kulimsidi:
– Bor deb eshitdim.
– O‘rdadag‘i ishonchlik kishilarning so‘zlariga qarag‘anda, yorlig‘ sizning otingizg‘a bo‘lar emish.
– “Bo‘ldi” bilan “bo‘lar emish” orasida katta farq bor.
– Xo‘b, – dedi o‘zini yelpib Shahidbek, – biz bu ikkisini bir yoqqa qo‘yayliq-da, ikki oradan “basharti bo‘lsa” fe’lini olayliq, xe-xe-xe… Basharti yorlig‘ sizning ismingizga bo‘lib qolsa, siz shunda nima qilasiz?
Anvar kulib maxdumga ko‘z qirini tashladi.
– Siz bu “basharti bo‘lsag‘a ham ishonmang, bek aka.
Maxdum xo‘mrayib Anvarga qarab qo‘ydi. Shahidbek yana so‘radi:
– Axir, shu ehtimolga qarshi javob bering-da, xrrr.
– Men iste’fo va uzr arizasi berar edim…
– Hamoqat!77 – dedi maxdum va teskari qarab oldi.
Shahidbek taassuf qilg‘an kabi boshini chayqadi:
– Bu so‘zingiz bilan boyag‘i gapingizga qarshi bordi-ngiz. Boya “mendan boshqa bo‘ladirg‘anlar ham bor, men bu ishka umidlanmasam ham bo‘ladir”, degandek qilg‘an edingiz, hozir ersa boshqa narsani aytasiz, xrrr.
– Kufroni ne’mat, non tepkulik, – dedi maxdum. Anvar yana kulimsidi, ammo jiddiy tus olg‘an edi:
– Xayr, kishilar o‘ylag‘andek, mening mirzoboshiliqqa iste’dod va layoqatim ham bo‘lsin, agar yorlig‘ bersalar, bu vazifani qabul ham qilayin, – dedi, – ammo anovi – yigirma-o‘ttuz yildan beri shu mansabning qayg‘usida kelgan kishilar tinch yotadir, deb o‘ylaysizmi, har zamon oyog‘imdan chalmaydirlar deb ishonasizmi? Mana shu andishada tuban va ahamiyatsiz bo‘lsa ham, hozirg‘i xizmatimni a’lo ko‘raman va shu mulohaza bilan taqsirim aytkanlaridek, kufroni ne’mat qilmoqchi bo‘laman.
Shahidbek maxdumga qaradi, maxdum Anvarga qarshi chiqdi:
– Sen o‘z ishingni bilib qilsang, vazifangda sustlik ko‘rsatmasang, – dedi, – senga butun olam dushman bo‘lg‘anda ham bir mo‘yingni xam qilolmas. Chunki haq hamisha g‘olibdir, haqsizlik ersa mag‘lub. Tuhmat va bo‘hton xavfida ma’rakadan78 yuz o‘gurish – yigitlarning ishi bo‘lmas. Chunonchi, ushbuning misoli turkiyda ham bor: «Chumchuqdan qo‘rqib, tariq ekmagan», deb qo‘rqoq kishilarni masxara qiladirlar. Shunga o‘xshash sen ham chumchuqdan qo‘rqib, tariq ekmaguchilar xilidan bo‘lsang… men yanglishib yurg‘an ekanman-da, bolam!
– Haqiqat… – deb kuldi Anvar va biroz o‘ylanib to‘xtaldi. – Haqning haqsizliqqa g‘olib kelganini og‘izda eshitsam ham, shu choqqacha amalda ko‘ralmadim, – dedi ,– masalan, mendan ham o‘zingizga ravshanroqdirkim, mirzolardan Sayidxon, mulla Siddiq va Mo‘minjonlarning boshig‘a qanday falokatlarni solmadilar, holbuki haqiqatda ular xon o‘ylag‘ancha xiyonatchi kishilar emas, faqat bu uchavining yomonliqlari bir necha adovatlik mirzolarning to‘quma tuhmat va bo‘htonlari edi79, Ayniqsa, o‘zim bir necha yildan beri o‘rdada ishlab, shuningdek o‘z ora fisq-u fasodlarni har kun uchratmakdaman va shuning uchun bulg‘anch bir muhitda munday talashliq vazifani o‘z ustimga olishdan xazar qilaman.
– Sening misoling, – dedi maxdum, – nodiran voqi’adir… Agar shunday hodisalarni o‘ylab tursang, o‘rdada emas, hatto ko‘chada ham yurishing maholdir. Baxting bunchalik kulgan ekan, jabonat80 bilan davlat qushini qo‘ldan uchurish kufroni ne’mat, bolam!
– Ha, taqsir, – dedi Shahidbek, – ayni hikmat so‘zlaysiz… Ukam Mirzo Anvar, baxt degan narsa yigitka butun umrda faqat bir martaba qaraydir, xrrr, agar shunda mahkam tutib qolsangiz, xo‘b, bo‘lmasa hamisha otning keyingi oyog‘isiz-da.
– Tilak va tashviqotlaringiz xolisona bo‘lg‘ani uchun tashakkur aytaman, – dedi Anvar, – yana shu holda meni ma’zur ko‘rasiz…
Maxdum yana qizishdi, o‘ng ko‘zini qisib, bir yoqlama Anvarga qaradi. Chunki ul juda achchig‘i chiqqan kezlarda kishiga shu xilda qarar edi.
– Men kim, Anvar?
– Siz… Siz ustozim…
– Bas, ustozingning, – dedi maxdum, – shu kungacha qaysi ta’limidan zarar va qaysi kengashidan zoeg‘lig‘ tortding?
– Nafdan boshqa hech. Lekin o‘z umrimda bir gustoxliq81 qilmoqchiman.
Maxdum yana achchig‘lanib, bir-ikki tamshandi:
– Boshqa narsaga gustoxlik qilsang qil, illo hozirg‘i inoding ayni hamoqat! – dedi qo‘lini paxsalab, – agar men senga ustoz va ota bo‘lsam, bu ishka quloq qoqma, illo o‘zing bil, tuzukmi?!
Anvar indamadi, chunki maxdum keyingi jumla bilan ma’lum bir tahdidgacha borib yetkan edi.
– Qizishmang, qizishmang, – dedi Shahidbek, – Mirzo Anvar siz o‘ylag‘an yigitlardan emas. Albatta, Mirzo Anvar aytkandek, xrrr… o‘rdada o‘shanday gaplar ham yo‘q emas va lekin men azmoyishchi82 bo‘lsam, xrr, shuni aytib qo‘yayki, o‘rdadag‘i kattadan kichik Mirzo Anvarga hurmat bilan qaraydir. Chumolini og‘ritmag‘an kishiga kim ham adovat qilsin – xrrr…
– Habba! – dedi maxdum, – endi nima qoldi; orada go‘daklik xavfidan boshqa hech gap yo‘q… Oyig‘a qirq tillo vazifa, anvo‘i hadyai shohona, yana – eldan ko‘riladirgan obro‘, hurmat, hay, hay, hay…
Maxdumning keyingi jumlasi Anvarni kulimsitdi. Kuchlanib jiddiyatini saqlag‘an holda:
– Hozircha meni bosh munshiy qilib yorlig‘ berganlari yo‘q, – dedi, – shuning uchun bu to‘g‘rida so‘zlashish menga qolsa hali ertaroq ko‘rinadir.
– Men ham buni bilib turibman, bolam Anvar – dedi maxdum. – Basharti bu martabani xudoyi taolo senga nasib qilsa, haligidek bolaliq aqling bilan nobud qilib qo‘ymag‘il, deb so‘zlayman. Eshitishimga qarag‘anda, janobg‘a bir ariza yozib, uzr bayon qilmoqchi emishsan…
– Kim aytdi?
– Kim aytkanini qo‘yaber, ammo boyag‘i harakatlaring bu kori baddan ham qaytmaslig‘ingg‘a bizni ishontiradir. Darhaqiqat, ushbu xabar to‘g‘rimi?
– Sizga arz qilg‘an kishi balki bilib so‘zlagandir… Basharti siz bu fikrimni ma’qul topmasangiz.. albatta majburman.
– Habba, – dedi maxdum tamom ochilg‘an qiyofatda, – go‘daklik lozim emas, jabonat ko‘b mazmum83 sufat, «Osilsang ham baland dorg‘a osil» maqoli ko‘b purhikmat so‘z.
Maxdum shu gapni aytish orasi qone’84 va mag‘rur Shahidbekka qarab oldi. Chunki ul bu mag‘ruriyatka ikki jihatdan haqli edi; «basharti siz ma’qul ko‘rmasangiz…», deb Anvar o‘z rizolig‘ini maxdumning yolg‘iz shaxsi bilan bildirdi, ham shu jumla bilan ustozidan boshqalarning o‘z ra’yiga qarshi bora olmasliqlarini onglatdi.
Yaxshig‘ina tushurilgan manti va odatdan tashqari entikib, halloslab ko‘b so‘zlash natijasida Shahidbek charchab, yostiqqa suyanib qolg‘an edi. Shuning uchun ul ikki oradag‘i onglashishni yonboshlag‘an ko‘yi tabrik etdi:
– Balli, mirzo, balli, gap shunday bo‘lsin, xrrr…
Bir-ikki piyola choy ichishkandan so‘ng, maxdum bilan Sahidbek fotiha o‘qub, shom namozig‘a qo‘zg‘alishdilar. Anvar Shahidbekni o‘rta eshikkacha kuzatib bordi. Shahidbek Anvar bilan xayrlashar ekan:
– Inshoolloh yorlig‘ olarsiz, deb o‘ylayman…