bir kun avval menga Los-Anjeles ravvinlaridan biri qo‘ng‘iroq qiladi. Yahudiy emasman, ammo qo‘l ostimda ko‘p yahudiylar ishlaydi, shu tufayli ularning urf-odatdari bilan tanishman va Rosh Xa-Shana bayramidan yahudiylarning yangi yili boshlanishini yaxshi bilaman.
Ravvinning qo‘ng‘irog‘i menda o‘zgacha his uyg‘otadi: ko‘p yillar avval erkak va uning ayoli o‘g‘illaridan ayrilishgan. Shunday bo‘lsa-da, o‘zlariga (va menga ham) hayotlaridagi shukronalarni yodga solish uchun har yili qo‘ng‘iroq qilishadi. Bu insonning xatti-harakatlari chin shukronalik namunasi. 1988-yilda ularning uch yoshli o‘g‘illari betob bo‘lib qoldi. Los-Anjeles shifokorlari kasallikni yenga olmadilar. Bir kuni bolakayning otasi menga qo‘ng‘iroq qilib, samolyotimdan foydalanishni so‘radi. Biz tanish emasdik. Otaning tushuntirishicha, hech bir aviakompaniya bolani ko‘chirishga rozi bo‘lmagan, chunki bemorning hayotini ta’minlab turish uchun maxsus qurilmalar kerak edi. Aviakompaniyalar buni juda xavfli deb topishdi. O‘sha paytda mening ham bolalarim hali go‘dak edi va darhol ravvinning iltimosini bajarishga rozi bo‘ldim. Axir, boshqacha yo‘l tutishim mumkinmidi? Nyu-York shifokorlari bolaning og‘ir o‘pka kasalligini yengishiga umid qilib, darhol samolyotimni jo‘natdim, so‘ng bola va uning ota-onasini Nyu-Yorkka eltib qo‘yishdi. Bolani qutqara olishmadi, lekin uning ota-onasi hali ham mendan minnatdor. Ularning minnatdorchiligi kaminani chuqur hayajonga soladi.
Bugun, mamlakatdagi ahvol og‘ir bo‘lgan bir paytda, ravvinning qo‘ng‘irog‘i menga og‘ir, ba’zan fojiali damlarda baxtsizliklar orasidan yaxshilik topishning yaxshi misoli bo‘lib tuyuladi. Bu oila va ularning fidoyiligi ajoyib namunadir va bu odamlarga buni eslatgani uchun rahmat aytmoqchiman. Barchamiz yangi yil, shukrona kuni yoki hayotimizning istalgan kunida minnatdor bo‘ladigan narsamiz borligini unutmasligimiz kerak.
BILIM – YANGI IBTIDO
Har qanday hokimiyat yoshlarga ta’lim berishdan boshlanadi.
Pifagor tafakkurga matematik hisob bilan yondashgan. U dono edi. Pifagor matematik va faylasuf edi va ilm ahamiyatini yaxshi tushunardi. Pifagor ancha yillar avval yashab o‘tganiga qaramay, ko‘p narsalar, masalan, ta’limning shaxs va jamiyatdagi ahamiyati hamon o‘zgarmagan.
Biror yangi ishga kirishar ekanman, ko‘p yangi narsalarni o‘rganishimga to‘g‘ri kelishini yaxshi tushunaman. Bu meni qo‘rqitmaydi, aksincha kuchimga kuch qo‘shadi. Bu yangi ibtido, yangi bosqich hissiga o‘xshaydi. Golf maydoni qurishni boshlaganimda miyamdan misli ko‘rilmagan hajmdagi yangi axborotni o‘tkazdim, ammo bundan ajoyib yangilik hissini tuydim. Golf maydonlarini qurishning turli ikir-chikirlarini o‘rganishni yoqtirardim. O‘ttiz yil avval kimdir menga shu ish bilan shug‘ullanishimni aytganida, buni hazil deb o‘ylagan bo‘lardim. Ammo bu ish menga katta lazzat bag‘ishladi.
Yangi g‘oyalar va yangi bilimlar uchun ong doim ochiq turishi juda muhim. O‘zingizni o‘ta bilimdon deb hisoblash – yangi kashfiyotlar va imkoniyatlar uchun eshikni yopish demakdir. Bu eshik har kuni biror yangilik va ilhom uchun ochiq bo‘lsin. Ba’zida yangi kun menga nimalarni olib kelarkin, deya entikib kutaman va bu kunning ajoyib boshlanishidir. Goho buning uchun biroz mashaqqat chekishga to‘g‘ri keladi va bunda kitoblar va boshqa ma’rifiy tadbirlar juda qo‘l keladi. Ular doim qo‘l ostimizda bo‘lishi kerak. Balki shunchaki omadlidirman, lekin hech qachon bo‘sh qolmayman. Fikrimcha, aynan shu muvaff aqiyatimning muhim omillaridan biri.
Goh-goh (tez-tez bo‘lsa, undan-da yaxshi) o‘zingizga savol bering: nima haqida ko‘proq bilimga ega bo‘lishim kerak? Balki dunyo tarixi haqidadir. Bugungi vaziyatda turli madaniyatlarning paydo bo‘lishi va bugungi holatini o‘rganish zarar qilmaydi. Yoki yana biror nimalarni. Har kuni xalqaro yangiliklarga ko‘proq e’tibor qaratiladigan gazetalarni va «The Financial Times»ni o‘qishga harakat qilaman. Chunki faoliyatim jahonda bo‘layotgan voqea-hodisalarni kuzatib borishni talab etadi. Birgina shu odat mendan har kuni jiddiy diqqat-e’tiborni talab etadi. Sizning holatingizda bu boshqa ish bo‘lishi mumkin.
Bugungi davrda yetarlicha axborotga ega bo‘lmaslikni oqlab bo‘lmaydi. Bilimlar avval hech qachon bugungidek ochiq bo‘lmagan va qadimgi yunonlarga qaytar ekanman, sizga Suqrot va uning eng mashhur iborasini eslatmoqchiman: «Men faqat hech narsa bilmasligimni bilaman». Hurmatli olim va faylasuvga bu so‘zlarni aytish oson bo‘lmagan, ammo ular Suqrotga yangi bilimlar uchun yo‘l ochdi. Boshqacha aytganda, har bir kuningizni yangi oq qog‘ozdan boshlang. Tafakkuringizni oching va yangi ibtidoga imkon bering.
Agar tadbirkorlikka hamma narsani bilaman, degan fikr bilan kirishganimda, ishni boshlamayoq kuyib qolgan bo‘lardim. Bunday xato qilmang. Har qanday sohaning o‘z tosh-tarozisi bor. Avvaliga juda oson ko‘ringan ishlar aslida qanchalik qiyin ekanligini bilib olasiz. Masalan, Nyu-Yorkda bino qurish hududlarga ajratish sohasini, pudratchilar bozorini, me’morlik, soliq va kasaba uyushmalari, qurilish maydoni ustidagi havo bo‘yicha qonunchilikni va yana minglab masalalarni bilishni talab etadi. Ko‘p narsalarni o‘rganishimga to‘g‘ri keldi, tabiiyki, buni o‘rnimga hech kim qilib bermasdi. Har kuni biror yangi narsani o‘rgandim, yangi bilimlarni hayotga tatbiq etdim va olg‘a intildim. Hech kim bir onda quruvchiga aylanib qolmaydi, ishonavering.
Ilmni zerikarli, ta’limni esa ortiqcha mashaqqat deb o‘ylamang. Ular haqiqatdan biroz tartibni talab qiladi, ammo siz uchun haqiqiy sarguzashtga aylanishi yoki sizni yangi yo‘llarga tayyorlashi mumkin. «Chempionlar kabi fikrla» hayot shiorimdagi (asar nomida ham) so‘zlarga e’tibor qiling. Fikrlash – bu ilk qadam. Bu qobiliyatni to‘g‘ri qo‘llash va rivojlantirish uchun bor imkoningizni ishga soling va hayotning sizga atagan sovg‘alarini kuting.
TEZ FIKRLASHNI O‘RGANING
Yetakchi mag‘lub bo‘lishi mumkin, ammo kutilmagan hujumga uchrashga haqqi yo‘q.
O‘zingizga bino qo‘yish muvaff aqiyatga erishish imkoningizni qanday poymol qilishi haqida avval ham gapirgandim. Bu xuddi bir qobiqqa o‘ralib, undan chiqishni istamaslikka o‘xshaydi. Shu sabab sizga yangi bilimlar uchun doim ochiq bo‘lishni tavsiya qilaman – bu kibrning butunlay aksi bo‘lib, mulohazalilik demakdir.
Mushkul vaziyatlarda aqliy qobiliyatlarning qanday faollashishini hech sezganmisiz? Xuddi ko‘p miqdorda adrenalin chiqib, kuchga to‘lib ketgandek bo‘lasiz. Agar har yangi kunni o‘z kuchingizga nisbatan jangga chaqiruvdek qabul qilsangiz, qanchalik ko‘p narsaga ulgurish va qanchalik samarali ishlash mumkinligidan hayratga tushasiz.
«Shogird» shousining bergan eng yaxshi sabog‘i – bu tezda fikrlash zaruriyati. Nomzodlarga beriladigan vazifalar vaqt bilan chegaralangan bo‘ladi va qatnashchilarda «B» reja bo‘lishi juda muhim. Bordi-yu, «A» reja ish bermasa, ular bunga tayyor bo‘lishadi va vaqtni yo‘qotishmaydi. Ishtirokchilar bo‘lajak vaziyatni taxmin qilish, unga tayyor bo‘lish va vazifani bajarishga harakat qilishadi. Bular biznesning asosiy tarkibiy qismlaridir.
Biznesda ilk qadamlarimni tashlayotgan chog‘imda meni qiziqtirayotgan kelishuv shartlarinining eng mayda jihatlarini ham o‘rganishga ko‘p vaqtimni sarflardim va hozir ham shunday qilaman. Ko‘pincha meni tezkor harakat qiladi, deyishadi va bu rost. Ammo tezkor harakatim ortida katta tayyorgarlik yotadi va bunga, albatta, hech kim e’tibor qilmaydi. Agar insonni ish ustida ko‘rmagan bo‘lsangiz, bu ishni xonadan tashqarida yoki bo‘sh vaqtida bajarmaydi degani emas. Ishga kirishishdan avval obdan tayyorgarlik ko‘raman, vaqti kelganda hamla qilishga tayyor turaman.
Tez tafakkur qilish – mashq va tartib natijasidir. Tayyor bo‘lmay turib, oldinga yugurib bo‘lmaydi. Vazifangiz – o‘zingizni hamlaga tayyorlash. Faqat orzu-istak bilan cheklanib, uni amalga oshirish ustida ishlamas ekansiz, natijaga erishmaysiz. Buning uchun har kuni mashq qilish zarur. Boshqacha qilib aytganda, o‘z oldingizga maqsad qo‘ying va unga erishish uchun ishlang. Sportchilar o‘zlari harakat qilmasalar, hech kim ular uchun mashq qilmasligini yaxshi biladilar. Tadbirkorlar ham buni uqib olishlari lozim. O‘zingizga ishoning.
«Nega buni avvalroq o‘ylamadim?» deya hech xitob qilganmisiz? Bu gapni aqlli va noodatiy fikrning hayotga tatbiq etilganini ko‘rgan insonlardan eshitganman. Tezkor fikr yuritish yo‘llaridan biri bu o‘z-o‘ziga