ko‘rish uchun ko‘zlarini zo‘r-bazo‘r ochibdi.
Dyuymchaxon uning oldiga bir bo‘lak chirindi tutganicha turar, chunki uning boshqa fonusi yo‘q ekan.
– Rahmat senga, jajjiginam! – debdi xasta qaldirg‘och. – Men juda yaxshi isinib oldim! Hademay butunlay sog‘ayib ketaman, yana kunning ko‘zida uchib yuraman.
– Oh, – debdi Dyuymchaxon, – hozir shunaqangi sovuqki, qor yog‘ib yotibdi! Yaxshisi, sen issiqqina to‘shagingda yotaver, men esa seni parvarishlab turaman.
U qaldirg‘ochga arpa doni va gul yaprog‘ida suv olib kelibdi. Qaldirg‘och yeb-ichibdi, so‘ng tog‘olcha daraxtiga urilib qanoti jarohat olganini, shuning uchun boshqa qaldirg‘ochlar bilan issiq o‘lkalarga uchib keta olmay qolganini, bu orada qish tushib, havo sovib ketganini va natijada yerga qulab tushganini qizaloqqa so‘zlab beribdi.
So‘ng nima bo‘lganini qaldirg‘och eslay olmabdi. U hatto bu joyga, yer ostiga qanday tushib qolganini ham bilmas ekan.
Butun qish bo‘yi qaldirg‘och ana shu yerosti yo‘lagida yashab qolibdi, Dyuymchaxon uni parvarish qilibdi, taom, suv berib turibdi. Bu haqda ko‘rsichqonga ham, dala sichqoniga ham g‘ing demabdi – chunki ularning ikkalasi ham qushlarni yoqtirishmas ekan-da.
Bahor kelib, quyosh borliqni qizdira boshlaganida Dyuymchaxon bir paytlar ko‘rsichqon shiftdan o‘ygan tuynukni ochib yuboribdi, yer ostiga iliq quyosh nurlari oqib kiribdi.
Qaldirg‘och qizcha bilan xayrlashibdi, qanotlarini parvozga shaylabdi, lekin uchib ketish arafasida Dyuymchaxondan, men bilan birgalikda ozodlikka chiqishni istamaysanmi, deb so‘rabdi. Istasa, qizaloq uning yelkasiga o‘tirib oladi-da, ikkalasi yam-yashil o‘rmon tomon uchib ketishadi.
Lekin qari dala sichqonini tashlab ketgani Dyuymchaxonning ko‘zi qiymabdi, o‘zi bo‘lmasa kampir juda zerikib qolishini u yaxshi bilar ekan-da.
– Yo‘q, menga mumkin emas, – debdi u xo‘rsinib.
– Na iloj, alvido! Alvido, mehribon qizaloq! – deya vijirlabdi qaldirg‘och.
Dyuymchaxon uning ortidan uzoq termilib qolibdi, ko‘zlaridan tomchi-tomchi yosh oqib tushibdi – chunki u ham kengliklarni qo‘msar, buning ustiga, qaldirg‘och bilan ajralish juda og‘ir ekan.
– Chiv-chiv-chiv, chivich-chiv! – deya qichqiribdi so‘nggi bora qaldirg‘och va yam-yashil o‘rmonga kirib g‘oyib bo‘libdi.
Dyuymchaxon esa sichqon inida qolaveribdi.
Kundan kunga uning yashashi og‘irlashib, zerikishi ortib boraveribdi. Qari sichqon unga indan uzoqroq ketishga ruxsat bermas, uya atrofidagi maydonda esa baland-baland yo‘g‘on boshoqpoyalar o‘sib yotar, ular Dyuymchaxonga chakalak o‘rmon bo‘lib tuyular ekan.
Kunlarning birida qari sichqon Dyuymchaxonga gap ochib qolibdi:
– Qo‘shnimiz, keksa ko‘rsichqon senga unashgani keladi. Endi senga sep tayyorlash kerak. Sen ulug‘vor zotga tegasan, shuning uchun hamma narsang ortig‘i bilan bo‘lishi kerak.
Natijada Dyuymchaxon kun bo‘yi narsa to‘qib o‘tiradigan bo‘libdi.
Qari sichqon to‘rtta o‘rgimchakni yollabdi. Ular kecha-yu kunduz sichqon inining burchak-burchaklariga o‘tirib olganlaricha jimgina o‘z ishlari bilan mashg‘ul bo‘lishar – har xil matolar to‘qir, nihoyatda nafis tolalardan to‘rsimon liboslar tayyorlashar ekan.
Ko‘rsichqon esa har kechqurun mehmonga kelib, hademay yoz tugashi, quyosh yerni isitmay qo‘yishi, tuproq tag‘in yumshoq va g‘ovak bo‘lib qolishi haqida vaysagani-vaysagan ekan. Ana o‘shanda to‘yimiz bo‘ladi, der ekan u. Biroq Dyuymchaxon g‘ussaga botib nuqul yig‘lar: chunki u umuman turmushga chiqishni, ayniqsa, mana bunaqangi xo‘ppasemiz ko‘rsichqonga tegishni sira-sira istamas ekan.
Har tong quyosh chiqayotganida, har oqshom kun botayotganida Dyuymchaxon sichqon inining og‘ziga chiqib o‘tirar ekan. Ba’zan sho‘x shabada boshoqlarni tebratib o‘tar, shunda qizaloqqa osmonning bir parchasini ko‘rish nasib etar ekan.
Конец ознакомительного фрагмента.
Текст предоставлен ООО «Литрес».
Прочитайте эту книгу целиком, купив полную легальную версию на Литрес.
Безопасно оплатить книгу можно банковской картой Visa, MasterCard, Maestro, со счета мобильного телефона, с платежного терминала, в салоне МТС или Связной, через PayPal, WebMoney, Яндекс.Деньги, QIWI Кошелек, бонусными картами или другим удобным Вам способом.