Дональд Джон Трамп

Biznes va hayotda norasmiy ta’lim


Скачать книгу

qolardingiz. Tafakkur uchun vaqt talab etiladi. Tez fikrlash qobiliyati shu yo‘sinda rivojlanadi. Har narsaning o‘z vaqti bor: avval yuramiz, keyin yuguramiz va shundan so‘nggina oldinga chopamiz.

      «Inson o‘z hayot mazmunini intiluvchanligi bilan oshirishidan-da umidbaxsh biror nimani ko‘rmadim», degan edi Toro. Bu fikr nafaqat umid, balki kuch ham baxsh etadi. Uning ma’nosi shuki, yaxshilab o‘ylab, tafakkur jarayonini amaliy ish bilan yakunlab, yaxshi natijalarga erishish mumkin. Oxiri amaldagi ish bilan tugamas ekan, quruq fikrning o‘zi hech nimaga arzimaydi. Buyuk g‘oyalaringizni amalga oshirish uchun harakat qilmas ekansiz, ular oddiy g‘oya bo‘lib qolib ketaveradi.

      Tafakkuringizni sinash uchun qulay vaqtni kutmang. Uni har kuni sinang. Doim idrokingiz uyg‘oq bo‘lsin. Napoleon aytganidek: «Yetakchi mag‘lub bo‘lishi mumkin, ammo kutilmagan hujumga uchrashga haqqi yo‘q». Ayni daqiqadan o‘zingizni yetakchi deb hisoblang. Bu – o‘zingizga ishonishingizni va xoh biznesda bo‘lsin, xoh shaxsiy hayotda taqdir burilishlarining qurboni bo‘lishga tayyor emasligingizni bildiradi. Tayyorgarlik ahamiyatiga past baho berib bo‘lmaydi. Agar ushbu poygada yaxshi natijaga erishishni istasangiz, avvaldan mashq qilishga harakat qiling.

      YAXLITLIKKA INTILISH

      Bir on to‘xtab, hayrat va zavqdan qotib qolmaydigan kishi murda misoli: uning ko‘zlari yopiq.

Albert Eynshteyn

      «Yaxlit tasvirni ko‘ra olish» iborasi sizga tanishmi? Ba’zi odamlar umumiy tasvirning ayrim qismlari yetishmayotganini sezmasliklari yoki bunga ahamiyat bermasliklari yoki o‘zlarini xuddi hammasi joyidadek tutishlari meni hayratga soladi. Bu xuddi pitsa buyurtma qilib, uni tishlangan holda olish-u, lekin butun deb hisoblashdek gap. Shunday bo‘lganida nima bo‘lgani bilan qiziqmasmidingiz?

      Hech nima bilan qiziqmaydigan odamlarni uchratganman. Ba’zida o‘ylab qolaman: ular sog‘lommikinlar? Balki ular shunchaki butun pitsani (yaxlit ko‘rinishni) qo‘lga kiritishlariga ko‘zlari yetmas? Nima bo‘lgan taqdirda ham bunday yo‘l tutmaslik kerak. O‘zingizga past baho bermang. Bu biznesda ham, shaxsiy hayotda ham sizga foyda keltirmaydi.

      Agar yaxlitlikka intilish raqobatbardoshlik qobiliyatingizni susaytirar ekan, demak, u ishni boshlash uchun yetarlicha rivojlanmagan. Hayotning aksar qismi tirik qolish, moslashish uchun harakat qilishdan iborat, bunga Darvin ham ishora qilgan. Albatta, tabiat tanlovi bu hali hammasi emas, ammo tarixdagi jahon evolyutsiyasining muhim omili sanaladi. Tarixda shakllanib, yo‘qlikka g‘arq bo‘lgan saltanatlar ko‘p bo‘lgan. Masalan, Rim, Usmoniylar va boshqa imperiyalar. Ular bir necha yuz yilliklar mobaynida hukm surgan qudratli davlatlar edi. Ammo ular qulab, yo‘q bo‘ldi va bugun ular haqida faqat tarixchilar eslaydilar. Qisqa qilib aytganda, hamma narsa o‘zgaradi. Biz rivojlanishdan ortda qolmasligimiz, oldinga intilishimiz zarur, aks holda dunyo tarixining bir burchida qolib ketishimiz hech gap emas.

      «The Trump Organization» korporatsiyasida doimo nimadir o‘zgarib turar ekan, u menga oziqlantirish zarur bo‘lgan tirik mavjudotni eslatadi. Kompaniya yaxlit bo‘lishi, aniq va batartib ishlashi uchun uning barcha tarkibiy qismlari puxta tayyorlangan bo‘lishi kerak. Vazifam – eng yaxshi mahsulotni ishlab chiqarish uchun kompaniyaning barcha tarkibiy bo‘linmalarining uyushqoq faoliyatini har kuni nazorat qilish. Biror narsani ko‘zdan qochirishga, «pirog»ning biror mahsuloti ikkinchi navli bo‘lib qolishiga yo‘l qo‘yishga haqqim yo‘q. Va bu qoidalarga rioya qilinishiga mas’ulman, chunki bu – mening qoidalarim.

      O‘zingizga xuddi korporatsiya kabi munosabatda bo‘ling. Hayotingizning har bir jabhasiga e’tibor qarating. Qanday kuchli tarafingiz bor? Qanday kamchiligingiz bor? Yaxlit ko‘rinish yanada jozibador bo‘lishi uchun nima qilish mumkin? Nima qilsangiz qiling, faqat bir joyda turmang. Kibrga berilmang, berish yoki olishingizdan qat’i nazar, o‘zingizni sizga natijaning yarmi yetarlidek tutmang. Bugun hamma narsa juda tez o‘zgarmoqda va bu tuzoqqa tushishingizga yo‘l qo‘ymang.

      Dunyo qanchalik tezkor odimlashini tushungach, ikki barobar ko‘proq ishlashga qaror qildim. O‘z ishimni sevganim va doim ko‘p ishlaganim uchun, bu men uchun katta qurbonlik bo‘lmadi. Hozir har qachongidan-da baxtli va muvaff aqiyatliroqman, ammo zamon bilan hamqadam bo‘lish uchun sekinlashmayman, axir hayotimiz juda tez o‘tmoqda. Nyu-York hayoti shiddatliligi bilan mashhur. Moslashing, yoki mag‘lub bo‘lasiz. Men birinchisini tanladim. Siz ham tanlang. Men bilan musobaqalashadigan har kim tezligimga dosh berishiga to‘g‘ri keladi.

      Bir kuni ishxonamga harakatchan, yuqori malakali va o‘qimishli yosh yigit keldi. Esimda, o‘shanda u jamoamdagi eng yaxshi o‘yinchilardan biri bo‘ladi, deb o‘ylagandim. Qanchalar adashgan ekanman! U tushuntirishlarga haddan ziyod vaqt sarflardi va tez orada u bilan uchrashishdan hadiksirab qoldim. Yigit juda sekin ishlar va maydakash edi, tez harakatlana olmasdi. Shu sabab professionalligiga qaramay, bizning tezligimizga moslasha olmadi. Yaxlit tasvirni ko‘rish va unga moslashishga qodir emasdi. U ishdan ketgach, yengil nafas oldim. Siz bilan ham shunday voqea ro‘y berishiga yo‘l qo‘ymang. Moslashishni o‘rganing. Doimo o‘rganishga tayyor bo‘ling.

      Ko‘pchiligimiz yakuniy loyiha emas, balki kechayotgan jarayonga o‘xshaymiz. Motsart daho edi, ammo u ham qattiq mehnat qilgan. Biz doim mayda bo‘laklardan yaxlit tasvirni yaratishimiz kerak. O‘ylab qarasak, biz yaratmaymiz, balki yig‘amiz. Ammo bir butunlikni hosil qilish uchun tasvirni ijod bilan, chin dildan yig‘ish lozim. Yaxlitlikka intiling va hayotga bo‘lgan qiziqishni oshiring, shunda barcha sovrinlarni egallashga tayyorligingizni tushunasiz.

      O‘ZLIGINGIZGA IMKON BERING

      Yutuq yanada katta g‘alabalarga chorlovchi mas’uliyatdir.

Alber Almyu

      Yutuq – eng yuqori cho‘qqi emas. Yutuq bu boshlanishi. Yutuqqa erishgan kishi yanada olg‘a intiladi. U keyingi vazifani avvaldan ko‘radi va darhol o‘z oldiga yangi marrani qo‘yadi. Bu shijoatni yaratib bo‘lmaydi, u yo bor, yo yo‘q. Harakatchan inson vazifaning yechimiga kirishadi va navbatdagi maqsad uning tafakkur obyektiga aylanadi. Uning o‘z oldidagi majburiyatlari bor – yanada yaxshilanish. Buni yuksak darajali hayot deb atayman.

      Qobiliyatlaringizning eng yuqorisi, o‘zligingizning eng yaxshisi qulaylik hududiga qarshi turadi. O‘sish – hayot belgisi va o‘sish belgilari sezilarli bo‘lishi lozim. Biror shahar haqida «jonli» deyishganini eshitganmisiz? Bu uning o‘sayotgani, unda allanimalar ro‘y berayotganini, bir o‘rinda qotib qolmaganligini anglatadi. Istasangiz, o‘zingizga shahardek munosabatda bo‘ling: gullab-yashnashingiz va yuqori natijalarga erishish uchun ichki va tashqi ishlarni olib boring.

      Hayotda «nozik nuqtalar» juda ko‘p. Uni san’at deydiganlar so‘zi haqiqatdan yiroq emas. O‘z ishimga san’atdek qarashimni avval ham aytgandim. Biz buyuklik va shunchaki noodatiylik o‘rtasidagi nozik chegarani his qila olamiz, ammo ba’zan bu chegarani ilg‘ab bo‘lmaydi. Leonardo da Vinchining «Mona Liza»sini nima buyuk asarga aylantirdi? Bu savolga javoblar millionta. Ammo bu hech nimani o‘zgartirmaydi, surat anglab bo‘lmas tarzda o‘ziga rom etib kelmoqda va biz boshqa darajaga, boshqa o‘lchamga ko‘tarilamiz.

      O‘zligimizning eng yaxshisi bizga tasavvurimizni boyitishga yordam beradi. «Boy tasavvur» so‘zining ma’nodoshlari ko‘p, masalan, havo saroylari quruvchisi Don Kixot. Uning zamirida haddan ortiq mukammallikka intiluvchi allakim yotadi. Agarda tasavvurlar biror maqsadga ega bo‘lsa, buning yomon tomoni yo‘q. Boy tasavvurli kishilar dunyoni yangi o‘lchamlarga boshlaydi. Masalan, yuqori texnologiyalar sohasi va Bill Geytsni oling, yoki televideniye va Mark Bernett, yoki Pablo Pikasso, Igor Stravinskiy va XX asrning boshqa buyuk insonlari. Ular o‘z qarashlari ortidan intilgan kashfiyotchi bo‘ldilar va yangi kengliklarni zabt etdilar.

      O‘zligimizning eng yaxshisi ko‘pincha qadam qo‘yilmagan yo‘llarga boshlaydi. Hech kim bir nuqtadan jilmay, tanish yo‘lakchasidan siljimay yurishni istamaydi. Bu – ma’nisiz va zerikarli. Ba’zan biz biror ishni faqatgina tajriba orttirish va kuch to‘plab olish uchun qilamiz, bu kattaroq maqsad uchun zarur tayyorgarlikdir. Yodda tuting, doimo biror buyuk ish ostonasida turgan bo‘lishingiz mumkin – bu ichingizdagi eng yaxshi «Siz»ga eltuvchi yo‘l va omadsizlik, bekor o‘tgan umr haqidagi fikrlardan chalg‘ishning yaxshi usuli.

      Maqsad