og‘riyapti
Oyog‘imning "yuragi…
ABDUMAJID
Abdumajid toy-toy,
Buvalari boy-boy.
Mol bozorga borganda
Olib kelar toy-toy.
Toyni minib kattakon
Ot qiladi, toy-toy.
Otni minib, hammani
Mot qiladi, toy-toy…
ABDUBOSIT
Abdubosit nabiramning
Ko‘zi juda suzuk-da!
Xusni uning nush xulqiga
Ko‘z qo‘ygandek uzukka.
Mehru oqibati o‘sar
Bo‘yi bilan barobar.
Akasi va ukasidek
Hamma unga barobar.
SAMIRA
Sen hali ulg‘ayib,
Oy qiz bo‘lasan.
Kulgusi shalola,
Soy qiz bo‘lasan.
Qo‘llarda xinolar,
Qoshlarda o‘sma,
Sochlari qirq kokil,
Boy qiz bo‘lasan.
Parivash chehrangda
Baxting balqadi,
Ko‘zingda momolar
Mehri qalqadi.
Ismi ham jismiga
Mos qiz, Samira.
Ishi ham, gapi ham
Rost qiz, Samira.
BIZGA O‘XSHAR
Yozda qaray olmasdim,
Quyoshga.
Tik qarasam to‘lardi
Ko‘z yoshga.
Qishda boshqacha bo‘lib
Qolibdi.
Bulutlarga o‘ralib
Olibdi.
Issiq kiyimlar kiyib
Yuribman.
Quyoshga tikka qarab
Turibman.
Yoqimli xayollarga
Berildim.
Quyosh bizga o‘xsharkan,
Deb bildim.
SAXIYLIK
Derazamdan har kuni
Oy mo‘ralab o‘tadi.
Yozda quyosh, qish kuni
Qor bo‘ralab o‘tadi.
Quyosh so‘nar, qor tinar,
Oyning nuri-o‘shadir.
Quyoshdan qarz olib nur,
Nurga mehrin qo‘shadir.
Ayamaydi bo‘lishni,
Boshim uzra kulishni,
Tillaqoshdek tovlanib,
Kanda qilmas to‘lishni.
Derazamdan har kuni
Oy mo‘ralab o‘tadi.
O‘rgatib saxiylikni,
Bor mehrini tutadi.
OYNI OLIB BERING
-Oyi, oyni olib bering,
Olib bering quyoshni.
Cho‘ntagimga oyga qo‘shib,
Solib bering quyoshni.
Bu gapingdan oy-quyoshning
Hushi uchib ketadi.
Seni ko‘rsa osmonidan
Suvga tushib ketadi.
-Suvga tushsa qarmog‘imni
Solib tutib olaman.
Xushi uchsa pufak qilib
Bog‘laydigan bolaman.
-Sen shunaqa hamma ishga
Qodir bola bo‘l, bolam.
Zukko, ishchan bolalarga
Charog‘ondir bu olam.
OYGA BORIB KELAMAN
Ko‘kka boqib Alisher,
Oy nimaga iliq?-, der.
Nega u tushib ketmas,
Nega uni tortmas yer?
Har kun qaygadir shoshar,
Yo‘l bosar,dovon oshar.
Yulduzlarni yetaklab,
Tunlari nur ulashar.
Ko‘rmadim hech tolishin,
Yakkaman deb nolishin.
Bizlar uchun buncha ko‘p,
Nurni qaydan olishin.
O‘ylab-o‘ylabAlisher,
Ko‘zin yumib shunday der:
-Hammasini bilaman,
Oyga borib kelaman.
SHAMOL
Shamol, shamol, hey shamol!
Menga ko‘rsatgin jamol!
Yaylovlardan oshib kel,
Daryolardan toshib kel.
Dengizlardan yetaklab,
Do‘l-jalani etaklab,
Saxrolarga quydirgin,
Tashnalarni to‘ydirgin.
Sochlarimni silab o‘t,
Baxtu omad tilab o‘t.
Dalalarni siypalab,
Dov-butoqni piypalab,
Shabnamlarni sochib uch,
Dovullardan qochib uch.
Yuragimga solib kuch,
Varragimni olib uch!
Shamol, shamol, hey shamol!..
CHAQMOQ
Chaqmoq chaqdi,
Chaqmoq chaqdi.
O‘t-o‘lanlar marjon taqdi.
Soching o‘sar yomg‘irda.
Qoning jo‘shar yomg‘irda.
Yalang oyoq, yur, qani!
Dalaga yugur, qani!
O‘t-o‘lanlar marjoni,
Qo‘ng‘iroqgullar joni.
Yomg‘irni chorlab kelar,
Qilichi porlab kelar.
Chaqmoq chalg‘itmoq bo‘lar.
Balki uyg‘otmoq bo‘lar,
Qo‘rqoqlarni qo‘rquvdan.
Uxloqlarni uyqudan…
BAHOR KELDI
Bahor