safar kun bo‘yi ovda yurdim-da, kechga borib qalin o‘rmonning o‘rtasidagi katta bir ko‘l bo‘yidan chiqib qoldim; bu ko‘lda g‘ij-g‘ij o‘rdaklar yashar edi. Butun hayotim davomida ham bunday ko‘p o‘rdak ko‘rmaganman.
Baxtga qarshi birorta ham o‘qim qolmagan edi. Men bo‘lsam ayni shu kuni kechqurun bir qancha do‘stlarimni mehmon qilayotgan edim va ularni yovvoyi parranda go‘shti bilan siylamoqchi bo‘ldim. Men, aslida, mehmondo‘st va saxiy odamman. Men uyushtirgan tushlik va kechki ovqat ziyofatlari dong‘i butun Peterburgga ketgan edi. Endi uyga o‘rdaksiz qanday qaytaman?
Ancha vaqtgacha bir qarorga kelolmay turdim-da, birdan ov sumkamda ozroq yog‘li go‘sht borligi yodimga tushib qoldi.
Yashavor! Bu moydan ajoyib qarmoq bo‘ladi. Uni sumkadan olib, suvga otdim.
O‘rdaklar xo‘rakni ko‘rib, shu zahotiyoq moyning oldiga suzib kelishdi. Ulardan biri uni ochko‘zlik bilan yutib yubordi.
Yog‘ sirg‘aluvchan bo‘lgani uchun birdan o‘rdakning ichidan o‘tib, uning orqasidan chiqib ketdi. Shunday yo‘l bilan o‘rdak mening ipimga tushib qoldi. Keyin ikkinchi o‘rdak ham yog‘ga qarab kela boshladi va u ham xuddi shunday holga tushdi. O‘rdak ketidan o‘rdak yog‘ni yutib, chilvirim ustiga ipdagi marjondek tizilib qolishdi. 10 daqiqa ham o‘tmasdan o‘rdaklar unda qatorlashib joylashishdi.
Bunchalik ko‘p o‘ljani ko‘rganimda naqadar sevinganimni aytsangiz! Endi qo‘lga tushgan o‘rdaklarni suvdan tortib olib, oshxonaga, oshpazimga eltib berishimgina qolgan edi.
Do‘stlarim uchun ketvorgan ziyofat bo‘ladi-da!
Ammo bu qadar ko‘p o‘rdakni ko‘tarib ketish hazilakam ish emas edi.
Men bir necha qadam yurdim-u, juda holdan ketdim. Mening naqadar hayratda qolganimni bilsangiz edi! Birdan o‘rdaklar osmonu falakka parvoz qilib, meni ham bulutlar orasiga olib chiqib ketdilar.
Mening o‘rnimda boshqa odam bo‘lganda, hangmang bo‘lib qolar edi, ammo men botir va uddaburon odamman.
Syurtugimning etagini rul qildim-da, o‘rdaklarni yo‘lga solib, to‘ppa-to‘g‘ri uyga ravona bo‘ldim.
Ammo pastga qanday tushding deng?
Juda-juda oson! Uddaburonligim shu yerda ham asqotdi. Bir necha o‘rdakning bo‘ynini uzib tashlagan edim, biz sekin-asta yerga tusha boshladik.
Men to‘g‘ri o‘z oshxonamning mo‘risiga kelib tushibman! O‘choq boshida, oshpazning ro‘parasida paydo bo‘lganimda uning naqadar hayratda qolganini bir tomosha qilsangiz edi!
Baxtimga, oshpazim o‘choqqa hali o‘t yoqqanicha yo‘q ekan.
SUMBADAGI KAKLIKLAR
Oh, uddaburonlik – ajoyib narsa-da! Bir mahal men bir o‘q bilan yettita kaklikni urib tushirgan edim. Shundan keyin, hatto, dushmanlarim ham, butun dunyoda mening yagona mergan ekanligimga, Myunxauzenday mergan hech qachon bo‘lmaganligiga tan bermay ilojlari yo‘q edi!
Voqea bunday bo‘lgan edi.
Men bor o‘qimni sarflab, ovdan qaytib kelayotgan edim. Birdan oyog‘im ostidan yettita kaklik chiqib qoldi deng. Albatta, bunday ajoyib o‘ljani qo‘ldan chiqarishga yo‘l qo‘ya olmas edim.
Darrov miltig‘imni o‘qladim – nima bilan deng? – sumba bilan! Ha, rasmana sumba bilan, ya’ni, miltiqning quvurini tozalaydigan temir sumba bilan!
Keyin men kakliklarga qarab yugurdim, ularni cho‘chitib yubordim va birma-bir otib tashladim. Kakliklar birin-ketin ko‘tarilishgan edi, yettoviga ham birdaniga sumbani suqib oldim. Yettita kaklik ham oyog‘im ostiga kelib tushdi. Men ularni olib ko‘rib, hayratda qoldim – ular qovurilgan! Xuddi shunday, ular qovurilgan edilar.
Boshqacha bo‘lishi ham mumkin emasdi, axir mening sumbam otilaverib, qattiq qizib ketgan edi va kakliklarim ham unga tushib qovurilib qolishgan.
Men o‘t ustida o‘tirib olib, o‘sha zahotiyoq yaxshi ishtaha bilan tushlik qildim.
IGNA USTIDA TULKI
Ha, hayotda eng muhimi – uddaburonlik va dunyoda baron Myunxauzendan ham ko‘ra uddaburonroq odam bo‘lmasa kerak.
Bir kuni qalin rus o‘rmonida menga qoraburun tulki duch kelib qoldi.
Tulkining terisi shu qadar yaxshi ediki, men uni o‘q yoki pitra bilan buzgim kelmadi.
Men bo‘shashmadim va qurol ichidan o‘qni sug‘urib olib, uni uzun tufli ignasi bilan o‘qlab, o‘sha tulkini otib tashladim. U daraxt yonida turgani uchun igna uning dumini daraxtning tanasiga mahkam yopishtirib qo‘ydi.
Men shoshmasdan tulkining yoniga borib, uni qamchi bilan savalay ketdim. U og‘riqdan shunday tipirchilab qoldiki, ishonsangiz, terisidan chiqib, oldimdan yalong‘och qochib ketdi. Terisi esa butunligicha – o‘q ham, pitra ham tegmagan holda o‘zimizda qoldi.
KO‘R CHO‘CHQA
Ha, men juda ko‘p ajoyib hodisalarga guvoh bo‘lganman. Men bir kuni qalin o‘rmonda chakalakzor orasidan ketayotganimda, qarasam, yovvoyi cho‘chqacha yugurib borayapti; u juda ham kichkina edi. Cho‘chqa bolasi ortidan katta cho‘chqa ham ketib borayapti.
Men o‘q otdim, lekin, afsus, xato ketdi.
O‘qim xuddi cho‘chqa bola bilan katta cho‘chqa orasidan o‘tib ketdi.
Cho‘chqa bola chinqirganicha o‘rmonning ichiga kirib ketib. ko‘zdan g‘oyib bo‘ldu. Katta cho‘chqa esa, qoqqan qoziqday turgan joyida qimir etmay qoldi.
Men: nega u mendan qochmayapti, deb hayron bo‘ldim. Ammo oldiga yaqinroq borib, voqeani tushundim. Cho‘chqa ko‘r ekan, shuning uchun yo‘lni topolmay turgan ekan. U bolasining dumidan tishlab olibgina yura olar ekan.
Men otgan o‘q bolasining dumini uzib yuboribdi, shunga bolasi qochib ketib, katta cho‘chqa yolg‘iz qayoqqa borishini bilmay qolibdi. Og‘zida bir tutam dumni tishlaganicha nima qilarini bilmay turibdi. Shunda mening miyamga ajoyib bir fikr keldi. Shu dumdan ushlaganimcha cho‘chqani to‘g‘ri oshxonamga boshlab keldim. Sho‘rlik ko‘r cho‘chqa, o‘zini ilgarigiday yana bolasini yetaklab ketayotgan gumon qilib, ketimdan indamay ergashib kelaverdi!
Ha, shundoq, takror aytamanki, uddaburonlik – juda ajoyib narsa!
MEN YOVVOYI CHO‘CHQANI QANDAY QO‘LGA TUSHIRDIM
Boshqa bir safar o‘rmonda menga yovvoyi cho‘chqa duch kelib qoldi.
Uni eplash anchagina qiyin bo‘ldi. Hatto, yonimda miltig‘im ham yo‘q edi.
Men ura qochdim, lekin cho‘chqa xuddi quturganday orqamdan g‘izillatib quvib qoldi, agarda o‘zimni duch kelgan eman daraxti panasiga olmaganimda, o‘tkir tishlari bilan meni tilka-pora qilib tashlashi turgan gap edi.
Yovvoyi cho‘chqa g‘izillaganicha kelib, o‘zini eman daraxtiga urdi-da, tishlari daraxtning tanasiga qattiq sanchilib qoldi, tishlarini daraxtdan sug‘urib ololmadi.
– Ha, ha, qo‘lga tushding-ku! – dedim men, eman daraxti orqasidan chiqayotib. – Shoshmay tur hali! Endi mendan qochib qutulolmaysan!
Men qo‘limga tosh olib, cho‘chqaning o‘tkir tishlarini tortib ololmaydigan qilib, daraxtga yanada chuqurroq qoqa boshladim, so‘ngra cho‘chqani pishiq arqon bilan bog‘ladim-da, aravaga o‘ngarib, dabdaba bilan uyga olib keldim. Boshqa ovchilar bu ishimga hayron-hayron qolishdi! Shunday qo‘rqinchli hayvonni bitta ham o‘q sarf qilmasdan tiriklay tutib olish mumkinligini ular xayollariga ham keltira olmasdilar.
G‘AROYIB KIYIK
Menga nuqul g‘alati-g‘alati hodisalar uchraganiuchragan edi.
Bir kuni yo‘lda sotib olgan shirin olchalar bilan