126785-nchi hijriya miyonalarida Qo‘qonning Baxmalbof mahallasida86 faqir bir oilada dunyog‘a keldi. Onalar tuqqan bolalarini sizga «tilab-tilab olg‘an falonim», deb, otalar «xudoy bergan o‘g‘ulcha» deb taqdim etadirlar. Ammo bizning Anvar bo‘lsa onasining «tilab-tilab olg‘ani» emas va otasi ham uni «o‘gulchag‘a» hisoblamag‘an edi. Otasining kasbi bo‘yoqchiliq, hamisha yarim belidan nil suviga cho‘milib yotqan bir kambag‘al va bir qarich, ikki qarich bolalardan beshtasiga dada edi. Shu besh bolaning yonig‘a izzatsiz, hurmatsiz oltinchi «mehmon» bo‘lib, bizning Anvar qo‘shildi. Ya’ni Anvar tilab oling‘an bola emas, dadasi bilan onasining tilaklariga qarshi, faqat ularning baxtsizlik va qashshoqliqlarig‘a xizmat qilg‘uchi bo‘lib tug‘ildi. Bola tilab olinsa, so‘yinch-quvonch, nog‘orachi-surnaychi va shunga o‘xshash cho‘zma-chalpak, is-charog‘ marosimlari nuqsonsiz ijro etiladir. Ammo Anvarning dunyog‘a kelishi munday marosim, tantanalar va orzu-havaslar bilan bus-butun aloqasiz edi. Masalan onasi o‘z yonig‘a doya chaqirib takalluflanmadi, to‘ng‘uch qizi Nodiraning ko‘magida tug‘di; bolalarini qo‘ni-qo‘shnig‘a so‘yinchi uchun chiqarmadi. Chunki qo‘shnilarning qaysi holingg‘a tug‘ding?» yoki «o‘zi o‘lgur it mizojmi?», deb ta’na qilishlaridan cho‘chidi.
Shu holda yetti-sakkiz kunlab Anvarning dunyog‘a «tashrifi» sir bo‘lib kechti. Anvar ohorliq yangi yo‘rgak ko‘rmaganidek, og‘alaridan birining eski beshigiga to‘q-quzinchi kun belandi emas, tiqildi.
Anvarning «chillasi charog‘ ko‘rmagan» bo‘lsa hech borki yo‘qdir, biroq yigirma kunlab beshikda ismsiz yotishi qiziqdir, chunki yangi «qadrlik mehmon»ga ot qo‘yish na otasining esiga va na onasining xotirig‘a kelgan edi. Oradan yirima kun o‘tsa-ku, bolag‘a ism qo‘ymasalar, deb ota-onani ayblash og‘ir. Balki Salim bo‘yoqchining tiriklikdan qo‘li bo‘shamag‘andir. Anorbibining bo‘lsa olti bolaning xarxashasidan qulog‘i tinchimay miyasi suyulgandir, harholda bu «qadrlik» bolaning oti muhtaram mahalla imomi tarafidan qo‘yilmag‘anidek, ota-ona tomonlaridan ham nasib bo‘lmadi. Ism qo‘yish vazifasini yigirma ikkinchi kunlarda o‘n ikki yoshliq Nodira ado qildi.
Nodira o‘z yaqinlaridag‘i maxdumlardan birining bolasini yaxshi kiyimi, ayniqsa, yoqimliq eshitilgan «Anvar» ismiga suqlanib, havaslanib yurar edi. O‘ylab-netib turmadi-da, yangi chaqaloq ukasining otini ham «Anvar» deb atadi va beshikda chalqancha yotib, nursiz qora ko‘zlari bilan dadasining faqir hayotig‘a «razm qo‘yg‘an» bu chaqaloqning tevaragidan aylanib, «Anvarjon, Anvarjon!» deb xitob qila boshladi. Shuni ham aytib qo‘yish kerakki, Anvarning dunyog‘a kelishini birdan bir tabrik etib so‘yingan shu No-dira edi. So‘ngroq yana unga onaliq martabasida qolg‘uchi, hatto shu kungacha Anvarning eng mehribon kishisi bo‘lib kelguchi yana shu Nodiradir.
Shu yo‘sun Salim bo‘yoqchining mavridsiz laylaklari ichida bemahal g‘urrak bo‘lib Anvar ham yashay boshladi. Bolalari ko‘paygan sayin Salim akaning ishi ham keyinga ketkanidek, kundan kun, ehtiyojdan ehtiyojg‘a o‘tib borar edi. Anvar uch yoshqa kirganda, besh yillardan beri Salim akaga yopishib olg‘an bobosir kasali uning yoqasidan olib yiqitishg‘a muvaffaq bo‘ldi. Ya’ni Salim aka qonsirab, darmonsizlanib yotib qoldi. Muolajaga pul kerak, mundan ham ilgari oilaning umumiy kasali bo‘lg‘an oziqqa ham shu narsa kerak. Salim bo‘yoqchi sarmoyasidagi nil, tuz va shunga o‘xshash dastmoyalarni sotib muolaja qildirg‘an bo‘ldi. Dard ancha ulg‘ayg‘an edi. Bu chiqimlar foyda o‘rnig‘a zarar keltirdilar. Do‘kon dastgohini sotib, ro‘zg‘or qildi. Bular ham bitkandan keyin bu oilaning og‘ir kunlari boshlandi. Ochliq, yalang‘ochliq, ayniqsa kasal boqish.
Shu qish ayniqsa qattiq kelgan edi. Sovuqdan saqlanish uchun ularning hozirliklari yo‘q. O‘pkasiga sovuq tegdirib Salim akaning to‘rtinchi bolasi o‘ldi. Ko‘klamga chiqar-chiqmas Salim bo‘yoqchining o‘zi ham dunyo bilan vido‘lashdi. Buning ustiga Anvar, yana ikki og‘asig‘a qizamiq toshib bir bola munda ham o‘lib berdi. Shu yo‘sun olti oy ichida Anorbibi eridan va ikki bolasidan ayrilib, to‘rt go‘dak orasida tirik beva bo‘lib qoldi. Nodiraning bo‘yi cho‘zilib qolg‘an, har nachuk bir joyini topib ketar, ammo uchta yosh bolaning ishi qiyin edi. Eridan bolalarning tarbiyasiga yararliq hech gap qolmag‘an, bir-ikkita xum, uch-to‘rtta mo‘ndi va shunga o‘xshash rezrov, boshqa bir balo ham yo‘q. Anorbibi mehnat bilan yashab, yetti-sakkizni tug‘ib, yoshi ham qirqlarg‘a borib, tusiga ajin kirib, keksaymasa ham qarimsiq bo‘lib qolg‘an, shuning uchun birartaga tegib olishi to‘g‘risida o‘ylash ham behuda.
Anorbibiga o‘xshash tul xotinlarning qiladirgan ishlari har kimga ham ma’lum: mahallada dasturxonchilik, boylar eshigida oqsochliq, hunarmandroq bo‘lsa – kinnachilik va hokazo. Anorbibi shu hunarlarning hamasiga ham qobiliyat e’lon qilib, bolalarini boqish fikriga tushdi. Va bu orada qizi Nodirani bir bo‘zchi bolasig‘a uzatib, yukini ham biroz yengillatdi.
13. TANIYSANMI, SHU JAJJI QIZNI?
Falakmi kajraftor, turmushmi bemaza, harholda Anvarlarning tole’i yana pastlik qildi. Bir kun Anorbibi biravnikida yumush qila turib to‘sindan og‘rib qoldi, bir soatning ichida tilidan ham ayrildi. Zanbilga solib o‘z uyiga keltirib tashladilar. Bolalarning fig‘oni falakka chiqdi. Kuyavi tabibga yugurdi. Natijada yurak falajiga yo‘liqqani ma’lum bo‘lib, shu kun kechasi hatto uch qo‘dagi to‘g‘risida bir og‘iz vasiyat qilolmay vafot etdi. Mozorg‘a eltdilar. Tobut oldida ikki og‘asi bilan olti yoshliq Anvar ham yig‘lab bordi.
O‘n bir yoshliq Temir, to‘qqiz yoshliq Qobil va Anvarlarni tarbiya qilish og‘irlig‘i Nodiraning ustiga tushdi. Marhuma onasining yodgorlari bo‘lg‘an bu uch bolani begonalar qo‘lida xor qilib qo‘yishni Nodira istamasa ham, erining faqirlig‘i bunga mone’ edi. Ta’ziya kunlari o‘tkandan keyin o‘g‘ulliqqa deb so‘rag‘anlarg‘a ikki bolani berib yubordi va Anvarni o‘zi bilan olib, onasining qaqir-ququrlarini bir aravaga ortib erining uyiga keldi.
Nodira onasi o‘rniga Anvarning boshini siladi, yuvib-taradi va Anvarning istiqboli uchun qayg‘urdi. Otasi va o‘z erining kasblariga yaxshi baho bermagani uchun Anvarni boshqa kishi qilmoq fikriga tushti. Uni o‘qutmoqchi, hatto madrasalarga yubormoqchi va shu yo‘sun mullaliq darajasiga yetkuzib, otasining uyiga charog‘chi qilmoqchi edi. Anvarni o‘zlari turg‘an mahalladan bir guzar nari bo‘lg‘an Solih maxdumning maktabiga berdi. Anvar «taxta»dan o‘qush boshladi, zehnining tiniqlig‘idan bo‘lsa kerak, o‘n bir yoshida savodi chiqayozdi. Biroq o‘qishda qancha baxtli bo‘lsa, peshanada o‘shancha baxtsiz edi. Shundog‘ki, Nodira ikki bolaliq bo‘lg‘an edi. Eri: «Ukangga yedirib-kiydiraymi yoki o‘z bolalaringnimi? Ukangni kishiga shogird berib yubor», deb Nodirani qistashg‘a turdi. Bechora Nodira og‘ir holda Anvarni kishiga shogird berib, o‘qushini zoye’ qilishg‘a ko‘zi qiymaydir, eriga muqobala uchun hech bir mantiq topolmaydir. Chunki erining holi o‘ziga ma’lum. Shu yo‘sun yana bir yil o‘tib, Anvar to‘g‘risida eri bilan achchig‘-tiziq bo‘lg‘an bir kun paranjisini yopinib ko‘chaga chiqdi va to‘g‘ri Solih maxdumning uyiga bordi. Shu vaqtlarda Solih maxdumning onasi Marg‘ilong‘a ketmagan edi.
Nodira Mohlar oyimg‘a yig‘lab hasrat qildi. Hamma sarguzashtlarini birma-bir so‘zladi. Shu bola uchun eridan chekkan izolarini chizib:
– Ulug‘ dargohlaringizga shu yatim bolaning umri zoye’ bo‘lmasmikin, o‘qushi juvanmarg qilinmasmikin, deb keldim. Bir parcha nonlaringizni ayamay, yatim boshini silasalaringiz, deb keldim, – dedi.
« Qush tilini qush biladir», deganlaridek, Nodiraning samimiy arzi bandachiligi Mohlar oyim bilan Nigor kelinning yuraklarini ezdi va shu onda Mohlar oyim maktabxonadagi bolalar ichidan Anvarni chaqirtirib oldi. Anvar kelishkan, do‘ndiq bola edi.
– Domlasi maqtaydirg‘an o‘zimning zehnlik bolam-ku,– dedi Mohlar oyim Anvarni ko‘rishi bilan va Nodira- ga taskin berdi.
– Xo‘b, qizim, xo‘b, pochchasi boqmasa boqmasin, men o‘zim boqaman, o‘qutib katta mulla qilaman.
Anvar pochchasining keyingi kunlardagi dag‘al muomalalari sababini o‘ylab, xafalanib yurar edi. Mohlar oyimning haligi so‘zi bilan masalaga tushundi va yatimona