Anvar Obidjon

Oltin yurakli Avtobola


Скачать книгу

kumush-u tilla idish-buyumlar marjondor qandil nurini qaytarib, ko‘zni qamashtirayotgandi. Oyoq ostiga to‘shalgan momiq turkman gilamlarining eng chiroylisi to‘ridagi devorni yoppa egallab turar, uning u yer-bu yeriga qadimiy qurol-yarog‘lar did bilan ilib qo‘yilgandi. Eshikning qarshi tomonidagi baxmal pardali derazalarda bo‘ychan xitoyi ko‘zalar. Poygakdagi yog‘och taxmon esa kitoblar bilan liq to‘la. Ularning talay qismi «noyob»lardan ekanini Kamol bir qarashdayoq sezib ulgurdi.

      O‘ho‘! Yusuf Xos Hojibdan tortib Spenser-u Gegelgacha! Hozirgi baldoqfurushlar bilan ham hazillashib bo‘lmaydi shekilli?

      Hm… pastga ko‘ndalang taxlanganlari… Bular eskicha kitoblar bo‘lsa kerak.

      Kamol zeb-hashamlarni alohida diqqat bilan ko‘zdan kechirayotganini sezib, Bekxo‘janing ko‘kragi kerildi.

      – Bular shunchaki yupanchga o‘xshagan narsalar, – deya mag‘rur qo‘l siltab qo‘ydi u. – To‘rt muchang sog‘ ekan, o‘ttiz yoshda el og‘ziga tushding. Men kandikka biqinvolib, sirg‘a-uzuk «kashf» qilib yotibman.

      «To‘rt muchang sog‘…» degan gapning tagida, «agar nogiron bo‘masam, dovrug‘ solish nimaligini ko‘rsatib qo‘yardim», qabilidagi ta’na yashiringanini anglagan Kamol bir lahza o‘ng‘aysizlanib qoldi.

      – Iye, ayollarimizni chiroyli qilib ko‘rsatish mayda ish bo‘ptimi? – mezbonning ko‘nglini ko‘tarishga tirishdi u. – Buniyam jamiyatga nafi katta.

      Bekxo‘ja yuzaga kelgan har qanday qulay vaziyatdan ustalik bilan foydalana bilardi. Bu safar ham shunday qildi.

      – Odamni juda quvontirib yubording, – dedi u ortidagi javonga uzalganicha g‘aladonni tortayotib. G‘aladondan duxoba quticha olib, uni Kamolning oldiga surdi. – Gaplaring rost bo‘lsa, jamiyatga yana bir marta foyda keltirishimga to‘sqinlik qilma.

      Kamol qutichani qo‘liga olib, asta qopqog‘ini ochdi. Unda bir juft tilla baldoq va yoqut ko‘zli uzuk charaqlab turganini ko‘rib, ikkilangan siyoqda zargarga yuzlandi.

      – Xijolatpazlikni yig‘ishtirib qo‘y, azizginam, – arvoh rolida o‘ynayotgan artistdek qat'iy va dona-dona so‘zladi Bekxo‘ja. – Bular menga dehqonchilikdek gap.

      – Axir…

      – O‘zingga oro berishga vaqt topmayotgan ekansan, loaqal xotiningga parvo qiptursang yomon bo‘lmasdi.

      Bekxo‘ja yosh olimning tartibsiz to‘zg‘ib turgan sochlari, egnidagi odmigina kostumiga istehzoli ko‘z yugurtib chiqqach, «erib turganimda opqolsang-chi», degan ma’noda kiprik qoqib, muloyim jilmaydi.

      Kamol favqulodda o‘tkir did bilan yasalgan taqin choqlarni qiziqib ko‘zdan kechirarkan, ora-sira zargarga sinovchan ko‘z tashlab qo‘yar, Bekxo‘ja yuziga samimiy tus berishga urinib, unga jim tikilib turardi.

      « – Qanchalar bebaho bo‘lmasin, bu dahmazalar baribir meni butunlay rom qilolmaydi, – derdi go‘yo Kamol. – Saxovatli tabiat menga g‘ayrat va iste’dod shavqini berdi. Yana nima kerak?».

      « – Sho‘ring qursin, shippaksiz Aristotel, – deb javob qilayotganga o‘xshardi Bekxo‘ja. – Bilmaysanki, ayni paytda mislsiz zahmat, bir umr o‘z-o‘zidan qoniqmaslik azobiga mahkum etilgansan».

      « – Tabiat menga zehn va idrok berdi, bu bilan olam qalbini tinglay olishdek ulkan saodat in’om etdi. Yana nima kerak?».

      « – Bilmaysanki, ayni paytda o‘sha dardmand olamning dod-faryodlariga parvosiz boqishdek cheksiz halovatdan mahrum qilingansan… Ha, tabiatda adolat bor, tarozining posangisini doim teng ushlaydi. Birovni nimalargadir yolchitgan ekan, shak-shubha yo‘qki, nimadandir kamsitadi ham».

      « – Shaxsan men na kecha, na bugun biron-bir narsadan kamsitilganimni sezmaganman».

      « – Biz g‘ofillar turmushga o‘zimizga o‘ng turgan tomondan qarab o‘rganganmiz. Sen o‘zingga o‘xshagan xayolparastlarning olqishidan sarxushlangan chog‘ingda allaqachon cho‘ntakni qappaytirib ulgurgan uddaburonlar orqangdan bearmon mazax qilishayotganini sezmaysan. Mening ahvolim, balki buning aksidir. Lekin nima bo‘lgandayam, ustunlik baribir men tarafda – menda pul bor. Pul kishining hamma nuqsonini yashiradi: nodonni donodan hurmatliroq qiladi, nimjonni polvon ustidan hukmron etadi, sichqonni qoplonga aylantiradi. Bilimda bunaqa imtiyoz yo‘q, aqalli kamxarjligingniyam begona ko‘zdan berkitolmaydi».

      « – Nahotki, kamxarjlikni nuqson deb o‘ylasang?»

      « – Har holda, u fazilat ham emas. Shunday ekan, kaftingda omonat turgan o‘ljani mahkamroq changallashning payida bo‘l. Tirikchilik bozori shunchalar ur-to‘polonki, qo‘ldan tushirgan narsangni qaytib topolmaysan. Ol, olaver, birinchisi odatda qiyinroq bo‘ladi, keyin binoyidek ko‘nikib ketasan…».

      Hatto raqiblar iste’dodini ham tan olib, qadrlab o‘rgangan Kamol ustasi farang zargarning mahoratiga tahsin o‘qigandek hayratomuz bosh tebratib, qutichaning qopqog‘ini yopdi. Uni stol chetiga qo‘yarkan, nima deyishni bilmay, biroz paysallanib qoldi. Chamasi, o‘ta saxovatpesha mezbonning qo‘lini dilga og‘ir botmaydiganroq tarzda qaytarish chorasini izlar, durustroq bahona esa hadeganda kallasiga kelmayotgan edi.

      SOVG‘A KO‘LANKASIDAGI JODU

      Garchi Bekxo‘ja xotirjam ko‘rinsa-da, aslida nigohini o‘qdek qadab, Kamolning qiyofasidagi har bir o‘zgarishni ziyrak kuzatib o‘tirardi. Uning ingichka qoshiga rangdosh tim qora ko‘zlari qadimiy sharqona suratlardagidek qiyiq va jozibali edi. Bir qarashda bu ko‘zlar egasi biron-bir kimsaga ozor yetkazishi mumkin emasdek tuyulardi.

      – Dehqonchiligim ko‘nglingga o‘tirmadi shekilli? – deya qisqa jimlikni buzib, afsusnamo ohangda gap tashladi Bekxo‘ja.

      – Aksincha… – bu gal ham uning ko‘nglini ko‘tarishga tirishdi Kamol. – Qo‘ling gul ekan, tan berdim.

      – Senki tan bergan ekansan, endi kelin haqida gap-so‘z yo‘q…

      – Ming attang! – kulimsirab boqdi Kamol. – Xotinim bu masalada juda qoloq. Zeb-ziynat desang, qirq qadam naryoqdan aylanib o‘tadi. Yurist xalqi ham oddiy, ham jiddiy bo‘lishi kerakmish.

      Bekxo‘ja uning oilaviy tomoni haqida hech narsa bilmaydigandek, o‘zini taajjublanganga soldi.

      – Yurist? Anavini qarab qo‘y!

      – U tirrancha… shahar prokurori hozir.

      – Yo‘g‘-e, nimalar deyapsan! Bundan chiqdiki, tog‘amni ishiyam…

      Bekxo‘ja beixtiyor o‘rinsiz gap aytib yuborgandek, tilini tishladi. Kamol unga hushyor tortib qaradi.

      – Tog‘ang?

      – Bema’ni odatim bor-da, – o‘zini koyigan bo‘ldi Bekxo‘ja. – Ko‘ngilga yaqin kishim bilan gaplashsam, tilimni tiyolmay qolaman.

      – Hartugur… nima gap o‘zi?

      – Shu desang, menga ota yo‘llik bo‘lib qolgan tog‘am qamoqda yotibdi. Arzimagan ishga.

      Kamolning yuragi nimadandir bezillab, Zargarga tiyraklanib boqdi.

      – Agar… chindanam arzimagan ish bo‘lsa…

      – Senga o‘xshagan donolar hozir tanqisroq, – deb hasratlandi Bekxo‘ja. – Arziydigani qaysi-yu, arzimaydigani qaysi – buni ortiqcha surishtirib o‘tirishmaydi. Ayniqsa, gap tillaga borib taqaldimi, tamom – ellik gramm pullaganniyam, ellik kilo o‘marganniyam bir xil tayoqda savalashadi. Shu insofdanmi?

      Qimmatbaho sovg‘aning zig‘irttak ko‘lankasida ulkan iltimos yashirinib yotganini nihoyat anglab yetgan Kamol tuyqus noqulay ahvolga tushdi. Chaynayotgani bo‘g‘ziga qadalib, qo‘lidagi shingil uzumni qaytarib idishga tashladi.

      – Sen aytmoqchisanki… Kechirasan-u, xotinimning ishiga sira aralashmaganman.

      – Juda to‘g‘ri qilasan, – Bekxo‘ja kutilmaganda uning gapini ma’qullab, ta’zimnamo bosh qimirlatdi. – Hadeb xotin kishining ishiga suqilaverish – bachkanalik. Ammo… zarur