Oilasi masalasiga kelganda uni kitlar, kashalotlar va delfinlar oilasiga qo‘shish lozim. Nihoyat, qaysi turdanligiga faqat kelajak javob berishi mumkin.
Bu masalani hal etmoq uchun noma’lum maxluqni yorib ko‘rish kerak; yorish uchun esa avval uni tutish zarur; tutish uchun uni garpunlash lozim – bu Ned Lendga tegishli; garpunlash uchun uni ko‘rish kerak – bu butun ekipajning ishi; ko‘rish uchun uni uchratish kerak – mana bunisi endi tasodifga bog‘liq.
Beshinchi bob
KO‘R-KO‘RONA QUVISH
«Avraam Linkoln» suza boshlagan dastlabki kunlarda hech qanday voqea ro‘y bermadi. Faqat bir kuni Ned Lend hayratomuz san’atini namoyish qilishiga juda qulay fursat kelib qoldi. Garpunchi ana o‘shanda unga bemalol ishonaverish mumkinligini amalda ko‘rsatdi.
Falklend orollariga yaqinlashganda «Avraam Linkoln» Amerika kit ovlovchi kemasi «Monroe»ni uchratdi. Uning komandasi narval haqida hech narsa eshitmagan edi. Ammo «Monroe»ning kapitani «Avraam Linkoln»da mashhur Ned Lend borligini eshitib, quvib kelinayotgan kitni ovlashda yordam berishini so‘radi. Ned Lendning qanday ishlashini ko‘rishga ishtiyoqmand bo‘lgan kapitan Faragut garpunchiga «Monroe»ga o‘tishga ruxsat berdi.
Kanadalikning omadi keldi. Bitta kit o‘rniga u ikkitasini garpunladi. Birinchisini yuragiga garpun sanchib, o‘sha zahotiyoq o‘ldirdi, ikkinchisini esa bir necha minut ta’qibdan keyin saranjomladi.
Vaqti soati kelib bahaybat maxluq Ned Lendning garpuniga duchor bo‘lsa, undan tirik qutulishi amrimahol!
Kema juda katta tezlik bilan Amerikaning janubi sharqiy sohillari bo‘ylab suzar edi. 3-iyulda biz Magellan bo‘g‘ozining kiraverishidagi Dev buruniga yetib keldik.
Biroq kapitan Faragut bu ilon izi bo‘g‘ozni chetlab o‘tib, Gorn buruni tomon yo‘l oldi.
Ekipaj uning bu ishini yakdillik bilan ma’qulladi.
Darhaqiqat, narvalni bu tor bo‘g‘ozda uchratish ehtimoldan uzoq edi. Ko‘p matroslar bahaybat maxluq «Magellan bo‘g‘ozidan o‘tishga semizlik qilib qoladi» degan fikrda edilar.
6-iyul kuni tushdan keyin soat uchga yaqin «Avraam Linkoln» Amerika qit’asi tugaydigan joyda tashlandiq bo‘lib qolgan va gollandiyalik dengizchilar o‘zlarining jonajon shaharlari sharafiga Gorn buruni deb atashgan o‘sha yolg‘iz orolcha, o‘sha qoyani aylanib o‘tdi. Kema shimoli g‘arb tomonga yo‘l oldi va uning vinti Tinch okean suvlarini ko‘pirtira boshladi.
– Ko‘z-quloq bo‘lib tur! Ko‘z-quloq bo‘lib tur! – deyishardi «Avraam Linkoln» matroslari.
Ular chindan ham ko‘z-quloq bo‘lib turishar edi. Ikki ming dollar mukofotning daragini eshitib, qiziqib qolgan odamlar okean sathidan sira ko‘z uzmas edilar. Ko‘zlar va durbinlar kecha-yu kunduz bir sekund ham tinim bilmas edi.
Niktaloplarning – kechasi ham kunduzdagidek aniq ko‘ra bilish qobiliyatiga ega bo‘lgan kishilarning mukofotni olishga hamma qatori ko‘radiganlarga nisbatan ikki baravar ko‘proq imkoniyatlari bor edi.
Garchand mukofot meni qiziqtirmasa-da, kun bo‘yi dengizdan ko‘z uzmay, qarab turar edim. Sutkasiga uch-to‘rt soatgina uxlab, naridan beri ovqatlanib olib, qolgan vaqtimni qimir etmay palubada o‘tkazar edim.
Goh kemaning old tomonidagi panjaradan engashib, goh kema quyrug‘iga kelib, ko‘zim ilg‘agan joygacha eshkak vallaridan har tomonga sachrayotgan bir xildagi ko‘piklarga suqlanib boqar edim.
Ko‘pincha ufqda kitning qorasi ko‘zga chalinib qolar, shunday paytlarda butun ekipaj bilan birga men ham juda qattiq hayajonlanardim! Bunday kezlarda bir zumdayoq butun ekipaj kema sahniga yugurib chiqar edi. Hamma ham entika-entika ko‘zini katta ochib, kitning har bir harakatini diqqat bilan kuzatar edi. Men ham qarardim, ko‘z oldim xiralashguncha kuzatardim.
Bunday paytlarda tepsa tebranmas Konsel menga bamaylixotir murojaat qilar edi:
– Xo‘jam, ko‘zlarini yirmay qarasalar yaxshiroq ko‘rardilar.
Biroq har gal ham hayajonimiz bekor ketar edi. «Avraam Linkoln» taxmin qilingan dushmanga yaqinlashib, uning oddiy kashalot yoki kitligini ko‘rib, yana yo‘lida davom etar, komanda esa gunohsiz jonivor boshiga la’natlar yog‘dirar edi.
Havo hamisha yaxshi bo‘lib turdi. Janubiy yarim sharda iyul shimoldagi yanvarga to‘g‘ri kelib, odatda bunday kezlarda ayni yog‘ingarchilik bo‘lishiga qaramay, safarimiz juda yaxshi sharoitda davom etdi. Dengiz sokin, atrof yaqqol ko‘rinar edi.
Ned Lend o‘sha ishonchsizligida qattiq turib olgan edi. Buni namoyish qilish uchun qorovullikdan bo‘shagan soatlarda kit ko‘rinmasa dengizga ataylab qaramas edi.
Shunisi alam qilar edi. Chunki uning g‘oyat o‘tkir ko‘zlari ekspeditsiyaga juda katta foyda keltirishi mumkin edi-da.
Ammo qaysar kanadalik yigirma to‘rt soatdan o‘n olti soatini kayutada o‘tkazishni ma’qul ko‘rardi.
Men uning beparvoligini yuz marta yuziga soldim.
– Bekordan bekorga ko‘zni toliqtirishning nima keragi bor, professor, – deb javob berar edi u menga. – Avvalo, hech qanaqa narvalning o‘zi yo‘q, bordi-yu, biror jonivor mavjud bo‘lganda ham u bilan to‘qnashuvga bizda qanday asos bor? Axir biz uni ko‘r-ko‘rona, tavakkal qilib quvyapmiz. Allaqanday kema, darhaqiqat, bu tutqich bermas hayvonni Tinch okeanda uchratdi ham deylik. Ammo shundan buyon oradan qariyb ikki oy o‘tdi. O‘sha narvalning xarakteriga qaraganda, u bir joyda uzoq muddat qaqqayib turishni yoqtirmaydi. Siz o‘zingiz uni juda tez harakat qiladi, deb aytyapsiz. O‘ylaymanki, hech narsani maqsadsiz yaratmagan tabiat, shamol tezligida, harakat qiladigan o‘sha mavjudotni tabiatan juda vazmin qilib ham yaratmagan bo‘lsa kerak desam, fikrimga qo‘shilarsiz. Binobarin, bordi-yu, bu hayvon mavjud bo‘lganda ham, u bu yerdan ancha uzoqda!
Bu fikrni bir nima deb rad etish qiyin edi. Biz darhaqiqat ko‘r-ko‘rona suzar edik. Ammo boshqa nima ham qila olardik. Ned Lend – haq: bizning bahaybat maxluq bilan uchrashuvimizga deyarli umid yo‘q edi. Shunga qaramay, ekspeditsiyaning baribir muvaffaqiyatli tugashiga hech kim shubhalanmasdi.
20-iyulda biz Kozerog tropigini uzunlikning 105-gradusida ikkinchi marta kesib o‘tdik, o‘sha oyning 27-sida uzunlikning 110-gradusida ekvatordan o‘tdik. O‘sha kunning o‘zidayoq, kema janubga, Tinch okeanning markaziy havzasi tomon yo‘l oldi. Kapitan narvalni quruqliklar va orollardan uzoqda, suvi chuqur zonalarda qidirish kerak, degan qat’iy fikrda edi. Botsmanimizning fikricha, bahaybat maxluq «aftidan dengiz uni qanoatlantiradigan darajada chuqur bo‘lmaganidan» bu yerlarga kelmagan.
Shunday qilib, kema Paumotu, Markiz, Sandvichev orollari yonidan o‘tdi-da, Rak tropigini uzunlikning 132-gradusida kesib, Xitoy dengizi tomon yo‘l oldi.
Mana, nihoyat biz bahaybat maxluq so‘nggi marta uchragan joyga yetib keldik! Hammaning yuragi shu qadar tez gupullab urardiki, bu ahvolda yurak kasalligining kemada keng tarqalishi hech gap emas edi. Miyadan ketmaydigan bu fikrdan butun ekipaj vasvasaga tushib qolgan edi. Odamlar uxlashmas, ovqat ham yemas edilar, kuniga yigirma martadan ko‘z aldanib qattiq hayajonlanish, lekin har gal kutilgan umid chipakka chiqqanda, ekipajdagilarning asablari buzilar, buning oqibati yaxshi bo‘lmasligi aniq edi.
Darhaqiqat, tez orada buning ta’siri sezila boshladi. Har bir kuni yuz yilday tuyulgan uch oy davomida esa «Avraam Linkoln» Tinch okean shimoliy qismining hamma tomonini kezib chiqdi. Kema ko‘zga chalingan kitlar ortidan quvar, galsdangalsga19 burilar, to‘satdan to‘xtar, mashinani boshqarishni xatarda qoldiradigan darajada bug‘ni goh oshirib, goh kamaytirib borardi. Yaponiya sohillaridan tortib Amerika qit’asigacha biron nuqtani ham e’tiboridan chetda qoldirmadi. Ammo bu juda katta masofada hech narsa, ha, hech narsa uchramadi, loaqal o‘sha ulkan narvalgami yoki suvosti orolchasigami, halokatga uchragan kema sinig‘igami, harakatlanuvchi suvosti qoyagami yoki boshqa biror baloga bo‘lsa ham o‘xshaydigan narsaga duch kelinmadi. Ha, hech narsaga!
Ola-g‘ovur boshlandi. Umidsizlik ishonchsizlikka yo‘l ochib berdi. Ekipajni og‘ir bir his qiynay boshladi. Buning o‘ndan uch qismi xijolat bo‘lsa,