Odil Yoqubov

Ko‘hna dunyo


Скачать книгу

davrasiga kirishga ham muyassar bo‘ldi. Rost, Buxoroi sharifda chin Ibn Sinoni ko‘rganlar va bilganlar bo‘lgani uchun o‘zini hazrat Ibn Sino deb atashga jur’at etmadi. Lekin bunga ehtiyoj ham yo‘q edi. Busiz ham sal o‘tmasdanoq Buxoro hokimi amir Aliteginning eng yaqin habibi va tabibiga aylandi. Padari buzrukvori Abu Faysal so‘nggi somoniylar davrida qanday izzat-e’tiborga ega bo‘lgan bo‘lsa, Abu Shilqim somoniylar davlatini zer-zabun qilgan ilk xonlar saroyida shunday izzat-ikromga erishdi. Ammo… baxtga qarshi, bundan uch-to‘rt yil muqaddam mana shu mustabid sulton Mahmud G‘aznaviy o‘n ming jangovar fil va hisobsiz lashkar bilan Buxoro sarhadiga bostirib kirdi-yu, Abu Shilqimning inongan tog‘i amir Alitegin Buxoroni tashlab qochdi. O‘n ming tuyalik mol-dunyosi, sandiq-sandiq oltin-u kumushlari, mashhur harami, haramidagi kenja xotini bilan suyukli qizini tashlab qochdi. Aliteginning bu behisob ko‘chi orasida Abu Shilqimning ham o‘ttiz-qirq tuyalik mol-mulki, bir necha sandiq ganji va bir necha go‘zal kanizlari qolib ketdi.

      Mayli, bosh omon bo‘lsa telpak topilar, degan gaplar rost ekan. Abu Shilqim sal o‘tmay sulton Mahmud suvorilari qo‘lida ketgan qirq tuya dunyosini qayta tiklab oldi. Alitegin ham o‘n ming tuya dunyosini yuz ming tuya qilib qaytarib oldi. Sultondan emas, yo‘q, jafokash fuqarodan qaytarib oldi. Ammo sultonning qo‘lida ketgan haramini, to‘g‘rirog‘i, haramidagi suyukli kenja xotini bilan suyukli qizini qaytarib ololmadi.

      Alitegin necha marta G‘aznaga elchi yubordi, xotini bilan qizi o‘rniga ulardan ming chandon suluvroq kanizlar va’da qildi, lekin sulton Mahmud nechundur bu ikki asirani qaytarishni istamadi.

      Har safar G‘aznaga yuboriladigan elchilar quruq qaytib kelganda amir Alitegin qafasga tushgan yo‘lbarsday o‘kirib, sulton Mahmudga qarshi lashkar tortishga chog‘lanardi. Biroq g‘azabidan tushib, sal hushiga kelgach, barobar qadam tashlaganda Buxoro tuprog‘ini larzon-larzon qilgan o‘n ming jangovar fil ko‘z oldiga kelar, xartumlarning barobar ko‘tarib, barobar o‘kirganda osmoni falakni zir titratgan na’ralari quloqlari ostida qayta yangraganday bo‘lardi-yu, dami ichiga tushib ketardi…

      Bundan besh-olti oy muqaddam kutilmagan bir voqea sodir bo‘ldi-yu, Abu Shilqimga bir umr tinchlik bermagan hazrat Ibn Sino yana uning halovatini buzdi.

      Vaqt tun yarmidan oshgan edi. Kechasi bilan aysh qilib charchagan Abu Shilqim mast uyquda edi. Banogoh saroydan chopar kelib uni uyg‘otdi.

      Abu Shilqim saroyga yetib borganida amir Aliteginning mashvaratxonasiga Buxoroi sharifdagi barcha ulamoyi zabardastlar, mashhur allomalar, saroy tabiblari va shoirlari yig‘ilgan edi. Amirning o‘zi, odatdagiday, qovog‘i soliq, bir mahallar Nuh ibn Mansur o‘tirgan oltin taxtda bir tutam siyrak soqolini silab, xayolga cho‘mib o‘tirar, uning o‘ng tomonidagi kursini notanish, qiyg‘ir burun bir kimsa egallagan edi. Ma’lum bo‘lishicha, surmarang sallasiga elchilik nishoni qadalgan bu kimsa amiralmuslimin sulton Mahmud G‘aznaviyning maxsus va muxtor elchisi bo‘lib, hazrat Ibn Sinoni qidirib yurgan ekan. Elchining qo‘lida shohkosaning yuzidekkina yumaloq surat bo‘lib, bu Ibn Sino hazratlarining suratlari edi. Amir Alitegin elchining qo‘lidan bu suratni olib, mashvarat ahliga namoyish qilar ekan, puchuq burnini jiyirib kuldi:

      – Ehtimolkim, oralaringda yashirinib yurgandur bu hakimi davron? Ana, Abu Halim ibn Faysalga qaranglar! Suratdagi hazrat Ibn Sinoning baayni o‘zi? Vo ajabo! Nechun yashirinib yuribsiz, taqsiri olam? Yashirinmang! Toki, amiralmo‘minin Ibn Sino hazratlariga bo‘yi barobar oltin in’om etmoq azmida emish!

      Amir Alitegin shunday deb qah-qah otib kuldi. Lekin Abu Shilqimga yalt etib qaragan mashvarat ahli orasida:

      «Yo tavba, xuddi o‘zi-ya! Xuddi…» – deb shivir-shivir qilganlar ham bo‘ldi… Sultonning elchisi ham mushukning ko‘zlariday sarg‘ish ko‘zlarini chaqchaytirib, Abu Shilqimga qadalib qolgan edi. Biroq Abu Shilqimni har kuni ming marotaba ko‘rib, u bilan ming marotaba so‘zlashib yurgan odamlarning uni hazrat Ibn Sino deb tan olishlari jezni oltin deyish bilan barobar edi!

      Darhaqiqat, mashvarat ahlining «Yo tavba! Xuddi o‘zi-ya! Xuddi!» degan shivir-shivirlari avval kulguga, kulgu piching va kesatiqlarga aylandi-yu, Abu Shilqimning usiz ham hasad va raqobat o‘tida kuygan yuragi battar kuydi. U shunday yonib ketdiki, ertasiga bor mulkini, kanizlari va g‘ulomlarini Buxoro bozoriga chiqarib pulladi, uy-joyini ishonchli odamlar qo‘liga topshirdi, so‘ng saroy musavviriga elchi suratidan bir nusxa ko‘chirtirib xurjuniga joyladi-da, Balx tomon otlangan katta karvon bilan birga subhi sodiq Buxoro darvozasidan chiqdi. Ikki haftadan keyin, ko‘r darvesh bilan birga qilgan ishini Balxda takrorladi. Jarchi yollab jar soldirdi. Buxorolik yosh shogirdi esa hazrat Ibn Sino to‘g‘risidagi hikoyalardan so‘zladi. Sinov Abu Shilqim ibn Shahvoniy kutgandan ming chandon yaxshi o‘tdi. Xasta borki, unga asalga yopishgan pashshaday yopishdi. Pul deganingiz yomg‘irday yog‘ildi. Shundan keyin ular Teginobodga, Teginoboddan G‘aznaga yo‘l olishdi…

      Xo‘p, u yog‘i-ku shunday bo‘ldi, endi bu yog‘i ne bo‘ladi? Taqdiri ne kechadi? O, qarib quyulmagan nodon! Bir oyog‘ing yerda bo‘lsa, bir oyog‘ing go‘rda turganida hazrat Ibn Sino bo‘lishni orzu qilgan miyasiz eshshak!

      Yo‘q, nafsilamrini aytganda Abu Shilqim ibn Shahvoniy hazrat Ibn Sino bo‘lish uchun qilmadi bu ishni. U faqat… omadi kelib, sultonning qalbiga yo‘l topa olsa, amir Aliteginning kenja xotini bilan suyukli qizini qutqazib olish niyatida jazm qilgan edi bu yumushga! Ularni qutqazib, Aliteginga in’om qilish va bu bilan Buxoro hokimining cheksiz muhabbatiga erishish niyatida bel bog‘lagan edi bu ishga! Mana, niyatiga ham yetdi! Yetdiyu, yiqildi! Endi bu sovuq go‘rdan chiqishi amrimahol uning! O‘ligi chiqadi bu go‘rdan! Yo‘q, o‘ligi ham chiqolmaydi, kalamushlarga yem bo‘ladi o‘ligi, yem!..

      Abu Shilqim ibn Shahvoniy yana peshonasini yerga gurs-gurs urib, yer tirnashga kirishdi.

      Sakkizinchi bob

      Beruniy go‘yo yomon tush ko‘rib bosinqiragan odamday, yuragi gurs-gurs urib uyg‘onib ketdi. U anchagacha qayerga kelib qolganini anglay olmay yotdi, so‘ng ko‘zi shiftdagi do‘ppidekkina tuynukka, g‘adur-budur devor tokchasida miltirab turgan moychiroqqa tushdi, tushdi-yu, yuragi orqasiga tortib ketdi.

      Subhonollo! U tanish hibsxonada, bundan o‘n uch yil muqaddam G‘aznaga kelgan, to‘g‘rirog‘i, majburan olib kelingan yili tushgan zindonda yotardi! Faqat unda bir o‘zi emas, yonida keksa ustod Abdusamad Avval26 ham bor edi.

      Kecha Osmon malikasi qasrida bo‘lgan mashvaratdan keyin Beruniyning harorati oshib, ahvoli shunday og‘irlashdiki, bu sovuqtosh qafasga qanday kelganini bir eslasa, bir eslay olmaydi.

      U hamon o‘z ko‘zlariga ishonmas, nazarida, hamon tush ko‘rayotganday edi. Yo‘q, bu tush emas, u chindan ham o‘n uch yil muqaddam tushgan zindonda yotardi. O‘n uch yil ichida zindonda hech narsa, hatto yerga to‘shalgan eski bo‘yralar ham o‘zgarmabdi! Faqat ustod Abdusamad Avval yo‘q, ustod yotgan joyda hozir qora qurum bosgan katta cho‘yan qumg‘on turardi, xolos.

      Ustod Abdusamad Avval!..

      Beruniy a’zoyi badani zirqirab, asta ko‘zini yumdi, yumgan zahoti nigohi oldiga Ko‘shki davlat maydoniga yig‘ilgan behisob olomon keldi… Olomonning qoq o‘rtasidagi ochiq joyga baland so‘ri qurilib, unga to‘rtta dor tikilgan, dorlar tagida soqollari ko‘ksiga tushgan to‘rtta mo‘ysafid turar, ular orasida… ustod Abdusamad Avval ham bor edi.

      Qo‘llarida og‘ir kishan, egnida kafan yanglig‘ uzun bo‘z yaktak, yalang bosh, yalang oyoq, osmonga tikilgan ko‘zlarida qo‘rquv emas, yo‘q, cheksiz bir qahr, soqol bosgan shiddatli yuzida mag‘rur sokinlik!

      Yodida bor, bu mudhish voqeadan bir hafta oldin ularni, ya’ni Gurganjdan haydab kelingan bir guruh allomalarini Ko‘shki davlat saroyiga taklif qilishgan edi. Xuddi kechagiday noyob zebi ziynatlar, ipak gilamlar, billur qandillar, g‘aroyib oltin ma’budalar bilan bezatilgan mashvaratxonada ularni sulton o‘zi qabul qilgan edi.

      U mahalda sulton hali yigitday navqiron edi, egnida zarbof to‘n, boshida injular qadalgan toj, serbar tilla kamarida tilla shamshir, oyog‘ida kumush nag‘al qoqilgan g‘arch-g‘urch etik, sulton Mahmud o‘shanda Xorazmdan keltirilgan allomalarga, ayniqsa Abu Rayhon bilan ustod Abdusamad Avvalga katta izzat-ehtirom