p>Biznes va hayotda norasmiy ta’lim
SO‘ZBOSHI
Donald bilan ishlashning afzalliklaridan biri uni kundalik hayotda kuzatish imkonidir. Tanishganimizdan buyon yillar davomida haqiqiy Donaldni ham, mashhur Donaldni ham o‘rgandim va ikkisi ham bir inson ekanini tushundim. Hayotdagi Donald ommaviysidan ancha zalvorli va ahamiyatliroqdir.
U bilan birga ishlar ekanman, uning qanday fikrlashiga, fikrlari so‘zlarga, so‘zlari harakatga aylanganiga guvoh bo‘ldim. Aksar hollarda bu insonning fikrlari, so‘zlari va amallari bir-birini mantiqan davom ettiradi. Balki, shu sababdan ham u dangal va cho‘rtkesarroq. Uning fikrlari, so‘zlari va amali bir butunlikni hosil qiladi, aynan shuning uchun ham Donald dangal.
Ko‘pchiligimizning bir o‘zi uch xil kishiga o‘xshaydigan tanishlarimiz bor. Ular bir narsani o‘ylashadi, boshqasini gapirishadi, amalda esa uchinchi ishni qilishadi, xatti-harakatlari o‘y-xayollariga ham, so‘zlariga ham umuman to‘g‘ri kelmaydi. Bunday odamlar muvaff aqiyatga erishganlariga qaramay, butunlay qarama-qarshiliklarga to‘la hayotda yashashlarini ko‘rganman.
1980-yillarning boshida ilk katta biznesimni yo‘qotdim. Boridan ayrilish hammamizning tasavvurimizdagi kabi juda yomon edi. Hamma narsamni yo‘qotdim va o‘zimni omadsiz sanay boshladim. Eng katta yo‘qotish o‘z kuchimga bo‘lgan ishonchni yo‘qotish edi. Nima qilish kerakligini bilar, ammo ayrim sabablarga ko‘ra qilmasdim. Keyingi o‘n yil mobaynida o‘z ustimda olib borgan ishim o‘z o‘y-fikrlarim ustidan boshqaruvni egallashga qaratildi. Yana to‘g‘ri fikrlay olish uchun buyuk insonlar fikrlarini o‘qib, eshita boshladim. Biznes bilan bog‘liq hayotim sekin, ammo to‘g‘ri rivojlana boshladi va yana g‘alabaga erisha boshladim.
1987-yilda fond bozorining qulashidan so‘ng qo‘limga Donald Trampning «Kelishuvlarga erishish san’ati» kitobi tushdi. Uni o‘qish uchun rafiqam bilan barcha ishlarni yig‘ishtirib qo‘ydik. Atrofimizdagi olam ag‘dar-to‘ntar bo‘layotgan bir paytda biz Donaldning so‘zlari va harakatlari orqali biznes olamini ko‘rish imkoniga ega bo‘ldik. 1994-yilga kelib, rafiqam bilan to‘liq moliyaviy erkinlikka erishdik. Bo‘sh vaqtimizda u bilan Donaldning kitobi bizni qanday ilhomlantirgani, atrofimizdagi betartiblikka qaramay olg‘a intilishga undaganini tez-tez eslaymiz.
1997-yilda Donaldning «Qaytish san’ati» («The Art of the Comeback») kitobini o‘qir ekanmiz, buyuk insonning o‘y-fikrlariga quloq tutayotganimizga amin bo‘ldik. Hamma ham haqiqatni ochiq ayta olmaydi, o‘z xatolari, saboqlar va tuganmas urinishlari haqida yozishga undan-da kamrog‘i tayyor.
2004-yilda Kim ikkimiz Donald bilan ilk bor uchrashdik. Albatta, biz tanish emasdik, ammo u juda xushmuomala edi va biz unga kitoblari orqali fikrlari bilan bo‘lishgani uchun minnatdorlik bildirdik. 2006-yilning oxirida Donald ikkimiz «Biz nima uchun boy bo‘lishingizni istaymiz?» nomli kitobni chop etdik.
Odamlar taqdiriga qiziqish va ular bilan o‘z bilimlarimizni ulashish istagi Donald ikkimizni bu kitobni yozishga undadi. Asarda 2008-yilda butun dunyoga xavf solgan moliyaviy inqirozni ham taxmin qilgandik.
Bu kitobga so‘zboshi yozish men uchun katta sharaf, chunki Donald rafiqam ikkimizni chempionlar kabi fikrlashga o‘rgatib, bizga katta sovg‘a ulashdi. Bu sovg‘a butun dunyoga atalgan… u puldan ham qadrliroqdir.
KIRISH
Hayotimda muvaff aqiyatga intilgan ko‘p insonlarni ko‘rdim. Men ham ulardan biriman. Cho‘qqiga chiqishimga hali ancha uzoq bo‘lsa-da, salmoqli natijaga erishishga ulgurdim. Shu tufayli menga muvaff aqiyat «sirlari» haqida ko‘p savol berishadi. Bu borada qandaydir sirlar bor deb o‘ylamayman, ammo har birimiz bizga yordam beradigan allaqanday formulani qo‘lga kiritishni istaymiz.
Ushbu kitobda, nazarimda, inson muvaff aqiyatga erishishi uchun fikrlarini ma’lum bir yo‘nalishga yetaklovchi g‘oyalar yig‘ilgan. Menga ularning foydasi tekkan. Bu asosiy qoidalarim va ularni hayotga tatbiq qilishning usullarini ochib beruvchi chuqur, mulohazali tomonimdir. Ommaviy axborot vositalari orqali yaratilgan obrazim bu aloqaga kirishuvchan, o‘ziga ishongan, ba’zan surbet, ammo odatda to‘g‘riso‘z inson. Ko‘pchilik cho‘rtkesar va dangalligim uchun yoqtirishmaydi. Ammo muhim bo‘lmagan narsalarni chetga surib, asosiy maqsadga tez erisha olganim uchun muvaff aqiyatliman.
«Yetakchilik» kitobim hayotga va biznesga aynan shunday yondashuv namunasidir. Odatda, muammoni topib, uni o‘rganib chiqaman, qismlarga ajrataman va shu kabi har qanday masalani hal etishga qodir formula yarataman.
Har doim masalani puxta o‘rganishga vaqt va kuch sarflashdan qochmayman, uning tubiga yetib, o‘ziga xos va samarali yechimni taklif qilishda chuqur tahlil qilaman. Maktab davrimda otam Fred K. Tramp har hafta menga mashhur odamlarning ilhomlantiruvchi iqtiboslarini yuborardi. Iqtiboslarning ko‘pi yetakchilik, hayotda qanday qilib g‘oliblikka erishish haqida edi. Ular menga ko‘p narsani o‘rgatdi va hali ham bu so‘zlarga murojaat qilaman. Shuning uchun ularni siz uchun bu kitobga kiritdim. Hayotimda otam kabi ustoz nasib etdi va umid qilamanki, uning iqtiboslar to‘plami sizga ham foydali bo‘ladi. Bu kitobni otamga bag‘ishlayman, chunki o‘rgatganlari uchun undan minnatdorman. Kitobda to‘plangan fikrlar sizga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatadi va ilhomlantiradi, deb umid qilaman.
OCHERKLAR, QADRIYATLAR VA STIVEN KING HAQIDA
Biz bilan qanday o‘yinlar o‘ynashmasin, o‘zimiz bilan o‘yin o‘ynamasligimiz kerak.
«New York Times Book Review»ning 2007-yil 30-sentabr sonida Stiven Kingning zamonaviy hikoyanavislikka bag‘ishlangan ocherki chop etildi. Siz Stiven King sermahsul va muvaff aqiyatli yozuvchi, oltmishta kitob va to‘rt yuzta hikoya muallifi ekanini bilsangiz kerak. 1996-yilda uning hikoyalaridan biri O’ Genri mukofotiga sazovor bo‘lgan. King ocherkida novella yoki zamonaviy qisqa hikoya fenomenini tahlil qilar ekan, u o‘ta mustaqil va o‘quvchilardan ko‘ra ko‘proq noshirlar va tanqidchilar uchun yoziladi, degan xulosaga keladi. Ushbu chuqur mulohaza meni o‘ylantirib qo‘ydi: nima uchun yozyapman va kitobimni kim o‘qiydi?
Qisqa ocherklarni yoqtiraman, shunday ekan aytish mumkinki, novella prozada o‘ylab topilgan janr deb hisoblanishiga qaramay, novellaga ma’lum bir aloqadorligim bor. Novella oddiy janr emas, har qanday yozuvchi bu fikrga qo‘shiladi, chunki unda muallif kamgap bo‘lishi kerak. Ocherklar haqida ham shunday deyish mumkin, ular xuddi shunday lo‘nda va bir mavzu bilan cheklangan. Stiven Kingning ocherkini o‘qib, u o‘z fikrlarini bor yo‘g‘i bir sahifada mukammal ifoda eta olishini tushunasiz. Uning ishiga baho berishim uchun Stiven King bo‘lishim shart emas. Men har kuni shug‘ullanadigan faoliyat murakkabligini tushunish uchun esa siz ham magnat1 bo‘lishingiz shart emas.
Stiven Kingning aytishicha, bugungi kunda qisqa hikoyalar bozori juda tor, shuning uchun yozuvchilar har qachongidan ham ko‘proq taassurot qoldirishga intilishadi, ammo yoqimli mutolaa istagida bo‘lgan o‘quvchilarga emas, balki hikoyalarini chop eta oladigan noshirlarga. Men sizga aytsam bunda ham mantiq bor. Qay sohada ishlamaylik, har birimizning o‘z auditoriyamiz bor, demografik jihatlarni ham inobatga olish zarur.
Stiven Kingning ta’kidlashicha, zamonaviy novellachilar o‘z asarlarini ularni chop etish imkoni bo‘lgan insonlarga mo‘ljallab, shaxsiy qadriyatlarini himoya qilishadi. Haqiqiy o‘quvchi ikkinchi darajaga o‘tadi, chunki noshir birinchi o‘rinda bo‘lmas ekan, novella xoh mukammal, xoh o‘rtamiyona bo‘lsin, mushtariygacha yetib bormasligi mumkin. Bu oqilona yondashuv, ammo janob Kingning novellalar tor doiraga (ayni damda noshir va tanqidchilarga) mo‘ljallanganligi haqidagi nuqtayi nazarini ham tushunaman.
Aytaylik, turarjoy qurilishiga kirishishdan avval unda kim yashashi haqida o‘ylayman. Har qanday tadbirkor kabi demografik ko‘rsatkichlarni o‘rganaman. Loyiham haqida xabar topishlari uchun bozorda uning targ‘iboti bilan shug‘ullanishni istaydigan (yoki istamaydigan) kishilarni qiziqtira olishim kerak. Bugun nomim yetarlicha taniqli va sifatning oltin darajasi bilan shunchalik bog‘liqki, ko‘p gapirishimga to‘g‘ri kelmaydi. Tramp ismi o‘z-o‘zidan sifat kafolati demak.
Stiven Kingning fikricha, novellalar atay do‘konlar peshtaxtalarining pastki qatorlari uchun mo‘ljallanadi2. Unga ko‘ra, Amerika novellanavisligi bugun hayot, ammo zaif. Va buning asosiy sababi chamasi, maqsadli bozorning tobora torayayotganida. O‘ylaymanki, King qisqa hikoyalarni