o‘rinli fikr! – dedi noma’lum kishi.
– Lekin manavi poxollar, afandim… Sizga aytishga botina…
– Kerak emas! Agar poxollar g‘ashingizga tegayotgan bo‘lsa, ularni tozalab olib, xarajatini mening hisobimga yozib qo‘ying.
Keyin u o‘zicha so‘kinishga o‘xshash allanima balolar deb do‘ng‘illab qo‘ydi. Noma’lum kishi mehmonxona bekasi oldida bir qo‘lida shisha, ikkinchisida naycha tutgan holda jangari va darg‘azab qiyofada turar, uning vajohati kishini shu qadar taajjubga solar ediki, missis Xoll o‘zini noqulay his eta boshladi. Lekin u cho‘rtkesar va shaddod ayol edi.
– U holda, – dedi ayol, – qancha to‘lamoqchi ekanligingizni bilsam bo‘ladimi?..
– Bir shilling. O‘sha hisobga yana bir shilling qo‘shib qo‘ying. Yetarli bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman?
– Yaxshi, siz aytganday bo‘la qolsin, – dedi missis Xoll dasturxon tuzashga kirishar ekan.
– Albatta, basharti siz shunga rozi bo‘lsangiz…
Noma’lum kishi teskari qarab, missis Xollga orqasini o‘girib o‘tirdi.
U eshikni ichidan qulflab olib, missis Xollning ishontirishicha, miq etgan tovush chiqarmay, kechgacha ishladi. Faqat bir marotabagina «taraq» etgan tovush va shishaning jaranglagani eshitildi, go‘yo kimdir stolni itarib, shishani polga uloqtirib yuborganday bo‘ldi, keyin esa uning gilam ustida tez-tez qadam tashlab, u yoqdan bu yoqqa yurgani eshitildi. Biror falokat yuz bermadimikin deb xavfsiragan missis Xoll eshik oldiga kelib, quloq sola boshladi.
– Hech nima chiqmaydi! – deb qichqirardi musofir xunob bo‘lib. – Hech nima chiqmaydi, vassalom! Uch yuz ming, to‘rt yuz ming! Axir buning poyoni yo‘q-ku! Aldandim! Butun umrimni shunga bag‘ishlashim kerak! Sabr, sabr qilish kerak! Aytishga oson! Ahmoq, ahmoq!
Shu mahal allakim qovoqxonaga kirdi, salmoqlanib bosilgan qadam tovushi eshitildi va missis Xoll gapni oxirigacha eshitmay, chor-nochor eshikdan uzoqlashishga majbur bo‘ldi. Missis Xoll qaytib kelganida, kresloning sal-pal g‘ijillagani va goho shishalarning bir-biriga tegib ohista jaranglaganini hisobga olmaganda, xona yana suv quyganday jimjit bo‘lib qolgan edi. Chamasi, noma’lum kishi qaytadan ishga kirishgan edi.
Missis Xoll choy keltirgan mahalida, xonaning burchagidagi ko‘zguning ostida singan shishalarni va beparvolik bilan artib olingan sariq dog‘ni ko‘rdi. Missis Xoll uni musofirga ko‘rsatdi.
– Shularning hammasini mening hisobimga yozib qo‘ying, – dedi noma’lum kishi g‘ijinib. – Undan keyin Xudo haqi, menga xalal beravermang. Mabodo sizga biror zararim tegsa, mening hisobimga yozib qo‘yavering, – dedi u va oldidagi daftarga turli belgilar qo‘ya boshladi…
– Bilasizmi, men sizga nima demoqchiman? – deb sirli ravishda gap boshladi Firensayd. Bu suhbat o‘sha kuni kechqurun pivoxonada bo‘layotgan edi.
– Xo‘sh? – so‘radi Teddi Xenfri.
– Itim qopib olgan o‘sha odam… Xullas, gapning lo‘ndasini aytsam, u qora tanli. Har qalay, uning oyoqlari qora. Itim shimi bilan qo‘lqopini yirtib yuborgan vaqtda ko‘rib qoldim. Yirtilgan joydan pushti rang badan ko‘rinishi kerak edi-a, shundaymi? Ammo men sizga aytsam, sira unaqa bo‘lgani yo‘q. Faqat qop-qora narsa ko‘rindi, xolos. Sizga rost gapni aytyapman: uning badani qop-qora, manavi shlyapamdan farqi yo‘q.
– Xudoyo tavba! – xitob qildi Xenfri.
– Buning gapini qara-ya! Axir uning burni pushti rangda-ku.
– Shundaylikka shunday, – dedi Firensayd, – bu gaping to‘g‘ri. Lekin men bu odam olachipor, desamchi, sen unda nima deysan, Teddi? Uning ba’zi joyi qora, ba’zi joyi oq, chovkar. U ana shundan xijolatda. Allaqanday duragay, ikki rang aralashib ketish o‘rniga, xol-xol, chovkar bo‘lib qolgan, bildingmi! Men shunday odamlar ham bo‘lishini ilgari eshitgandim. Otlarda bunaqa narsa juda ko‘p uchraydi. Buni xohlagan odamingdan so‘rashing mumkin.
IV bob
MISTER KASS NOMA’LUM KISHI BILAN SUHBATLASHADI
Noma’lum kishi Aypingga kelganidan keyingi barcha voqealarni batafsil tasvirlashdan maqsadim, nima sababdan hamma unga qiziqib qolganini kitobxonga tushuntirishdir. Uning mashhur klub kuni bayrami vaqtigacha Aypingda qanday yashagani masalasiga kelganda, shuni aytish kerakki, ikkita g‘alati voqeani hisobga olmaganda, bu to‘g‘rida to‘xtalmasa ham bo‘laveradi. Ba’zan missis Xoll u bilan xo‘jalik masalasida tortishib qolardi, biroq bunda hamisha musofir g‘olib chiqardi, ya’ni u shu zahotiyoq qo‘shimcha haq berishini pisanda qilardi. Bu holat aprelning oxirlarigacha, musofirda pulsizlikning dastlabki qiyinchiliklari sezilib qolgunga qadar davom etdi.
Xoll uni yoqtirmasdi va qachon qarasa, bu ro‘daponing dumini tugib yuborish kerak deb yurardi, biroq o‘zining qo‘lidan hech nima kelmasdi. Shuning uchun ham u iloji boricha musofir bilan uchrashmaslikka harakat qilardi.
– Yozgacha sabr qil, – deb unga nasihat qilardi missis Xoll. – Rassomlar yig‘ila boshlasin, ana o‘shanda ko‘ramiz. Uning surbetligi rost, bu haqda sen bilan bahslashmayman, lekin u o‘z vaqtida haqimizni to‘lab turibdi, nima deganingda ham, uning bu fazilatidan ko‘z yumish mumkin emas.
Ijarachi cherkovga bormasdi, yakshanba kuni ham boshqa kunlardan hech qanday farq qilmasdi, hatto hamisha bir xilda kiyinardi. Missis Xollning fikricha, u muntazam ishlamasdi ham. Ba’zi kunlarda ertalab barvaqt mehmonxonaga tushib, uzoq vaqt tinimsiz ishlardi. Boshqa kunlari esa o‘rnidan kech turar, ovozini baralla qo‘yib g‘o‘ng‘illar, tamakisini tutatar yoki bo‘lmasa, kamin yonidagi kresloda mudrab o‘tirardi. Hech kim bilan muloqot qilmasdi. Kayfiyati ham o‘sha-o‘sha – juda betayin edi, ko‘pincha u o‘zini o‘ta serzarda odamday tutardi. Bir necha bor g‘azabidan hatto quturib ketdi, shunday vaqtlarda u duch kelgan narsani uloqtirib yuborar, yirtib tashlar, yerga urib chilparchin qilardi. U hamisha haddan ziyod iztirob chekadigan odamga o‘xshardi. U doim ming‘illab, o‘zi bilan o‘zi so‘zlashardi; biroq missis Xoll qanchalik urinmasin, uning gaplaridan hech narsa anglay olmasdi.
Kunduzi u xonasini kamdan-kam tark etardi, lekin qosh qoraydi deguncha, basharasini ko‘rinmaydigan qilib o‘rab olib, tashqarining issiq yoki sovuqligiga qaramay, sayr qilgani chiqardi. U sayrgoh uchun daraxtlarga burkangan yoki ko‘tarma bilan to‘silgan eng xilvat so‘qmoqlarni tanlardi. Uning ulkan qora ko‘zoynagi va keng soyabonli shlyapa ostidagi bint bilan o‘rab tashlangan qo‘rqinchli basharasi qorong‘i kechada uyiga qaytayotgan ishchilarni vahimaga solardi. Bir kuni kechqurun soat to‘qqiz yarimlarda «Qizil kamzul» qovoqxonasidan gandiraklab chiqqan Teddi Xenfri noma’lum kishining bosh suyagiga o‘xshash kallasini ko‘rib (u shlyapasini qo‘liga olib, boshyalang aylanib yurgan ekan), qo‘rqqanidan yuragi yorilib o‘layozibdi. Qosh qoraygan mahalda uni ko‘rib qolgan bolalar kechasi alang-jalang tushlar ko‘rib alahlab chiqishardi. Bolalar uni yomon ko‘rishar, u ham bolalarni yoqtirmas edi. Kim kimni ortiqroq yomon ko‘rishini aniqlab bo‘lmasdi, chunki ikkala tomonning bir-biriga adovati juda kuchli edi.
Kishini hayratga soladigan shunaqangi qiyofa va shunday g‘alati tabiatli odam Ayping aholisining bitmas-tuganmas mish-mishlar to‘qib chiqarishiga sabab bo‘lganining hech qanday ajablanarli joyi yo‘q. Uning mashg‘uloti borasida odamlarning fikrlari xilma-xil edi. Bu masalada missis Xoll bilan sira hazillashib bo‘lmasdi. «U nima ish qiladi, o‘zi?» degan savolga missis Xoll juda dabdaba bilan: «Eksperimental tadqiqot ishlari bilan shug‘ullanadi», – deb javob berardi. Bu so‘zlarni u go‘yo yanglishib ketishdan qo‘rqqanday juda salmoqlanib, ehtiyotkorlik bilan talaffuz etardi. «Buning ma’nosi nima?» – deb so‘rashganida esa u o‘zini katta olib, «bu har bir ilmli odam uchun ma’lum gap» derdi-da, keyin: «U har turli kashfiyotlar qiladi» – deb tushuntirardi.
«Bizning ijarachimiz falokatga uchragan, – deb hikoya qilardi missis Xoll, – natijada qo‘li bilan yuzi olachipor bo‘lib qolgan. U juda ham izzat-nafsi zo‘r kishi bo‘lganidan shu holatda odamlarga ko‘rinishdan o‘zini olib qochadi».
Biroq