Жюль Верн

Капитан Грант болалари


Скачать книгу

bizdan qaysi tarafda eding?

      ‒ Men ham so‘l tarafda edim.

      ‒ Demak, Robert faqat mana bu tarafda yo‘qolib qolgan bo‘lishi kerak, – dedi mayor tog‘ tomonga o‘girilar ekan o‘ng tarafni ko‘rsatib. – Shuni ham aytayki, bolaning yo‘qolib qolgan vaqtini nazarga olsak, u anavi tagi tekislik va tepasi ikki ming fut tik devor bo‘lgan joyda yo‘qolgani aniq bo‘ladi. Atrofni o‘zaro bo‘lishib olib, uni xuddi ana shu yerdan qidirishimiz kerak, biz uni ana shu yerdan topamiz.

      Mayorning bu taklifiga hech kim bir og‘iz so‘z qo‘shmadi. Hamrohlar bo‘linishib, tog‘ning turli balandligiga chiqdilar va Robertni qidira boshladilar. O‘zlari tog‘dan uchib tushgan yerning o‘ng tomonidagi eng kichkina yoriqlar ichini ham qoldirmay qidira boshladilar, minut sayin jarga qulab ketish xavfi ostida xarsanglar yig‘ilib qolgan jarlar tagiga tushdilar, ular jar ichidan oyoq-qo‘llari qonga belanib, kiyimlari dabdala bo‘lgan holda qaytib chiqar edilar. Uch-to‘rtta sira ham tushib bo‘lmaydigan jarlardan boshqa Kordilerning bu qismi bir necha soat ichida juda sinchiklab ko‘zdan kechirildi, lekin bu jasur odamlarning birontasi ham dam olish to‘g‘risida o‘ylamadi. Ammo butun mehnatlari behudaga ketdi. Aftidan, bechora Robert tog‘larda o‘lim topgan, tog‘ qoyalari esa uning qabri bo‘lgan edi.

      Soat birlarda Glenarvan bilan hamrohlari holdan toygan va xafa holda vodiyda yana to‘plandilar. Glenarvan juda xafa edi. U deyarlik hech gapirmas, og‘ir-og‘ir xo‘rsinar, lablaridan faqat:

      ‒ Bu yerdan ketmayman! Ketmayman! – degan so‘zlargina uchar edi.

      Uning o‘jarlik bilan aytayotgan bu fikriga hamma tushunar va unga hurmat bilan qarardi.

      ‒ Sabr qilaylik, – dedi Paganel, mayor bilan Tom Ostinga, – biroz dam olib, kuch yig‘amiz. Robertni qidirsak ham, yo‘lga chiqsak ham oldin dam olishimiz kerak.

      ‒ To‘g‘ri, – dedi Mak-Nabbs, – Eduard istar ekan, demak, bu yerda qolamiz. U hali umid qilyapti, lekin nimaga umid qilyapti – bunisini bilmayman.

      – Bechora Robert! – dedi Paganel, ko‘z yoshlarini artib.

      Vodiyda juda ko‘p daraxtlar o‘sib yotardi. Mayor g‘uj bo‘lib o‘sgan bir necha sershox daraxt tagini tanlab, o‘sha yerga vaqtincha to‘xtash uchun joy qildi. Bir necha odeyal, qurollar, biroz qoq go‘sht bilan guruch – omon qolgan narsalar faqat ana shu edi. Shu oradan oqib o‘tadigan ariqdan yer qimirlagandan keyin hali loyqa bo‘lib oqayotgan suv olish mumkin edi. Myulredi o‘t ustida gulxan yoqib yubordi va ko‘p o‘tmay Glenarvanga issiq kakao uzatdi. Lekin u ichmadi, yerga solgan ponchosi ustida qimir etmay, cho‘zilib yotaverdi.

      Shu tarzda kun o‘tdi. Har kungidek osoyishta, tinch tun boshlandi. Hammalari yotdilar, lekin hech kimning ko‘ziga uyqu kelmas edi. Glenarvan esa yana Kordiler yonbag‘irlaridan Robertni qidirgani ketdi. U bola yordamga chaqirmayaptimikan, deb to‘xtab-to‘xtab quloq solar edi. Glenarvan juda balandga chiqdi, goh yerga yotib, nafas chiqarmaslikka tirishib qulog‘ini toshga qo‘yib tinglab boqdi, goh alam bilan Robertni chaqirib qichqirdi.

      Bechora Glenarvan tuni bilan tog‘ kezib chiqdi. Tagsiz jarlar yoqasida ehtiyotsizlik qilib, o‘zi ham jarga yiqilib ketmasligi uchun har daqiqa unga yordam berishga tayyor holda goh Paganel, goh mayor u bilan birga yurdilar. Lekin bu oxirgi axtarishlar ham bekor ketdi. Glenarvanning: «Robert! Robert!» – deb chaqirishlariga faqat aks sado javob berardi.

      Tong otdi. Glenarvanning do‘stlari uni baland tog‘ tepasidan zo‘rlab pastga olib tushdilar. U tasvirlab bo‘lmas darajada iztirob chekardi. Kim unga hozir yo‘lga chiqishni, bu badbaxt vodiyni tashlab ketishni jur’at etib taklif qila olar edi? Buning ustiga oziq-ovqat yetishmasdi. Shu yaqin oradan katapats aytgan argentinalik yo‘l boshlovchilarni ham, pampaslarda sayohat qilish uchun yaroqli otlarni ham topish mumkin edi. Orqaga qaytish olg‘a yurishdan ko‘ra qiyinroq edi. Bundan tashqari, «Dunkan» bilan Atlantik okeani sohilida uchrashamiz deb kelishilgan edi, axir! Bu muhim sabablar ortiqcha paysalga solishga yo‘l qo‘ymas, umuman otryad vaqtni mutlaqo bekor o‘tkazmay, tezda yo‘lga chiqishi lozim edi.

      Mak-Nabbs Glenarvanning fikrini g‘amli o‘ylardan boshqa tomonga tortmoqchi bo‘lib ko‘rdi. U do‘stini o‘z taklifiga ko‘ndirish uchun uzoq urindi, lekin Glenarvan, aftidan, hech narsa eshitmas va faqat «Yo‘q» deganday bosh chayqar edi. Nihoyat u:

      ‒ Yo‘lga chiqamiz deysizmi? – deb so‘radi.

      ‒ Ha, yo‘lga chiqish kerak.

      ‒ Yana bir soat tura turinglar.

      ‒ Xo‘p, tura turamiz, – dedi mayor.

      Bir soat o‘tdi, Glenarvan yana bir soat muhlat berishni o‘tinib iltimos qildi. U o‘limga mahkum etilgan jinoyatchi singari, yolvorib muhlat so‘radi. Shu tarzda soat o‘n ikki bo‘ldi. Keyin Mak-Nabbs boshqa hamrohlari bilan maslahatlashib olib, yo‘lga chiqishni qat’iy talab qildi, ekspeditsiya ishtirokchilarining taqdiri shunga bog‘liq, dedi u.

      ‒ To‘g‘ri, to‘g‘ri, – dedi Glenarvan, – yo‘lga chiqish kerak, to‘g‘ri.

      U shunday deb javob berar ekan, o‘zi Mak-Nabbsga qaramas edi. Uning butun diqqati baland osmonda ko‘ringan allaqanday qora nuqtada edi. Birdan u qo‘lini ko‘tardi va turgan yerida qotdi.

      ‒ O‘sha yerda, o‘sha yerda! – deb qichqirdi Glenarvan. – Qaranglar! Qaranglar!

      Hamma osmonga, Glenarvan zo‘r berib qo‘li bilan ko‘rsatayotgan tomonga tikildi. Qora nuqta endi ancha kattalashib qoldi – bu juda balandlikda parvoz qilib yurgan qush edi.

      ‒ Bu kondor, – dedi Paganel.

      ‒ Ha, kondor, – dedi Glenarvan. – Kim bilsin! U shu tomonga yaqinlashib kelyapti, pastlashyapti… Birpas shoshmanglar…

      Glenarvan nimaga umid qilayotir? Aqldan ozmadimi ekan? «Kim bilsin!» – degan gapning ma’nosi nima?

      Paganel yanglishmadi: u haqiqatan ham kondor edi, qush tobora yaqinlashib kelar va tobora aniq-ravshan ko‘rinardi. Bu ajoyib yirtqich qush janubiy Kordiler tog‘larining podshosi edi. Bu yerlarda u juda katta bo‘ladi. Kondor juda kuchli qush, u ba’zi vaqtlarda hatto ho‘kizlarni ham jarga qulatib yubora oladi. U o‘tloqlarda daydib yurgan qo‘y, echki, buzoqlarga hujum qiladi, ularni o‘tkir tirnoqlari bilan mahkam changallab, juda balandlikka olib chiqib ketadi61. Kondor ba’zan yigirma ming fut balandlikda parvoz qilib yuradi. Bunday balandga chiqib olgan osmon podshohini yerdan mutlaqo ko‘rib bo‘lmaydi, u esa o‘sha balandlikda uchib yurib, yerdagi eng mayda-chuyda narsalargacha ko‘rib turadi, bunga tabiatshunos olimlar g‘oyat hayron qoladilar.

      Bu kondor nimani ko‘rgan bo‘lishi mumkin? Ehtimol, u Robert Grantning jasadini ko‘rib qolgandir?

      ‒ Kim bilsin! – deb takrorladi Glenarvan bahaybat qushdan ko‘z uzmay.

      Kondor esa goh tekis parvoz qilib, goh bo‘shlikka otilgan jonsiz narsadan pastga otilib yaqinlashib kelaverdi. Mana, yerdan yetti yuz futcha yuqorida u katta doira yasab, charx ura boshladi. Endi kondorni yaxshilab ko‘rib olish mumkin edi: keng yozilgan zo‘r qanotlari o‘n besh futdan ham uzun edi; kondor qanotlarini deyarlik qoqmay parvoz qilib yurardi, chunki mayda hasharotlarning havoda birpas uchishi uchun ming martalab qanot qoqishi kerak bo‘lsa, katta qushlar g‘oyat xotirjamlik bilan uchib yura oladilar.

      Mayor bilan Vilson o‘z karabinlarini qo‘lga oldilar. Glenarvan imo bilan ularni to‘xtatdi. Kondor Kordilerning sayohatchilarimiz turgan yerdan chorak milcha naridagi odam bolasi chiqa olmaydigan bir cho‘qqisi ustida aylana boshladi. Kattakon qush qo‘rqinchli changallarini goh yig‘ib olib, goh pastga osiltirib va o‘tkir tumshug‘ini silkib-silkib, haddan tashqari tez uchib yurardi.

      ‒ O‘sha yerda! O‘sha yerda! – deb qichqirdi Glenarvan.

      Uning miyasiga lop etib bir fikr keldi.

      ‒ Agar Robert tirik bo‘lsa! – deb qichqirdi u dahshat bilan. – Bu qush… Otinglar, do‘stlarim, otinglar!

      Lekin endi vaqt o‘tgan edi: kondor baland qoyalar orqasida g‘oyib bo‘ldi.