bosib qochishga tushibdi. Ziyrak hayron bo‘lib:
– To‘xtang, tog‘a, to‘xtang! Qandoq bo‘lmasin, bir necha kun hamsafar bo‘ldik. Xayrlashmay ayrilish nomardlik bo‘ladi, uylarini sog‘inib qoldilarmi yo? – debdi. Zerikkak to‘xtabdi, «uy» so‘zini eshitib o‘ylanib qolibdi. «Rost, nima bo‘lganda ham bir necha kun hamroh bo‘ldik. Endi uyimga yaqin qolganda, tashlab ketsam uyat bo‘lar. Bu-ku bir ahmoq. Shundoq bo‘lsa ham uni uyga taklif etib, bir piyola choy berib, keyin kuzatib qo‘yay», – degan xayolga boribdi.
– Uka, endi ahmoqona so‘zlarni qo‘y. Manavini shahar deydilar. Bema’ni so‘zlaringni xaloyiq eshitib qolsa, uyat bo‘ladi. Xayr, o‘tgan ishga salavot, safarimiz hurmati, endi, uka, sen bizning uydan bir piyola choy ichib ketgin, qani, yur, – debdi.
Ziyrak:
– Albatta, safarimizning hurmati, bu gapingiz menga ma’qul, tog‘a, – debdi. Zerikkak mehmonni hali mehmon qilmay turib yana zerika boshlabdi. Mehmonni ichkari uyga boshlab, «qizim, mehmonga qara!» – deb, o‘zi oshxonaga yo‘l olibdi. Ovqat tadorigini ko‘rayotgan xotiniga qarab, «uh, astag‘furulloh», debdi. Xotini:
– Nega «astag‘furulloh» deb qoldingiz? – deya so‘rabdi. Zerikkak past ovozda: «Ishingni qilsang-chi, mundoq mehmonga choy ham zoye ketadi», – deb, yo‘lda ro‘y bergan voqealarni so‘zlab beribdi. Zerikkakning bir qizi bo‘lib, u nihoyatda kelishgan, aqlli qiz ekan. Bu qiz mehmonga dasturxon solib, choy quyib berar ekan, ota-onasi sezmagan holda balog‘atga yetib qolgan qalbiga o‘t tushibdi. O‘zi ham mehmon yigit kabi chechan, dono bo‘lganligi sababli oshxonaga kirib-chiqib yurib otasining og‘zidan yigitning barcha hikmatomuz so‘zlarini eshitib olibdi. Qiz qo‘lida patnis, kiyikdek ortiga o‘girilib turib shunday debdi:
– Ota, so‘zlaringizni eshitib qoldim. Xafa bo‘lmang-u, biroq mehmon aytgan so‘zlarning hammasi joyida, nihoyatda ma’nili so‘zlar.
– Mana, onasi, mehmonga bir piyola choy quyar-quymay qizimga ham uning ahmoqligi yuqibdi. Qani, dono bo‘lsang, bu so‘zlarning ma’nosini menga bir tushuntirib ber-chi, – debdi.
Otasi bu so‘zlarni aytishi bilanoq qizi:
– Yo‘lni qisqartiraylikmi degani – «Hikoyatlar aytishib, suhbatlashib ketaylik» degani. «Shu bug‘doylar dehqonning uyiga kiradimi» degani – «Bug‘doy uchun rosa mehnat qilishibdi. Endi uning hosili boy-to‘ralarga qarzga ketib, dehqon hech narsa ola bilmay qoladimi» degani. «Tobutdagi o‘likmikan, tirikmi» degani – «Uning bolalari bormikan yoki farzandsiz, ya’ni haqiqiy «o‘lik»mikan degani, – deb javob beribdi.
Zerikkak bu mazmundor gaplarni zerikmay tinglagani uchun ma’nosiga tushunib yetib, qoyil qolibdi. Onasi ham qizini «o‘zimning aqlli qizalog‘im» deb bag‘riga bosibdi. Zerikkak hammasini anglab yetib:
– Yo‘lda Xizr qo‘shgan hamroh – ziyrak inim ekansan, endi menga o‘g‘il o‘rniga o‘g‘il bo‘l, – deya uni bag‘riga bosibdi.
PODShONING UCh QIZI
Qadim zamonda Xo‘tanning Ilichi degan yerida Rahim ismli bir podsho o‘tgan ekan. Uning uch qizi bo‘lib, bu qizlariga juda katta mablag‘ sarflab uch bog‘ yaratibdi. Uch qizning qirqtadan bir yuz yigirma kanizagi bor ekan. Ular yoz kunlarini butunlay bog‘da o‘tkazishar ekan. Bu bog‘ga qizlaridan boshqa hech kim kirmas ekan. Bir kuni podsho Yusuf degan vazirini chaqirib, unga:
– Siz qizlarning bog‘ini ko‘rib keling. O‘t-beti buzilib ketmaganmi, suvlari to‘xtab qolmaganmi, mevalari qurib qolmaganmi, tomlari teshilmaganmi? Hammasini ko‘rib kelib bizga ayting, buzilgan joylari bo‘lsa, darhol tuzataylik. Qizlar buzilgan joylarni ko‘rishsa ham bizga aytishmaydi. Shuning uchun oldindan o‘zimiz tekshirib ko‘raylik, – debdi.
Vazir «ma’qul» deb, bog‘ga borib hamma joylarni tekshirib chiqibdi. Hatto qizlar yotadigan ravoqlarni ham ko‘zdan kechiribdi. Qarasa, bog‘ning besh-olti tup mevalari qurib bitgan, suvlar to‘xtab qolgan, bir tom qulay-qulay deb turibdi. Qizlar yotadigan ravoqning ham g‘ishtlari ko‘cha boshlagan. Vazir yana bog‘ni oralab yurib bir joyga kelsa, qizlar o‘zaro suhbatlashib o‘tirishgan ekan. Vazir, bular nima haqida gapirishayotgan ekan, deb, pana bir joyga bekinib quloq solsa, qizlar bir-biriga: «Otamiz bizni saqlab nima qilmoqchi ekan? Erga bersa bo‘lmaydimi, biz ham balog‘atga yetib qoldik», – deb turishgan ekan. Vazir bu gapni eshitib, bog‘dan qaytib kelibdi va podshoga bog‘ning buzilgan joylarini aytibdi. Har bir buzilgan joyni tuzatishga alohida-alohida odam qo‘yishibdi.
Kunlardan bir kuni vazir xizmatkorlar qanday ishlayaptiykan, bir ko‘rib kelay deb bog‘ga kelsa, ular ish bilan mashg‘ul ekan. Vazir bog‘ni aylanib yursa, qizlar bugun boshqa bir chamanda o‘tirib olib turmush hasratini qilishayotgan ekan.
Podshoning qizlari bo‘y yetib qolganini ko‘rib, so‘zlarini eshitgan vazir podshoning yoniga qaytib kelib, podsho bilan birga orom olib o‘tirib, unga qizlaridan gap ochib:
– Podshohim, biz qizlardan taom tayyorlashni talab qilsak, turmushga chiqqanlarida taom qila olishmasa uyat bo‘ladi, – deb maslahat beribdi. Podsho bu maslahatni ma’qul topib, qizlarini taom pishirtirib sinab ko‘rmoqchi bo‘libdi. Vazir qizlarning yoniga borib:
– Otalaringiz sizga taom tayyorlashni buyurdi, – debdi.
Qizlar:
– Voy, juda yaxshi! – deya taom pishira boshlashibdi.
Katta qizi kabob pishiribdi, kabobning yarmi kuyib ketgan, yarmi xom qolgan emish. O‘rtancha qizi chuchvara pishiribdi, chuchvara rosa yaxshi pishgan emish. Kichik qizi chilgi pishiribdi, chilgining usti xomdek ko‘rinsa-da, ichi nihoyatda totli ekan.
Podsho katta qizining taomini yeb ko‘rsa, uning yarmi kuyib ketgan, yarmi xom emish. O‘rtancha qizining taomini yeb ko‘rsa, judayam yaxshi pishgan emish. Keyin chilgini tilsa, usti xom ko‘ringani bilan, ichi rosa totli ekan. Podsho bundan hayron bo‘lib xayolga tolibdi. So‘ng:
– Buning sababi nima? – deb vaziridan so‘rabdi.
Vazir:
– Bir qoshiq qonimdan kechsangiz, men bu sirning ma’nosini aytib beraman, – debdi. Podsho:
– O‘tdim, ayt, – debdi. Vazir bunday deb so‘z boshlabdi:
– Bu ikki katta qizingizning taomlarni xom, pishiq qilib pishirishiga sabab, bizning bo‘yimiz yetib qoldi, turmushga chiqadigan vaqtimiz bo‘ldi, degani. Kichik qizingizning usti xom ko‘rinsa-da, ichi nihoyatda totli taom pishirgani – men kichik ko‘rinsam-da, mening ham vaqti-soatim yetdi, degani, – debdi.
Podsho vazirdan:
– Endi nima qilamiz? – deb so‘rabdi.
Vazir:
– Biz ularning o‘zlari bilan kengashib, keyin erga beraylik, – debdi.
Podsho bu maslahatni ma’qul ko‘rib, saroy xizmatchilari orqali maslahat so‘raganda, qizlar, uch kundan keyin javobini aytamiz, deyishibdi. Uch kundan so‘ng ular saroy xizmatchilari orqali vazirga:
– Otam bizga egiz ravoq soldirsin. O‘n to‘rt kungacha butun xalq shu ravoq oldidan o‘tsin, biz shu ravoq ustida turib o‘zimizga yoqqan yigitga gul, olma otamiz, shu yigitga bizni bersa bo‘ladi, – deyishibdi. Vazir bu so‘zni podshoga yetkazibdi. Podsho darhol ravoq yasatib, butun xalq shu ravoq oldidan o‘tsin, deb amr qilibdi. Bu xabar butun mamlakatga yoyilib ketibdi. Har shahardan bu podshoning qizlarini ixtiyor etgan boshqa podsholarning o‘g‘illari, vazirlarning o‘g‘illari va boshqa yigitlar yopirilib kelishibdi. Ular ushbu ravoq oldidan o‘ta boshlashibdi. O‘n kun bo‘lganda bir podshoning o‘g‘li ravoq oldidan o‘tib qolibdi. Podshoning katta qizi ana shu shahzodaga gul va olma otibdi. Podshoning mulozimlari bu yigitni o‘rdaga olib kirib ketishibdi. Ertasi kuni o‘rtancha qizi bir vazirning o‘g‘liga gul va olma tashlabdi. Uni ham o‘rdaga olib kirib ketishibdi. Uchinchi qizi bir podachi yigitga gul va olma tashlabdi. Bu yigitning sarguzashti bundoq bo‘lgan ekan.
Bu podachi yigit ilgari boshqa bir