banogoh to‘g‘risiga qarab qoldi, shunda nigohi Oliver Tvistning rangi o‘chgan, kapalagi uchgan yuziga tushdi. Bola Bamblning ogohlantiruvchi o‘qrayishlari-yu o‘ymalashlariga parvo qilmay, o‘zining bo‘lajak xo‘jasining jirkanch basharasiga shunchalar oshkora qo‘rquv va dahshat ichra tikilardiki, buni hatto shabko‘r hakam ham payqamay qolmasdi.
Keksa jentlmen biroz hayallab, patqalamni topdi-da, nigohini Oliverdan uzib, o‘zini beparvo ham bemalol tutishga tirishib, bir chimdim tamaki olgan mister Limkinsga qadadi.
– Bo‘tam! – dedi keksa jentlmen yozuv stoli uzra engashib qarab.
Oliver bu so‘zni eshitib, seskanib ketdi. Buning uchun uni afv etsa bo‘lardi, chunki ovoz erkalovchi, muloyim eshitilgandi, notanish tovush esa odamlarni cho‘chitadi. Uning butun a’zoyi badanida titroq turdi-yu, ko‘zlaridan yosh yumaladi.
– Bo‘tam, – takrorladi keksa jentlmen, – ranging oqarib, bezovta bo‘lib qolding. Nima gap o‘zi?
– Undan sal nariroq turing, bidl… – dedi ikkinchi hakam gazetani qo‘yib, qiziqsinib olg‘a engashar ekan. – Ana endi, bolakay, qani bizga aytib ber-chi, nima gapligini. Qo‘rqma, aytaver.
Oliver tiz cho‘kdi-da, qo‘llarini ko‘ksida chalishtirgancha, o‘zini yana o‘sha qorong‘i xonaga qaytarib yuborishlarini… ochdan tirishtirishlarini… kaltaklashlarini… istashsa, o‘ldirishlarini, ammo bu qo‘rqinchli odamga berib yubormasliklarini tavallo qila boshladi…
– Shunaqa degin-a! – dedi mister Bambl bag‘oyat dabdabali qiyofada qo‘llarini ko‘kka cho‘zib, ko‘zlarini samoga tikkancha. – Hali shunaqa degin! Umrim bino bo‘lib ko‘rgan ayyor-u dog‘uli yetimlar ichida sen, Oliver, eng surbet-u bezbeti ekansan.
– Tilingizni tiying, bidl, – dedi ikkinchi keksa jentlmen mister Bambl ushbu tumtaroqli ta’rif-u tavsifni aytib bo‘lgach.
– Afv etgaysiz, taqsirim, – dedi mister Bambl o‘z quloqlariga ishonmay. – Janoblari kaminaga murojaat etyaptilarmi?
– Ha. Tilingizni tiyib turing.
Mister Bambl taajjubda serrayib qoldi. Bidlga tilini tiyib turishni buyursalar-a! Oxir zamon yetibdi chog‘i!
Ko‘zoynakli keksa jentlmen hamkasabasiga qaradi. Kasabasi ma’nodor qilib bosh irg‘adi.
– Biz bu shartnomani tasdiqlashdan bosh tortamiz, – deb moyqog‘oz parchasini olib, chetroqqa tashladi.
– U… umid… – deb yamlanib gap boshladi mister Limkins, – umid qilamankim, bolaning hech bir asossiz guvohligiga tayanib, hakamlar go‘yo qavm ma’murlari biron nojo‘ya xatti-harakatda aybdor, degan xulosaga kelmaslar.
– Hakamlar bu masala yuzasidan biron-bir hukm-u xulosa chiqarishga majbur emaslar, – dedi ikkinchi keksa jentlmen keskin ohangda. – Bolani mehnat uyiga qaytarib olib boringlar-da, unga yaxshi muomala qilinglar. Chog‘imda, bu narsaga muhtoj u.
O‘sha kuni oqshomdayoq oq nimchali jentlmen mutlaqo qat’iyat bilan, Oliver nafaqat osiladigan emas, balki ustamasiga uni qatlgohga surgab borib, to‘rt pora qiladilar, dedi. Mister Bambl mahzun va sirli bir tarzda boshini sarak-sarak qilib, oxiri baxayr bo‘lsin-da, deb qo‘ydi, shundan so‘ng mister Gemfild, ishqilib qo‘limga kirsin-da, deya tilak tiladi; garchi mister Gemfild deyarli har bir narsada qavm bidlining fikriga qo‘shilayotgan bo‘lsa hamki, u, aftidan, bunday istakni bildirar ekan, bidl bilan fikrlari butunlay ayrichaligini namoyish etdi.
Ertasiga ertalab jamoatga yana Oliver Tvist shogirdlikka berilajagi va uni olish ixtiyorini bildirgan odamga besh funt to‘lanajagi ma’lum qilindi.
TO‘RTINCHI BOB
OLIVERGA BO‘LAK JOYNI TAKLIF ETADILAR, SHUNDAY QILIB U ILK BORA TIRIKLIK MAYDONIGA QADAM QO‘YADI
Basharti, aslzoda xonadon namoyandasi bo‘lmish o‘g‘lonni hadyanoma yoxud vasiqaga binoan biron qulay va manfaatli lavozim ila ta’min eta olmasalar, uni dengiz safariga yo‘llash odat tusiga kirgan. Kengash a’zolari shundayin oqilona hamda xalosko-rona taomildan ibrat olib, Oliver Tvistni sog‘liqning zavoli bo‘lgan biror ajoyib bandargoh sari safarga otlangan mo‘jazgina tijorat kemasida jo‘natib yuborilgani maqbul emasmikan, degan fikrni mulohaza-yu munozara qilishga tushdilar. Undan qutulishning jamiki usuli-yu choralari ichida xuddi ana shunisi eng a’losi bo‘lib tuyulardi: ehtimolki, biror kuni fe’li aynib turgan yoxud xushkayf darg‘a tushlikdan so‘ng uni o‘lasi qilib savalar yoki temir misrang bilan boshini urib yorar; unisi ham, bunisi ham shu toifadagi jentlmenlarning yoqtiradigan va kundalik ermaklari ekanligi ko‘pchilikka ayon edi. Kengash a’zolari bu holni yuqorida zikr etilgan nuqtayi nazardan qanchalik chuqurroq va kengroq mushohada etganlari sayin qarshilarida o‘ylagan rejalarining rang-barang afzallik jihatlari shunchalik ko‘proq namoyon bo‘la bordi; xullasi kalom, Oliverga lutf-u karam ko‘rsatishning birdan-bir usuli – uni darhol dengiz safariga jo‘natish, degan to‘xtamga keldilar.
Shunday qilib, ular tanish-bilishi yo‘q, kayut-yunga kerak biror darg‘ani izlab topish niyatida mister Bamblni so‘rab-surishtirgani jo‘natdilar. Mister Bambl zimmasiga yuklangan bu topshiriqning natijalari borasida axborot bermoq uchun mehnat uyiga qaytayotib, ittifoqo darvoza oldida mister Sauyerberi – qavm tobutsozini uchratib qoldi.
Eski qora kamzul, xuddi o‘shanday qora, yamoq ip paypoq bilan qora boshmoq kiygan mister Sauyerberi baland bo‘yli, qotma, suyagi buzuq odam bo‘lib, tabiatan turqi-tarovati tabassum uchun yaratilmagan edi-yu, lekin umuman olganda, kasbi koriga xos quvnoqlik ham begona emasdi unga. U yengil odim tashlab, mister Bamblga yaqinlasharkan, chehrasida chinakam mamnuniyat aks etdi va bidl bilan samimiy qo‘l olishdi.
– Mister Bambl, bugun tunda ko‘z yumgan ikki ayolni o‘lchab kelyapman, – dedi tobutsoz.
– Xullasi, boylik to‘plab yotibsiz-da, mister Sauyerberi, – javob qildi bidl bosh hamda shahodat barmog‘ini tobutsoz tutgan tamakidonga suqarkan; bu mahorat bilan yasalgan kichkinagina tobut nusxasi edi. – Sizni ishontirib aytamanki, siz boylik orttirib yotibsiz, mister Sauyerberi, xuddi shundoq! – takrorladi mister Bambl hassasi bilan tobutsozning yelkasiga do‘stona qoqib qo‘yarkan.
– Shunday deb o‘ylaysizmi? – deya javob qildi tobutsoz, go‘yo u shunday ekanini ham tan olayotgan va ayni chog‘da ham rad etayotganday bir ohangda. – Qavm kengashi narxni judayam past belgilaganda, mister Bambl.
– Qo‘ying-e, tobutlaringiz ham katta emas-ku unaqangi… – javob berdi bidl o‘zi kabi e’tiborli lavozimdagi shaxsgagina munosib tarzda jilmayib.
Mister Sauyerberiga bu nihoyatda yoqib tushdi (bunisi mutlaqo tushunarli edi) va u uzoq, qotib-qotib kuldi.
– Nimayam derdim, mister Bambl, – dedi u nihoyat, – yangi ovqatlanish tartibi o‘rnatilganidan beri tobutlarim ilgarigilariga qaraganda sal torroq va sayozroq bo‘layotganini inkor qilishimning o‘rniyam, imkoniyam yo‘q. Lekin mister Bambl, biz ham foyda ko‘rishimiz kerak-ku, axir! Yaxshilab quritilib, chiniqtirilgan taxta-yog‘och arzonmas, ser, temir tutqichlarni bo‘lsa, Birmingemdan kanal orqali jo‘natishadi.
– Shundoqlikka shundog‘-a, – dedi mister Bambl, – har bir kasbning o‘ziga yarasha sarf-xarajati bor. Albatta, halol foyda ko‘rishga ijozat etiladi.
– Albatta-da! – tasdiqladi tobutsoz. – Mabodo, men u yoki bu jihatdan foyda ko‘rolmayotgan bo‘lsam, nimayam derdim, baribir pirovardida hissasini chiqarib olaman, hi-hi-hi!
– Ha, barakalla, – dedi mister Bambl.
– Lekin bir narsani aytib qo‘yay… – deya so‘zini davom ettirdi tobutsoz bidl bo‘lib qo‘ygan o‘y-xayollariga qaytib, – bir narsani aytib qo‘yay, mister Bambl, bitta juda mushkul tomoni bor. Bilasizmi, ba’zida to‘la odamlar o‘lib turishadi. O‘ziga to‘q va talay yillar davomida soliqlarni to‘lab kelganlar mehnat uyiga tushib qolishganda hammadan oldinroq o‘lishadi. Shunday qilib, ijozatingiz bilan aytsam, mister Bambl, lozim bo‘lganidan ortiqcha ishlatiladigan uch-to‘rt enlikkina taxta hazilakam zarar emas, ser, ayniqsa oilali odamga.
Mister Sauyerberi