Жюль Верн

Капитан Грант болалари


Скачать книгу

korpus ham bir-biriga juda mos tushgan. Shuning uchun kema to‘lqinlarni osongina yorib o‘tib, orqada tekis iz qoldirib kelmoqda. Biz hozir soatiga o‘n yetti dengiz milyasi tezligida ketyapmiz, agar bu tezlik kamayib qolmasa, o‘n kundan keyin ekvatordan o‘tamiz, besh haftaga ham qolmay Gorn buruniga yetib boramiz.

      ‒ Eshitdingizmi, Meri? Besh haftaga ham qolmay! – dedi qizga qarab Elen.

      ‒ Eshitdim, xonim, – deb javob berdi Meri. – Kapitanning bu so‘zlarini eshitib, yuragim gupullab urib ketdi.

      ‒ Dengiz sayohatida o‘zingizni qalay his qilyapsiz, Meri? – deb so‘radi undan Glenarvan.

      ‒ U qadar yomon his qilayotganim yo‘q, ser. Hademay dengizga butunlay o‘rganib olaman.

      ‒ Kichkina Robertimiz-chi?

      ‒ Robertmi?! – deb gapga aralashdi Jon Mangls. – Agar u hozir mashina bo‘limida bo‘lma-sa, machtaga chiqib olgani aniq. Bu yigitcha dengiz kasalining nima ekanini mutlaqo bilmaydi… Ana, o‘zingiz bir tomosha qiling-a. Qayerga chiqib olganini ko‘ryapsizmi?

      Hamma kapitan qo‘li bilan ko‘rsatayotgan tomonga – fok-machtaga qaradi: Robert palubadan yuz futcha balandlikda bram-stengoning arqonlarida osilib turardi. Meri beixtiyor titrab ketdi.

      ‒ Xotirjam bo‘lavering, miss! – deb unga tasalli berdi Jon Mangls. – Uning yiqilib tushmasligiga men kafilman. Tez orada men yigitchani jasur dengizchi sifatida kapitan Grantga taqdim qilishga so‘z beraman, men hurmatli kapitanni topishimizga zarracha ham shubha qilmayman.

      ‒ Koshki edi shunday bo‘lsa! – deb javob qildi qiz.

      ‒ Umidimiz katta, miss Meri, – dedi Glenarvan. – Ishimiz muvaffaqiyatli boryapti. Bizning bu olijanob maqsadimizni amalga oshirishga bel bog‘lagan mana bu azamatlarga bir qarang. Ular bilan biz albatta maqsadga erishamiz, erishganda ham ko‘p qiynalmasdan erishamiz. Men Elenga ko‘ngil ochish sayohatiga olib boraman, deb va’da qilgan edim, bu va’damni amalga oshiraman deb ishonaman.

      ‒ Eduard, siz bebaho odamsiz! – dedi Elen Glenarvan.

      ‒ Yo‘q, aslo, lekin mening komandam – komandalarning, kemam esa – kemalarning eng yaxshisi. Nahotki, siz bizning «Dunkan»ga qoyil qolmagan bo‘lsangiz, miss Meri!

      ‒ Juda qoyilman, ser, – deb javob berdi qiz, – qoyil bo‘lganda ham dengizchilik ishlariga tushunadigan kishi sifatida qoyilman.

      ‒ Rosti bilan-a?!

      ‒ Men hali yosh bola ekanimdayoq otamning kemalarida o‘ynab yurar edim. U meni dengizchi qilib yetishtirishi kerak edi. Lozim bo‘lib qolsa, men hozir ham yelkan ochish ishlarini bajara olaman.

      ‒ Rostdan ham-a, miss? – deb xitob qildi Jon Mangls.

      ‒ Unday bo‘lsa, – dedi Glenarvan, – siz kapitan Jon bilan juda do‘stlashib ketasiz, chunki u dunyoda dengizchilik hunarini hammadan ham yuksak qo‘yadi. Hatto ayollar uchun ham bundan yaxshi ish yo‘q deb hisoblaydi. Shunday emasmi, Jon?

      ‒ Juda to‘g‘ri aytdingiz, ser, – deb javob berdi yosh kapitan, – shunday bo‘lsa ham men miss Grantning yelkan yozishdan ko‘ra kayutada tinchgina o‘tirganini afzal ko‘raman. Shunga qaramay missning boyagi so‘zlari menga juda yoqib tushdi.

      ‒ Ayniqsa «Dunkan»ga qoyil bo‘lib turganda, a?.. – deb qo‘shib qo‘ydi Glenarvan.

      ‒ U bunga loyiq kema, – deb javob berdi Jon Mangls.

      ‒ Rostimni aytsam, siz kemani shunday maqtab yubordingizki, men uni boshdan-oyoq, to tryumlarigacha ko‘zdan kechirgim kelib qoldi, – dedi Elen. – Shu bilan birga azamat matroslarimiz qanday joylashganlarini ham ko‘rib kelamiz.

      ‒ Ular juda yaxshi o‘rnashib olishgan, – dedi Jon Mangls: – xuddi o‘z uyidagiday.

      ‒ Ular haqiqatan ham o‘z uylaridalar, azizim Elen, – dedi Glenarvan. – Axir bu kema – o‘z yurtimizning bir qismi, Dumbarton grafligining okean to‘lqinlarida suzib ketayotgan bir bo‘lagi-da! Biz o‘z vatanimizdan ketganimiz yo‘q: «Dunkan» – Malkolm-Kestlning xuddi o‘zi.

      Elen:

      ‒ Azizim Eduard, bo‘lmasa bizga o‘z qasringizni bir ko‘rsating, – deb hazil qildi.

      ‒ Jonim bilan! – dedi Glenarvan. – Lekin oldin Olbinetga ikki og‘iz so‘z aytishga ruxsat etsangiz.

      «Dunkan»ning bufetchisi Olbinet o‘z ishiga nihoyatda mohir kishi bo‘lib, o‘z vazifasini jon-dili bilan, juda o‘rinlatib bajarar edi. U xo‘jayinining chaqirganini eshitib, darhol yetib keldi.

      Glenarvan, go‘yo gap qasrning atrofida sayr qilish to‘g‘risida borayotgandek, Olbinetga dedi.

      ‒ Olbinet, biz ovqatdan oldin biroz sayr qilib kelmoqchimiz. Biz qaytganda ovqat stol ustiga taxt qilib qo‘yilgan bo‘ladi deb umid qilaman.

      Olbinet g‘urur bilan bosh egdi.

      ‒ Biz bilan borasizmi, mayor? – deb so‘radi Mak-Nabbsdan Elen.

      ‒ Buyursangiz, boraveraman, – deb javob berdi mayor.

      ‒ Mayor hozir, o‘z sigarasining tutuniga qarab zavq qilib o‘tiribdi, – deb gapga aralashdi Glenarvan, – qo‘yinglar, uning rohatini buzmaylik. Bilasizmi, miss Meri, bizning mayor chekishga nihoyatda berilgan odam – hatto uyqusida ham sigarasini og‘zidan qo‘ymaydi.

      Mayor to‘g‘ri degandek qilib bosh silkitdi. Undan boshqa hamma kubrikka35 tushib ketdi.

      Palubada yolg‘iz qolgach Mak-Nabbs o‘z odati bo‘yicha atrofini quyuq tutun bilan qoplab, o‘zi bilan o‘zi suhbat qilishga kirishdi. U qimirlamay turar va kemaning orqasida qolayotgan ko‘piklangan izni tomosha qilardi. Bir necha minut indamasdan turib tomosha qilgandan so‘ng orqasiga o‘girilib qaradi-yu, ko‘zi notanish bir kishiga tushdi. Agar biror narsa mayorni taajjubga sola oladigan bo‘lganda edi, hozir u bu odamni ko‘rib taajjublangan bo‘lardi, chunki qarshisidagi bu odam unga mutlaqo notanish edi.

      Bu notanish kishi qirq yoshlar chamasidagi baland bo‘yli, qotmadan kelgan odam edi. U qattiq qalpoqli uzun mixga o‘xshardi. Kallasi katta va dumaloq, peshonasi keng, burni uzun, og‘zi katta, dahani o‘tkir. Katta dumaloq ko‘zoynak orqasiga yashiringan ko‘zlarining qarashi kechasi ham kunduzgidek bahuzur ko‘raveradigan kishining boqishiga o‘xshardi. Basharasidan aqlli va quvnoq odam ekanligi ko‘rinib turar edi. U o‘zining mayda va miskin odam ekanini jiddiylik niqobi ostiga yashirishga tirishib, mutlaqo kulmay, doim gerdayib yuradigan odamlarga aslo o‘xshamas, aksincha, o‘zini erkin va samimiy tutishi bu noma’lum kishining odamlardagi va narsalardagi yaxshi jihatlarni ko‘rishga moyil ekanidan darak berardi. U hali bir og‘iz so‘z aytmagan bo‘lsa ham suhbatni sevadigan odam ekani ko‘rinib turardi. U qarab turgan narsasini ko‘rmaydigan va unga aytilayotgan so‘zlarni eshitmaydigan parishon kishilarni eslatardi. Notanish kishi boshiga safar shapkasi, oyog‘iga pishiq sariq botinka va charm getr kiygan edi. Egniga qo‘ng‘ir baxmal shim va xuddi shunday kurtka kiygan, kurtkasining son-sanoqsiz cho‘ntaklari liq to‘la ekanligini sezish qiyin emasdi, chunki ulardan har xil yon daftarchalar, bloknotlar, karmonlar, xullas, yonda olib yurish sira ham zarur bo‘lmagan har xil ortiqcha narsalar ko‘rinib turardi. Uzun tasmasini yelkasidan oshirib ilib olgan dengizchilar trubasi ham bor edi.

      Bu noma’lum kishining betinchligi bilan mayorning xotirjamligi bir-birining butunlay aksi edi. U Mak-Nabbsning atrofida gir aylanar, uni ko‘zdan kechirar, unga savol nazari bilan qarar edi, mayor esa, aftidan, bu janobning qayerdan paydo bo‘lib qolgani, qayoqqa ketayotgani va «Dunkan»ga qanday tushib qolganiga mutlaqo qiziqmas edi.

      Notanish kishi o‘zining barcha urinishlari mayorning xotirjamligi oldida bekor ketgach, yelkasiga osib olgan durbinini qo‘liga oldi – uzuniga yozib yuborganda bu durbin to‘rt futga yetardi, – u oyoqlarini kerib yo‘l yoqasidagi simyog‘ochdek qotib turgan holda dengiz bilan osmon birlashib ketgan ufqni ko‘zdan kechira boshladi. Shu tarzda besh minutcha dengizni tomosha qilgandan keyin u durbinini palubaga qo‘ydi-da, hassaga tayangandek unga suyandi; lekin trubasining qismlari biri-birining