li gаzаndаlаr
KIRISH
Ko‘pchilik hayvonlarning (hasharotlar, reptiliyalar, baliqlar, amfibiyalar) zahari tarkibiga ko‘ra odam organlari sistemasi faoliyatini izdan chiqazadi va ko‘pincha ko‘ngilsiz oqibatlarga olib keladi. Hayvonlar zahari ba’zi hollarni istisno etganda oqsil tabiatli biologik faol komponentlardan iborat. O‘rgimchak, chayon asalari, qovoqari, baliq, va ilon zaharida o‘ziga xos toksinlar va birqancha fermentlar mavjud. Zahar tarkibi va uning ta’sir etish xarakteri biologik turning o‘ziga xosligi bilan belgilanadi, shuningdek, zahar tarkibining o‘zgaruvchanligi sabablarini sharxlashda tur ichidagi alohida guruhlarning, ya’ni populyatsiyalarning o‘ziga xosligini hisobga olmoq zarur.
Sayyoramizda hammasi bo‘lib, 5000 ta zaharli hayvonlar turi mavjud. Shulardan o‘ta sodda hayvonlar 21 turni tashkil etadi, bo‘shlikichlilar – 93, parazit chuvalchanglar – 16, halqali chuvalchanglar – 50, bo‘g‘imoyoqlilar – 4000 taga yaqin, mollyuskalar – 91, ninatanlilar – 26, baliqlar – 500, amfibiyalar – 40, reptiliyalar – 102, sutemizuvchilar – 1. Ana shulardan zaharli ilonlar, chayonlar, o‘rgimchaklar, ba’zi qo‘ng‘izlar ekologiya va toksikologiya nuqtai-nazaridan birmuncha yaxshi o‘rganilgan. Zaharli amfibiyalar, ko‘pchilik baliqlar, mollyuskalar va chirrilloq hayvonlar nisbatan kam o‘rganilgan.
Zaharli ilonlar barcha mamlakatlarda keng tarqalgan bo‘lib, odam uchun katta xavf tug‘diradi. Butun Dunyo sog‘liqni saqlash tashkilotining hisob-kitoblariga ko‘ra dunyoda ilon chaqishidan har yili 500 000 ga yaqin odam aziyat chekadi, shulardan 40 000 tasi halok bo‘ladi. Birgina Hindistonning o‘zida har yili 100 mingta ilon chaqqan odamdan 1500–2000 kishi halok bo‘ladi. Halok bo‘lganlarning qolgan qismi Osiyo, Afrika va Janubiy Amerika mamlakatlariga to‘g‘ri keladi. Osiyoda bir yilda hammasi bo‘lib 30 ming odam, J.Amerikada 3000-4000, Sh.Amerikada 300–500 va Evropada 50 ta odam halok bo‘ladi.
Ilon chaqishidan halok bo‘lgan odamlarni 100 ming aholiga nisbatan olganda quyidagi manzarani ko‘ramiz. Birmada – 15,4, Hindistonda – 5,4, Seylonda – 4,3, Tayvan orolida – 0,6, Rodeziyada –0,4, Avstraliyada – 0,2. Odamlarning ilon chaqishidan halok bo‘lishi nafaqat ilonlarni keng tarqalishidan, balki qishloq aholisining zich joylashganidan, uning mehnati va turmush tarzining o‘ziga xosligiga ham bog‘liq. Bundan tashqari tropik mamlakatlarda ilonlar yil bo‘yi faol hayot kechiradi. O‘rtacha va salqin iqlimli joylarda ular faqat bahor faslida xavfli bo‘ladi. Masalan, AQSH da har yili ilon chaqishidan aziyat chekkanlar taxminan 2000 (100 ming aholiga 1,2)ni tashkil etadi, G‘arbiy Evropa va MDH da bu ko‘rsatgich yanada past.
Ushbu qo‘llanmani tayyorlashda asosan O‘rta Osiyo va Kavkaz orti respublikalarida tarqalgan zaharli gazandalarga urg‘u berildi, Shuningdek, dunyo ummon va dengizlarida yashaydigan umurtqasiz zaharli hayvonlardan o‘ta muhimlari to‘g‘risida ma’lumotlar keltirildi. Qo‘llanmaning hajmi va tizimi cheklanganligi birinchi manbalar ro‘yxatini keltirishga imkon bermadi. Shu munosabat bilan mualliflar quyidagilarni ta’kidlashni o‘zlarining burchi deb biladi. Ko‘pchilik mutaxassis olimlar, zoolog, toksikolog, bioximiklarning tinimsiz mehnatlarisiz ushbu kitobni yozilishini tasavvur qilish qiyin bo‘lardi.
I BOB. ZAHARLI DENGIZ UMURTQASIZLARI (INVERTEBRATA)
Dengizda yashovchi jonivorlarning anchagina biomassasi umurtqasizlar ulushiga to‘g‘ri keladi. Ular orasida zaharlilari ham kam emas, ular turli taksonlarga: g‘ovaktanlilar (bulutlar), bo‘shliqichlilar, chuvalchanglar, mollyuskalar va ninatanlilarga mansub. Dengiz mahsulotlaridan har tomonlama foydalanishda an’anaviy ovlanadigan turlar bilan birgalikda zaharli umurtqasizlarga ham katta ahamiyat beriladi, ularning ko‘pchiligi nisbatan foydali xususiyatga ega bo‘lgan biologik aktiv modda ishlab chiqaradi.
Olimlarni qiziqtiradigan tomoni shundaki, suvda yashovchi mazkur jonivorlar quruqlikda yashovchi zaharli hayvonlar ishlab chiqaradigan birikmalarga o‘xshamaydigan o‘ziga xos tizimli birikmalar ishlab chiqaradi.
1.1. G‘OVAKTANLILAR (SPONGIA YOKI PORIFERA) TIPI
Bulutlar o‘ta sodda tuzilgan bo‘lib, ko‘pchiligi dengiz hayvoni hisoblanadi, ba’zilari chuchuk suvlarda ham yashaydi. Bulutlar o‘troq hayot kechiradi, dengiz ostida tosh qoyalar, chig‘anoqlar hamda balchiqlarga yopishib olib yashaydi.
Bulutlar haqiqiy bo‘shang – zaharli hayvonlar bo‘lib, dushmandan himoyalanishda o‘zlarining zaharli metobalitlaridan foydalanadi. Bulutlarning zaharliligi skeletini qattiq bo‘lishi, binobarin, oziqabob bo‘lmasligi mazkur o‘ta sodda ko‘phujayrali jonivorlarni bizgacha saqlanib qolishini ta’minlagan.
Hozirgi hayvonot olamida 10 000 dan ziyodroq bulut turlari mavjud. Ularning juda katta qismi suv hayvonlari hisoblanadi. Turlarning ko‘pchilik qismi iliq dengizda litoralidan 6000 m chuqurlikkacha tarqalgan. Bulutlar faol biofiltirchilar, ba’zi turlari o‘zining tanasidan o‘n, va bir necha yuz litr suvni o‘tkazib yuboradi, og‘zidan otilib chiqqan suv bir necha o‘n santimetr masofaga borib yetadi. Bulutlarning ana shunday xususiyati dushmandan himoyalanishida ma’lum rol o‘ynaydi. Chunki suv bilan birgalikda ko‘pincha zaharli metobalitlar ham otiladi. Ma’lumki, mayda umurtqasizlar bulutlarga yaqinlashganda harakatdan to‘xtaydi va bulutga yem bo‘ladi. Bulutlar ajratib chiqazadigan zaharli moddalar o‘zlarini nafaqat mikroorganizmlardan himoyalaydi, balki ko‘p miqdordagi yirtqichlarni ham daf qiladi.
Bulutlar tarkibida bir qancha biologik aktiv antibiotik, sitostatik va zaharli xususiyatli moddalar mavjud. O‘zining kimyoviy tarkibiga ko‘ra bulutlarning fiziologik aktiv moddalari juda turli-tumandir. Ular orasida sterinlar, biogen aminlar va toksik oqsillar, jumladan suberitin degan oqsil modda Suberites domuncula, ya’ni po‘kak bulutidan ajratib olingan. Mazkur bulutning ajoyib xususiyatlaridan biri uning zohid qisqichbaqa bilan hamkorlikda bir butun organizm bo‘lib yashashidir.
Suberitin gomogen oqsil modda bo‘lib, M-28 000, u neyrotoksik aktiv modda, uning faolligi oqsil tarkibida triptofan qoldig‘ini mavjudligiga bog‘liq. Suberitin eritrotsitlarni gemoliz etadi, ATFni gidroliz qiladi. Dengiz qisqichbaqasini shol qilib qo‘yadi. It va quyon qon tomiriga yuborilganda ular qayt qiladi, oshqozon-ichak tizimi ishdan chiqadi, nafas olish va harakat muvozanati buziladi, og‘iz orqali yuborilganda suberitin salbiy ta’sir etmaydi.
1.2. BO‘SHLIQICHLILAR YOKI KUYDIRUVCHILAR (COELENTERATA) TIPI
Hayvonot dunyosida ilk bor achituvchi zaharlovchi apparat eng oddiy hayvonlarda paydo bo‘lgan. Masalan, infuzoriyaning ustida kuydiruvchi tolalar (trixosistlar) joylashgan bo‘lib, jonivor bezovta bo‘lganida uni kuch bilan tashqariga chiqarib tashlaydi va dushmanni zaharlaydi. Meduza, gidra yoki akteniyalarning ana shunday qurollari yanada kuchliroq zaharlash xossasiga ega. Bo‘shliqichlilarning terisi qichituvchi hujayralar bilan qoplangan bo‘lib, o‘ljaga tashlanishga doimo tayyor turadi. Odam yoki hayvonga hujum qilganida qichituvchi hujayralar ta’siridan o‘sha joylar kuyadi va vaqtinchalik shol bo‘lish alomatlari kuzatiladi.
Mazkur tip 9000 ga yaqin turni o‘z ichiga oladi. Ular asosan dengizda hayot kechiradi, faqat ba’zi turlarigina chuchuk suvda yashashga moslashgan. Ularning o‘ziga xos xarakterli belgisi kuydiruvchi hujayralarining bo‘lishidir (knidoblastlar yoki nematositlar). Bu hujayralar dushmandan himoyalanish va o‘ljani qo‘lga olish uchun xizmat qiladigan zaharli suyuqlik ishlab chiqaradi. Bo‘shliqichlilarning rivojlanish siklida ikkala bo‘g‘ini – polip va meduzada ham zaharli apparati bo‘ladi. Poliplar ko‘pincha uncha chuqur bo‘lmagan yerlarda, o‘troq hayot kechirsa, meduzalar erkin suzuvchi hisoblanadi. Bo‘shliqichlilarning barchasi yirtqich hayot kechiradi, ular turli-tuman hayvonlar – mayda plankton qisqichbaqalardan tortib baliqlargacha bo‘lgan hayvonlar bilan oziqlanadi.
Bo‘shlikichlilarning boshqa bir vakili chaqadigan dengiz o‘ti meduzalarning lichinkalaridan iborat, ularga tegib ketsangiz o‘sha joyni kuchli darajada kuydiradi.
Butli meduza (Gonionemus vertens). Yosh meduzalar silindr shaklida, voyaga yetganlari esa yarim zoldirga o‘xshash bo‘ladi, o‘ta yiriklarining o‘lchami 40 mm gacha yetib boradi. 4 ta shulasimon kanalning pastki qismida o‘ta qavat-qavatlangan jinsiy bezlar joylashgan bo‘lib, meduzaning tepasidan qaraganda but shaklini eslatadi. Sayaloni atrofida 80 donaga yaqin har xil darajada rivojlangan paypastlagichlari bo‘ladi. Zoldirning pastki tomonida yaxshigina ko‘zga tashlanadigan keng halqali bo‘rtma yelkani bor. Zoldir yaltiroq sarg‘ish yashil shulasimon kanallari to‘q jigarrang, jinsiy bezlar qizg‘ish jigar rang. Yapon dengizida, tatar bo‘g‘ozida