qolgan kemaning nomini va qayoqqa ketayotganini bilgandan keyin geografiya olimi nima deyarkin?
‒ Janob Paganel, demak, siz Kalkuttaga borib tushmoqchisiz va quruqlikdagi sayohatingizni o‘sha yerdan boshlamoqchisiz, shundaymi? – deb so‘radi Glenarvan.
‒ Ha, ser. Men shu vaqtga qadar Hindistonni ko‘rishni orzu qilardim. Mana, nihoyat men ko‘ngildagi orzularimga yetadigan bo‘ldim!
‒ Demak, janob Paganel, siz Hindiston o‘rniga boshqa mamlakatga borib qolishga rozi bo‘lolmasdingiz, shundaymi?
‒ Bunga men rozi bo‘lmasdimgina emas, juda xafa ham bo‘lardim, chunki mening Hindiston general-gubernatori lord Sommerset nomiga yozilgan tavsiyanomalarim bor, buning ustiga geografik jamiyat menga vazifa topshirgan, men uni bajarishim kerak.
‒ Ha-a! Demak, vazifa topshirilgan deng?
‒ Ha, menga bitta foydali va juda qiziq ekspeditsiya tashkil qilish topshirilgan; ekspeditsiyaning plani mening olim do‘stim va hamkasabam janob Viven de-Sen-Marten tomonidan tuzilgan. Bu planga muvofiq men aka-uka sayyoh Shlaginvaytlar, polkovnik Vou, Vebb, Xodjon, missionerlardan Xuk va Gabe, Murkroft, Jyul Remi va ko‘pgina boshqa sayyohlarning izidan borishim kerak. Men 1846-yilda missioner Krik amalga oshirolmay qolgan vazifani bajarmoqchiman, ya’ni Himolay tog‘larni shimoliy tomonidan aylanib o‘tib, bir ming besh yuz kilometrli masofada Tibetni suv bilan ta’minlab turadigan Yaru-Dzangbo-Chu daryosining oqimini tekshirmoqchiman. Nihoyat, men bu daryoning Assamadan shimolisharqda Bramaputra daryosi bilan qo‘shilish-qo‘shilmasligini aniqlamoqchiman. Hindiston geografiyasi uchun g‘oyatda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan bu masalani hal qilib bergan sayyohga esa oltin medal berilishi aniq.
Paganelga qoyil bo‘lmay iloj yo‘q edi. U g‘oyat zavqlanib so‘zlar, qizg‘in tasavvuri qanot yozib, uni ko‘klarga ko‘tarib ketardi. Reyn shalolasining suvini to‘xtatib bo‘lmaganidek, so‘zlab turgan Paganelni ham to‘xtatishning sira iloji yo‘q edi.
‒ Janob Jak Paganel, – deb gap boshladi Glenarvan, mashhur olim bir minutgina tinchiganidan foydalanib, – siz aytgan sayohat, albatta, ajoyib sayohat, buning uchun fan sizdan g‘oyat minnatdor bo‘ladi. Lekin men endi sizdan haqiqatni yashirib o‘tirmoqchi emasman, endi siz vaqtinchalik bo‘lsa ham Hindiston safari to‘g‘risida o‘ylamay turishingiz kerak bo‘ladi.
‒ O‘ylamay turishim kerak? Nechuk?
‒ Chunki siz hozir Hindiston yarimoroliga tamom qarama-qarshi tomonga ketyapsiz.
‒ Nima! Kapitan Berton…
‒ Men kapitan Berton emasman, – deb javob berdi Jon Mangls.
‒ Axir «Shotlandiya»…
‒ Bu kema «Shotlandiya» emas!
Paganelning hayronligini tasvir qilib bo‘lmaydi, u navbati bilan tamomila jiddiy qarab turgan Glenarvanga, olimga achinib va xafa bo‘lib qarab turgan Elenga va Meri Grantga, kulumsirab turgan Jon Manglsga, pinagini buzmagan mayorga bir-bir qarab chiqdi, keyin peshonasidagi ko‘zoynagini burni ustiga tushirib, yelkasini qisib qo‘ydi-da:
‒ Bu qanday o‘rinsiz hazil! – dedi.
Lekin xuddi shu payt ko‘zi shturvaldagi yozuvga tushib qoldi, unga: «Dunkan, Glazgo», – deb yozib qo‘yilgan edi.
‒ «Dunkan!», «Dunkan!» – deb qichqirdi hayratda qolgan Paganel, so‘ng zinapoyadan otilib tushdi-da, o‘z kayutasiga qarab yugurdi.
Bechora olim ko‘zdan g‘oyib bo‘lishi bilanoq mayordan boshqa hamma qah-qah urib kulib yubordi, hatto matroslar ham o‘zlarini tiya olmadilar. Temiryo‘lda poyezdni adashtirish, masalan, aytaylik, Dumbarton poyezdi o‘rniga Edinburg poyezdiga tushib qolish – bir nav edi-ya, lekin kemalarni adashtirib qo‘yish va Hindistonga jo‘nab ketish o‘rniga Chiliga qarab yo‘l olish, bu, endi o‘taketgan parishonlik edi!
‒ Lekin Jak Paganelning bu ishi meni aslo ajablantirmaydi, – dedi Glenarvan. – Paganel bunday sarguzashtlari bilan dong‘i chiqqan kishi, bir marta u Amerikaning ajoyib xaritasini nashr qildirganda unga Yaponiyani joylab qo‘yibdi. Lekin bu uning mashhur olim va Fransiyaning eng dongdor geograflaridan biri sifatida tanilishiga sira ham xalaqit berolmaydi.
‒ U bechorani endi nima qilamiz? – deb so‘radi Elen. – O‘zimiz bilan birga Patagoniyaga olib keta olmaymiz-ku, axir!
‒ Nima uchun olib ketolmas ekanmiz? – deb gap qistirdi Mak-Nabbs. – Uning parishonligiga biz javobgar emasmiz-ku? Yanglishib boshqa poyezdga tushib qolganda nima qilardi, uni to‘xtata olarmidi?
‒ To‘xtata olmas edi, lekin eng birinchi stansiyadayoq tushib qolgan bo‘lardi, – deb e’tiroz qildi Elen.
‒ Xohlasa yo‘lda uchragan dastlabki gavandayoq tushib qolishi mumkin, – dedi Glenarvan.
Shu payt yuklari shu paroxodda ekaniga ishonch hosil qilgan Paganel yana palubaga chiqdi. Uyalgan va xunobi chiqqan olim, go‘yo boshqa so‘z topolmagandek nuqul: «Dunkan», «Dunkan» deb takrorlar, kemaning machtalarini ko‘zdan kechirib, atrofda yastlanib yotgan bepoyon dengizga nazar tashlab, u yoqdan-bu yoqqa yurar edi. Nihoyat, u yana Glenarvan oldiga keldi.
‒ Bu, «Dunkan» qayoqqa ketyapti? – deb so‘radi u.
‒ Amerikaga, janob Paganel.
‒ Amerikaning qayeriga?
‒ Konsepsionga.
‒ Chiliga! Chiliga! – deb qichqirib yubordi sho‘rlik olim. – Mening ekspeditsiyam esa – Hindistonga edi! Markaziy komissiyaning prezidenti Katrfaj janoblari nima deydi endi? Kortamber janoblarichi! Viven de-Sen Marten janoblarichi! Men endi Geografik jamiyatning majlisida qay yuz bilan ko‘rinaman!
‒ Ko‘p xafa bo‘lavermang, janob Paganel, – deb unga tasalli bera boshladi Glenarvan, – hammasi to‘g‘rilanib ketadi, Hindistonga biroz kechikibroq yetib borasiz, xolos. Yaru-Dzangbo-Chu daryosi esa sizni Tibet tog‘larida kutib tura turadi. Biz ko‘p o‘tmay Madeyra orolida to‘xtaymiz, Yevropaga ketayotgan biror kemaga o‘tib olarsiz.
‒ Tasalli berganingiz uchun tashakkur, ser. Boshqa iloj ham yo‘qqa o‘xshaydi. Qarang-a, bundan ham qiziq ish bo‘lishi mumkinmi! Mendan bo‘lak hech kim bunday qilmas. «Shotlandiya»dagi buyurtirib qo‘ygan kayutamni aytmaysizmi…
‒ Endi «Shotlandiya»ni hozircha unutsangiz ham bo‘ladi.
‒ Lekin «Dunkan» ko‘ngil ochish sayohatiga chiqqan kema ko‘rinadi, – deb davom etdi Paganel, «Dunkanni» yana bir marta ko‘zdan kechirib.
‒ To‘g‘ri aytdingiz, ser, – deb javob berdi Jon Mangls, – u mister Glenarvanga qarashli kema…
‒ … u esa bu kemada mehmon bo‘lib qolishingizni iltimos qiladi, – deb uning so‘zini tugatdi Glenarvan.
‒ Ko‘pdan ko‘p rahmat, ser, – deb javob berdi Paganel. – Iltifotingiz uchun benihoyat xursandman. Lekin sizga oddiy bir fikr aytishga ruxsat etsangiz: Hindiston – ajoyib mamlakat, unda sayohatchilar har qadamda hech kutilmagan voqealar va mo‘jizalarga duch keladi. Xonimlaringiz u yerlarni ko‘rishmagan bo‘lsa kerak… Shunday bo‘lgandan keyin kapitan kemaning rulini bunday burib yuborsa, «Dunkan» Konsepsion o‘rniga Kalkuttaga qarab yo‘l oladi-qo‘yadi, sayohatingiz ko‘ngil ochish uchun uyushtirilgan bo‘lgandan keyin…
Lekin Paganel shu payt Glenarvanning, bu mumkin emas degandek bosh chayqatganini ko‘rdi-yu, gapi og‘zida qoldi.
‒ Janob Paganel – dedi Elen, – agar biz ko‘ngil ochish maqsadida sayohatga chiqqan bo‘lganimizda, men o‘ylabnetib o‘tirmay, sizga: «Kelinglar, hammamiz birga Hindistonga boramiz», deb javob bergan bo‘lardim, ishonamanki, ser Glenarvan ham bunga mutlaqo qarshi chiqmasdi. Lekin gap shundaki, «Dunkan» Patagoniya qirg‘oqlarida halokatga uchragan kishilarni o‘z vataniga qaytarish maqsadida Amerikaga ketyapti, shuning uchun u o‘zining bunday insonparvar maqsadidan kecholmaydi.
Bir necha minutdan keyin fransuz sayyohi hamma gapdan xabardor bo‘ldi. Hujjatlarning qanday qiziq ahvolda topilgani, kapitan Grantning butun tarixi va Elenning olijanoblik bilan qilgan taklifi