O‘tkir Hoshimov

Dunyoning ishlari


Скачать книгу

ko‘rib, savag‘ichni ushlagancha dik etib o‘rnidan turdi. Endi ko‘rishmoqchi bo‘lib quchog‘ini yozgan edi, ammam bobillab berdi:

      – Birovning moliga tish qo‘ydiradigan haromxo‘r bilan ko‘rishmayman!

      Sepkilli xola qo‘lidagi savag‘ichni osiltirgancha talmovsirab qoldi.

      – Bu… bu nima deganingiz, eshonoyi? – dedi rangi o‘chib.

      – Bu deganim shuki, o‘g‘irlagan narsangizni joyiga qo‘ying!

      Sepkilli xolaning rangi battar o‘chib ketdi.

      – Nimani o‘g‘irlabman? – dedi ovozi qaltirab. – Ayting, nimani olibman?

      – E qo‘ying-e! – ammam jahl bilan qo‘l siltadi. – Kelinimning ziragidan tish yasatib olib, tag‘in o‘zini go‘llikka solib o‘tiribdi. – U otin xolaga yuzlandi. – Mana, guvoh! Norasida bola bilan fol ochirdim. Aniq-taniq sizni aytdi.

      – Voy o‘lmasam! – Sepkilli xolaning qo‘lidan tayog‘i tushib ketdi. – Bu qanaqa tuhmat! – dedi yig‘i aralash. Keyin oyimga yuzlandi.

      – Uyalmaysizmi, ovsin poshsha! Mana, ne niyatda o‘tiribman. Agar ninangizga tekkan bo‘lsam, niyatimga yetmay! – Keyingi so‘zlar uning bo‘g‘izidan yig‘i aralash otilib chiqdi. – To‘rtta bolamning o‘ligini ustida o‘tiray, xo‘pmi!

      – Voy, ovsinjon, voy gapingiz qursin! – dedi oyim ovozi titrab. – Qaytib oling gapingizni! Olgan bo‘lsangiz ham mingdan ming roziman!

      – E, yana, gapiradi-ya! Boyvuchcha bo‘lmay tusingni yel yesin! – Ammam shaxt bilan burildi-da, nari ketdi. Darvoza oldiga borganida orqasiga qayrilib qaradi. – Yaxshisi bo‘yningizga oling, bo‘lmasa, qiyomatda azobini tortasiz!

      Zum o‘tmay ammam bilan otin xola chiqib ketishdi. Sepkilli xola hamon piqillab yig‘lar, oyim supa oldida boshini xam qilgancha mung‘ayib turar edi.

      – Iloyo tuhmat qilgan tuhmat balosiga uchrasin! – dedi Sepkilli xola yig‘lab. – Iloyo niyatiga yetmasin!

      – Qo‘ying, ovsinjon. – Oyimning o‘zi ham yig‘lab yuboray deb turardi. – Xudoyo o‘sha bir poy zirak o‘lsin! Ko‘nglingizga olmang, jon ovsinjon!

      – Tuhmat balosiga uchramasa, rozimasman! – Sepkilli xola shunday dedi-yu yig‘lagancha uyiga kirib ketdi.

      Oyim bir zum supa oldida turdi-turdi-da, birdan menga o‘shqirdi:

      – Nimaga serrayib turibsan? Yo‘qol ko‘zimdan, juvonmarg!

      Yomon bo‘ldi. O‘sha kundan boshlab Sepkilli xola oyim bilan yuzko‘rmas bo‘lib ketdi. Ammo eng yomoni yana ikki oycha o‘tgach, salqin tushgan kunlardan birida bo‘ldi.

      O‘sha kuni maktabdan qaytsam, oyim sandiq ustiga muk tushib o‘tiribdi. Issiq kiyimlarni sandiqdan olgan shekilli, uy ichini kuya dorining hidi tutib ketgan, bumazi ko‘ylaklar, choponlar, quloqchinining ipi uzilgan telpaklar yer bilan bitta bo‘lib yotibdi. Yig‘layverib, oyimning ko‘zlari shishib ketgan. Dadam urgan bo‘lsa kerak, deb qo‘rqib ketdim. Sekin oldiga keldim. U bo‘lsa qayrilib qaramadi. Qo‘lidan ushlagan edim, oyim ilon chaqqandek qo‘lini tortib oldi.

      – Sen bolani yer yutsa bo‘lmasmidi! – dedi g‘azabdan ko‘zi yonib. – Shu kuningdan ko‘ra o‘lib qo‘ya qolsang bo‘lmasmidi, yer yutkur!

      Oyim hech qachon bunaqa qarg‘amagani uchunmi, yig‘lab yuboray dedim.

      Ammo shuncha yomon gapni to‘satdan eshitganimga karaxt bo‘lib qolgan edim.

      – O‘shanda nega unaqa deding, bo‘yginang lahatda chirigur! – dedi u yana dag‘dag‘a bilan.

      – Qachon? Nima dedim?

      – Folbinnikida, go‘rso‘xta, folbinnikida! – Oyim ovozi boricha chinqirdi. – Nega Sepkilli xolamni ko‘rdim, deding?

      – Nima qilay? – dedim alamdan chiyillab. – Ko‘zimga ko‘ringanini aytdim-da!

      – Mana-ku, ko‘zginang teshilgur, mana-ku! – Oyim kaftidagi allanimani yerga uloqtirdi. Oltin baldoq yerga tushib jiringlab sakrab ketdi.

      – To‘rko‘ylagimga ilinib qolgan ekan-ku! Yo‘qot, ko‘zimdan yo‘qot! Bir begunohga tuhmat qilgandan ko‘ra o‘lganim yaxshimasmi! – U birdan meni quchoqlab, yuzimni yuziga bosgancha hiqillab qoldi. – Endi nima qilamiz, jon bolam!

      Oyimning ko‘z yoshi birpasda yuzimni jiqqa suv qilib yubordi.

      – Nima qilamiz, o‘g‘lim! Bu sharmandalikka qandoq chidayman, o‘g‘iljonim! – Oyim madori qurigandek, sandiq ustiga muk tushib qoldi.

      Oradan ko‘p o‘tmay to‘y bo‘ldi. Sepkilli xola oyimni to‘yga aytmadi. Biroq oyim bir tog‘ora qushtili pishirdi. Hech nima bo‘lmagandek, to‘yxonaga chiqdi-yu yelib-yugurib xizmat qilib ketaverdi.

      Kechqurun hovlining o‘rtasida to‘nka qo‘yib gulxan yoqishdi. Sepkilli xolaning o‘ziga o‘xshab ketadigan sarg‘ish yuzli Hakim akaga to‘n kiygizib, salla o‘ratishdi, gulxan atrofini uch marta aylantirishdi, karnay-surnay chalindi… Uy ichida ayollar, Zebi xola dutor chertgan, xotinlar tortishmachoq qilgan… Xo‘ja, Toy, Vali, men – to‘rtovlashib tortishmachoq bilan ovora bo‘lib turgan xotinlar orasiga sho‘ng‘iymiz-u cho‘ntakni shirinlikka to‘ldirib chiqamiz… Keyin to‘yxonaning qorong‘i burchaklarida rosa bekinmachoq o‘ynadik.

      O‘sha kuni kech yotgan bo‘lsam ham juda erta uyg‘ondim. Endi tong otgan ekan. Qarasam, uyda hech kim yo‘q. Demak, to‘yxonaga chiqishgan.

      Men ham yuzimni «mushuk yuvish» qildim-u o‘sha yoqqa chopdim. Bo‘lmasa-chi, hozir «Kelinsalom» bo‘ladi-da.

      Xayriyat, «Kelinsalom»ga kech qolmabman. Hovli betkayida Sepkilli xolaning qarindosh-urug‘lari, to‘yda xizmat qilganlar to‘planib turishibdi. Erkaklar kam, xotinlar ko‘p. Faqat oyim ko‘rinmaydi. Hovli etagidagi to‘nkarib qo‘yilgan qozon orqasida g‘o‘laga minib o‘tirgan Valini ko‘rib, imlab chaqirdim.

      Bir mahal otin xola (Sepkilli xolaning qo‘li egriligidan shikoyat qilgan, biz bilan folbinnikiga borgan xuddi o‘sha semiz otin xola) oq sholro‘mol yopingan, atlas ko‘ylagi ustidan oldiga uqa tutilgan nimcha kiygan kelinchakni yetaklab ostonaga olib chiqdi. Parda orqasidan kelinning yuzi yaxshi ko‘rinmas edi. Biroq yaqinroqda turgan notanish xotinning ko‘zi o‘tkir ekan.

      – Vuy, muncha chiroyli! – dedi qattiq shivirlab. – Bir qoshiq suv bilan yutgudek-a!

      – Baxti bor ekan sariq mashakni! – dedi boshqasi unga javoban.

      Otin xola bir tomoq qirib oldi-da, ovozi boricha baqirdi:

      – Assalomu alaykum, kelinsalo-o-om!

      Kelinchak ohista bosh egdi. Hovlidagilar chekka-chekkadan ma’qullab javob qilishdi:

      – Baraka topsin!

      – Rahmat.

      – Qo‘shgani bilan qo‘sha qarisin.

      Otin xola yana bir marta tomoq qirib, ovozini sozlab oldi-da, boyagidan ham balandroq hayqirdi:

      – Assalomu alaykum, kelinsalo-o-o-m!

      Karmonni katta ochgan

      Ayamay pulni sochgan,

      Qorinlari qopday,

      Mo‘ylovlari shopday

      Qaynotasiga salo-o-m!

      Odamlar chekka-chekkadan kulib yuborishdi. Isroil mo‘ylov hovli etagidagi xonadan karnayga o‘xshatib o‘ralgan kattakon namatni qo‘ltiqlab chiqdi. Hovli o‘rtasidan pishillab o‘tdi-da, namatni oborib kelinning oyog‘i tagiga qo‘ydi. Mo‘ylovini g‘olibona qiyofada bir buragan edi, xotinlar qiy-chuv solib kulib yuborishdi. Isroil mo‘ylov uvali-juvali bo‘linglar, deb fotiha o‘qidi. Otin xola yana bir tomoq qirib oldi:

      – Assalomu alaykum, kelinsalo-o-o-om!

      Tili