Anvar Obidjon

Mo‘ttivoymisan, Mittivoymisan?


Скачать книгу

o‘lmaganimga suyunib o‘tiraversam, ochdan o‘laman-ku, buvi!

      Buvim, ustma-ust tomoq qirib olib, endi xirqiramasdan, hafsalasiz kayfiyatda dedi:

      – Ana choy, ana non. Tosrayib, jig‘ildoningga tiqaver.

      – Qand-chi, qand?

      – Bor, qara, idishda qand tugul, qandning kukuniyam qolmabdi. Bir kilo narsani o‘n kundayoq yamlab qo‘yibsan. He, yeganing tanangga botgur-a!

      Qoqmoch qatlamapatirni o‘zimizning oq kishmishdan quritilgan mayizga qo‘shib, tanamga botguncha yeyaverdim. Choyning salomatlikka qanday foydasi borligini bilmadim-u, lekin ikkala lunjingga to‘lib ketgan yemishni tomoqqa tiqiltirmay o‘tkazvorishda rosa asqatadi. Buni tetapoyalab yura boshlaganimdan beri bilaman.

      Nafsimni o‘lda-jo‘lda qondirib bo‘lib, qittak mudrab qolibman. Tekin taom ilinjida izg‘ib yurgan bir pashsha qulog‘imga “tirk” etib urildi-yu, kipriklarim “chirk” etib ochildi. Derazadan o‘t purkayotgan quyoshning yorug‘i ko‘zimni qamashtirib, qovoqlarimni qo‘shqo‘llab ishqalashga tutindim. Miyam varaqa-vuruq qaynayotganga o‘xshardi.

      Tashqariga chiqqach, ko‘radagi suvni manglayimga bosa-bosa, esimni jippa jamlab oldim. Boshim tekis ishlashga tushib, umrimni qanday davom ettirish to‘g‘risida yoyilibroq o‘ylashga sharoit tug‘ildi.

      Xo‘sh, bugungi kunimga qanaqa qiliqlar yarashar-kin? Jamila opanikiga kirib, tuqqan bolasi o‘g‘ilmi, qizmi, bir surishtirib ko‘rsammikan? Yo, choyxonadagilarga yo‘liqib, uzr-ma’zur aytib qo‘yganim tuzukmi? Menimcha, sal uzoqroqda turib kechirim so‘ragan yaxshi. Qayoqdan bilay, balki, kimningdir g‘azabi hali tiyilmagandir…

      Qani, oldin uydan nari chiqaveray-chi. Ta’bimga shundoqqina mos tushuvchi biron-bir yumushni, har safargidek, ko‘chaning o‘zi topib beraveradi.

      Joyimdan siljiganimni bilaman, buvim oshxonaning ochiq darchasidan o‘qrayib, ha, yo‘l bo‘lsin, deb so‘radi. To‘xtab, talmovlanib turaverdim.

      – Bas! Ko‘chaga chiqish yo‘q endi! – deb bobillay ketdi buvim. – Ana, hayhotdek hovlimiz bor, xohlasang – u chekkasida sandirang‘la, xohlasang – bu chekkasida. Biror kun bo‘lsayam, odamlar sendan qutulsin.

      – Men… men… opog‘otamnikiga ketyapman, – dedim, kallamga kelgan birinchi o‘yni tilimga ko‘chirib. – Bu mahallada kun ko‘rishim qiyinga o‘xshaydi. O‘sha bo‘jiko‘z odamlaringiz jonimni hiqildog‘imga keltirdi. Biror hafta shulardan uzoqda yursam, etimga et qo‘shilardi.

      – Menga desa, bir haftamas, bir oy gumdon bo‘pket!

      Sezib turibman, buvim bu gapni achchiq ustida aytvordi. Qanchalik jig‘iga tegmayin, meni ikki kun ko‘rmasa, yolg‘izlikdan sabri titilib, sog‘inishga tushadi. Qishki ta’til chog‘i opog‘otamnikiga ketganimda, uchinchi kuniyoq talpanglab borib, izimga qaytarib kelganida bilganman buni.

      Xulq-atvorim sal mujmal ekanini o‘zim ham tan olaman. Ammo tuzi pastroq qiliqlar qilib qo‘yishimga ko‘pincha boshqalar sababchi bo‘ladi-yu, doim bitta o‘zim baloga qolaman. Agar, ko‘chaga chiqqach, telefonini berib qo‘yishga kirib, tashqida kumushrang uchog‘ini osmonga uchirib o‘ynayotgan pashmaksoch Parpivoyni ko‘rmasam, u irshayib boqib, qism-qismga ajratib sotiladigan bu “qiruvchi samolyot”ni dadam shahardan opkeldi, qog‘ozdagi ko‘rsatmaga qarab uni o‘zim tikladim, manavi tugmani bossang, ichidagi kuchalatosh parrakni varillatib aylantirishga tushadi, deb maqtanmasa, opog‘otamning uyigacha to‘xtamay ketavergan bo‘lardim.

      – Televizordagi bir kinoda ko‘ruvdim – mana shunga o‘xshagan uchoqni zenit zambaragida otishsa, orqasidan tutun chiqarib, yerga shunaqangi chiroyli quladiki!

      Bu gapimni eshitib, avvaliga Parpivoyning qiziquvdan ko‘zi chaqnadi, so‘ng, tuyqus hushyor tortib, telefonimning oynasini yorgandek, samolyotimniyam rasvo qilmoqchimisan, deb taysallandi.

      – Qo‘rqma, buningga ziyon yetmaydi, orqasiga bog‘langan lattani tutatib uchiramiz xolos, – deb aql o‘rgatdim.

      Parpivoyning ko‘ngli tinchidi. Maslahatimga ko‘ra, omborchaga kirib, yirtiq paypog‘ini kerosinga botirib chiqdi. Xayriyat, gugurt olvolishniyam unutmabdi.

      Birgalashib ko‘chaga yo‘naldik; choyxonaning berirog‘idagi kengroq joyga borib, paypoqni uchoqning dumiga bog‘ladik. Men gugurt chaqib yoqishim bilanoq, Parpivoy parragi varillab turgan uchoqni bir siltab, osmonga uchirdi. Dum tomoni og‘irlashgani xalaqit berdimi, “qiruvchi” lapanglab-lapanglab uchib, birdan pastga sho‘ng‘idi.

      Guzardagi yalanglikning to‘risi choyxona bo‘lsa, ko‘ndalang tomonida sartaroshxona bilan qassobxona bor. Qassobxonaning biqiniga keng qizil soyabon o‘rnatilgan. Soyabon tagida o‘zi uyida pashmak, holva, novvot, xo‘rozqand, chaynamayshiming tayyorlab sotadigan, menga bag‘ri ochiqdan ochiq Momogul qandolatchi o‘tiradi. Bag‘ri ochiqligi shundaki, tog‘dagi konda ishlab, qishloqqa uch-to‘rt haftada bir kelib-ketuvchi dadamdan birato‘la undirib olishini aytib, menga shirinliklarni nasyaga beraveradi.

      Qandolatchining qizil soyabonidan sal berida tandir yuklangan eshakarava turuvdi, uchog‘imiz lovullaganicha tushib, eshakning belginasiga urilsa bo‘ladimi!

      Qishloq bolalari orasida “Hangirshteyn” laqabi bilan mashhur bo‘lgan qorapo‘stin eshakning tuklari jazillab lovullay boshladi-yu, bor tovushda hangraganicha, jitranglay ketdi. Qizil soyabonni yiqitib o‘tib, qassob-xonaga urilgan chog‘da, tandir aravadan uchib tushib, qirq bo‘lak bo‘ldi. Qiron qassob uzun pichog‘ini qilichdek viz-vizlatib, jabrdiyda Hangirshteynni nariga quvayotganida, ming shukurki, Baraka-maraka sartaroshxona derazasidan bir paqir suv sepib, o‘tni o‘chirdi. Choyxonadan quyunlanib chiqqan Sangin tandirchi yerda parchalanib yotgan tandirni ko‘rib, ayvon ustuniga suyangan alpozda shalviroqlanib qoldi.

      Qilar ishni qilgin, qochishniyam bilgin, deganlar. Bu janjalistondan vaqtida g‘oyib bo‘lish uchun oyoqlarimni varvarakka aylantirganimda, ortimdan Sangin tandirchining baqirig‘i eshitildi:

      – To‘xta deyman, itvachcha! Mendan qochganing bilan, xudodan qocholmaysan! Meni xonavayron qilganakansan, seni xudoyim o‘zi jazolasin – yarim odam, yarim it bo‘lib o‘tib ket!

      So‘rg‘ich so‘rishdan allaqachon xalos bo‘lgan, qaddini ketmon sopidek tik tuta olish yoshiga yetgan odam bolasi o‘laroq ikki oyoqda tuppa-tuzuk yugurib ketayotganidim, yo‘lning muyulishidan o‘tganimda, etim g‘alati jimirlab, negadir, endi to‘rt oyoqlab chopa boshlaganimni payqadim. Sinchiklabroq qarasam, to‘satdan qo‘ng‘ir tukli old oyoqchalarga aylanib qolgan qo‘llarim yerni potira-putur changitganicha harakatlanib, burnim yerga tegay-tegay deb boryapman.

      Qo‘rquvdan yuragim uzilib tushgudek bo‘ldi. Taqqa to‘xtab, bir o‘ng biqinimga, bir chap biqinimga ko‘z yugurtirdim. Bu yog‘imdayam, u yog‘imdayam o‘sha qo‘ng‘ir yunglar paxmayib turardi. Orqa tomonimda desangiz, buvimning hivichini eslatuvchi bir dum tinmasdan likillayapti. “Dod!” – deb qichqirmoqchi bo‘luvdim, og‘zimdan “vav, vav” degan ingichka sas taraldi.

      Bir narsaga hayron edim – yungim nega aynan qo‘ng‘ir? To‘g‘ri, sochim kichkinaligimda sarg‘ishroq edi, ammo yetti-sakkiz yoshimdayoq o‘z-o‘zidan qorayib ketgan. Kuchuk bo‘lganga yarasha yo oppoq, yo ola-bula bo‘lsang-da!

      Aldar Xoldorning eshigi yonidagi kajavali ko‘k mototsiklga yaqin borib, bir sakrashda egariga chiqdimda, ruldagi ko‘zguga bo‘ylandim. Qarasam, tumshug‘i bodringsimon, quloqlari qamishdek dinkaygan qo‘ng‘ir-bashara kuchukcha ko‘zlarini qitmirona yiltiratib, meni ermaklash bilan ovora. Itchasiga “Uvvv!” – deb yuborganimni bilmay qoldim.

      Shunda, bir gap lop etib esimga keldi. “Bu dunyoda kulfat ko‘rmayin desang, qarg‘ishmas, duo eshitishga urinib yashagin. Avliyolarning aytishicha, Tangri har qanday odamga karam ko‘rsatib, yurakdan chiqarib qilgan iltijosini, u duomi, qarg‘ishmi, hech bo‘lmasa, hayotda bir marta yuzaga chiqararkan”, degandi buvim. Sangin tandirchi umrida, balki, milliard marta tutoqib, milliard marta so‘kingandir. Qarangki, eng yurakdan chiqarib aytgan qarg‘oviga men ko‘ndalang kepturibman-ku. Bu tandirfurush, bolaligida