taz bо‘g‘imi va nozikta’b qayrilgan qobirg‘alari deyarli yog‘ qatlamisiz muskullar tо‘qimasi tufayli kuchaytirilgan plastik effektni ta’minlab beradi», – degan jumlani eshitish g‘alati bо‘lardi. Ammo rassomlar modellarini chizayotganlarida bosh suyagini ham, muskullarini ham yodlarida saqlab turishadi – о‘n yillik akademik ta’lim davrida bu narsalarni ularning kallalariga rosa quyishadi. Bizga ham dramaning skeleti qay tarzda tuzilganini, ularga qanday muskullar quvvat berishini bilib qо‘yish yomon bо‘lmasdi.
Balki biz dramatik peripetiya ta’sirining eng yaxshi namunasini inson dahosining eng poetik va dramatik yaratig‘ida – Injilda kо‘rarmiz.
Iso hayotining kulminatsiyasida Sirli Oqshom fojiaviy peripetiyaning boshlanishiga aylanadi.
1. Iso dо‘stlari orasida baxtiyor.
2. Ammo U Unga xoinlik qilishlarini biladi.
3. Uni xibsga oladilar va mahkamaga tortadilar.
4. U adolatsiz ravishda о‘limga hukm qilinadi.
5. Uni qiynoqlar bilan qatl qiladilar.
Tо‘liq mag‘lubiyat va g‘am-anduh deb hisoblanadigan bir paytda shiddatli ravishda baxt va tо‘liq g‘alaba sari yо‘nalgan peripetiya vujudga keladi.
1. Tana g‘oyib bо‘ladi.
2. Ruh yuksaklikka kо‘tariladi.
3. Iso g‘oyalarining abadiy hayoti boshlanadi.
Peripetiya maksimal rivojiga erishadi.
Dramatik peripetiya:
1. g‘oyalarni tо‘plangan holda ifodalash;
2. ularni ifodali ijro etish;
3. auditoriyani maksimal jalb qilish uchun shakl beradi.
Dramatik peripetiyada falsafiy teranlik tabiiy ravishda emotsional hayotning barcha darajalari bilan birlashadi.
San’at asarida bizni barcha xarakterlar va fikrlar boyligidan tashqari ijodkor tomonidan yaratilgan dunyoning qandaydir ichki tartibi, uning arxitekturasi о‘ziga tortadi. Biz simfoniya yoki haykalning kamolotidan nafaqat modelning yoki shaklning gо‘zalligi tufayli, balki bizda tuzilmaning mutanosibligini baholash qobiliyati bо‘lgani uchun ham g‘ayrishuuriy bir tarzda zavq-shavq olamiz. Ba’zan, kamgina narsada juda kо‘p narsalar ifodalanganligidan, ba’zan, bir butunning qismlari qanchalik о‘zaro mutanosib ekanligidan.
Ijoddagi bizning butun hayotimiz – bu, chiroyli qilib aytganda, о‘lim xaosiga qarshi turishdir. О‘lim parchalaydi, buzadi, ijod esa faoliyatining barcha shakllarida nimanidir quradi. San’at – bu kuchg‘ayratning istiorasidir.
– Daholarning qurilmalarida konstruksiyalarning oddiyligi buyuk intellektning intuitiv ishlashi natijasi sifatida namoyon bо‘ladi. Biz ularni tushunganimizda bu oddiylik cheksiz kо‘p narsalar zamiriga qо‘yilgani ma’lum bо‘ladi. Yosh iqtidorlar kо‘pincha umidsizlik qichqiriqlarinigina olib kiradilar: dunyo dahshatli, unda yoshlarga о‘rin yо‘q. Dard qonab turadi ularda. Ha, shundan san’at yaratiladi. Albatta, chorasizlikning о‘zi energiya tо‘plamini saqlaydi. Ammo larzaga tushgan tomoshabinning о‘z-о‘zini javobsiz ifoda etishi – bu shaxsiy foydalanish uchun tо‘qilgan afsonadir. San’at – bu tuyg‘ular almashinuvidir, uning drama shakli esa – bu almashinuvning butun dunyoga tarqaladigan tarmog‘i uchun joylanish о‘ramidir.
Ziyrak, aqlli kishilar allaqachon dramatik konstruksiyada alohida mazmun mavjudligiga e’tibor qaratganlar. Shopengauer shunday degan edi:
«Drama inson borlig‘ining eng mukammal ifodasidir».
Biz nazarimizda tomoshabinni iztirobga solishga va quvontirishga majbur qiladigan film haqida о‘ylashimiz va rejalashtirishimiz mumkin. Ammo biz о‘z ishimizni qо‘ldan qо‘lga topshiramiz va har bir keyingi kishi undan oldingi kishining natijalarini rivojlantiradi. Bunday sharoitda hissiyotning kuchiga va ichki tuyg‘uning sehrgarligigina ishonib qolish mumkinmi? Yо‘q. Bu reja chuqur о‘ylab kо‘rilgan va aniq farqlanadigan bо‘lishi kerak. Peripetiyalar bu konstruktiv tuzilmada bizga yaxshi yordam qilishi mumkin.
Qadimiy yunonlar bizga yaxshigina sovg‘a qilishgan. Undan foydalanmaslik ahmoqlik bо‘lardi. Hali ham shubha qilayotgan kishilar bо‘ladigan bо‘lsa, dramaning eng zukko faylasuflaridan biri bо‘lmish Fridrix Nitsshening sо‘zlarini о‘qing: «Dramada sahna va yorqin obrazlarning tuzilishi shoir sо‘z va tushunchalarga yuklay olganidan kо‘ra chuqurroq donishmandlik kasb etadi».
KONFLIKT YUZMA-YUZ OLISH, YAKKAMA-YAKA KURASHDA G‘ALABA QOZON
Shunday tushunchalar borki, ular hayotda sizga shunchalar tanish, gо‘yoki ular haqida gapirib о‘tirish ham zarur emasga о‘xshaydi – shusiz ham hammasi tushunarli. Konflikt nima ekanligini hamma biladi. Bu ikki tomon bir-biri bilan bahslashayapti, urushayapti, jang qilayapti, bir-birini о‘ldirishayapti deganidir. Butun umrimiz davomida biz atrofimizda minglab konfliktlar bilan duch kelamiz, ular haqida о‘z tajribamizdan bilamiz, televizor oqali kо‘ramiz, gazetalardan о‘qiymiz. Ammo kasbiy manfaat bu atamaga diqqat bilan qarashga majbur qiladi.
Konflikt – dramaning kalit sо‘zidir. Drama kishilarning birbirlariga nisbatan qiladigan xatti-harakatlari bilan shug‘ullanadi, shu tufayli konflikt doimo bizning diqqat markazimizda bо‘ladi. Dramadagi har bir hissiy yoki intellektual qadriyatlarni biz faqat personajlarning konflikti orqali olamiz. Kishilarning dramadagi xatti-harakatlari mohiyatiga kо‘ra konfliktlidir. Agar konflikt yashirin yoki kuchsiz bо‘lsa, biz uni topamiz va rivojlantiramiz. Buni qanday qilish kerakligi – bizning kasbimizdir.
Kasbimizda tez-tez bо‘lib turadiganidek, havaskorning soddadil tasavvurlari kasb ustasining tajribasi bilan tо‘qnash kelib qoladi. Ekrandagi voqealar qiziqarli bо‘lishi uchun drama tarkibida konfliktlar karkasi kundalik turmushda о‘z tirikchiligi bilan mashg‘ul kishining mantiqiga mos kelmaydgan bir holatda tuziladi. Ta’kidlaymiz, karkasi, ammo personajlarning xatti-harakatlari emas. Kundalik turmushda siz deyarli hech qachon odamning niyati haqida uning yuzi yoki tashqi kо‘rinishidan bila olmaysiz. Qotil sizning rо‘parangizda о‘tiradi, araq ichadi, siz bilan chо‘qishtiradi, tabassum qiladi. Va real hayotda qotilning miyasiga kirib, ayni shu daqiqada u о‘z tasavvurida sizning bо‘yningdan bо‘g‘izlayotganini aniqlaydigan dohiyona ziyraklik mavjud emas. Dramada bо‘lsa – buning uddasidan chiqamiz. Dramada biz ochiq va sirli, oddiy va murakkab narsalarni muvozanatga keltiramiz. Biz insonlar sir-sinoatini ochmoqchi bо‘lamiz, ammo bu narsaning tabiiy, gо‘yoki о‘z-о‘zidan sodir bо‘lishini istaymiz. Buning birgina yо‘li bor – u ham bо‘lsa, odamlarning konflikt paytidagi xatti-harakatlaridir. Sо‘z, odatda, aldaydi va haqiqiy niyatni yashiradi. Faqat xatti-harakatlargina odamlar yuzidan niqobini yechadi va ularning haqiqiy basharasini kо‘rsatadi. Bu xatti-harakatlar kishilarning о‘z ehtiyojlaridan kelib chiqishi lozim. Xatti-harakatlar muallifdagi emas, balki kishilardagi manmanlikni kо‘rsatishi kerak. Kishilarni konfliktda yuzma-yuz qо‘yish orqaligina biz bayon qiluvchining niyatlarini shunchalik chuqur bekita olamizki, ular hech kimning xayoliga kelmaydi.
Bir safar taniqli amerikalik romannavis va ssenariynavis Mario Pyuzo shunday degan edi: «Bizlar, dramaturglar, kо‘cha harakatini tartibga soluvchilarga о‘xshaymiz. Faqat bitta farqimiz bor: biz telba tartibga soluvchilarmiz. Hayotda tartibga soluvchilar xavfsizlikni ta’minlaydi, biz esa dramada qarama-qarshi kelayotgan mashinalarni faqat bir-biri bilan tо‘qnashtirish haqida о‘ylaymiz. Biz halokatlarning yaratuvchilarimiz».
Haqiqatan ham, real hayot janjallar, bahslar, mushtlashishlardan qochish uchun qilinadigan harakatlar bilan tо‘liq. U kelishuvlar va odatiy urf-odatlardan iborat. Dramadagi 10 daqiqa ba’zi kishilarning butun hayoti davomida sodir bо‘ladiganidan kо‘ra kо‘proq konfliktlarni kо‘rsatadi. Bu konfliktlarni kо‘rish, ularga kirishib ketish, hamdardlik qilish va hayajonlanish – mana nima uchun biz kinoga tushamiz. Ammo biz ancha-muncha shartli bо‘lgan bu tuzilma mutlaqo tabiiy, hayotiy chiqishini istaymiz. Bunga qanday erishish kerak? Konfliktni rivojlantrishga va unga emotsional kirishib ketishga yordam beruvchi qoidalar bor.
Birinchi