birdan tugab qolganday to‘satdan o‘chdi.
Birpasdan keyin bahaybat maxluq yana paydo bo‘ldi. Endi u «Avraam Linkoln»ni aylanib o‘tdimi, ostidan o‘tdimi, kemaning boshqa tomonidan chiqdi.
Har daqiqada biz uchun halokatli bo‘lgan to‘qnashuv yuz berishi mumkin edi.
Meni kemaning manyovrlari hayratga solardi. U bahaybat maxluq bilan jang boshlash o‘rniga chap berar, undan qochar edi. Bahaybat maxluqni quvish uchun yuborilgan kema o‘zi quvg‘in holatiga tushib qoldi.
Men bu mulohazamni kapitan Faragutga aytdim. Uning odatdagi vazmin chehrasida hozir o‘ta hayratlanish alomatlari ko‘rinardi.
– Bilasizmi, professor, – deya javob qaytardi u menga, – men qanaqa ulkan yirtqich bilan to‘qnashayotganimni bilmayman va binobarin, bu zulmatda o‘z kemamni tavakkal qilib, xavf ostida qoldirmoqchi emasman. Bu noma’lum maxluqqa qanday hujum qilish kerak, qaysi yo‘l bilan himoyaga o‘tish kerak? Yaxshisi, tong otguncha sabr qilaylik, ana o‘shanda o‘rnimiz almashinadi.
– Kapitan, bu mavjudotning tabiati haliyam sizni shubhalantiryaptimi?
– Yo‘q, professor. Bu juda ulkan narval bo‘lsa kerak, ammo elektr narval.
– Ehtimol, – deya davom ettirdim men, – unga yaqinlashish gimnot22 yoki suzar minaga yaqinlashishday xavfli.
– Bo‘lishi mumkin, – fikrimga qo‘shildi kapitan. – Agar u buning ustiga elektr bilan zaryadlangan bo‘lsa, unda chindan ham dunyodagi eng xavfli hayvon bo‘lishi kerak. Shuning uchun ham ehtiyot bo‘lishga qaror qildim.
Kema ekipaji tun bo‘yi mijja qoqmadi. Hech kim kema sahnidan jilmadi. «Avraam Linkoln» tezlikda narvalga bas kelolmasligiga qanoat hosil qilgach, yurishini sekinlatdi.
Narval ham o‘z navbatida kemaga taqlid qilib, to‘lqinda sekin chayqalib turardi, aftidan, jang maydonini tashlab ketgisi yo‘q edi.
Ammo negadir yarim kechada u g‘oyib bo‘ldi yoki aniqroq qilib aytganda – juda ulkan yaltiroq qurtga o‘xshab o‘chdi. Qochayotganmikin? Bunday bo‘lishini orzu qilishdan ko‘ra unga yo‘l qo‘ymaslik kerak edi. Ammo oradan bir soat o‘tgach, kichkina teshikdan kuchli bosim bilan o‘tayotgan suv tovushiga o‘xshagan quloqni bitiruvchi ovoz eshitildi.
Kapitan Faragut, Ned Lend va men shu payt kema sahnida edik. Biz atrofimizni o‘rab olgan tun zulmati qa’riga tikilganimizcha turardik.
– Ned Lend, – so‘radi kapitan, – kitlarning ovoz chiqarishini ko‘p eshitganmisiz?
– Ko‘p eshitganman, kapitan, ammo hozirgacha bir ko‘rinishi ikki ming dollar keltirgan kitni uchratmagan edim.
– Siz chindan ham mukofotga sazovor bo‘ldingiz. Biroq ayting-chi, hozir eshitayotganingiz kitlarning burun kataklaridan chiqadigan ovozga o‘xshaydimi?
– Ovozi o‘xshaydi-yu, ammo haddan tashqari kuchli. Qarshimizda qandaydir kitsimon hayvon turganiga shubha yo‘q va ruxsatingiz bilan, kapitan, ertaga ertalab uning qulog‘iga aytadigan ikki og‘iz so‘zim bor, – deb qo‘shib qo‘ydi garpunchi.
– Agar u sizni eshitishni istasa, Ned, – deb luqma tashladim men, – ammo negadir bunga unchalik ishongim kelmayapti.
– Agar men unga garpunimning to‘rt baravar bo‘yicha keladigan masofada yaqinlasha olsam, – deya e’tiroz bildirdi kanadalik, – kimligimni ko‘rsatib qo‘yaman.
– Gapingiz to‘g‘ri-yu, ammo buning uchun sizga eshkakli qayiq berishga to‘g‘ri kelar? – so‘radi kapitan.
– Albatta.
– Eshkakchilarning hayotini xavf ostida qoldirib-a?
– Ha, mening hayotimdek, – deya loqaydlik bilan javob qaytardi garpunchi.
Kechasi soat ikkiga yaqinlashganda elektr shu’la shamol esayotgan tomonda, «Avraam Linkoln»dan besh milya narida yana paydo bo‘ldi. Oradagi shuncha masofa, shamol va dengiz shovqiniga qaramay maxluq dumini shaloplatayotgani va harsillab nafas olayotgani aniq eshitilib turardi. Narval nafas olish uchun suv sathiga chiqqanida, uning o‘pkasiga havo shu qadar kuch bilan o‘tar ediki, ikki ming kuchli mashina silindrlariga bug‘ kiryapti, deb o‘ylardi kishi.
– Obbo! Butun boshli otliq askarlar polkining kuchiga teng keladigan kit, chakana kitlarga o‘xshamaydi.
Tun ehtiyot bo‘lib kutish va jangga hozirlik ko‘rish bilan o‘tdi. Kit ovlaydigan qurol-yarog‘lar kema yonlariga qator tizib qo‘yildi. Kapitanning ikkinchi o‘rinbosari bir milyaga garpun ota oladigan garpun to‘plari, eng katta maxluqlarni ham portlaydigan o‘q otib o‘ldiradigan kalta beshotar miltiqlarni shaylab qo‘yishni buyurdi. Ned Lend garpunini charxlab olganidan xursand edi.
Soat oltida tong otdi. Kun g‘ira-shira yorishi bilanoq narval atrofidagi elektr yog‘du yo‘qoldi.
Soat yettida kun chiqdi. Ammo eng yaxshi durbinlar ham yorib o‘tolmaydigan qalin tuman atrofni ko‘rishni mushkullashtirgan edi. Odamlar qanchalik ranjib, g‘azablanganliklarini bir ko‘z oldingizga keltiring.
Men bizanning23 birinchi to‘siniga chiqib oldim. Bir necha ofitserlar undan ham balandga ko‘tarildilar.
Soat sakkizda tuman to‘lqinlar ustidan suzib o‘tdi va asta-sekin parcha-parcha bo‘lib yuqoriga ko‘tarila boshladi.
Avvalgiday to‘satdan Ned Lendning ovozi eshitilib qoldi.
– O‘sha narsa – shamol esayotgan tomonda, kemaning quyruq tomonida! – deb qichqirdi garpunchi.
Hamma o‘sha tomonga qaradi.
Darhaqiqat, kemadan bir yarim milya narida uzun qora tanasining taxminan bir metrchasi suvdan chiqib turar edi. Tez harakat qilayotganidan bo‘lsa kerak, uning dum tomonida dengiz pishqirib to‘lqinlanardi. Menga ma’lum bo‘lgan birorta hayvon suvni shu qadar katta kuch bilan urmas edi. Orqasidan kattagina joyda ko‘zni qamashtiradigan darajada oppoq ko‘pik qoldirar edi.
Kema bahaybat maxluq tomon yurdi. Men ko‘zimni uzmay va nafasimni ichimga yutib unga tikilib turardim. «Xanaan» va «Gelvitsiya» o‘z raportlarida narvalning hajmini ancha kattalashtirib ko‘rsatgan ekanlar. Men uning uzunligini bor-yo‘g‘i ikki yuz ellik fut chamaladim. Uning yo‘g‘onligini aytish qiyin edi, ammo har uchala tomonga ham mutanosibday taassurot qoldirdi menda.
Men maxluqni kuzatayotganimda uning burun kataklaridan ikki o‘rim suv otilib, qirq metr balandlikka ko‘tarildi. Bundan uning qanday qilib nafas olishi to‘g‘risida ma’lum tasavvurga ega bo‘ldim.
Bu sirli mavjudot umurtqalilar to‘dasi, sutemizuvchilar sinfi, bir qorinlilar sinfchasi, kitsimonlar guruhiga kiradi, degan xulosaga keldim. Oilasiga kelganda… bunisini hali men bilmas edim.
Kitsimonlar guruhi kitlar, kashalotlar va delfinlar oilasini o‘z ichiga oladi. Narvallar ham shu so‘nggisiga kiradi. Bu har bir oila yana ko‘plab oilachalarga, oilachalar nasllarga, nasllar turlarga bo‘linadi. Turlar, nasllar, oilachalar va oilalar – bular haqida hozircha mulohaza yuritishim qiyin, ammo Ned Lendning san’ati va kapitan Faragutning tajribaliligi tufayli yaqin orada bu ma’lumotlarni ham olishimga sira shubhalanmas edim.
Komanda boshliqning buyruqlarini sabrsizlik bilan kutar edi. Kapitan bahaybat maxluqni diqqat bilan ko‘zdan kechirgach, kema injenerini chaqirishni buyurdi. U ham tezda yetib keldi.
– Bug‘ga yaxshilab o‘t qalanganmi? – so‘radi kapitan.
– Xuddi shunday, kapitan, – javob berdi injener.
– Yaxshi. O‘txonaga yana ko‘mir tashlang! Bu buyruq uch marta «ura» sadosi bilan qarshi olindi.
Jang soati keldi.
Bir necha minutdan keyin kemaning ikkala mo‘risidan buruqsib qop-qora tutun ko‘tarildi va kema asta zirillay boshladi.
«Avraam Linkoln»ning qudratli vinti kemani to‘ppa-to‘g‘ri bahaybat maxluq tomon surib ketdi. Maxluq