bo‘lgandi va odamlar har ikkala voqea orasida allaqanday aloqadorlik bor deb hisoblashardi. Xoll Uojers bilan birga maslahatlashish uchun sudya janob Sheklforsning uyiga jo‘nadi. Yuqoriga chiqishga hech kimning yuragi dov bermasdi. Shu vaqt mobaynida musofir nima ish bilan mashg‘ul bo‘lgani ma’lum emas. Goho u xonaning u burchagidan bu burchagiga yurardi, uning xonasidan ikki marotaba so‘kinish, qog‘ozlarning sharillab yirtilgani va shishaning singani eshitildi.
Vahimaga tushgan, lekin sinchkovligi ichiga sig‘mayotgan odamlar to‘dasi tobora ko‘payib borardi. Missis Xaksters ham to‘daga kelib qo‘shildi.
Oradan bir oz vaqt o‘tgach, bayram munosabati bilan qora kostyum va oq pikedan galstuk taqib, yasanib olgan bir talay o‘ktam yigitchalar yetib kelishdi-da, bema’ni savollar bera boshlashdi. Archi Xarker hammadan ko‘ra dovyurakroq chiqib qoldi: u hovliga kirib, tushirib qo‘yilgan darparda ostidan ichkariga mo‘ralashga urindi. U hech narsa ko‘ra olmadi, lekin ko‘ryapman deb ishora qildi. Aypinglik yosh-yalanglardan yana ba’zi birlari uning yoniga borishdi.
Bayram kuni havo iliq va ochiq keldi. Qishloq ko‘chasida o‘nlarcha do‘konchalar va otishni mashq qiladigan «tir»lar paydo bo‘ldi, temirchilik ustaxonasi oldidagi o‘tloqda sarg‘ish-jigarrang bilan ola-bula qilib bo‘yalgan arava turardi, ularning yonida g‘alati kiyingan allaqanday odamlar norjil yong‘og‘i otish musobaqasini o‘tkazish uchun asbob hozirlashardi. Erkaklar zangori jun jemfer kiygan, ayollar esa oq peshband taqib, o‘sha vaqtda keng rasm bo‘lgan katta jig‘a sanchilgan shlyapa kiyib olgan edilar. «Qizil bug‘u» qovoqxonasining xo‘jayini Uojer va minilgan velosipedlarni olib-sotish bilan ham shug‘ullanadigan etikdo‘z janob Jeggeres ko‘cha uzra milliy bayroq hamda qirol bayroqchalaridan yasalgan (ular qirolicha Viktoriyaning yubileyi bayramidan qolgan edi) chambaraklarni ko‘ndalang qilib tortishmoqda edi.
Derazalarning pardalari tushirilgan, g‘ira-shira mehmonxonada, aftidan, och qolib, zardasi qaynagan musofir o‘rab-chirmab olgan bintlari ichida issiqda hansirab, irkit shishalarni jiringlatar va zangori ko‘zoynagi ostidan bir varaq qog‘ozga qaragani holda derazasi oldiga yig‘ilgan bolalarni bo‘ralab so‘kar edi. Burchakdagi kaminning yonida besh-oltita singan shishaning parchalari yotar, havoni esa dimog‘ni chatnatib yuboradigan xlor hidi tutib ketgan edi. Buni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan kishilarning hikoyasidan bizga ma’lum bo‘lgan narsalar ana shular, chunki ular kirgan mahalda xona shu ahvolda ekan.
Peshinga yaqin musofir mehmonxonaning eshigini daf’atan ochdi-da, ichkilik sotiladigan peshtaxta oldida uymalashib turgan uch-to‘rt odamga tikilganicha ostonada to‘xtadi.
– Missis Xoll! – deb qichqirdi u.
Allakim missis Xollni chaqirib kelish uchun istaristamas o‘rnidan turdi.
Ko‘p o‘tmay yuzida qat’iy ifoda bilan bir oz entikkan missis Xoll yetib keldi. Janob Xoll hali qaytmagan edi. Missis Xoll hamma narsani yaxshilab o‘ylab ko‘rgan bo‘lib, qo‘lida kichkinagina patnis ko‘tarib keldi. Patnisda to‘lanmagan qarzlarning ro‘yxati bor edi.
– Qarzlarni to‘lamoqchimisiz? – deb so‘radi qovoqxona bekasi.
– Nima uchun menga nonushta bermadingiz? Nega menga ovqat tayyorlamadingiz va qo‘ng‘iroqlarimga javob bermadingiz? Nima, meni ovqatsiz ham yashayveradi deb o‘ylayapsizmi?
– Xo‘sh, nega o‘zingiz qarzni to‘lamadingiz? – deb e’tiroz bildirdi missis Xoll. – Men mana shuni bilmoqchiman.
– Bundan to‘rt kun burun aytdim-ku sizga, pul yuborishlarini kutyapman deb…
– Men bo‘lsam, kechagina sizga hech qanaqangi pul yuborishlarini kutmoqchi emasligimni aytgan edim. Besh kundan beri haq to‘lamaganingizdan keyin nonushta kechikyapti deb do‘ng‘illashga hech qanday o‘rin yo‘q.
Ijarachi boloxonador qilib so‘kinib qo‘ydi.
– Hoy, og‘zingizga qarab gapiring! – dedi peshtaxta yonida turganlardan biri.
– Mumkin bo‘lsa, janob, so‘kinishlarini o‘zlari uchun asrab qo‘ysalar, – dedi missis Xoll.
Ijarachi jim bo‘lib, ostonada turib qoldi. U shu turishida achchig‘i qistagan g‘avvosga o‘xshab ketardi. Qovoqxonadagilarning hammasi missis Xollning qo‘li baland kelganini sezib turishardi. Noma’lum kishining keyingi gaplari bu fikrning to‘g‘riligini tasdiqladi.
– Mana qarang, jonginam… – deb gap boshladi u.
– Men sizning jonginangiz emasman, – javob qildi missis Xoll.
– Aytyapman-ku, menga hali pul yuborishgani yo‘q…
– E qanaqasiga pul yuborishardi! – dedi missis Xoll.
– Lekin hozir cho‘ntagimda bir oz…
– Uch kun avval bir tiyinim ham yo‘q degan edingiz-ku.
– Hozir undan ko‘ra ko‘proq topdim.
– Oho! – degan tovush eshitildi peshtaxta oldidan.
– Qayerdan pul topganingizni bilsak bo‘ladimi? – dedi missis Xoll.
Bu gap musofirga yoqmadi chogi, u depsindi.
– Bu bilan nima demoqchisiz? – so‘radi u.
– Bu pul sizga qayoqdan kelib qolganini bilmoqchiman, xolos, – dedi missis Xoll. – Sizga nonushta tayyorlashdan, umuman, siz uchun biron narsa qilishdan avval, men anglamaydigan, hech kim ham tushunmaydigan, lekin hammamiz ham anglashni istaydigan ba’zi bir narsalarni izohlab berishingizni so‘rardim. Men yuqoridagi kresloni nima qilganingizni, nega xonangiz bo‘m-bo‘sh bo‘lib qolgani-yu, keyin qanday qilib qaytadan u yerga kirib olganingizni bilmoqchiman. Ijarachilarimning hammasi eshikdan kirib, eshikdan chiqishadi: uyimda shunday tartib o‘rnatilgan. Siz bo‘lsangiz, boshqacha yo‘l tutyapsiz, men esa xonaga qanday kirib-chiqishingizni bilgim keladi. Yana…
Noma’lum kishi birdaniga qo‘lqopli qo‘lini ko‘tarib, mushtini tugdi-da, yer tepinib «to‘xtang!» – deb baqirdi, baqirganda ham shunday jazavaga tushib baqirdiki, missis Xoll shu ondayoq jim bo‘lib qoldi.
– Mening kim ekanligimni va nima ish bilan shug‘ullanayotganligimni tushunmaysiz, – dedi u. – Hozir sizga ko‘rsataman. Xudo haqi, ko‘rsataman! – Shu so‘zlarni aytarkan, u qo‘lini basharasiga olib borib, shu zahoti tortib oldi. Yuzining o‘rtasida qopqora bo‘lib chuqurlik ochilib qoldi. – Mana, ushlang, – shunday deb musofir missis Xoll tomon qadam tashladi-da, uning qo‘liga allanimani tutqizdi. Uning o‘zgarib ketgan basharasidan ko‘z uza olmagan missis Xoll u tutqizgan narsani beixtiyor qo‘liga oldi. Keyin olgan narsasining nima ekanini ko‘rgach, dod deb yubordi-da, uni yerga uloqtirib, orqasiga tisarila boshladi. Polga burun – noma’lum kishining pushti rang, yaltiroq burni yumalab ketdi.
Keyin musofir ko‘zoynagini olgan edi, yig‘ilganlarning hammasi hayratdan baqrayib qolishdi. U shartta shlyapasini yechdi-da, g‘azab bilan bakenbardi hamda bintlarni yulqib tashlay boshladi. Bakenbardi bilan bintlar darrov ko‘chib qo‘ya qolmadi. Kishilar dahshatdan tirrakday qotib qolishdi.
– Yo alhazar! – deb yubordi allakim.
Nihoyat, bintlar uzilib tushdi.
Shu mahal yig‘ilganlarning ko‘z o‘ngida namoyon bo‘lgan manzara kutilgandan ham ko‘ra dahshatliroq edi. Ajablanib og‘zini ochib turgan missis Xoll o‘takasi yorilib baqirib yubordi-yu, eshik tomon yugurdi. Hamma irg‘ib o‘rnidan turib ketdi. Odamlar jarohat, mayib-majruhlikni, ya’ni ko‘z bilan ko‘rish mumkin bo‘lgan dahshatli manzarani kutishgandi, biroq bunday qarasalar, hech nima yo‘q. Bintlar bilan yasama soch o‘sha yerda turgan odamlarning yuziga tegay deb qovoqxona peshtaxtasiga kelib tushdi. Hamma bir-birini bosib-yanchib zinapoya oldidan ura qochdi, chunki mehmonxona ostonasida tuturuqsiz gaplar gapirib, paltosining yoqasigacha odam shaklida bo‘lgan bir ko‘laga turardi, undan yuqorida esa hech nima yo‘q edi. Ha, ha, hech nima yo‘q edi! Ayping aholisi «Aravakash» qovoqxonasidan kelayotgan qiy-chuv, shovqin-suronni eshitdi va u yerda o‘tirgan odamlarning zing‘illab qochib chiqishayotganini ko‘rdi. Xaloyiq missis Xollning yiqilgani va janob Teddi