Жюль Верн

Suv ostida sakson ming kilometr


Скачать книгу

bu g‘alati voqea ham avvalgilari singari oradan ko‘p o‘tmay unutilib ketgan bo‘lur edi. Faqat bu gal shikastlangan kema mashhur kemachilik shirkatiga qarashli bo‘lgani uchun bu voqea bir zumda hamma yoqqa yoyilib, butun dunyoda shov-shuvga sabab bo‘ldi.

      Kemalari Yevropa bilan Amerika orasida birinchi bo‘lib qatnay boshlagan ingliz kemachisi Kyunardning nomi hammaga ma’lum bo‘lsa kerak. Kyunard kemachiligining yigirma yetti yillik faoliyatida uning kemalari Atlantika okeanini ikki ming martadan ko‘proq kesib o‘tgan shu vaqt ichida biror marta ham kech qolmagan, kema qatnovini biror marta bekor qilmagan, unga ishonib topshirilgan xat-xabarlardan birontasini yo‘qotmagan edi. Kyunard kemachiligining obro‘-e’tibori shu qadar zo‘r ediki, u raqobatdan ham cho‘chimasdi. Bu hodisa ana shu kompaniyaning eng yaxshi kemalaridan biri bilan sodir bo‘lgani uchun ham zudlik bilan hamma yoqqa tarqaldi.

      1867-yilning 13-aprelida dengiz sathi oynaday silliq va sira shamol yo‘q edi. Shu kuni «Shotlandiya» g‘arbiy uzunlikning 15-gradusi 12-minutida va shimoliy kenglikning 45-gradusi 37-minutida suzib borar edi. Ming quvvatli mashina kemani o‘n uch-u yuzdan qirq uch uzel tezlikda olib ketayotgan edi. «Shotlandiya» parraklari soat tebratkichiday bir maromda aylanib, suvni yorib borardi.

      Tushdan keyin choy ichib o‘tirishgandi, «Shotlandiya» kemasi o‘ng tomondagi parrakdan ancha narida bir narsaning xiyol urilishidan yengil tebranib oldi.

      Bu zarb shu qadar kuchsiz bo‘ldiki, tryumdan:

      «Tryumga suv kirdi. Cho‘kyapmiz!» – degan qichqiriqlar eshitilmaganda, bunga kema palubasidagilar e’tibor ham bermagan bo‘lardilar.

      Yo‘lovchilarning sarosimaga tushishi tabiiy edi, albatta. Ammo kapitan Anderson ularni tinchlantirdi. Darhaqiqat, suv o‘tkazmaydigan devorlar bilan yetti hujraga ajratilgan «Shotlandiya» kemasi uchun suv o‘tkazadigan bitta teshik uncha xavfli emas edi.

      Kapitan Anderson zudlik bilan tryumga tushib, beshinchi hujraga suv kirganini aniqladi. Suv oqimining tezligiga qaraganda kema durustgina teshilganga o‘xshardi, yaxshiyamki, bu hujrada bug‘ qozonlari yoqilmas edi.

      Kapitan Anderson mashinani to‘xtatishga farmoyish berib, matroslardan biriga suvga tushishni buyurdi. Matros kema korpusida eni ikki metr keladigan teshik borligini ma’lum qildi. Bunday teshikni dengizda turib tuzatish haqida so‘z bo‘lishi ham mumkin emas. Shuning uchun ham «Shotlandiya» parraklari suvga yarim botgan holda bir amallab yo‘lida davom etdi.

      O‘sha paytda kema Klir burunidan uch yuz milya narida bo‘lib, Liverpul portiga uch kun kechikib keldi. Bu hodisa butun Angliyani qattiq tashvishga solib qo‘ygan edi.

      «Shotlandiya»ni quruq dokka olib chiqishib, kompaniya injenerlari uni ko‘zdan kechirishdi. Ular o‘z ko‘zlariga ishongilari kelmasdi: kemaning qayerigacha suvga cho‘kib turganini ko‘rsatadigan chiziqdan ikki yarim metr pastda kema korpusi teng yonli uchburchak shaklida teshilgan edi. Kema teshilgan joyning atrofi atayin silliqlanganday tep-tekis. Aftidan, kema korpusini teshgan asbob juda mustahkam bo‘lsa kerak.

      Kemaning qalinligi to‘rt santimetr keladigan temir qoplamasini teshgan asbob qanday qilib undan chiqdi ekan, buni sira tushunib bo‘lmas edi…

      «Shotlandiya» bilan sodir bo‘lgan hodisa kishilarning so‘nayotgan qiziqishini qayta avj oldirib yubordi. Shu daqiqadan boshlab noma’lum sabablar bilan dengizda sodir bo‘lgan butun halokatlarni bahaybat maxluqqa olib borib taqayveradigan bo‘lishdi. Dengiz statistikasi bo‘yicha har yili halokatga uchraydigan uch ming kemadan kamida ikki yuztasi «noma’lum yo‘qolganlar» qatoriga qo‘shilishini hisobga olganda, tabiiyki, afsonaviy bahaybat maxluqning gunohi kun sayin og‘irlashib boraverdi.

      Adolatdanmi, yo‘qmi, ko‘ngilsizliklarning barchasi uchun javobgarlikni bahaybat maxluqqa yuklay boshlagan jahon jamoatchiligi qit’alararo xabarlarga ko‘ra, u tobora ko‘proq xavf tug‘dirayotganidan tashvishlanib, dengizni qaysi yo‘l bilan bo‘lmasin bu dahshatli mavjudotdan xoli etishni talab etdi.

      Ikkinchi bob

      TARAFDOR VA QARSHILAR

      Yuqorida qayd etilgan voqealar sodir bo‘lib turgan kezlarda men Shimoliy Amerikaning Nebraska shtatining odamzod qadami yetmagan yerlarida kezib yurgan edim. Fransiya hukumati meni bu ilmiy ekspeditsiyaga naturalist hamda Parijdagi tabiiyot tarixi muzeyi qoshidagi adyunkt-professor sifatida yuborgan edi.

      Nebraskada o‘tkazilgan olti oy mobaynida juda qimmatli kolleksiyalar to‘plab, 1867-yilning mart oyi oxirlarida Nyu-Yorkka qaytdim. Fransiyaga birinchi maylarda qaytishim kerak edi. Shuning uchun qolgan vaqt ichida o‘zimning mineralogik hamda botanik va zoologik kolleksiyalarimni tartibga solmoqchi bo‘ldim.

      Men jamoatchilikni tashvishlantirayotgan bu voqealardan, albatta, xabardor edim. Axir butun gazeta va jurnallarning sahifalari dengizdagi bahaybat maxluq haqidagi xabarlar bilan to‘lib-toshgan bir paytda boshqacha bo‘lishi ham mumkinmidi? Bu jumboq menda ham qiziqish uyg‘otdi.

      Hodisalarni qanday sharhlashni bilmay, o‘zimni har tomonga urardim. Bunda, albatta, bir sir bor: har bir narsaga shubha bilan qaraydigan odam ham «Shotlandiya»ning teshilgan bortini ko‘rgach, bunga ishonchi komil bo‘ladi.

      Butun Nyu-York hayajonda edi. Voqeadan uncha xabardor bo‘lmagan kishilarning suzar orolcha, tutqich bermas suvosti qoyasi degan farazlari e’tibordan tushib qoldi. Chindan ham o‘sha suzuvchi qoyaning qudratli mashinasi bo‘lmasa qanday qilib bunaqa tezlik bilan harakat qilishiga aql bovar qilmasdi.

      Bir vaqtlar cho‘kkan ulkan kemalardan biri suv betiga chiqib qalqib yuribdi, degan taxmin ham qolib ketdi, chunki bunday kemalar katta tezlikda oqib yurolmas edi.

      Shunday qilib, masalani hal etishning haqiqatga yaqin ikki yo‘li qoldi: bahaybat maxluq, yo juda katta jonivor, yoki favqulodda kuchli dvigatelli suvosti kemasi.

      Bu so‘nggi, haqiqatga birmuncha yaqin taxmin ham har ikkala yarim sharda o‘tkazilgan tekshirishlardan keyin puchga chiqdi.

      Suvosti kemasi bir shaxsniki deb taxmin qilish mumkin emas, chunki uni qayerdadir baribir yasash kerak edi. Bunday ulkan kemani yasayotganda esa u odamlar e’tiborini jalb etmay sira iloji yo‘q.

      Shunday dahshatli vayron qiluvchi kuchga ega bo‘lgan mexanizmni qurishga faqat biror davlatninggina qurbi yetar edi. Insoniyatga o‘lim keltiruvchi qurollarning yangidan yangi turlarini ixtiro qilishga zo‘r berilayotgan bizning ayanchli kunlarimizda biron davlatning boshqalardan yashirincha shunday jangovar kema qurib, uni amalda sinab ko‘rgan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.

      Ammo harbiy kema haqidagi faraz ham yo‘q bo‘ldi. Chunki barcha hukumatlar o‘zlarining bu ishga aloqalari yo‘qligini ma’lum qildilar. Bahaybat maxluqning okeandagi xalqaro kemalar qatnoviga xavf solayotganidan bayonotlarning to‘g‘riligiga shubha qilmasa ham bo‘lardi. Buning ustiga ma’lum bir shaxs ulkan suvosti kemasini maxfiy ravishda yasay olmagach, raqobatchi mamlakatlar har qadamini kuzatayotgan biror davlatning bunday ishni uddalay olishi to‘g‘risida gapirmasa ham bo‘ladi.

      Shunday qilib, Angliya, Fransiya, Rossiya, Germaniya, Italiya, Amerika va hatto Turkiyadan ham ma’lumotlar olingach, suvosti kemasi, degan taxmin o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘ldi.

      Tuturiqsiz matbuot kulgi ostiga olganiga qaramay, bahaybat maxluq yana suv yuzasiga qalqib chiqdi va hayajonlangan xayolot yana birin-ketin g‘oyat afsonaviy farazlarni to‘qiyverdi.

      Nyu-Yorkda ko‘pgina kishilar mendan hammani hayajonlantirayotgan shu masala yuzasidan o‘z mulohazalarimni aytib berishimni so‘rashdi. Fransiyadan ketishimdan biroz oldin «Okean tubining sirlari» nomli ikki tomlik kitobimni chiqargan edim. Ilmiy jamoatchilik tomonidan yaxshi kutib olingan bu kitob menga birmuncha kam o‘rganilgan tabiiyot tarixi sohasida mutaxassis degan nom olish huquqini berdi.

      Mendan o‘z fikrimni aytishimni qat’iy iltimos qila boshlashdi. Turli bahonalar bilan men bundan bosh tortib yurdim. Ammo «Nyu-York axboroti»ning qaysar reportyorlari hol-jonimga qo‘ymagach, gazetxonlarga okeandagi g‘aroyib voqealar haqidagi mulohazalarimni aytib berish uchun va’da berishga majbur bo‘ldim.

      Mana, nihoyat 30-aprelda gazetada professor Pyer Aronaksning batafsil maqolasi chiqdi va unda bahaybat maxluq haqidagi masala har