Odil Yoqubov

Ko‘hna dunyo


Скачать книгу

bukri… to‘nkaga o‘xshagan bukri attor yo‘limni to‘sdi.

      – Ne deydi?

      – Yomon so‘zlar. Siz so‘ramang, men aytmayin, ustod…

      Beruniyning katta, qoramtir barmoqlari beixtiyor musht bo‘lib tugildi.

      Kecha ertalab u dori buyurish uchun attorlik rastasiga o‘zi borgan edi. Tanish attorga uchrab, uyga qaytayotgan edi, muyulishdagi do‘kondan, Sadafbibi aytganidek, to‘nkaga o‘xshash bir kimsa otilib chiqdi-da, pildirab kelib, yo‘lini to‘sdi.

      Bu o‘sha, Malikul sharobning mayxonasida kechalari nay chalg‘uvchi, mayxo‘rlar orasida «Piri Bukriy» laqabi bilan dong chiqargan bukri attor edi. Hayot Beruniy bilan bu bukrini bundan salkam qirq yil muqaddam Qiyotda, Rayhonabonular xonadonida to‘qnashtirgan edi. U mahalda bukri ham Beruniy kabi Qiyotda yashar, Rayhonaning otasiga shogird tutingan savdogar edi. Lekin ustozi hayot vaqtida ipakday muloyim, itday sadoqatli bo‘lgan bu bukri savdogar jon taslim qilgan kuni kechasi uning qiziga, eri o‘lib tul qolgan qizi Rayhonabonuga tajovuz qilgan, ular shu vajdan qattiq to‘qnashgan edi. Shundan keyin Beruniy uni ko‘rmagan edi. Taqdirning g‘alati o‘yinini qarangki, bu mash’um voqeadan salkam qirq yil o‘tgach, hayot ularni G‘aznada, to‘g‘rirog‘i, Malikul sharobning mayxonasida yana bir-biriga duch keldi. Ma’lum bo‘lishicha, bukri ham falakning gardishi bilan dunyo kezib yurib, oxir-pirovardida G‘aznaga kelib qolgan ekan. Bu yerda u attorlik do‘koni ochgan, kechalari esa Malikul sharobning mayxonasida mashshoqlik qilar, Bobo Setoriy va Piri G‘ijjakiylarga qo‘shilib nay chalar, shunday chalar emishki, har safar majlis ahlini sel qilar emish. Rost, oradan qirq yil o‘tgan bo‘lsa ham, Qiyotdagi mash’um voqea hamon esida turgani uchun bo‘lsa kerak, Piri Bukriyning o‘zi ham, nodir san’ati ham Beruniyning ko‘ngliga ko‘p o‘tirmadi. U kecha ertalab attorlik rastasida uchrashganlarida ham gaplashishga toqati yo‘q edi, biroq qaydandir paydo bo‘lgan Piri Bukriy pildirab kelib, yo‘lini to‘sdi-da:

      – Bir qoshiq qonimdan kechgaysiz, mavlono! – deb xitob qildi. – Eslik odam eskini eslamas, derlar. Eski nizolarni ko‘ngildan chiqaraylik, mavlono! Eshitishimcha, siz nodir toshlar borasida piri komilsiz. Falakning gardishi bilan faqirning qo‘liga bir noyob tosh tushgan edi, shuni bir ko‘rib bahosini aytib bersangiz, mavlono!

      Yo tavba! Piri Bukriy bilibmi, bilmaymi – Beruniyni eng nozik joyidan ushlagan edi. U ko‘p yillardan beri nodir toshlar haqida katta bir asar yozishni orzu qilib, juda ko‘p ilmiy ma’lumotlar va hatto har xil rivoyatlar yig‘ib yurardi!

      Beruniy indamay bukrining orqasidan ergashdi. Ular torgina, pasqamgina, ko‘rimsizgina do‘konga kirishdi, undan tagiga bo‘yra tashlangan hujranamo bir xonaga, xonadan sichqon hidi anqigan nimqorong‘i yerto‘laga tushishdi. Tokchasiga bitta-yu bitta sham qadalgan g‘ira-shira yerto‘la har xil katta-kichik sandiqlar, allanimalar solingan xum va xumchalar, quti va qutichalarga to‘la edi.

      Piri Bukriy yerto‘laning eng qorong‘i burchagiga o‘tib, otning kallasiday qulf osilgan og‘ir temir sandiqni ochdi, uning qopqog‘ini ko‘tarib, uzoq timirskilangach, toshbaqaday yum-yumaloq bir temir qutichani olib, Beruniyning oldiga keldi.

      – Bu qutichadagi toshni kamina bag‘dodlik bir savdogardan xarid qildim, mavlono. Katta pulga xarid qildim… Ammo… olishga oldimu hanuz ishtibohdamen7.

      Piri Bukriy shunday deb, qutichaning tagidagi tugmani bosdi. Bosishi bilan quticha darang-darang ovoz chiqarib, ochildi-yu, g‘ira-shira yerto‘la go‘yo to‘satdan o‘nlarcha sham yonganday charaqlab ketdi. Qutichaning tagida… kaptarning tuxumidek keladigan va kamalak rangida nafis tovlangan ajib bir javohir yarqirab yotardi!..

      Beruniy o‘z ko‘zlariga ishonmay qoldi. U nafis ranglarda jilolanib, nimqorong‘i yerto‘lani yoritib yuborgan bu nodir javohirni bir ko‘rishdayoq tanisa ham, anchagacha o‘z ko‘zlariga ishonolmadi. Vo ajabo? Bu o‘sha, bir mahallar Bag‘dod xalifasi Xorun ar-Rashid xazinasida saqlangan, so‘ng qayoqqadir yo‘qolib, ko‘p nizo va qatl-u qirg‘inlarga sabab bo‘lgan, tarixiy kitoblarda ta’rif va tavsif qilingan mashhur javohir edi!..

      Beruniy javohirni qutichadan asta olib, kaftiga qo‘ydi. Yong‘oqdekkina nodir javohir uning kaftida yana ham nafisroq tovlanib, go‘yo yangi ranglar kasb etgandek, yarqirab ketdi.

      «Yo tavba! Bu iblis bukri shohlar xazinasini bezab turguvchi bu nodir ziynatni qaydan oldi? Bundan chiqdi, bu makkor to‘g‘risida yurgan mudhish mishmishlar to‘g‘ri ekan-da?».

      – Bu javohirning bahosi shundaykim, yarim G‘aznani sotib olishga qudratingiz yetadi!

      Piri Bukriy, go‘yo Abu Rayhonning bu so‘zidan qo‘rqib ketganday, uning kaftidagi javohirni «shap» etib yulib oldi-da, shosha-pisha yumaloq qutichasiga yashirdi.

      Beruniy indamay orqasiga burildi, biroq hujraga o‘xshash o‘rtancha xonaga chiqqanida Piri Bukriy uni quvib yetdi:

      – Mavlono Abu Rayhon! Kamina sizga bir iltimosim bor!.. O‘z ko‘zingiz bilan ko‘rdingiz: faqir ko‘chada qolgan bir gado emasmen. Qancha desangiz… xoh oltin, xoh javohir… qancha desangiz oling! Sizdan yolg‘iz iltimosim bor!.. – Bukrining allaqanday ma’sum ko‘m-ko‘k ko‘zlari telbaning ko‘zlariday charaqlar, iyagidagi siyrak malla soqoli dir-dir titrar edi. – Birdan-bir iltimosim… anov joriyangizni, Malikul sharobdan olgan anov joriyangizni kaminaga in’om etsangiz, mavlono!..

      Beruniy shartta burilib ketmoqchi edi, bukri og‘ir hansirab uning qo‘liga yopishdi:

      – Mavlono! Istasangiz anov javohirni, bahosi yarim G‘aznaga teng anov nodir javohirni oling!

      Piri Bukriy telbalarcha harakat qilar, tirqirab oqqan ko‘z yoshlari yuzini yuvib, siyrak mallarang soqoliga quyilardi.

      – Faqirga rahm qiling, mavlono, rahm!

      Yo tavba! Salkam qirq yil avval ham oralarida xuddi shunday bir gap bo‘lib o‘tgan edi. Hozir ham!

      – Qo‘lingni ol, piri Bukriy! Men quljallob emas menki, bir sho‘rlikni senga oltinga sotsam! – Beruniy shunday deb, bukrining temir iskanjaday qattiq, yopish-qoq qo‘lidan qo‘lini bazo‘r tortib oldi-da, tashqariga otildi.

      Taqdirning ajab savdosi: unda, Qiyotda, Rayhonabonuga yopishgan edi bu iblis, endi Sadafbibiga!..

      Beruniy xayol og‘ushidan bazo‘r qutulib, ro‘parasida mung‘ayib o‘tirgan Sadafbibiga qaradi.

      – To‘g‘ri so‘zlading, bibim, ko‘cha yumushlarini Sabhu qilsin…

      Beruniyning so‘zi og‘zida qoldi. To‘satdan tashqaridan gurs-gurs qadam tovushlari eshitilib, xonaga Sabhu kirdi. U nimadandir hayajonlangan, boshidagi oq qalpoqchasi bir tomonga og‘ib ketgan: qo‘lidagi kapgiri dir-dir titrar edi.

      – Ustod! Sizni saroydan bir beka so‘roqlab keldi!

      – Saroydan? Beka?

      – Ha, soyabon aravada keldi. Yonida bir qancha suvorilari ham bor!

      Ajab hol: kunduz saroydan chopar kelgandi. Chopar ertaga saroyda o‘tadigan mashvaratda hoziru nozir bo‘lishi to‘g‘risida amr-u farmon keltirgan edi. Endi esa…

      Beruniy bir narsa deyishga ulgurmadi, eshik shitob bilan ochilib, xonaga bekaning o‘zi kirib keldi.

2

      Egnida… tiriklar va g‘oliblar libosi: uzun qora ipak-ko‘ylak va ko‘ylak ustidan kiyilgan xipcha bel qora kimxob kamzul, yuzida zar sochilgan uzun qora durra, oyoqlarida uchlariga dur qadalgan bejirim qora kavush, xina qo‘yilgan barmoqlarida yoqut ko‘zli yirik oltin uzuk, beka poygakda to‘xtab, nazokat bilan bosh egdi.

      – Bevaqt, kelganim uchun ma’ruz tutasiz, mavlono!..

      «Xatlibegim! Sultonning erka singlisi Xatlibegim!» – Beruniy shitob bilan qaddini rostladi, ovozi beixtiyor titrab: – Qadamlariga hasanot, begim! – dedi. – Kaminani kechirgaysiz, sababi xastalik, istiqbolingizga chiqolmadim.

      – Tashakkur! – Xatlibegim asta yurib xontaxtaga yaqinlashdi-da, xonani nafis mushk-anbar