inkor etib bo‘lmasa-da, lekin shuni aytish kerakki, bu siqilish juda cheklangan miqdordadir. So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, chindan ham bosim bir atmosfera oshganda, ya’ni o‘ttiz fut chuqurlikda, o‘n milliondan to‘rt yuz o‘ttiz olti qismi siqiladi. Suvga ming metr cho‘kkanda hajmni qancha kamaytirish hisobini balandligi ming metrli suv ustuni bosimiga, ya’ni yuz atmosfera bosimiga qarab olish kerak. Shunday qilinganda hajmni kamaytirish natijasi yuz mingdan to‘rt yuz o‘ttiz olti bo‘ladi. Binobarin, kema vazni odatdagi bir ming besh yuz tonnadan bir ming besh yuz olti-yu yuzdan ellik to‘rtgacha ko‘payishi kerak. Shunday qilib, vaznni olti-yu yuzdan ellik to‘rt tonna oshirish talab etiladi.
– Hammasi bo‘lib-a?
– Hammasi bo‘lib, janob Aronaks, bu hisobni tekshirib chiqish ham unchalik qiyin emas. Sirasini aytsam, menda yuz tonnali zapas rezervuarlar bor. Bular yordamida men juda katta chuqurliklarga cho‘ka olaman. Suv sathiga ko‘tarilish uchun bu rezervuarlarni suv ballastidan bo‘shatishning o‘zi kifoya. Bordi-yu «Nautilus»ning o‘ndan bir qismini suvdan tashqariga chiqarmoqchi bo‘lsam, undan butun rezervuarlarni bo‘shatishim kerak.
Aniq raqamlarga asoslangan bu fikrlarga qarshi bir nima deyishim qiyin edi.
– Hisob-kitoblaringizga qo‘shilaman, kapitan, – dedim men. – Darvoqe, uning to‘g‘riligi har kuni amalda tasdiqlanib turgach, bahslashib o‘tirishning o‘zi kulgili bir hol bo‘lur edi. Ammo menda yana bir shubha tug‘ildi.
– Qanday shubha?
– Kemangiz ming metr chuqurlikka cho‘kkanida uning korpusi yuz atmosfera bosimga duch keladi. Binobarin, agar siz shu chuqurlikda kemangizni yengillatib olish va suv betiga chiqish uchun rezervuarlarni bo‘shatmoqchi bo‘lsangiz, unda rezervuarlardan suvni siqib chiqaradigan nasoslar har bir kvadrat santimetrga yuz kilogrammdan qo‘shimcha qarshilikka uchraydi. Bu esa nasoslardan shunday kuch talab etadiki…
– Buni faqat elektr bajarishi mumkin, – deya so‘zimni bo‘ldi kapitan Nemo. – Yana qaytaraman, professor, mening mashinalarimning kuchi deyarli cheklanmagan. «Nautilus»ning nasoslari juda kuchli. Undan chiqqan suv ustunlari «Avraam Linkoln» palubasiga sharsharaday tushganini ko‘rganda, bunga ishongan bo‘lishingiz kerak. Shunisi ham borki, batareyalar ortiqcha zo‘riqmasligi uchun men qo‘shimcha rezervuarlardan bir yarim mingdan ikki ming metrgacha chuqurlikka tushmoqchi bo‘lsamgina foydalanaman. Agar bordi-yu miyamga okeanning eng chuqur joylariga – uning sathidan sakkiz-o‘n ming metrga tushish fikri tug‘ilsa, ancha murakkabroq, ammo ayni vaqtda shunchalik ishonchli usullarni qo‘llayman.
– Qanaqa usullarni, kapitan?
– Buni tushunib olishingiz uchun avval men «Nautilus»ni qanday boshqarishni aytishim kerak.
– Men buni sabrsizlik bilan kutyapman.
– Kemani o‘ngga va chapga yoki boshqacha qilib aytganda, gorizontal tekislikda yo‘naltirish uchun men kema tumshug‘i ostida o‘rnatilgan oddiy ruldan foydalanaman. Bu rul shturval va shturtroslar yordamida harakatga keltiriladi. Ammo «Nautilus»ni, shuningdek, tik tekislik bo‘ylab – yuqoridan pastga va pastdan yuqoriga qarab ham yo‘naltirish mumkin. Bu vaterliniya yoniga bemalol harakatlana oladigan qilib o‘rnatilgan ikki qanot yordamida amalga oshiriladi. Bu qanotlar tik yo‘nalishda ham tez harakat qiladi va ular kemaning ichidan richaglar yordamida harakatga keltiriladi. Qanotlar tag to‘singa parallel qilib qo‘yilganda «Nautilus» gorizontal yo‘nalishda suzadi. Parraklar yordamida oldinga harakat qilayotgan «Nautilus» shu qanotlarning qanchalik egilganiga qarab yo diagonal bo‘ylab pastga tushadi yoki diagonal bo‘ylab yuqoriga ko‘tariladi, aytib qo‘yay, bu diagonal uzunligi tamomila menga bog‘liq. Buning ustiga agar men ko‘tarilish tezligini oshirmoqchi bo‘lsam, vintni to‘xtataman va suv bosimi «Nautilus»ni vodorod to‘latilgan aerostatday tik yuqoriga siqib chiqaradi.
– Qoyil, kapitan! – xitob qildim men. – Ammo suvga cho‘kib turgan «Nautilus» ko‘r-ko‘rona boshqarilsa kerak, albatta.
– Sira unday emas. Rulni boshqaruvchi kishi «Nautilus»ning tumshug‘ida palubadan oldinga turtib chiqqan hujrada o‘tiradi. Bu hujraning illuminatoriga ikki tomoni qabariq qalin oyna solingan.
– Shunday kuchli bosimga bardosh bera oladimi?
– Ha. Biror narsa tegib ketsa juda mo‘rt, ayni vaqtda juda mustahkam billur qo‘yilgan. Bir ming sakkiz yuz oltmish to‘rtinchi yili Shimoliy dengizda elektr yog‘dusida baliq ovlanayotganda yetti millimetrli billur plastinkalar o‘n olti atmosfera bosimga dosh bergan edi. Men ishlatayotgan oynaning qalinligi o‘rta qismida yigirma bir santimetrga yetadi, ya’ni bular men aytgan plastinkalardan o‘ttiz marta qalin.
– Tushundim. Ammo ko‘ra olish uchun qorong‘ilikni yoritish kerak, binobarin, men hayronman, qanday qilib qorong‘i chuqurlarda…
– Rul boshqaruvchining hujrasi oldida juda katta elektr reflektor o‘rnatilgan, – deya mening so‘zimni bo‘ldi kapitan Nemo, – uning nurlari suvni yarim milyagacha yoritib boradi.
– Ofarin, ming ofarin, kapitan! Endi men olimlar o‘rtasida g‘ulg‘ula solgan o‘sha badnom «narval»ning elektr quyoshi nimaligini tushundim. Ha, aytganday, ruxsat bersangiz bir narsani so‘ramoqchi edim: «Nautilus»ning «Shotlandiya» bilan butun dunyoga shov-shuv solgan to‘qnashuvi tasodifan sodir bo‘lganmidi?
– Juda tasodifan, professor. To‘qnashuv sodir bo‘lganda men suv sathidan ikki metr pastda suzayotgan edim. Ammo hech qanday falokat yuz bermaganini o‘sha zahotiyoq ko‘rdim.
– Juda to‘g‘ri. «Shotlandiya» eson-omon portga yetib oldi. «Avraam Linkoln» bilan uchrashuvingiz-chi?
– Janob professor, Amerika flotining bu eng yaxshi kemasiga o‘zim ham achinaman, ammo u menga hujum qildi va men himoyaga o‘tishga majbur edim. Lekin kemani menga hujum qilish imkoniyatidan mahrum etdim, xolos, u shikastlangan joyini yaqin oradagi portda osonlik bilan tuzatib olishi mumkin.
– O, kapitan, – xitob qildim men, – «Nautilus» darhaqiqat ajoyib kema!
– Ha, professor, – hayajonli ohangda javob berdi kapitan Nemo. – Men uni o‘z farzandimday yaxshi ko‘raman. Okean sathida suzayotgan kemalar ming xil xavf-xatarga yo‘liqishi mumkin. Har bir tasodif ularga falokat keltirishi mumkin. Ammo bu yerda, dengiz qa’rida inson hech narsadan qo‘rqmasa ham bo‘ladi. Bosimdan pachoq bo‘lib ketishidan cho‘chimaydi – negaki bu kema korpusi temirdan ham mustahkam. Uning chayqalishidan «charchaydigan» takelaji48 yo‘q. Shamol yulib ketishi mumkin bo‘lgan yelkanlar yo‘q. Portlab ketish xavfi bo‘lgan qozonlar ham yo‘q. Yong‘in xavfsiz, chunki uning yog‘och qismlari yo‘q. U to‘qnashuvlardan ham qo‘rqmaydi, chunki okean qa’rida yolg‘iz o‘zi suzadi. Bo‘ronlar ham qo‘rqinchli emas, negaki okean sathidan bir necha metr chuqurlikda hamisha to‘la osoyishtalik hukmron. Siz ajoyib degan kema ana shunaqa, professor! Agar ixtirochi hamisha o‘z kemasiga injener-konstruktorga nisbatan ko‘proq, injener-konstruktor esa kapitanga nisbatan ko‘proq ishonishi rost bo‘lsa, mening birato‘la ham kema ixtirochisi, ham konstruktori, ham kapitan sifatida «Nautilus»ga qanchalik cheksiz ishonch bilan qarashimning sababini tushunsangiz kerak!
Kapitan Nemo juda ko‘tarinki ruhda gapirar edi.
Ko‘zlarida chaqnab turgan yolqin, jonli harakatlari uni tamoman o‘zgartirib yuborgan edi. Men o‘zimni to‘xtata olmadim va kapitan Nemoga biroz g‘alati tuyulishi mumkin bo‘lgan savol berdim:
– Demak, sizning injenerlik ma’lumotingiz bor ekan-da?
– Ha, – deya javob berdi u. – Men yer yuzida yashagan paytimda London, Parij va Nyu-Yorkda o‘qigan edim.
– Xo‘sh, bu ajoyib suvosti kemasini qanday qilib yashirincha qura oldingiz?
– Uning har bir qismi, janob professor, dunyoning turli burchaklarida qilingan, buning ustiga zavodlarga ular boshqa maqsadlarda foydalaniladi deb aytilgan. «Nautilus»ning tag to‘sini Fransiyadagi Krezo zavodida yasalgan; eshkak vali – Londondagi Pena K°da; parragi – Glazgodagi Skottda; rezervuarlari – Parijdagi Kayil