Эрик-Эмманюэль Шмитт

Oskar va pushti xonim


Скачать книгу

saqichini og‘zimga o‘tkazib yubordi. Hayrat aralash saqichni butunlay yutib yubordim va bu holatimdan jahlim chiqib ketdi.

      Shu onning o‘zidayoq kimningdir qo‘li yelkamga tekkanini sezdim. Ha, baxtsizlik hech qachon yolg‘iz kelmaydi deyishadi: yelkam osha qarab ota-onamni ko‘rdim. Bugun yakshanba ekanligi butunlay yodimdan chiqibdi.

      – Oskar, bizni qiz do‘sting bilan tanishtirmaysanmi?

      – Bu mening qiz do‘stim emas.

      – Mayli, nima bo‘lsa ham bizni tanishtir.

      – Sandrina, bular mening ota-onam.

      – Siz bilan tanishganimdan juda xursandman, – dedi xitoylik qiz shirin tabassum bilan.

      Ota-onamning oldida Sandrina o‘zini shunday sipo tutdiki, bu mening jahlimni chiqardi.

      – Oskar, Sandrina biz bilan birga xonangga borishini istaysanmi?

      – Yo‘q. Sandrina shu yerda qoladi.

      Yotoqqa borganimda charchoqni his qildim va bir muddatga uxlab qoldim. Hali ham ota-onam bilan gaplashishni istamasdim.

      Uyg‘onganimda, ular menga sovg‘alar olib kelishganini ko‘rdim. Shifoxonada qolib ketganimdan beri ota-onam uchun men bilan gaplashish qiyinlasha boshladi, shu-shu, ular menga turli sovg‘alar olib berishar va biz kunni o‘yin qoidalarini va foydalanish usullarini o‘qish bilan o‘tkazardik.

      Otam qo‘rqmasdan qo‘llanmalarga hujum qila boshlaydi – xoh ular turk tilida bo‘lsin, xoh yapon, bu uning qo‘llanmani o‘qish shashtidan qaytarolmasdi. Nima taklif qilishingizning ahamiyati yo‘q, uni qo‘llanma bilan qoldirsangiz bo‘ldi. Agar yakshanbani o‘tkazish kerak bo‘lsa, bu borada otamning oldiga tushadigani yo‘q.

      Bugun otam menga CD-pleyer olib kelibdi. Bunday ajoyib sovg‘adan keyin o‘zimni risoladagidek tutmasam, uyat bo‘ladi.

      – Siz kecha kelmaganmidingiz? – birdan yodimga tushib so‘radim.

      – Kecha?! Biz faqat yakshanba kunlari kela olamiz-ku, Oskar. Bu gapni qayerdan olding?

      – Kimdir mashinangizni avtoturargohda ko‘ribdi.

      – Albatta, butun dunyoda bitta-yu bitta qizil jip bor. Barchasining ko‘rinishi bir xil, axir.

      – Ha, ularning ko‘rinishi bir xil. Ota-onadan farqli o‘laroq. Afsus…

      Bu gapim bilan men ularni joylariga mixlab qo‘ygandek bo‘ldim. Keyin pleyerni oldim va ularning ko‘z oldida to‘xtovsiz ikki marta «Qarsildoq»ni tingladim. Ota-onam hech bir so‘z demasdan ikki soat menga termilib o‘tirishlariga to‘g‘ri keldi. Ularga shunday qilish kerak edi.

      – Senga yoqdimi?

      – Ha. Uyqum kelyapti.

      Ular ketishlari kerakligini tushundilar. Bugun otam-onam o‘zlarini yonimda ancha noqulay his qilishdi. Shundanmi, ikkovlari birdaniga oyoqqa turdilar. Ular menga biror gap aytishni istashlarini, lekin aytishga tillari aylana olmayotganligini sezdim. Ota-onamning azoblanishini ko‘rish menga huzur bag‘ishladi. Endi ularning navbati kelgandi.

      Keyin onam menga yaqin kelib, yelkamdan qattiq ushladi, juda qattiq va titroq ovoz bilan dedi:

      – Seni yaxshi ko‘raman, mening kichik Oskarim, men seni juda-juda yaxshi ko‘raman!

      Onamning ko‘zlarida yosh ko‘rib, ularning mehr-muhabbatlariga to‘la bo‘lgan kunlarimizni esladim. O‘sha vaqtlar «Men seni yaxshi ko‘raman, Oskar», degan so‘zlari xotirjamlikka to‘la bo‘lib jaranglardi.

      Shundan keyin yana uxlashimga to‘g‘ri keldi.

      Roza buvi – uyqudan erta turish bo‘yicha chempion. Ko‘zlarimni ochishim bilanoq, u har doim shu yerda bo‘ladi. Shu vaqtning o‘zidayoq uning tabassumi ham shay turadi.

      – Shunday qilib, ota-onang borasida nima deya olasan?

      – Natija odatdagidek nolga teng. Lekin ular menga «Qarsildoq»ning yozuvini hadya qilishdi.

      – «Qarsildoq»?! Ha, bu juda qiziq. Mening shunday laqab olgan dugonam bor edi. Ajoyib chempion. Oyoqlarini siqib qo‘yib, har qanday raqibining bo‘ynini sindira olardi. Xo‘sh… Moviy Peggi-chi, u bilan ko‘rishdingmi?

      – U haqda eslatmang. Peggi Popkornni tanladi.

      – Uning o‘zi senga shunday dedimi?

      – Yo‘q, Popkorn aytdi.

      – Aldayapti!

      – Menimcha, unday emas. Ishonchim komilki, u Peggiga ko‘proq yoqadi. Popkorn kuchli va bu unga bo‘lgan ishonchni kuchaytiradi.

      – Senga aytyapman, aldayapti! Men kichkina sichqoncha kabi ko‘rinishim mumkin, ammo ringda hajmi kit yoki gippopotamniki kabi bo‘lgan sportchilarni yutishimga to‘g‘ri kelgan. Olxo‘rilik zapekankani olaylik – irlandiyalik, vazni bir yuz ellik kilogramm, qorni juda och bo‘lganida shuncha og‘irlik bosadi, yelkalari mening boldirlarimdek, mushaklari son go‘shti kabi va sonlarini ushlashga quchog‘ing yetmaydi. Hech qanday bel yo‘q deyaver – ushlab urish uchun hech narsa yo‘q. Yengilmas!

      – Siz nima qildingiz?

      – Agar ushlab olishingga yo‘l bo‘lmasa, demak, u yumaloq narsa bo‘ladi va raqibingning bu holati uni dumalatish kerakligini anglatadi. Men uni holdan toyguncha yugurtirdim, keyin bir zarba bilan Olxo‘rili zapekankani ag‘dardim. Keyin uni o‘rnidan turg‘azish uchun ko‘targich kerak bo‘lgan. Kichkintoyim Oskar, sening suyaklaring yengil, kam bifshteks yegansan, bu aniq, lekin joziba suyak yoki go‘shtga bog‘liq emas, u yurakdan keladi. Yurakdan keladigan narsani oladigan bo‘lsak, senda undan ko‘pi bor.

      – Mendami?

      – Moviy Peggining oldiga bor va unga yuragingda nima bor bo‘lsa, barchasini to‘kib sol.

      – Biroz charchadim.

      – Charchadingmi? Bu soatda sen nechaga to‘lding? O‘n sakkiz yoshgami? O‘n sakkiz yoshda kishi charchoqni bilmasligi kerak.

      Roza buvi nima deyishni biladi, darhol quvvatga to‘la boshladim.

      Allaqachon qorong‘i tushgandi va har qanday shovqin zulmatdan qaytib eshitilgandek bo‘lardi, yo‘lakdagi linoleum oy nurida yaltirardi. Men Peggining palatasiga kirdim va unga pleyerimni uzatdim.

      – Mana, ol. «Qor parchalari valsi»ni tinglab ko‘r. Bu juda chiroyli! Men uni tinglaganimda, sen haqingda o‘ylayman.

      Peggi «Qor parchalari valsi»ni tinglardi. U jilmayar, vals uning dugonasi singari kulgili bir gapni quloqlariga pichirlagandek bo‘lardi.

      Peggi menga pleyerni uzatdi va dedi:

      – Chiroyli.

      Bu uning birinchi so‘zi edi. Haqiqatda ajoyib-a?

      – Moviy Peggi, shuni aytmoqchi edimki, seni operatsiya qilishlarini xohlamayman. Shundoq ham juda chiroylisan. Senga ko‘k rang yarashadi.

      Gaplarim unga yoqqanini payqadim. Bu gaplarni unga yoqish uchungina aytmadim, lekin bu Peggiga juda yoqdi.

      – Oskar, meni arvohlardan aynan sen himoya qilishingni istayman…

      – Menga ishonishing mumkin, Peggi.

      Juda faxrlanib ketdim o‘zimdan. Axir, oxir-oqibat g‘alaba qozongandim-da!

      – Meni o‘p.

      Bu barcha qizlarning oddiy istagi. Lekin Peggi xitoylik qiz kabi emas. U yomon qizlarga o‘xshamaydi, Peggi menga yonog‘ini tutdi va men chindan ham uni o‘pganimdan xursand edim.

      – Ko‘rishguncha, Peggi.

      – Ko‘rishguncha, Oskar.

      Shunday qilib, Xudojon, kunim shunday voqealarga boy bo‘ldi. O‘smirlik davrida ko‘ngilga yoqadigan narsalar kam bo‘lishini tushunaman. Bu oson emas. Lekin oxir-oqibat yigirma yoshga yetgunga qadar hammasi hal bo‘lib ketadi. Shuning uchun senga bir iltimos bilan murojaat qilmoqchiman: