dedi kim birov.
Saroydan bu jinnini
Quvlamoq kerak darrov.
Lekin xoqon ko‘p fozil,
Oqil-u dono edi.
“Xo‘sh, topding qanday tadbir,
Qani, cho‘pon, ayt!” – dedi.
“Boshliqlar chiqib ketsin,
Faqat o‘sha paytda man,
Bu tadbirni, bu sirni
Bitta sizga aytaman!”
Xoqon dedi: “Ey Shiroq,
Sening ko‘ngling bo‘lsin to‘q.
Mening bu boshliqlardan
Yashirguvchi sirim yo‘q!”
“To‘g‘ri, lekin bularning
Xotini, bolasi bor.
To‘g‘risi bor odamning,
Odamning olasi bor.
Shubham yo‘q boshliqlardan,
Lekin maqol borki, bas:
Uch kishi bilgan sirning
Aslo sirligi qolmas”.
Birdan saroy ichida
Zo‘r g‘alayon qalqidi.
“Xoqon, sizga tajovuz
Qilmoqchidir balki u?!
Xoqon, nahot ishonmay
Shuncha ashraf-a’yonga,
Ishonsangiz shu tezak
Hidlab yurgan cho‘ponga?!”
Ko‘rsaki Shiroq, hech kim
Ishonmaydi so‘ziga.
Tor keldi unga dunyo,
Qon quyildi ko‘ziga.
Qindan olib pichog‘in
G‘alat o‘yin boshladi.
Burni, ikki qulog‘in
Shartta kesib tashladi.
Bu dahshatdan bir lahza
Qotib qoldi olomon.
Shiroqning ust-boshiga
Tirqirab oqardi qon.
“Hoy, bo‘ling tez, – der xoqon, –
Bir odamni so‘ydirib
Nega qarab turibsiz,
Namat bosing kuydirib!”
Jarohatga namatni
Kuydirib bosishgan on,
Asta-sekin qon tindi,
O‘ziga keldi cho‘pon.
So‘ng chiqib ketdi hamma,
Cho‘pon-u xoqon qoldi,
Vatan deya atalgan
Yer bilan osmon qoldi.
Biri turib yuksakda
Adli bilan sochsa nur,
Biri qora ter to‘kib
Rizq-nasiba yetkazur…
Suhbat uzoq bormadi,
Tugamay bir chovgum choy,
Shiroq saroy ichidan
Chiqib keldi, hoynahoy.
Bilmam, ne dedi Shiroq,
Xoqon unga ne dedi?
Chunki o‘sha saroyda
Men o‘zim ham yo‘q edim…
SHIROQ DORO HUZURIDA
Shaklar yurti, go‘zal diyor,
Ta’rifingga yo‘qdir so‘z.
Har yov seni qildi havas,
Har bosqinchi tikdi ko‘z.
Ko‘klami jannat kabi,
Yozlari bir tush o‘lka.
Kuzi oltinning o‘zi,
Qishlari kumush o‘lka.
Yuraklarga o‘t solgan
Misli o‘t-otash Vatan.
Falakning andozasi,
Osmonga tutash Vatan.
Yerga suqsang ko‘karar
Cho‘ponning tayog‘i ham…
Mana, seni toptadi
Doroning oyog‘i ham.
Minglab chodir tikilgan,
Qoq o‘rtada qarorgoh.
Kulgu o‘rlar falakka,
Ko‘kka o‘rlar zor-u oh.
Lashkar uchun xizmatda
Minglab cho‘ri, qul edi.
Forslar g‘alabadan mast,
Ishratga mashg‘ul edi.
Oson kechgan janglardan
Doro shod edi juda.
Chodirida – a’yonlar,
O‘yin-kulgu avjida.
Shu payt kirib bir posbon
Bukildi, ta’zim qildi.
O‘pdi Doro etagin,
Oyog‘iga yiqildi.
Dedi: ”Kelmish bir yigit,
Maymun yig‘lar holiga.
Ruxsat so‘rar kirgali
Bu dargohi oliyga!”
“Kim ekan u? – der Doro,
Norozi nigoh tashlab, –
Xo‘p, qurolin oling-u,
O‘zini keling boshlab”.
Kirib keldi bir jonzot,
Odamlik siyog‘i yo‘q.
Qo‘l-oyog‘i, boshi bor,
Burni yo‘q, qulog‘i yo‘q.
Aysh ichra bu Doroga
Juda xunuk ko‘rindi:
Qaydan kelmish g‘o‘laga
Qo‘ndirilgan bu mo‘ndi?
“Xo‘sh, kimsan, nega kelding,
Bu ne turq-u tarovat!?”
“Shohim, men bir cho‘ponman,
Izlab keldim adolat!
Qabilamni shak derlar,
Otimni derlar Shiroq.
Xalqim ham, xoqonim ham
Qadrim bilmadi biroq!”
“Nega?”
“Sizning bu yurtga
Kirganingiz bilgan on,
Qabila boshliqlarin
Kengashga yig‘di xoqon.
Birov dedi, Doro zo‘r,
Bundan ko‘chib ketamiz,
Uning oyog‘i yetmas
Joylarni yurt etamiz.
Birov dedi, biz unga
Bosh egmaymiz hech qachon.
Kurashamiz qolguncha
Toki so‘nggi tomchi qon.
Men ularning fikriga
Qarshi chiqdim banogoh.
Dedim, Dorodek odil
Olamda yo‘q shahanshoh.
Bundan ko‘chib ketsak biz,
Kim sig‘dirar yeriga.
Bu dunyoda