or
UMID
She'r o‘qimas bolajon,
She'rni qanday anglasin?
Nahot eshitmagan u
Onasining allasin?
She'r o‘qimas bolajon
She'rni qanday yodlasin?
Lekin qo‘shiqni tinglab,
Ohangidan shodlansin.
Mening bu bolajondan
Shu-chun ko‘nglim to‘q, axir:
Qo‘shiqni tinglab,anglab,
She'rga ochmoqda bag‘ir.
TELEVIZOR
Gulnoz tug‘ilgan kunda
To‘satdan chiroq o‘chdi.
Ayrim mehmonlar shunda
Tezroq ketishga tushdi.
Ularni to‘xtatib der
Xomush o‘tirgan Gulnoz:
-Televizor qo‘yaylik,
Uyni yoritar bir oz…
Televizorni qo‘yib
yuboring, oyi!
Ko‘rinadi hammaning
o‘tirgan joyi…
YULDUZLAR
Derazamdan kechasi
Osmonga qarab yotdim.
Son-sanoqsiz yulduzlar
Nurini tarab yotdi.
Ular bilan do‘stlashib,
Xayollarga cho‘mdim men.
Keyin xayr-xo‘shlashib,
Asta ko‘zim yumdim men.
Uzun xayol uyquga
Boshlab ketibdi, qarang.
Tongda tursam yulduzlar
Tashlab ketibdi, arang…
SO‘RI
Eshigimiz oldida,
So‘rida,
Qanday o‘ynar ekanmiz,
Ko‘ring-da.
So‘ri-so‘ri emas,
Ko‘k kemamiz.
Kapitan, matrosi yo‘q
Demangiz.
Bir yaxshilab joylashib
Olinglar.
Qani yo‘lga chiqdiik,
Xush qolinglar!..
SINOVCHI BOLA
Qarg‘a boqib ko‘rdi u
yuz yoshini ko‘ray deb.
Chinor ekib ko‘rdi u
ming yoshida yuray deb.
Qarg‘asi o‘lib qoldi,
issiqda lohas bo‘lib.
Chinori so‘lib qoldi
undan bo‘yi past bo‘lib.
Sinovchi bola endi
jo‘jani yurar sizlab.
Odamdek so‘zlashar deb,
yangi kashfiyot izlab.
MASLAHAT
Soat bir dam tinmay hech
Chiq-chiq etib yuradi.
Qolmay deb maktabdan kech,
Shavkat shoshib turadi.
Nonushta qilib tez-tez,
Qarab qo‘yar soatga.
Buni ko‘rgan jajji qiz
Muhabbat der Shavkatga:
-Aka, maylimi biroz
Men soatni to‘xtatsam?
Nonushta qilarsiz soz,
Shunda shoshilmaysiz ham…
MAKTABIM
Tashnadirman ilmga,
Yuraman seni maqtab,
Nur to‘shading yo‘limga.
Qadrdon ona maktab!
Mehring bilan yosh yurak
To‘lib-toshdi limmo-lim.
Bo‘lib bilimdon, ziyrak
Yulduzga yetdi qo‘lim.
Kitobingning har satrin
O‘qirkanman, dil cho‘g‘dir!
Degayman, bilimdan zo‘r,
Qudratli qurol yo‘qdir.
QIZGINA
Qarashlari beozor,
Qiziquvchan qizgina.
Ne deb, ne qilsak uqib,
Oladirsan tezgina.
Bolalikning baxt izlar
Yo‘llarida turibsan.
O‘zingdek pok, beg‘ubor
Xayollarni suribsan.
Yeru osmon orasi
Bilsang,bir laxzalik yo‘l.
Ona yerni asrashda
Shunday tiyrak, ziyrak bo‘l!
AKAMNING KITOBI
O‘qishlarim qiyindir
Bir-biridan.
Lekin "besh"im tayindir,
Algebradan.
"Besh" olmoqlik osonga
Tushmaydi rosti.
"Suflyor" ham bir og‘iz so‘z
Qo‘shmaydi rosti.
To‘g‘ri yozib qo‘yilgan
Javob kitobda.
Akam usta edi-da,
axir hisobda!..
OG‘RIQ TISH
Haydaralining tishi og‘ridi.
Oldirish uni ko‘p og‘ir edi.
Kecha-kunduzi lunjini ushlab,
Uzolmay qoldi hatto non tishlab.
Bu og‘riqlardan yurakni tig‘lab,
O‘zin tutolmay yubordi yig‘lab.
Shu singan, qora tish deb ezildi.
Tishi ham undan zo‘rg‘a uzildi.
Rosa quritib, tinkasini tish.
Band etdi doktor bankasini tish.
Endi turar jim ogoh etganday.
Dardning oldini oling,– deganday.
BAHOR YOMG‘IRI
Bulut ko‘ksini tilib,
Qo‘yvor,– deb shoshirasan.
Yerda-chi, sho‘xlik qilib,
Ariqni toshirasan.
Sen bahorning yomg‘iri,
Bahordek g‘uboring yo‘q.
Goh yog‘asan bemavrid,
Desak-da, xumoring yo‘q.
Charchatasan