bildirdi Oshiqbola. – Ular kambag‘al odamlarniki.
Meshpolvonning birdan jahli qo‘zib o‘shqirdi:
– Mingpodaliklar Sepkilshohga o‘zlari sotilgan. Baloni olishsin!
Hozir uning dilida kechayotgan so‘zlarni misralarda ifodalashga urinib ko‘raylik:
Boqma boy-u nochoriga,
Qo‘shma odam qatoriga,
O‘z yurtining attoriga –
Sotqinlarga rahm qilma.
Molasidan uyalmagan,
Dalasidan uyalmagan,
Bolasidan uyalmagan
Sotqinlarga rahm qilma.
Urishmasdan asir tushib,
Bir-biridan endi cho‘chib,
Yuraversin rangi o‘chib,
Sotqinlarga rahm qilma.
Yov soqolin yulolmagan,
O‘qlov bilan sololmagan,
Mendan o‘rnak ololmagan
Sotqinlarga rahm qilma.
– Qoningni qaynatmasdan turgin, – deya Meshpolvonga tanbeh berdi mazang kampir. – O‘rtog‘ing to‘g‘ri aytgani shuki, odamlarda ayb kam, yurtni amaldor sotadi. Karvondagi mullajiringlarni kambag‘allarga qaytib topshir. Mazanglarning boyligi yo‘lda, bizga ot bilan tuyalarni savg‘o qilsanglar bo‘lgani.
Maslahatlashib, oxiri bir qarorga kelishdi. Mahallalarga ikki kishi-ikki kishidan taqsimlanib, ertalabgacha boyliklarni beva-bechoralarga tarqatib chiqadigan bo‘lishdi.
– Nevaram Chumakvoy san pahlavon bilan birga borsin, – tuppakchi bolani Meshpolvonga ro‘para qilib dedi mazang kampir. – Sandan aql o‘rganadi.
Ikkovlon o‘zlariga tegishli mahallada tomma-tom yurib, qopchiqdagi tangalarni mo‘rilardan tashlab ketishaverdi. Mahalla oxirlab qolganida oy botib, u yer-bu yerdan xo‘roz qichqiriqlari eshitila boshladi.
Ular pastakkina tuproq tomga chiqishganda, «Tamom, mahalla shu yerda adog‘ bo‘ldi», deb pichirladi Chumakvoy. Shu payt mo‘ridan dag‘dag‘ali ovoz yangradi:
– Ketamiz dedimmi, ketamiz! Kechdim bunaqa egasi betayin yurtdan!
Endi keksa ayolning: «Ota yurtingdan ketib, qayer-gayam sig‘arding?» – degan titroq tovushi eshitildi.
– Qanaqa ota yurt? Sepkilshohning tomorqasi-ku bu. Nimani xohlasa, shuni qiladi.
– Chidab tur, bolam. Bu kelgindilargayam Xudo bordir.
– Qani o‘sha Xudo? – deb shang‘illadi o‘g‘il. – Nega yurtimni ozod qilmayapti?
– Shakkoklik qilma, tiling kesilgur! «Oshiqbola to‘g‘ri gapirgan ekan, – deb o‘ylab qo‘ydi Meshpolvon. – Mingpodaliklarning hammasiyam sotqin emas shekilli».
Sepkilshohning soliqchilari boplab jazolanib, karvondagi boyliklar mingpodalik kambag‘allarga tarqatib chiqilgach, Meshpolvon bilan Oshiqbola tuya va otlarni mazanglarga berib, xurjunlarini yeb-ichgulik narsalarga to‘ldirib, yo‘lga shaylanishdi. Oshiqbola Meshpolvonga: «O‘lja tushgan otlardan bittasini minib olsang-chi», degan edi, Meshpolvon: «Xachirni qo‘shnimga sog‘omon qaytarmasam, omonatga xiyonat bo‘ladi», deb ko‘nmadi.
O‘yinchi mazang kampir bu orada Chumakvoyni qo‘shxurjunli tuyaga o‘tqazganicha yetaklab kelib, yana «pahlavonlar ustozi»ga ro‘para qildi.
– Shuni manga layzon10 qilib ber, pahlavon Mesh, – dedi u. – O‘lsa, yo‘lning bo‘yiga ko‘mib, go‘riga tuppagini os. Ajabmas, uni topib, ziyorat qilsam.
Meshpolvon odatdagidek maqtanib yuborganini o‘zi bilmay qoldi:
– Тashvishlanmang, lo‘li xola, biron yil yonimda yursa, suvda baliqni quvib ushlaydigan qiр qo‘yaman. Ana, Go‘ro‘g‘li boboning chevarasi menga qo‘shilib, kam bo‘ptimi?
Uchalasi mazanglar bilan quyuq xayrlashib, yo‘lga chiqishdi. So‘qmog‘i o‘nqir-cho‘nqir, o‘pqoni sayoz-chuqur, maysasi qovjiroq, shamoli buqadek hirqiroq dashtda past-baland bo‘lib borishaverdi. Meshpolvon tuyasini lo‘killatib ketayotgan Chumakvoyga zimdan tikilib: «Xayriyat-ey, kalondimog‘ Oshiqboladan balandroqda yuradiganlar ham bor ekan-ku», deb ich-ichidan quvonib qo‘ydi.
– Тuyaga nega ikkita xurjun o‘ngarding? – deb so‘radi so‘ng Chumakvoydan. – Shular hammasi ovqatmi?
Chumakvoy: «Yo‘q, jo‘ro, bittasiga tuyilgan qalampir bosdim. O‘qsiz tuppak bilan qaysi ahmoq urushga boribdi?» – deya qo‘lidagi qurolini ta’riflashga tutindi:
Тopsa agar bir masov,
Nay bo‘lardi bu g‘arov,
Endi mendan ham asov
Qo‘lda turgan tuppagim.
O‘zi go‘yo qalamdir,
Yoqtirgani – qalampir,
Boshqa ovqatni bir-bir
Chetga surgan tuppagim.
Birga-birga el kezib,
Dardlarimni tez sezib,
Yuragimni goh ezib,
Suhbat qurgan tuppagim.
Birovga dil yashnatar,
Birovga o‘q sachratar,
Do‘st-dushmanni ajratar
Ko‘pni ko‘rgan tuppagim.
Chiqdi juda nozikta’b,
Suygan yog‘i – doim chap,
Kimki menga otsa gap,
Ko‘zdan urgan tuppagim.
Yov ko‘zidan ursak soz,
Meni quchmang, iltimos,
Vazifam puflash xolos,
Asli mergan – tuppagim.
Oshiqbola kulib qo‘yib so‘radi:
– Chivinniyam ko‘zidan ura olasanmi, Chumakvoy?
– Buni qiyin joyi yo‘q, jo‘ro, – deya pinak buzmay gapirdi Chumakvoy, – ishqilib, ko‘zi qayerdaligini ko‘rsatib turgin.
Ho‘kizteri yopingan Meshpolvon o‘qlovni qozon-qopqoqqa «taqira-tuqur, taqira-tuqur» urib, eski ashulasini boshladi:
Olma yedim baqalog‘idan,
Gilos yedim chaqalog‘idan,
Anjir yedim yapalog‘idan,
Bog‘bon buvaning shapalog‘idan…
Тuya-otlari harsillab, qovurg‘alari qirsillab borayotgan Oshiqbola bilan Chumakvoyning o‘n kun umri dashtda shu ashulani takror-takror tinglash bilan o‘tdi. Meshpolvonning ishtahasi dastidan asrang‘i oziqlar kutilganidan ilgariroq tugab, ahvol tobora tanglashib borayotgan edi.
O‘n birinchi kuni dashtni qoplab yotgan ko‘ztikan-u changal, yovshan-u yulg‘unlar borgan sayin siyraklashib, endi onda-sonda qurog‘-u qamish, bangidevona-yu burganlar ko‘zga chalina boshladi. Aravaiz yo‘lning yoqalarida yosh majnuntolni eslatuvchi qirchinlar ko‘proq uchragan sari uchala o‘chkorning dili ravshan tortaverdi. Qirchin degani sero‘t yaylov yoki sug‘oriladigan yerlarga yaqin joylarda o‘sadi. Тabiiyki, qayerda chorva boqilib, ekin ekilsa, o‘sha o‘rtada odamzod yashaydi.
Ochlikdan sulayib, jag‘ini qozonqopqoq qirrasiga tiraganicha oshqovoq manti, yalpiz somsa, po‘stirma palov, hatto piyovaniyam so‘lak yutib o‘ylab ketayotgan Meshpolvon yo‘lning o‘rtasida qalamsimon rangdor narsa yotganini ko‘rib, hushyor tortdi. Sinchiklab qaradi-yu darrov tanidi: navro‘z va hayit kunlari popukli qog‘ozga o‘rab sotiladigan,