O‘tkir Hoshimov

Dunyoning ishlari


Скачать книгу

– Egamberdi aka shunday hayqirdiki, uy ichi zirillab ketdi. – M-men q-qonga belanib yotganimda, bu q-q-qanjiq birovning q-qo‘ynida yotgan!

      Shu gapdan keyin Xo‘janing oyisi sekin egilib, sumkasini oldi-da, eshikka yo‘naldi. Egamberdi aka xuddi hazar qilgandek nari surildi. Shunda boyadan beri indamay turgan Xo‘ja onasiga talpindi.

      – Oyi-i-i! – dedi iltijo bilan.

      Uning ovoz chiqarmasdan, yosh to‘kmasdan yig‘lab turganini his etdim. Yo‘q, uning ko‘zida yosh yo‘q edi. Faqat onasiga qarab javdirardi.

      Onasi sekin yurib qaytib keldi. Ohista egilib, Xo‘janing ikki yuzidan o‘pdi.

      – Dadangni xafa qilma, – dedi-yu tez-tez yurib chiqib ketdi.

      – Oyi-i-i! – dedi Xo‘ja umidsiz, ojiz tovushda. Biroq orqasidan chopmadi. Uy o‘rtasida to‘xtab qoldi.

      Egamberdi aka yana bir zum boshi titragancha qarab turdi-da, eshikni qarsillatib yopib, chiqib ketdi. Oyim lablarini tishlagancha hiqillab yig‘lab yubordi. Ildam kelib, Xo‘jani bag‘riga bosdi.

      – Aynovni-ya! – dedi uning boshini silab. – Qo‘yaver, oying yana keladi.

      Tomog‘imga bir narsa tiqilib qolgan, nafas olishga qiynalardim. Bir mahal qo‘limga nimadir yopishayotganini payqadim. Qarasam, shokolad erib ketibdi. Nima qilishimni bilmay, Xo‘jaga uzatdim.

      – Ma, ishkalad yeysanmi?

      Xo‘ja indamay turar, ko‘zlarida kattalarnikiga o‘xshash tushunib bo‘lmaydigan chuqur ma’no bor edi.

      O‘sha voqeadan keyin bir oycha vaqt o‘tgach, Xo‘janing dadasi uylandi. Oyimning ta’biri bilan aytganda, sovigan oshdekkina to‘y bo‘ldi. Faqat Zebi xola dutor chertib, yo‘g‘on, shirali ovozda ashula aytganida to‘yxona jimib qoldi.

      Shishani zargarga berdim to‘tiyo bo‘lgaymi deb,

      Chin ko‘ngilni yorga berdim oshno bo‘lgaymi deb…

      Hamma-hamma bilan, tavanxonada o‘tirgan oyim biz bilan, nuqul Xo‘jani chaqiradi, goh cho‘ntagiga qovurma chuchvara solib qo‘yadi, goh popukqand beradi.

      To‘ydan keyin Xo‘ja avvalgidan ham ma’yus, indamas bo‘lib qoldi. Oyim mehribonchilik qilgan sayin o‘zini olib qochadi. O‘shanda bir narsani bilmagan ekanman, keyin tushundim. Odam o‘zining nochorligini qanchalik chuqur his qilsa, shuncha mag‘rur bo‘larkan.

      Bir kuni ertalab, odatdagidek jildini osgancha, Xo‘ja eshikdan kirib keldi. Oyim unga ko‘zi tushishi bilan chumchuqdek chirqillab qoldi.

      – Kim urdi seni?! Qaysi qo‘ling singur urdi?

      Qarasam, Xo‘janing yuzi momataloq bo‘lib ko‘karib ketibdi.

      – Nimaga uradi?! – dedi oyim ovozi qaltirab. – Shuncha ko‘rgiliging yetmaydimi o‘zi, Xudo urgurlar!

      – Urgani yo‘q, – dedi Xo‘ja yerga qarab. – Narvondan yiqilib tushdim.

      Maktabga ketayotganimizda sekin so‘radim.

      – Dadang urdimi?

      Xo‘ja bir zum javdirab qarab turdi-da, bosh irg‘adi.

      – Opam kir yuvgan edi, – dedi shivirlab (u o‘gay onasini opa derdi), – yoyib qo‘ygan ko‘ylagini buzoq yamlabdi.

      – Dadang yomon-a?

      – Yo‘q, – Xo‘ja keskin bosh chayqadi. – Dadam opamni yomon ko‘radi. Shunga achchiq qilib urdi. – U hech kimga aytmasligi kerak bo‘lgan sirni ochayotgandek, atrofga javdirab qarab oldi-da, qo‘shib qo‘ydi. – Dadam oyimni yaxshi ko‘radi…

      O‘sha bizning oxirgi suhbatimiz bo‘ldi. Xo‘ja negadir ikki dars o‘qib ketib qoldi. Darsdan qaytib kelsam, oyim yo‘q. Kechqurun allaqayoqdan horib-charchab qaytdi.

      Ertasiga ertalab Xo‘jani kutib o‘tirgan edim, oyim negadir jerkib berdi.

      – Xo‘ja bilan kindiging bittami! Boraver maktabingga.

      Indamadim. O‘sha kuni Risolat opa ham Xo‘jani yo‘qlama qilmadi.

      Qaytib kelsam, oyim haliyam jahlidan tushmabdi. Xo‘janing buzog‘ini hovlidagi bodomga arqonlab, hadeb kimnidir qarg‘ayapti.

      – Uyiga oborib ber, manavi harom o‘lgurni! – dedi arqonning uchini uzatib.

      Yomon bir narsani his qilib, bo‘shashib ketdim:

      – O‘zi-chi? O‘zi qani?

      – Xo‘ja ketdi, bildingmi! – Oyim yana jerkib berdi. – Oyisi bilan ketdi.

      Talmovsirab qoldim. Xo‘janing buzog‘ini yetaklab borarkanman, uni judayam yaxshi ko‘rishimni ilk bor anglab yetdim. Ularning darvozasiga yaqin kelishim bilan yuragimni qo‘rquv bosdi. Darvoza oldida Egamberdi aka o‘tin yorar edi. O‘rik shoxini bir uchidan ushlab, to‘nka ustiga surib qo‘yadi-da, yerda yotgan boltani olib, cho‘nqaygancha zarb bilan uradi, shunda chap qo‘li tayoqdek osilib, yerga tegib ketadi. Keyin boltani yerga tashlab, sog‘ qo‘li bilan shoxni yana to‘nka ustiga suradi-yu qaytadan boltani olib, tag‘in chopadi… Qo‘rqa-pisa to‘xtab qoldim.

      U qaddini rostlagan edi, menga ko‘zi tushdi.

      – N-nima gap? Xo‘ja q-qani? – dedi goh menga, goh buzoqqa qarab.

      – Xo‘ja ketdi. – Qo‘rquvdanmi, alamdanmi, ovozim titrab chiqdi. – Chirchiqqa ketibdi.

      Uning qo‘lidan boltasi tushib ketdi. Bir zum lablari titrab, tikilib turdi-yu ko‘zlariga yosh qalqib chiqdi.

      – N-nega? N-nega ketadi? – dedi ingrab. Keyin kafti bilan yuzini to‘sgancha, to‘nka ustiga o‘tirib qoldi. Chap qo‘li hamon tayoqdek osilib turar, o‘ng yelkasi esa dir-dir titrar edi.

      Katta odamning yig‘lashini birinchi ko‘rishim edi. Kecha Xo‘jani urganini eshitganimda qanchalik yomon ko‘rgan bo‘lsam, hozir unga shunchalik rahmim kelib ketdi. Buzoqning arqonini qo‘yib yubordim-da, uyga yugurdim. Yugurib borarkanman, yig‘lardim, nimaga yig‘layotganimni o‘zim bilmasdim-u, hech o‘pkamni tutolmasdim.

      Keyin Xo‘jani boshqa ko‘rmadim. U ora-chora tushimga kirib qolar, nuqul ko‘zlarini javdiratib turgan bo‘lardi. Bahor paytlari kunchiqar tomondagi tog‘lar yaraqlab ko‘rinar, ularni har ko‘rganda xayol surar edim. O‘sha tog‘lar orasida Chirchiq degan shahar bor. Shunaqa katta shaharki, Toshkent uning oldida hech gapmas. U yerda shunaqangi katta daryolar borki, ichida akulalar suzib yuradi. O‘sha shaharda Xo‘ja degan bola bor. Dunyoda undan yaxshi bola yo‘q. Xo‘ja o‘sha daryolarda bemalol suzadi. O‘sha tog‘lar ustiga chiqib, butun dunyoni tomosha qiladi. U meni ham ko‘rib turibdi. Faqat men uni ko‘rolmayapman…

      Ancha yillardan keyin, o‘ninchi sinfni bitirayotganimda Xo‘janing daragini eshitdim. Kechki ovqatdan keyin dadam oyimga gapirib qoldi:

      – Egamberdi bechora kuyib adoyi tamom bo‘pti. Chirchiqdan kelyapman, deydi. O‘g‘li cho‘ntak kesayotganda qo‘lga tushganmish.

      Oyim: «A?» dedi-yu qo‘lidan piyola tushib ketdi.

      Men karaxt bo‘lib qolgan edim. Yo‘q, ishonmayman. Yolg‘on, bu gap yolg‘on! Dunyoda Xo‘jadan yaxshi bola yo‘q. Xo‘ja yomon bo‘lishi mumkin emas… Tag‘in kim biladi deysiz, hayot qonunlari har doim ham bizning xohishimizga bo‘ysunavermaydi…

      OY QUYOSHDAN NUR OLADI

      Ataladan suyak chiqibdi, degandek, ayni saratonda shamollab yurganimni qarang. Dalaga chiqqandim, anhorda cho‘mildim. Qaytishda mashinaning to‘rttala oynasini tushirib qo‘yganim uchunmi, kechasi bilan isitmalab, hammayog‘im qaqshab chiqdi.

      Ertalab rayon poliklinikasiga bordim. Qarasam, odam tirband. Tor yo‘lakning ikki chetidagi qator kursilarda biri boshini changallagan, biri bo‘ynini o‘rab olgan bemorlar. Oradan turtinib o‘tib kerakli eshik yaqiniga borsam, odam ayniqsa tiqilinch. Boshim sirqillagancha devorga suyanib ancha turdim. Nihoyat, menga