ad Yugnakiy
Hibat ul-haqoyiq
AXLOQ MUALLIMI
XII asr oxiri − XIII asr birinchi yarmida yashab ijod qilgan, “Hibat ul-haqoyiq” (“Haqiqatlar tuhfasi”) asari bilan o‘zbek adabiyotida o‘ziga xos o‘rin tutadigan ulug‘ shoir va mutafakkir Adib Ahmad Yugnakiyning tarjimai holi haqida juda oz ma’lumotga egamiz. Asarining faqat bir yerida u o‘z nomini tilga oladi:
Adib Ahmad otim, adab-pand so‘zum,
So‘zum munda qolur, borur bu o‘zum1.
“Hibat ul-haqoyiq”qa Adib Ahmad shaxsi, hayoti va faoliyatining ayrim nuqtalarini oydinlashtiruvchi noma’lum bir shoir va Amir Sayfiddinlarning to‘rtliklari hamda temuriy amaldorlardan Arslon Xo‘ja Tarxonning 10 baytlik masnaviysi ilova qilingan. Masnaviyda, jumladan, quyidagi ma’lumotlarni o‘qiymiz:
Adibning yeri oti Yugnak erur,
Safoliq ajib yer − ko‘nullar yorur.
Atosi oti Mahmud Yugnakiy,
Adib Ahmad o‘g‘li − yo‘q ul hech shaki.
Kitobining oti erur “Hibat ul-
Haqoyiq” − iborat arabdin o‘shul.
Tamomi erur koshg‘ariy til bila,
Ayitmish Adib riqqati2 til bila (96-97).
Ma’lum bo‘ladiki, Adib Ahmad Yugnak degan so‘lim va bahavo joyda tug‘ilgan. Otasining oti Mahmud Yugnakiy bo‘lgan. Kitobining nomi arabcha bo‘lib, “Hibat ul-haqoyiq”. Koshg‘ariy tilda3 yozilgan bu kitobni shoir mahorat bilan nazm rishtasiga tergan. “Qutadg‘u bilig”dan bir-ikki asr keyin yaratilgan bu asar qadimiy va boy turkiy adabiyotning noyob durdonasi hisoblanadi. Alisher Navoiy “Nasoyim ul-muhabbat” tazkirasida Adib Ahmadga alohida o‘rin ajratib, ham shaxsi, ham ijodi xususida yuksak fikrlarni bildirishi uning ham zabardast so‘z ustasi, ham mashhur tasavvuf namoyandasi bo‘lganligidan dalolat beradi4.
Shoir tug‘ilgan joy olimlar o‘rtasida ko‘p tortishuvlarga sabab bo‘lgan. Samarqand, Farg‘ona va Turkistonda Yugnak degan joy borligi aytilsa-da, ko‘pchilik uni Samarqand atrofida deyishga moyil va keyingi davrlarda ilmiy muomalaga kiritilgan adabiy-tarixiy manbalar bu fikrning to‘g‘riligini tasdiqlayap-ti. Jumladan, XII asrda yashagan mashhur tarixchi Abdulkarim as-Sam’oniy “Al-Ansob” (“Nasabnoma”) kitobida yozadi: “Yug‘anak − Samarqand qishloqlaridan. Abu Homid Ahmad ibn Abu Ahmad al-Yug‘anakiy bu nisbat bilan mashhurdirlar. Bu kishi Samarqand ahlidan. Sohib ibn Muslim al-Balxiy, Abdurahim ibn Habib al-Bag‘dodiy va Abu Is’hoq Ibrohim ibn Is’hoq as-Samarqandiydan hadis rivoyat qilganlar. O‘zlaridan esa Abdulloh ibn Mas’ud ibn Komil as-Samarqandiy hadis rivoyat qilganlar”5.
Bu ma’lumotlar Adib Ahmadning Samarqand atrofidagi Yug‘anak qishlog‘ida tug‘ilganligini oydinlashtiribgina qolmay, uning nafaqat zabardast shoir, ayni paytda, mashhur muhaddis ham bo‘lganligidan xabar beradi.
Adib Ahmad tug‘ma ko‘r bo‘lgan. “Tug‘a ko‘rmas edi Adibning ko‘zi” (95), − deyiladi bu haqda asarga ilova qilingan noma’lum shoirning to‘rtligida. Lekin, Navoiy ta’biri bilan aytganda, u nihoyatda ziyrak va zakiyligi bilan ajralib turgan: “Ammo bag‘oyat ziyrak va zakiy va zohid va muttaqiy6 kishi ermish. Haq subhonahu va naolo agarchi zohir ko‘zin yopuq yaratqandur, ammo ko‘ngil ko‘zin bag‘oyat yoruq qilg‘ondur… Va aning tili turk alfozi7 bila mavoizu8 nasoyihqa9 go‘yo ermish. Xeyli elning muqtadosi10 ermish. Balki aksar turk ulusida11 hikmat-u nuktalari12 shoe’dur13. Nazm tariqi bila aytur ermish, aning favoididindur:14
Ulug‘lar ne bersa, yemasman dema,
Ilik sun, og‘iz ur, yemasang-yema!
Va aningdurkim:
So‘ngakka ilikdur, eranga − bilik,
Biliksiz eran − ul iliksiz so‘ngak”15.
Birinchi baytning mazmuni: “Ulug‘lar senga qutlug‘ dasturxondan bir nimani ilinsalar, harchand to‘q bo‘lsang ham yemayman deb ularning qo‘lini qaytarma, yemasang ham qo‘lingga olib, bir og‘iz tegizib qo‘y”.
Bu yerda ulug‘larini hurmat qilish ma’nosida so‘z borayapti.
Ikkinchi baytning mazmuni: “Suyak ilik bilan, er kishi bilim bilan ko‘rkli. Bilimsiz kishi iliksiz suyakka o‘xshaydi”.
Bu yerda ilm-ma‘rifat ulug‘lanayapti.
Asarning mavjud nusxalarida mazkur baytlarning yo‘qligi “Hibat ul-haqoyiq”ning asrlar davomida turli o‘zgarishlarga uchraganligini ko‘rsatadi.
Alisher Navoiy otasi Husayn Boyqaroga qarshi isyon ko‘targan Badiuzzamon Mirzoga pand-nasihat qilib yozgan maktubida ham Adib Ahmadning bir to‘rtligini keltiradi:
Atodin xato kelsa, ko‘rma xato,
Savob bil xato toki qilsa ato.
Atoning xatosini bilgil savob,
Seni yuz balodin qutqarg‘ay Xudo16.
Ushbu dalillardan “Ahmad Yugnakiyning shaxsiyati va uning “Hibat ul-haqoyiq” asari XV-XVI asrlarda ham el orasida mashhur bo‘lgani ko‘rinadi”17.
Adib Ahmad “Hibat ul-haqoyiq”ni tugatib, uni hukmdori − “aqlu hush makoni-yu bilim va fazilat koni” (35) bo‘lmish Dod Sipohsolorbekka taqdim etadi:
Dod Sipohsolorbek uchun bu kitob −
Chiqartim ochunda oti qolsu(v) tep (38).
Dod Sipohsolorbekning kimligi to‘g‘risida bahs-munozaralar hali yakuniga yetmagan. Abdurauf Fitrat bu nom Sayfi Isfarangiy (1185-1268) qasida va hajviyalarida tilga olinganligidan kelib chiqib, u XII-XIII asrlar orasida Farg‘ona hokimi bo‘lgan, degan fikrni ilgari suradi. Xuddi shu Dod Sipohsolorbekni “Adib Ahmadning hukmdori deb qabul qilish kerak. Butun ehtimollarning kuchlisi shudir”18.
Adib Ahmad “Hibat ul-haqoyiq” asari bilan o‘zbek adabiy tili va adabiyoti rivojiga katta hissa qo‘shdi. Mashhur sharqshunos olim Y.E.Bertels bu asar qadimgi o‘zbek adabiy tilidan mumtoz o‘zbek adabiy tiliga o‘tishda bir ko‘prik bo‘lganini aytadi. Asarda qadimiy turkiy so‘zlar bilan bir qatorda, ko‘plab arab va fors so‘zlarining ham qo‘llangani shundan dalolat beradi. Taniqli tilshunos Qozoqboy Mahmudovning aniqlashicha, “Hibat ul-haqoyiq”da atoqli otlar va arab tilida yozilgan sarlavhalardan tashqari, 300 ga yaqin arab va fors so‘zlari mavjud bo‘lib, ular asardagi jami so‘zlarning 20 foizini tashkil etadi19.
“Hibat ul-haqoyiq” ilk bor uyg‘ur yozuvida bitilgan. Uning nusxalari ko‘p bo‘lib, ularda asar hajmi turlicha. Hozircha ma’lum qo‘lyozmalardan 3 tasi to‘liq, qolgani parchalardan iborat. 1444 yili Samarqandda Zaynulobidin baxshi, 1480 yili Istanbulda Abdurazzoq baxshi va Turkiyaning To‘pqopi kutubxonasidagi noma’lum kotib tomonidan ko‘chirilgan qo‘lyozmalar e’tiborli nusxalar hisoblanadi. Asarni birinchi marta turk olimi Najib Osimbek topib nashr ettirgan (qisqartirilgan nashri − 1906, to‘liq nashrlari − 1916, 1925). Keyin 1951 va 1992 yillarda uni Rashid Rahmati Arat so‘zboshi, izohlar va 6 ta nusxasining faksimilesi va Turkiyada XVI asrda ko‘chirilgan arab yozuvidagi nusxasining tarjimasi bilan chop ettiradi. O‘zbekistonda asardan parchalar Fitrat, Oybek, Porso Shamsiyev, Solih Mutallibovlar tomonidan o‘zbek adabiyoti namunalaridan tuzilgan