orasida g‘oyib bo‘lgach, Yo‘lchi yengil, lekin yurakning ichidan kelgan bir xo‘rsinish bilan yana ishga tushdi.
Quyosh tik kelgan. Havo lovillab yonadi. Yo‘lchining yalang‘och yelkasini va orqasini quyosh qizdiradi. It akillamaydi, qushlar sayramaydi. Ular o‘zlarini soyaga olib mudrashadi. Yo‘lchi yerning tosh bag‘rini yorib to‘nka qo‘poradi. Qorni ochganligidan, ichi achishib, qandaydir behuzurlik sezadi. Na choydan, na nondan darak bor. «Mehmonlar bilan ovora bo‘lib, unutgan bo‘lishsa kerak…» deb o‘yladi yigit.
Naq peshin vaqtida Yormat choy-non olib keldi, ularni yerga qo‘ymasdan, Yo‘lchini koyidi.
– Tez chiqing-e… Kunning issig‘ini sezasizmi?!
– Yo‘lchining bajargan ishiga ko‘z yugurtib, o‘zicha o‘yladi: «Devkor yigit ekan».
Ular daraxt ostida, salqinda o‘tirishdi. Yormat nonni ushatib, dastlab Yo‘lchiga choy uzatdi va jiddiy tus bilan dedi:
– Ishning pir urgani shu. Kishini chaqib qo‘yadi.
– To‘g‘ri, ammo yigit odamga hech narsa emas, – beparvo javob berdi Yo‘lchi.
Yormat maysa ustiga uzala cho‘zilib, qattiq «uh» tortdi va choponining yoqasi bilan ko‘kragini yelpidi.
– Mehmonlarni kutib charchaganga o‘xshaysiz-a, Yormat aka? – kulib dedi Yo‘lchi.
– Be… Mehmon kutish-a…– qo‘zg‘almasdan gapira boshladi Yormat, – har qancha mehmon bo‘lsa, o‘zlari kutishadi. Men qancha ish qilib keldim! Bir arava go‘ng ortib, katta yerga eltib tashladim. Bir qozoqda ming bog‘ bedamiz bor edi, qaytishda undan bir arava bosib keldim. Yo kechki salqin bilan, yo ertaga ertalab shahar hovliga olib tushaman. Qanday beda, deng, bog‘i quchoqqa sig‘maydi. Qozoq halol ishlaydi, bizning sartiyada insof yo‘q. O‘ziyam suv tekin tushdi. Xo‘jayin erta ko‘klamda shartlashib, pulni to‘lab qo‘ygan edi.
– Puldorlar har bir narsani o‘z vaqtida g‘amlab, arzonga tushirishadi. Kambag‘alning sho‘ri quriydi, kerak vaqtda birni ikkiga oladi.
– Nafsilamr, gapingiz juda to‘g‘ri.
– Tog‘amizning yana boshqa yerlari bormi? qayerda? – dedi Yo‘lchi.
– Bu shunchaki salqinlab ketiladigan joy. Katta yer yuqorida, shu yerdan bir soat mo‘lroq yurasiz, u yerda nuqul paxta unadi. Unda xizmatkorlar, mardikorlar ishlab yotadilar. Eh-he, hali siz nima deb o‘tiribsiz. Ayniqsa, xo‘jayinning katta o‘g‘li Hakimboyvachcha paxtaga juda o‘ch odam. U kishi yolg‘iz vaxta savdosi bilan ovora. Toshkentdan, Farg‘onadan ham ko‘p paxta sotib oladi. Bularning hamma ishidan xabardorman. Axir kecha aytdim-ku, o‘n olti yildan buyon shu yerda xizmat qilaman. Shu yerga kelgan yilim, xudo bir qiz bergan edi, mana hozir bo‘yi yetib qoldi. Boshqa farzandim yo‘q, xudo umr bersin, ishqilib chirog‘imni o‘sha yoqsin…
Yulchining yodiga haligi qiz tushdi: «Shuning qizi emasmikin?»
– U piyolaga choyni quyib, Yormatning oldiga qo‘ydi.
– Iching. Siz toshkentlikmisiz? – dedi Yo‘lchi. Yormat boshini ko‘tardi, bir qo‘lini yerga tirab yonboshladi. Choydan bir-ikki ho‘plab, so‘zga kirishdi:
– Men Samarqandning bir qishlog‘idanman. Yosh pallamda yetim qoldim. O‘g‘irlikdan boshqa ishni – jamiki hunarni qilib ko‘rdim. Keyin samarqandlik bir boyga qarol bo‘lib yollandim. U kishi tog‘angiz bilan do‘st edi. Xo‘jayin Samarqand borsa, to‘g‘ri biznikiga borib tushar edi. Uch-to‘rt yil ishlaganimdan keyin, xo‘jayinim umri qisqa ekan, o‘ldi. Mol-mulki yosh bolalariga qoldi. O‘rtada har xil merosxo‘rlar ko‘paydi. Boylikning tagiga suv ketdi… Shu o‘rtada birdan bu xo‘jayin borib qoldilar. Toshkentga qaytishda meni ham olib jo‘nadilar. Chunki yaxshiligimni, to‘g‘ri, halol ishlaganimni bilar edilar. Umr ariqdagi suvdan tezroq oqar ekan. Shuncha yil o‘tibdi, ammo menga xuddi kechagiday bo‘lib ko‘rinadi.
Yo‘lchi diqqat bilan tingladi, Yormat piyolani. bo‘shatib yana davom etdi:
– Bu oilada nima sir o‘tsa, barchasi menga ayon. To‘y, aza – barisiga aralashaman. Mehmonlarini, qarindoshlarini ham taniyman. Boyning davlati ham menga ma’lum. Tog‘angiz miqti boy. Ayniqsa, mana shu besh-olti yil ichida boylik juda zo‘rayib ketdi, xo‘p deyavering. Xudoning qudratida, davlat bir kelsa, daryodek toshib kelar ekan… shunday, uka. Men bu dargohning o‘z odamiman. Dadangizni ham taniyman, bir-ikki suhbatlashgan edim, bu kun esimga tushdi.
– Siz xo‘jayindan yillik haq olsangiz kerak?
– Yormatning og‘ziga qaradi Yo‘lchi.
Yormat bir nafas sukut qildi. Bu savolga qanday javob berishga qiynalgan kabi, nosqovog‘ini o‘ynab, yerga tikildi. So‘ng asta gapirib ketdi:
– Xudo haqi, men xizmatimga bir narsa bering deb so‘ramayman. Insof o‘zlaringga bersin, deyman-da, yuraveraman. Qishda xo‘jayinlarning yonboshida bo‘lgan bir katalak hovlida yashayman. Yozda anov bog‘ning orqasida bir ayvonchada turamiz. O‘z dekchamizni o‘zimiz qaynatamiz. Xo‘jayinning qozonidan unda-munda bir totmasak… yo‘q, moysiz bo‘lsa ham o‘z dekcham yaxshi. Ayolim qishin-yozin ichkari hovlining yumushini qiladi, kir yuvadi, uy-joyii supuradi, non yopadi, ko‘rpa qaviydi. Xo‘jayinning qizi uchun palak, dorpech, qiyiq tikadi. Yumushdan ko‘pi bormi! Uka, bor-boricha, yo‘q – holicha, ishqilib, bir kunimiz o‘tib turibdi. Tirikchilik qiyin. Bir vaqtlar tuya yong‘oq, endi qumaloq ham ko‘zga dori. Non topolmay ko‘chada gadoylik qilib yurganlar ozmi, uka? Xudo shundan saqlasin…
Yormat og‘ziga nosvoy solib, jim bo‘ldi. Yo‘lchi ham boshini quyi solib, bir oz dam olishni istadi. Nogoh jimjit va qizg‘in havoni yangratib, hofizning ta’sirli ovozi ko‘tarildi. Ashulaning kuyi, aytuvchiniig tom jarangli ovozi Yo‘lchining yuragiga bahor latofati kabi to‘qindi. U ko‘zlarini suzib, ashula yangragan tomonga qaradi. Kuy uzoqdan, boynikidan uchar edi. U zavqni buzmaslik uchun, Yormatga bu to‘g‘rida hech nima demadi. Yoqimli sadoning sehriga berilib, ko‘zlari sekin yumildi, boshi yana quyiroq tushdi. Uning ruhi go‘yo ashulada jimgina eridi. Muloyim, dilnavoz sadolar uning butun tomirlaridan hordig‘ini sug‘urganday bo‘ldi. Ashula nihoyasiga yetdi. Lekin bir zumdan keyin, yana ayni tovush parvoz qildi. Ammo o‘zga maqomda, o‘zga, yana chuqurroq mavjlanishlar, jilvalar bilan ko‘ngilni yana qattiqroq sehrlovchi ingichka titramalar va ranglar bilan… Havoda u kuyning so‘nggi mavjlari tinarkan, Yo‘lchi dedi:
– Rosa ovozi bor ekan-da, yo‘lini ham qiyar ekan. Tog‘amiznikidanmi?
Nosvoyini tuplab, iljayib javob berdi Yormat:
– Ha, biznikida.
– Kechasi hech nima aytmadi-ku, kunduz keldi shekilli. Yormat kuldi.
– Bu hofiz butun olamga tanilgan. Yakkayu yagona ovoz… Ammo hozir o‘zi bu yerda yo‘q.
– Nima deysiz, – hayratlanib dedi Yo‘lchi? – o‘zi bo‘lmasa, ashula qayerdan?
– To‘g‘ri, o‘zi yo‘q, ashulasi bor… Gramofon degan buyumni ko‘rganmisan, yo eshitganmisan? – kulib so‘radi Yormat.
– Yo‘q, u nima bo‘ladi?
– Ashulachining ovozini mashinaga ko‘chiradi, ayrim-ayrim lagancha qilib… keyin shu mashinaning qulog‘ini burasang, lagancha gir-gir aylanib, ashula, dutor tanbur vang‘illayveradi. Xuddi jonli odamday.
– Qishloqi deb meni laqillatmoqchimisiz? – qoshini chimirdi Yo‘lchi.
– Nega laqillatayin?.. Ilm-hikmat bilan har nimani qilsa bo‘lar ekan. Shaharda ko‘nkani ilgari ot surgar edi. Mana endi ko‘nka otsiz yuribdi. Otsiz qanday yuradi? Hammasi ilmi hikmat. Gramofon ham shunday. U Farangistondan kelsa kerak. Tunov kuni bir bilgich odam: «U yoqda hunar baland bo‘ladi», degan edi. Gramofon boylar orasida rasm bo‘lib qoldi. Shunday o‘tirshilarda o‘rtaga qo‘yib chalishadi. Ishonmasang, kechqurun senga ko‘rsatay.
Birdan boshqabirovoz eshitildi: kimdir tez-tez gapiradi, dam erkakcha, dam xotincha so‘zlaydi, dam chaqaloq bo‘lib «inga»laydi…