Жюль Верн

Suv ostida sakson ming kilometr


Скачать книгу

to‘rtinchisi shimolida va nihoyat beshinchisi Hind okeanining janubiy qismidadir. Ehtimol Kaspiy va Orol dengizlari hamda Osiyodagi katta ko‘llarning suv havzasi bitta bo‘lgan uzoq o‘tmishda Hind okeanining shimoliy qismida oltinchi oqim ham bo‘lgandir.

      Xaritaga «Nautilus»ning turgan yeri nuqta qo‘yib belgilangan punktdan ana shu oqimlardan biri – Kuro-Sivo o‘tgan edi, bu yaponchada «qora daryo» degani; u Bengal qo‘ltig‘idan chiqib, tropik quyoshining tikka nurlaridan haroratlanib, Malakk bo‘g‘oziga o‘tadi, Osiyo qirg‘oqlari bo‘ylab boradi va Tinch okeanning shimoliy qismidan burilib o‘tib Aleut orollariga yetadi.

      Bu oqim xushbo‘y daraxtlar va boshqa tropik o‘simliklarning novdalarini oqizib borar, to‘q yashil va sovuq okean suvlaridan o‘zining yorqin ko‘k rangi hamda yuqori harorati bilan ajralib turar edi.

      «Nautilus» ana shu oqim bo‘ylab suzib o‘tishi kerak edi. Bu oqimni xaritadan kuzata turib, Tinch okeanning bepoyon bo‘shliqlarida uning jimirlab yo‘q bo‘lib ketishini shu qadar berilib o‘ylabmanki, qayerda turganimni unutib, salonga Ned Lend bilan Konsel kirib kelganini ham payqamabman.

      Mening ajoyib hamrohlarim ko‘zlari oldidagi xazinani ko‘rib, dong qotib qolishdi.

      – Biz qayerdamiz? – xitob qildi kanadalik. – Nahotki Kvebek muzeyida bo‘lsak?

      – Xo‘jamning ruxsatlari bilan, – dedi Kon-sel, – to‘g‘risini aytsam, o‘zimizni Somerar mehmonxonasida deb his etyapman.

      – Do‘stlarim, – dedim men, – Kanadada ham, Fransiyada ham emassiz, balki suv sathidan ellik metr pastroqda suzayotgan «Nautilus»dasiz.

      – Bu gapni xo‘jam aytganlaridan keyin ishonishga to‘g‘ri keladi, – deb javob berdi Konsel, – ammo rostini aytsam, bunday salon mendaqa flamandiyalikni ham hayratga soladi!

      – Istaganingcha hayratlanishing mumkin, og‘ayni. Ayni vaqtda vitrinalarga ham bir qarab qo‘y – u yerda senga o‘xshagan tasnifchi uchun ish topilib qoladi.

      Tasniflashga kelganda, Konselni qayta undashning hojati yo‘q edi. Vitrinalar ustiga engashib, tabiatshunoslar tilida allanimalar deb g‘o‘ldiray boshladi: sinf, turkum, turkumcha, oila, nasl, tur…

      Shu orada konxiologiya bilan ishi bo‘lmagan Ned Lend kapitan Nemo bilan uchrashuvimni va undan kimligini, qayerlik ekanini, qayoqqa ketayotganini, bizni qanaqa chuqurliklarga olib tushishini bilgan-bilmaganimni surishtira boshladi.

      Kanadalik javobimni ham kutmasdan ketma-ket savollar yog‘dirib tashladi.

      U gapirib bo‘lgach, bilganlarimni birma-bir so‘zladim va men undan, shuningdek, bu vaqt ichida ko‘rgan-bilganlarini so‘radim.

      – Hech narsa eshitganim ham, ko‘rganim ham yo‘q, – deb javob berdi kanadalik. – Hatto kema komandasidan ham hech kimni uchratmadim. Balki u ham elektrdandir.

      – Elektrdan?..

      – Xudo haqqi, bunga ishonsa bo‘ladi… Ammo ayting-chi, janob professor, – so‘radi Ned Lend oldingi niyatidan qaytmay, – bu kema ekipajida necha kishi bor? O‘n kishimi, yigirmatami, elliktami, yuztami?

      – Bir narsa deya olmayman, Ned. Menga qarang, «Nautilus»ni qo‘lga olish yoki undan qochib ketish to‘g‘risidagi fikrni miyangizdan chiqarib tashlang. Bu kema hozirgi zamon texnikasining mo‘jizasi va men uni sinchiklab ko‘zdan kechira olmasam butun umrim bo‘yi pushaymon bo‘lib yurardim. Ko‘plar biz bilan sizga mo‘jizalar orasida sayohat qilib yurish imkoniyatimiz borligigagina ham havasi kelgan bo‘lar edi. Xullas, og‘irroq bo‘lib yuring. Keling, yaxshisi, hozircha atrofimizda nimalar bo‘layotganini kuzatib boraylik.

      – Kuzatib boraylik? – qichqirib yubordi garpunchi. – Axir bu temir turma ichida hech narsani ko‘rolmaysan kishi! Biz ko‘r odamga o‘xshab yuribmiz!

      Ned Lend gapini tugatmay to‘satdan salonga zim-ziyo qorong‘ilik cho‘kdi. Shiftdagi yog‘du shu qadar tez o‘chdiki, tim qorong‘ilikdan birdan ravshan yorug‘likka chiqqanda bo‘ladiganday ko‘zlarim og‘ridi.

      Bizni yaxshilik kutyaptimi yoki noxushlikmi – bunisini bilmay, qimirlashga ham botinolmay qotib qoldik. Biroq shu payt bir narsaning sharaqlagan ovozi eshitildi, «Nautilus»ning temir devorlari surilganday bo‘ldi.

      – Tamom bo‘ldik, – dedi Lend.

      Salon birdan yorishdi. Yorug‘lik uning har ikki tashqi tomonidan, devorlardagi tuxumsimon tuynuklardan tushdi. Suvning tubi elektr projektor bilan yoritilgan edi. Bizni dengizdan ikkita billur oyna ajratib turardi. Boshda oyna mo‘rt, sinib ketadi deb bir cho‘chib tushdim. Ammo derazalardagi qalin mis hoshiyani ko‘rib tinchlandim: u derazalarni juda mustahkam saqlashi kerak.

      «Nautilus»dan bir milya masofadagi manzara bemalol ko‘rinardi. Qanday ajoyib manzara! Shaffof suv qatlamlarini yoritib turgan elektr nurlarining ajoyib jilvasini, goh soya tashlab, mayin jimirlab nim rang tovlanayotgan mislsiz bo‘yoqlarni ta’riflashga har qanday odam ham ojiz bo‘lsa kerak!..

      Dengiz suvining tiniqligini hamma biladi. U eng toza buloq suvidan ham tiniqroq. Undagi erigan va erimagan mineral tuzlar bu tiniqlikni yanada oshirib ko‘rsatardi. Okeanning ayrim yerlarida, chunonchi Antil orollari atrofida bir necha o‘n metr chuqurlikdagi suv qatlamlaridan o‘zandagi qum zarrachalarigacha yaqqol ko‘rinib turadi.

      Dengiz qa’rida charaqlab turgan elektr yog‘du «Nautilus» atrofidagi suyuqlikni yoritilgan suvga emas, balki suyuq alanga selobiga aylantirganday tuyular edi.

      Agar Erembergning, suvning chuqur qatlamlari yorug‘lik taratadi, degan taxminini to‘g‘ri deb bilsak, unda tabiat suv qa’ridagi aholiga misli ko‘rilmagan go‘zal manzarani tomosha qilishni in’om etibdi. «Nautilus»ning oynasidan yorug‘likning suvdagi jilosiga qarab bunga imonim komil bo‘ldi.

      Salonning har ikki tomonidan ko‘z ko‘rmagan va tadqiq etilmagan olamga bittadan oyna ochilgan edi. Salondagi qorong‘ilik tashqaridagi yorug‘likni yanada yorqinroq ko‘rsatar va biz akvariumning ulkan oynasidan qarayotganday edik.

      «Nautilus» xuddi bir joyda to‘xtab turganday edi. Ko‘z oldimizda suzib ketayotganimizni ko‘rsatadigan bironta harakatsiz narsaning yo‘qligidan shunday tuyulardi. Biroq ahyon-ahyonda suvosti kemasi tumshug‘i taratgan suv irmoqchalari ko‘z oldimizdan juda katta tezlik bilan o‘tib turardi.

      Biz zavq bilan hayratga tushganimizni qay so‘z bilan ifodalashni bilmay oynaga yopishgancha mahliyo bo‘lib turardik.

      Birdan Konsel so‘z boshladi:

      – Xo‘sh, og‘aynijon Ned, tomosha qilmoqchi edingiz shekilli? Ko‘ring endi!

      – Juda ajib, diqqatga sazovor, – dedi kanadalik bu g‘alati manzarani ko‘rgach, o‘zining nafrati va qochish haqidagi niyatini ham unutib.

      – Bu ajoyib manzara shuncha yo‘ldan kelib ko‘rishga arzir ekan!

      – Kapitan Nemoning hayotini endi tushundim! – hayajonlanib gapirdim men. – U o‘ziga maxsus bir olam yaratib, uning mo‘jizalariga mahliyo bo‘lib, ulardan bahra olmoqda.

      – Biroq baliqlar qani? – so‘radi kanadalik, – baliqlar ko‘rinmaydi!

      – Sizga baribir emasmi, Ned? – javob berdi Kon-sel. – Axir ularni bilmaysiz-ku.

      – Bilmaysiz deganingiz nimasi? Axir men baliqchiman-ku! – hayajonlanib qichqirdi Ned Lend.

      Ikki do‘st o‘rtasida bahslashuv boshlandi. Ularning ikkisi ham baliqlarni bilishardi-yu, ammo har biri o‘zicha. Hammaga ma’lumki, baliqlar umurtqalilar turkumining birinchi sinfini tashkil etadi. Fan ularni juda aniq belgilab berdi: «Sovuq qonli, jabrasidan nafas oladigan va suvda yashashga moslashgan». Baliqlar ikki sinfchaga bo‘linadi: qiltanoqlilar, ya’ni orqa suyagi qiltanoqli umurtqadan iboratlari va kemirchaklilar, ya’ni orqa suyagi kemirchakli umurtqalilardan iborat bo‘lganlari.

      Ehtimol, kanadalik baliqlarning bunaqa bo‘lini-shini eshitgandir ham, ammo, shubhasiz, Konsel bu haqda anchagina ko‘p narsa bilardi. Ned bilan do‘stlashib qolgani uchun unga ba’zi narsalarni astoydil ma’lum