O‘tkir Hoshimov

Dunyoning ishlari


Скачать книгу

– G‘ing desang, suvga otvoraman.

      Shu payt uzoqdan allakimning qadam tovushi eshitildi.

      – Kelyapti! – dedi jo‘raboshi pichirlab. Shosha-pisha qovoq pallasini ochdi. Kerosin hidi qayerdan kelayotganini endi bildim: qovoqning ichi to‘la lampamoyga botirilgan latta ekan. Jo‘raboshi yonidan gugurt olib chaqqan edi, lop etib olov ko‘tarildi. U chaqqonlik bilan ikkinchi pallani yopdi-da, qovoqni suvga qo‘yib yubordi. Suv yuzasida «og‘iz-burni»dan olov chiqarayotgan «kalla» qalqib-qalqib suzib ketdi. Jo‘raboshining niyatini endi tushundim. Boyagi qadam tovushlari Zebi xolaniki ekanini ham endi bildim. Qorong‘i bo‘lsa-da, katta-katta qadam tashlashidan, yelkasidagi ketmonidan tanidim. Hushimni yig‘ib olgunimcha u tuproq ko‘prik ustiga kelib qoldi. Suv yuzida qalqib kelayotgan olovli «kalla»ni ko‘rdi-yu taqqa to‘xtadi.

      – Voy, voy o‘lmasam! – dedi-da, ko‘prik ustiga tappa o‘tirib qoldi. – Bis-bis-bismillo… – dedi duduqlanib. Hatto tovushi ham ingichkalashib ketgandek bo‘ldi. Keyin gandiraklab o‘rnidan turdi-da, ovozi boricha qichqirdi. – Dod, voy-dod!

      O‘rnimdan otilib turdim.

      – Qo‘rqmang, xola! – dedim baqirib. Ammo jo‘raboshi bilagimdan mahkam tutib, kerosin hidi anqib turgan kafti bilan og‘zimni to‘sdi. Ko‘nglim aynib ketdi.

      – Qo‘yvor, eshak! – dedim bo‘g‘ilib. – Baribir aytib beraman!

      – Aytib ko‘r-chi! – jo‘raboshi yana mushtini do‘laytirdi. – Jig‘ingni ezib qo‘yaman!

      Boyadan beri angrayib turgan Toy jahl bilan qo‘l siltadi-da, indamay nari ketdi.

      Ertasiga choy ustida oyim vahimali xabarni dadamga aytib berdi:

      – Zebi opa sho‘rlik bir holatda yotibdi. Ajina ko‘rdim, deydi. Og‘zidan olov sochib bechoraga daf qilganmish. Yo ko‘ziga ko‘ringanmi…

      Dadam jerkib berdi:

      – Ajinaga balo bormi? Bitta-yarimta xudobexabar qo‘rqitgandir-da.

      – Bechoraga shu ko‘rgilik ham bor ekan, – dedi oyim iztirob bilan. – O‘zining g‘ami yetmasmidi…

      Hammasiga men aybdordek sekin boshimni ichimga tortdim-u mum tishlab o‘tiraverdim.

      Zebi xolaning nima g‘ami borligini bir haftadan keyin tushundim. O‘sha kuni Hoji buvining chorbog‘ida sumalak bo‘ldi. Qiyg‘os gullagan o‘rik tagiga sholcha yozilgan, hamma topganini olib chiqqan, xotinlar bir-biriga gap bermay chuvullashar, biz bolalar ham sumalak yalashdan benasib qolmaslik uchun atrofda o‘ralashar edik. O‘shanda Vali bilan yangi o‘yin topib olgandik. Baquvvatroq simni «Ch» harfiga o‘xshatib buklaymiz-da, eski bochkadan chiqqan temir halqaga tirab g‘ildiratamiz. Qancha tez yugursak, g‘ildirak shuncha qattiq jaranglaydi. Agar ovozini pasaytirmoqchi bo‘lsak, buning ham yo‘li bor: g‘ildirakni suvga botirib olsak, ovozi chiqmaydi. Maza!

      Bir mahal Zebi xolaning oldida o‘tirgan oyim imlab chaqirib qoldi.

      – O‘rtog‘ing bilan borgin-da, – dedi sekin, – adangning hujrasidagi dutorni obke.

      Ikkilanib qoldim. Dutorga hech kim qo‘l tegizolmas, dadam uni doim hujarasida saqlar, ba’zan kechqurunlari «Dilxiroj», «To‘rg‘ay», «Qari navo», yana allaqanday kuylarni chalib o‘tirishni yaxshi ko‘rardi. Oyimning aytishicha, dadam dutorni yoshligida eng zo‘r ustaga buyurtirib yasatgan ekan.

      – Bilib qolsalar urishadilar-ku, – dedim oyog‘im tortmay.

      – Bilmaydi! – Zebi xola qo‘l siltab do‘rilladi. – Nima, yeb qo‘yarmidim.

      – Ketdik! – dedim Valiga.

      Ikkalamiz g‘ildiraklarni jaranglatgancha yugurib ketdik.

      – Ehtiyot bo‘l, sindirib qo‘yma! – deb baqirdi oyim ketimizdan.

      …Zebi xola g‘ilofni ochgan zahoti dutor sadaflari yaraqlab ketdi. U dutorni cherta boshlashi bilanoq, boyadan beri chuvur-chuvur qilayotgan xotinlar jimib qolishdi. Qiziq, o‘zim ham o‘rikka suyangancha bir qo‘limda sim, bir qo‘limda g‘ildirak bilan qotib qoldim. Dutor dadamning qo‘lida qandaydir sho‘x, baland ovozda jaranglar edi. Hozir Zebi xola chertganda esa ingrab yuborgandek bo‘ldi. Go‘yo dutorni Zebi xola chalmas, torlarning o‘zi nola qilar edi. Ayollar har xil alpozda sehrlangandek qotib qolishgan, bahor chechaklari barq urgan daraxtzor orasida, oqish-pushti o‘rik gullari qanotida, Hoji buvining qizg‘aldoqlar lovullagan pastak tom ustidan nurdek mayin kuy taralardi.

      Zebi xola bir-ikki tomoq qirib oldi-da, qo‘shiq boshladi. Uning erkaklarnikiga o‘xshash do‘rillagan ovozi ashula aytganida shu qadar yoqimli bo‘lib ketganiga hayron qoldim. Yo‘q, uning tovushi mayinlashgani yo‘q. Ammo u shunchalik bosiq, shunchalik o‘rtanib kuylardiki, badanim jimirlab ketdi.

      Yor yurgan ko‘chalarni supuray sochim bilan,

      Changi chiqsa suv sepay, ko‘zdagi yoshim bilan…

      Mayin shamol esar, o‘rik gullari unsiz to‘kilar, daraxtzor ostida maysalar ohista tebranar, ammo butun tabiat bir zum unsiz bo‘lib qolgan, hamma-hammasi faqat mana shu dutor sadolari-yu mana shu qo‘shiqni tinglash uchun tinchib qolgandek edi. O‘sha manzarani o‘ylasam, xayolimga hadeb bir gap keladi.

      Keyin, katta bo‘lganimdan keyin ham muhabbat haqida, vafo haqida ko‘p qo‘shiqlar eshitdim. Biroq, ayol sadoqati to‘g‘risida bundan yaxshi ashula eshitganim yo‘q…

      Zebi xola endi ko‘zlarini yarim yumgancha boshqa qo‘shiq aytardi.

      Jon bolam, jonim bolam, qaylardasan, bergil xabar,

      G‘amda boshim, ko‘zda yoshim, ichganim bo‘ldi zahar.

      Za’farondek sarg‘ayurman, hasratingda qon yutib,

      Ko‘zlarimning nuri ketdi, yo‘llaringga ko‘z tutib.

      Hammamiz qo‘rqadigan, ko‘rganda hammamiz qochadigan Zebi xola shumi? O‘sha qo‘pol, o‘sha jahldor Zebi xolami shu? Valining oyisida shuncha dard bormidi? Shuncha alami bor ekanmi? Nimaga biz bilmagan ekanmiz?

      Zebi xolaning yumuq ko‘zlaridan ikki tomchi yosh silqib chiqdi-yu qirra burnining chetida to‘xtab qoldi. Dutorni yonboshiga qo‘ydi-da, keng yengining uchi bilan ko‘zini artdi. Hamma jimib qolgan, hech kim birinchi bo‘lib gapirishga jur’at etolmas edi.

      – Hech bo‘lmasa, Kimsanim kelgandayam mayli edi,– dedi u xo‘rsinib.

      – Qo‘ying, opajon, – dedi oyim sekin. – Unaqa demang, Xudoga shukur, mana bor-ku. – Oyim nariroqda g‘ildirak ushlab mo‘ltirab turgan Valiga imo qildi. – Nasib etsa, to‘ylar qilasiz, qo‘sha-qo‘sha nevaralar ko‘rasiz.

      Zebi xola yalt yetib Valiga qaradi. Ko‘zida yosh bilan jilmaydi.

      – Sumalak yedingmi, o‘g‘lim? Qorning ochib qolgandir?

      – Yedim, – dedi Vali sekin. U ham oyisining yig‘laganini ko‘rib o‘pkasi to‘lib turardi.

      – Bo‘lmasa, o‘ynay qolinglar.

      Birpasdan keyin Zebi xola bizni yana chaqirdi.

      – Oborib qo‘ya qol joyiga, – dedi dutorni g‘ilofga solib. – Dadangdan baloga qolib yurmay tag‘in.

      Bir qo‘limda dutor, bir qo‘lim bilan g‘ildirak g‘ildiratgancha yo‘lga tushdim. Vali ham g‘ildiragini aylantirib yonma-yon borar, ammo endi avvalgidek yugurmas edik. Qulog‘imda hamon Zebi xolaning qo‘shig‘i yangrab turar, go‘yo g‘ildiraklar ham g‘ildirak emas, dutorning ikki tori edi. Ana, ikkovi bir-biriga jo‘r bo‘lib jaranglayapti. Zebi xola bo‘lsa hamon qo‘shiq aytyapti:

      «Jon bolam, jonim bolam, qaylardasan, bergil xabar…»

      Chetini o‘t bosgan ariqchadan o‘tayotganda g‘ildiragim sakrab ketdi. Bir hatlab oldinga talpingan edim, o‘tga sirg‘anib yiqilib tushdim. Dutor yerga urildi… qars etdi. Tamom! Kuy ham, qo‘shiq ham tindi-qoldi.

      – Sindi!