yomon kunlar ham keladi, ko‘nish kerak bunga. Bundan o‘ttiz besh yil ilgarimikan, rastada do‘konni ochgan yilim edi-da, boshimga bir mushkul ish tushdi: ba’zi vaqtda savdogarlar ham siqilib qoladi, sen bunga tushunmaysan. Menga pul kerak, qayerdan olaman! «Rakat» mavzuida otadan qolgan uch tanob joy bor edi, koranda ishlatar edi. Ba’zi og‘aynilarim, shuni sot, deyishdi. Vaqti kelganda, jiyan, do‘stlar qo‘ltig‘ingga kirib, balchiqdan tortmaydi. Men do‘stlarga sira ishonmayman. Maslahatga hammasi chaqqon. Nega desang, maslahatgo‘ylik oson narsa-da; tili qimirlaydi, xolos. Men ularga quloq solmadim. Boshni u yoqqa urdim, bu yoqqa urdim, axir bir evini topdim, jiyan. Sandiqdan xotinimning kiyim-kechagini chiqardim, uyni bezashdan boshqa narsaga yaramaydigan asboblarni yig‘ishtirdim, barini sotib pul qildim. Bilasan, xotin ahli molga o‘ch bo‘ladi, alalxusus, sandiqdagi molni yer-ko‘kka ishonmaydi. U yig‘ladi-siqtadi. «Sandiqda chirib yotgan moldan yerdagi axlat a’lo, ablah», dedim unga. Xotin erning quli; xotinning ko‘ngliga, ra’yiga qarash ish qilgan erkak odam emas, jiyan. Ishim to‘g‘rilanib ketdi, yerim o‘zimda qoldi.
– Tog‘a, boshqa ilojimiz yo‘q edi. Mana sizda narsa bor ekan, sotibsiz, bizda bir parcha yerdan boshqa, ko‘zga ilinarli hech narsa yo‘q edi. Men qarab turmadim, poda boqdim, o‘roqchilik qildim, otboqar bo‘ldim. Ayam boshoq terdi. Qishloqda tirikchilik qilish juda qiyin. Ochlik-yalang‘ochlikka ko‘nikib, tirikchiligimizni qilar edik, lekin bir narsaga boshimiz garang bo‘lib qoldi: dadamning gardanida qarzi bor ekan. Ozgina. O‘ttiz so‘mga ham yetmaydi. Dadam, kasali og‘irlashgandan keyin, tashvishga tusha boshladi. «Ko‘zim ochiq ekan, qarzdan qutulib olay, go‘rimda tinch yotay, Yo‘lchi ro‘zg‘orga qaraydimi, qarzimni uzadimi», dedi ayamga. Xullas, yer juda arzonga ketdi. Kishining haqidan qutulganiga biz ham suyunib qolaverdik.
– Ha, bunday degin, – Mirzakarimboy oyoqlarini gilamga uzatib, silab, gapni davom ettirdi:– Bu endi boshqa gap. Qarz yomon narsa, jiyan. Qarzdan qutulish uchun yer tugul, kishi o‘zini qul qilib sotishi kerak. Odamning hayvoni kishi haqidan qo‘rqmaydi, kishi moliga ko‘z olaytiradi. Shunday odamlar borki, o‘zlarida hech nima yo‘q, boshqaning mulkiga hasad qiladi, ko‘rolmaydi. Faqirlikka bo‘ysunmaydi, yaxshi yeb, yaxshi kiyishni orzu qiladi. Jiyan, aqling bo‘lsa, kishining bir tiyiniga xiyonat qilma. Tiyin ham pul, yuz ming so‘m ham pul. Sen har narsani Ollodan ko‘r. U bers – xo‘p; bermasa – xafa bo‘lma, taqdirga shukur qil, nomusli kambag‘al bo‘l. U dunyoda foydasini bilasan. Qani, non ol, uzumga qara.
Yo‘lchining qorni juda och edi. U tungi salqindan fondalanib, to‘xtovsiz yurish bilan qiyom vaqtida shaharga kelgach, anhor labida o‘tirib qishloqda beliga tugib olgan bitta nondan boshqa hech nima yemagan edi. Lekin Mirzakarimboy, savdogar nazokatidanmi, yoki odatlanganidanmi, nonni juda mayda ushatgan edi. Yo‘lchi bir burdasini og‘ziga tiqsa, lunjining bir chekkasida yo‘qolib, ketar, patnisga ketma-ket qo‘l cho‘zaverishga iymanar edi. Sodda qishloq yigiti takallufni bilmasa ham, odob-ta’zim xususida onasi ancha-muncha gaplarni uqtirib yuborgani uchun, davlatmand qarindosh huzurida ovqatdan tortinishni ma’kul ko‘rdi, dasturxonni tezgina yig‘ishtirib, choy icha boshladi.
Mirzakarimboy qishloqi jiyani bilan so‘zlashishdan to‘xtagan bo‘lsa ham, fikri yigitni o‘rganish, uning kelishining chin sabablarini mulohaza qilish bilan mashg‘ul edi. U o‘z ichida shunday o‘yladi: «Qarindoshlarning ahvoli pachava, tirikchiligi bemaza. Yersiz, ot-ulovsiz qishloqining kun kechirishi – o‘lim azobi. Onasining uzoqlashib ketgan tog‘asini yigit bekorga yo‘qlab keladimi? Yo‘q, mandan kiyim-kechak, pul-mul olish umidida kelgan. Buni onasi yuborgan, albatta. Xotinlarning xulqi, odati ma’lum. To‘rtta qo‘shni xotin orasiga kirsa, boy tog‘am bor, eshigini yel ochib, yel yopadi, deb maqtansa kerak. Yaxshiyam o‘zi kelmabdi… Bo‘lmasa haligicha necha marta ko‘z yoshini to‘kib, tirikchiligidan zorlangan bo‘lardi. Bu yigit aqlli ko‘rinadi, ham ulug‘vor, vazmin yigit…»
Mirzakarimboy ilonning yog‘ini yalagan odam edi: hamma boylar kabi, ayyor, mug‘ambir, puxta-pishiq; u yuraksiz emas, balki har ishda ehtiyotkorlikni ma’qul ko‘rar edi. Mana shular orqasida u, kamtarin mahalla baqqolining o‘g‘li Karim chittak – kichkina, lekin harakatlari chaqqon va ildam bo‘lganidan, yoshlikda shunday laqabi bor edi, – hozir kimsan Mirzakarimboy!.. U Toshkentning eng oldingi boylaridan. Toshkentning eski va yangi shaharlarida to‘plab sotuvchi ikki gazlama do‘koni, Turkiston o‘lkasining turli shaharlarida katta-kichik ayrim do‘konlar, Toshkent tevaragidagi turli mavzularda yer-suv va hokazo unga qaraydi. Bundan tashqari, uning katta o‘g‘li Hakimboyvachcha yirik paxta savdosi bilan mashg‘ul…
Boy o‘z umrida ko‘pni ko‘rgan, ko‘pni tanigan, turli shahar va turli odamlar bilan muomala qilgan, uning qo‘lidan juda ko‘p xizmatkor, qarol, chorakor va hokazo o‘tgan. Shuning uchun odamni tez anglab olar edi. O‘zining bu xislatiga chuqur ishonar, bu bilan boshqalarga maqtanmasa ham (maqtanchoqlikni yomon ko‘rar edi u), ba’zi vaqt ichidan faxrlanardi. Mana hozir uning qarshisida mushtipar jiyanining o‘g‘li. U bilan turli narsalar haqida uzoq suhbatlashdi, lekin yigirma uch yoshli yigitning aqlida sira nuqson ko‘rmadi. Uning arslonday ko‘rkam gavdasi, keng peshonasi, chuqur samimiyat ifodasi bilan to‘la yirik, hushyor ko‘zlari, kir yaktagi ichidan qavarib turgan keng ko‘kragi, baquvvat qo‘llari, so‘zlaridagi qishloqcha soddalik va to‘g‘rilik (bu xususiyatni kambag‘al odamlarda katta fazilat deb topar edi boy) unga juda yoqdi. «Obdan chiniqqan yigit, unga berilgan ovqat behuda ketmaydi», deb o‘yladi u. Lekin shu bilan baravar, Mirzakarimboy Yo‘lchining butun siymosida katta jasorat va g‘urur. sezdi. Bu sifat unga jilla ma’qul tushmadi. Keyin, uning ehtiyotkorligi «sinamagan otning sirtidan o‘tma» degan xalq maqolini eslatdi, agar Yo‘lchi unikida ishlashni orzu qilsa, bir qancha vaqt sinamoqchi bo‘ldi: «Oqibat yaxshi bo‘lsa, qo‘limdan sira chiqarmayman. Yalqov va g‘irrom, yo qo‘li egri bo‘lsa, silliqlik bilan haydayman», deb o‘yladi.
– Jiyan, – ohista murojaat qildi Mirzakarimboy, – o‘ylab qarasam, ahvollaring chatoqqa o‘xshaydi. Nima qilasan, yana qishloqqa qaytasanmi?
Boyning savoliga Yo‘lchi qanday javob berishni bilmay qoldi. Qishloqdan chiqarkan, boy tog‘asidan, albatta, xizmat so‘rashni onasi uqtirgan edi. Endi u «qaytaman» desa, erta-indin qnshloqqa jo‘nashi kerak, u vaqt onasi xafa bo‘ladi: «Shunday katta dargohdan o‘rin topolmay qo‘lingni burningga tiqib qaytdingmi, noshud!» deydi. «Qolaman, biron xizmat topib bering», deyishga g‘ururi yo‘l qo‘ymadi, Chol takror so‘ragach, u javob berdi:
– Toshkentda ish topsam, balki qolarman. Mirzakarimboy soqolining uchini barmoqlari bilan chimdib, kulib qo‘ndi:
– Shaharda qayoqdan ish topasan? Bizda yura tur. Non-nasibang bizda bo‘lsa qolarsan, bo‘lmasa, qishlog‘inggami yo boshqa tomongami jo‘narsan. Rizqingnn Ollo taolo qayerga sochgan, biz bilamizmi?
– Xo‘p. Ixtiyor sizda, – boshini qimirlatib dedi Yo‘lchi.
Mirzakarimboy astagina o‘rnidan turdi. «Yorasulullo» deb ming‘irladi, supadan tushib, kechagina sotib olinganday, yarqiragan chiroyli, ixcham «sodiqi» kavushni oyoqlariga ildi, kavushni g‘ijirlatib, qari bo‘lsa ham xo‘rozday kekkayib, qo‘rg‘on tomonga yurdi. Naq shu pallada darvozadan katta qora sigir shataloq otib, orqasida bir kishini urib kirdi. Boy cho‘chib, o‘zini chetga oldi. Haligi kishi orqaga tashlanib oriq-chandir bo‘ynidagi tomirlari o‘qlovday qabarib, sigirni bazo‘r to‘xtatdi: «Hech kuchga bo‘yin bermaydi bu zantaloq…», – boyga qarab dedi u. Keyin birdan Yo‘lchini ko‘rib qolib, ko‘zlarida «u kim?» degan savol javdirar ekan, boy kulib unga gapirdi: «Yormat, bu bola jiyanim bo‘ladi. Tanish, ish o‘rgat!» U indamadi, sigirni uzoqda, devor tagidagi bir daraxtga bog‘lab qaytgandan so‘ng, Yo‘lchi bilan ko‘rishar ekan, qo‘rg‘on ichiga kirib ketgan boy bir zumda yana eshikda ko‘rindi:
– Yormat, shaharga otni tezroq olib tush, Hakimjon kutib qolmasin, bugun mehmonlar bor-a…
– Beda o‘rib qo‘yish kerak edi-ku, – boshini qashidi Yormat.
– A, kun ham kechikib qolibdi.
– Men o‘raman bedani, bedalaring qayerda?
–Yormatta qarab dedi Yo‘lchi.
Mirzakarimboy jiyanining ishga tayyorligidan rozi