikaturalar bosilardi, hatto uni teatr tomoshalarida tasvirlab ko‘rsatishdi. Barcha gazetalarda o‘zi chindan ham mavjud bo‘lgan, ammo xayolan tasvirlangan bahaybat maxluqlar surati – qutb atrofidagi suvlarda yuradigan dahshatli oq kitdan tortib, go‘yo changaliga besh yuz tonnalik kemani olib, dengiz qa’riga g‘arq qila oladigan afsonaviy sakkizoyoqlargacha paydo bo‘la boshladi. Arxivlardan eski hujjatlar – Aristotel, Pliniylarning7 bahaybat dengiz maxluqlari bo‘lishi mumkinligi haqidagi qadimiy guvohnomalari, Norvegiya dengizchilarining hikoyalari, Paul Geggedning axborotlari va nihoyat rostgo‘yligiga hech kim shubha qilmaydigan Xaringtonning 1857-yilda juda katta bahaybat dengiz ilonini ko‘rgani to‘g‘risida aytganlari zudlik bilan qidirib topildi.
O‘sha kezlarda olimlar jamoatchiligi orasida, ilmiy jurnallarda ishonuvchilar va ishonmovchilar o‘rtasida tinimsiz tortishuvlar qizg‘in tus olib ketdi. Bahaybat maxluq to‘g‘risidagi masala hammaning xayolini band qilib qo‘ydi. Ana shu tortishuvlar vaqtida qanchadan qancha siyohlar daryo bo‘lib oqdi.
Olti oy davomida bu kurash goh u, goh bu tomon fikrini ifodalab, davom etib turdi. Tuturiqsiz matbuot «Braziliya geografiya institutining axboroti»da, «Berlin Fanlar akademiyasining sol nomasi»da, Vashingtondagi Smit institutining jurnalida bosilgan maqolalarni, «Hind arxipelagi» va Petermanning «Axboroti» singari nufuzli jurnallardagi munozaralarni va Yevropadagi eng yaxshi jurnallarning ilmiy xronikalarini masxaralab chiqdi. Jurnalistlar Linneyning8 maxluq mavjudligini inkor etuvchilardan biri keltirgan: «Tabiat ovsarlarni yaratmaydi» degan mashhur iborasini pesh qilib, «mast-alast dengizchilar tasavvuridagina yaratiladigan bahaybat narsalarni tabiat yaratdi», deb, unga til tekkizmaslikka zo‘r berib olimlarni ko‘ndirmoqchi bo‘lardilar. Nihoyat, ommalashgan satirik haftalikda maxluq eng taniqli yozuvchi qalami bilan shu qadar hajv qilindiki, ommaviy kulgidan so‘ng uning tarafdorlari chekinishga majbur bo‘ldilar. Shunday qilib, kuchli so‘z o‘yini fan ustidan g‘olib chiqdi.
1867-yilning dastlabki oylari davomida bahaybat maxluq masalasi qaytib qo‘zg‘almas qilib ko‘mib tashlanganday bo‘ldi. Ammo shu orada gazetxonlarga yangi faktlar kelib yetdi. Endi gap qandaydir mavhum bir ilmiy muammoni hal etish ustida emas, balki juda jiddiy va tamomila real xavfga qarshi kurash ustida borar edi. Bahaybat maxluq yana orolcha, cho‘qqi, suvosti qoyasi deb, ammo qoya bo‘lganda ham harakatdagi, tutqich bermas, jumboqli qoya tarzida tilga olina boshladi.
1867-yilning 25-martiga o‘tar kechasi Monreal okean kompaniyasiga qarashli «Moraviya» kemasi kenglikning 27-gradus 30-minutida va uzunlikning 72-gradus 15-minutida hech qanday xaritaga tushmagan qoyaga urildi. «Moraviya» orqadan esayotgan shamol va to‘rt yuz quvvatli mashina yordamida o‘n uch uzel9 tezlikda suzayotgan edi. Kema korpusi o‘ta mustahkam bo‘lmaganida, shunday katta tezlikda shiddat bilan kelib urilish kema uchun ham, undagi ikki yuz o‘ttiz yetti yo‘lovchi va komanda uchun ham halokatli tugashi turgan gap edi.
Bu to‘qnashuv ertalab soat beshda sodir bo‘ldi. Kun endi yorishayotgan edi. Qorovulda turgan ofitserlar bortga yugurib bordilar. Ular okean sathini sinchiklab ko‘zdan kechirishdi. Biroq qudratli paroxod parragi zarbidan hosil bo‘ladigani kabi uch kabelt10 masofada ko‘tarilayotgan kuchli to‘lqindan bo‘lak hech qanday shubhali narsa sezishmadi. «Moraviya» bu yerning aniq koordinatlarini belgilab olgach, yo‘lida yana davom etdi. Bu to‘qnashuvda kemaning tashqi tomoni shikastlanmagan edi, binobarin, «Moraviya»ning komanda sostavi kema suvosti qoyasiga urildimi yoki cho‘kib qolgan biror kemagami degan masala