Odil Yoqubov

Ko‘hna dunyo


Скачать книгу

mashvaratlarda kiyadigan zarbof to‘nini kiyib, surmarang sallasiga amiralmo‘mininning bo‘lakcha lutf-u ehsonini bildiruvchi tilla nishonni qadab olgan, qo‘lida esa, zar qog‘ozga o‘ralgan yostiqday kitob.

      «Bu tilyog‘lamachi nechun xushnud? Nechun og‘zi qulog‘ida?» – dedi Beruniy ichida, biroq shu payt, to‘rdagi ikki tavaqali og‘ir o‘ymakor eshik asta g‘ichirlab ochil-di-yu, hamma boshlar bab-baravar o‘sha tomonga o‘girildi. Bo‘sag‘ada… egnidagi ko‘k movut to‘n ustidan qo‘sh tasma osib, sallasiga nayzasimon oltin nishon qadalgan saroybon ko‘rindi. U eshikda qilich yalang‘ochlab turgan ikki sarboz yonidan o‘tib, taxt oldiga keldi-da, qo‘lidagi oltin shaqildog‘ini shaqillatdi:

      – Barcha ahli mo‘minning piri buzrukvori, saltanatimizning shon shuhrati, toj-u taxtimizning baxti saodati, fotihi muzaffar, amiralmuslimin sulton Mahmud ibn Sabuqtegin G‘aznaviy hazrat oliylari!..

      Oq marmar mashvaratxonaning qubbasimon shiftlari aks sado berib, g‘alati yangrab ketdi: «Sulton… G‘aznaviy hazrat oliylari…»

      Mashvaratxonani to‘ldirgan oq, ko‘k, surmarang sallalar, qunduz va suvsar telpaklar egilib yerga tegdi. Shu payt… bir yonida qop-qora soqol-mo‘ylovi o‘ziga yarashgan, xushqad, xushsurat Abul Hasanak, bir yonida piri murshid, Qozi imom Sayid hazratlari, sulton Mahmud G‘aznaviy paydo bo‘ldi.

      Hamma bilan barobar egilib ta’zim qilgan Beruniy eshik tomon o‘g‘rincha ko‘z tashladi, tashladi-yu, beixtiyor seskanib ketdi. Imom Sayid bilan Abul Hasanak o‘rtasidagi sulton… Hamon kuch-g‘ayratga to‘la ko‘rinardi. Azaldan juda bo‘ydor, qora, qotmadan kelgan sulton, go‘yo burungidan ham cho‘zilgan, go‘yo yana sal cho‘zilsa, tojdor boshi shiftga tegardi, faqat ko‘zlari… mung to‘la qisiq ko‘zlari allaqanday charaqlab turardi. Biroq, ajabo: yig‘ilgan izdihomni ko‘rishi bilan sulton nechundir bir g‘ijindi-yu, shitob bilan yurib taxt oldiga o‘tdi, u yerda bir zum to‘xtab, egilgan boshlarga, behisob qabrlarday do‘ppayib turgan a’yon-u boyonlarning do‘ng yelkalarigaqadalib qaradi, so‘ng og‘ir odimlab, taxtga chiqdi.

      Taxtning o‘ng tomonidagi tillakori kursiga imom Sayid hazratlari o‘tirdi, chap tomondagi xuddi shunday kursiga sobiq suyukli nadim, endilikda erkatoy vazir Abul Hasanak o‘tirishi lozim edi. Abul Hasanak o‘tirmadi. Ellikdan oshgan bo‘lsa ham, hanuz yosh ko‘ringan xushqad, xushsurat Abul Hasanak, go‘yo raqs tushayotganday, qilpillaganicha oldinga o‘tib, yig‘ilgan raiyatga qarata va’z aytdi. Uning ovozi xuddi sayroqi qushning ovoziday yoqimli, suvday tiniq, baxmalday mayin edi. U parvardigori olamdan amiralmo‘mininga sihat-salomatlik, saltanatga shon-u shavkat, toj-u taxtga baxt-u saodat tilab, va’zini davom etirmoqchi edi, to‘satdan taxtda qovog‘ini uyib o‘tirgan sulton vazirning so‘zini kesib:

      – Ul malikul kalom Unsuriy qayda? – deb so‘radi. Uning ovozi bug‘iq, horg‘in, biroq allaqanday pinhoniy tahdidga to‘la edi.

      – Faqir oftobi olamning xizmatlariga muntazirmen!shoir Unsuriy, yer supurgan zarbof to‘nining etagiga o‘ralashib borib taxt oldida tizza bukdi.

      Sultonning siyrak mo‘ylovli yupqa lablariga bilinar-bilinmas kulgu yugurdi, tahdidli ovozi xiyol yumshadi.

      – Biz saltanatimiz shon-shuhratini madh etguvchi o‘z shuaromizdan minnatdormiz! Mashvarat ahliga ayon bo‘lsin! Mana, nodir salohiyat sohibi, nazm bo‘stonining bog‘boni, janob Unsuriy bizga izhori ixlos etmoq istagida tun-u kun kitob ko‘rib, shunday bir jannatiy ne’matdan darak topmishkim, ul ne’mati ilohiyni tanovul qilgan osiy banda hamma dardlarga davo topg‘usidir! Bu so‘z haqiqatmi, malikul kalom?

      – Filhaqiqat, davlatpanoh!

      – Oltin! Og‘ziga siqquncha oltin oshatilsin!

      Darhol to‘rdagi eshik ochilib, oltin dinor to‘la barkash ko‘targan tanish saroybon ko‘rindi. Unsuriy hayajondan ko‘zlari chaqnab yon-veriga qaradi.

      – Ol, nazm bo‘stonining bog‘boni, to‘yguningcha osha! Sening xizmating haloldur!..

      Unsuriy, go‘yo oldida tilla emas, eng lazzatli taom turganday tamshanib, og‘zini katta ochdi-da, barkashdagi oltin dinorlarni oshashga kirishdi. Mashvaratxonani to‘ldirgan izdihom «gurr» etib bir tebranib oldi.

      Beruniy bunday marosimlarni, sultonning lutf-u karamiga sazovor bo‘lgan kishilarga oltin oshatish marosimlarini avval ham ko‘rgan, hatto oltinga tiqilib, o‘lar holatga tushganlarning ayanchli ahvollariga shohid ham bo‘lgan. Ammo hozirgi manzara… Yo tavba! Shoir Unsuriy, o‘ymoqdekkina og‘zini katta ochib, anjirday-anjirday yum-yumaloq tilla dinorlarni xuddi eng lazzatli taomni oshayotgan och gadoday oshardi. Uning yuzlari bug‘riqib, lunjlari pufakday shishib ketdi, barkashga tikilgan ko‘zlaridan tirqirab yosh oqa boshladi, biroq og‘zi oltinga to‘lsa ham, hamon oshashdan to‘xtamas edi. Mashvaratxonaga yig‘ilgan izdihom ham negadir Unsuriyga qo‘shilib tamshanar, lablarini yalar, hamma ko‘zlarda hasad uchquni chaqnar edi…

      Ana, barkashdagi oltin yarimlab qoldi. Lekin shu payt nazm bo‘stonining bog‘boniga nimadir bo‘ldi. U lablari bilan yana bir oltinni himarib, og‘ziga olmoqchi bo‘ldi-yu, ko‘zlari kosasidan chiqquday olayib… qattiq o‘qchidi. O‘qchiganda bir nechta dinor og‘zidan otilib chiqdi-da, darang-durung qilib yumalab ketdi.

      – Ofarin, malikul kalom! Oltin qusgan shoirning qusug‘i ham o‘ziga doru! Terib ol oltinlarni!

      Sulton gilam ustida emaklab yurgan Unsuriydan yuz o‘girib o‘rnidan dast turdi. Turishi bilan Beruniyning esiga ichi kavak bahaybat terak tushdi. Biroq bu terakning vajohatidan qo‘rqqulik, unda kishini zir titratguvchi pinhoniy bir kuch bor edi!

      – Biz saltanatimiz shavkatiga shavkat, dovrug‘iga dovrug‘ qo‘shgan, muzaffar yurishlarimiz madhini olamga taratgan o‘z shoirimizdan mamnun va minnatdormiz… Malikul kalom Unsuriy!

      – Labbay, valine’mat.

      – Agar yanglishmasam, siz aytgan ne’mati ilohiy mashriq mamlakatlarining biridadur?

      – Shunday, davlatpanoh! Ehtimolkim, Chin yoxud Hind mamlakatining mashriq tomonida, ummonlar qa’ridagi orollardan biridadur. Bu risolai muborakda shunday deyilgan! Ne chorakim, biz nazm ahli ilmi hikmatdan yiroqdurmiz. Shoyad, mashvaratga yig‘ilmish allomalar-u ulamoi zabardastlar aniq joyini aytib bersalar, davlatpanoh!

      Taxtning chap tomonida qo‘l qovushtirib turgan yum-yumaloq vaziri a’zam Ali G‘arib pildirab oldinga chiqdi:

      – Chin hakimidan so‘ramoq darkor, pushti panoh! – dedi u, tavoze bilan bosh egib. – Yana bir marotaba so‘ramoq darkor!

      Sulton bu so‘zdan afti burishsa ham:

      – Chinmochin! – deb chaqirdi. – Tilmochlar qayda?

      Chin hakimi qora chambarak qalpoqcha qo‘ndirilgan mushtdekkina boshini likillatib avval sultonga, keyin barcha mashvarat ahliga ta’zim qildi-da, shirin iljayib, bir nimalar dedi. Tilomoch darhol tarjima qildi. U yana ilgarigi gapini ta’kidladi, ya’niki, shoir Unsuriy aytgan jannatiy daraxtni Chin hakimlari ham eshitgan, ammo nadomatlar bo‘lg‘aykim, bu savolga aniq bir so‘z aytishga ojizlik qiladilar.

      Chin hakimidan keyin navbat yana hind tabibiga keldi. Biroq u ham eski javobini takrorlab, qandaydir rivoylardan so‘z ochgan edi, sulton to‘satdan betoqat qo‘l siltab:

      – Bas! – deb xitob qildi. – Tag‘in mujmal javob! Tag‘in safsata! Anig‘ini aytadurg‘on kim bor?

      Beqiyos mashvaratxonaning yuksak qubbasimon shifti yana aks sado berib yangradi: «Anig‘ini aytadurg‘on kim bor? Anig‘ini!»

      Beruniyning nazarida, mashvaratxonani yangratib yuborgan bu aks sado sultonga qandaydir kuch va ilhom bag‘ishladi. Mung to‘la qiyg‘och qahr bilan charaqlab:

      – Hazar, alhazar!– deb xitob qildi. – Bu ne shuaro, ne allomayi davron, ne ilmi urfonkim, qirq yil tuzimni ichib, jo‘n bir jumboqni yechib berolmasa. Nahot menim saltanatimda bu sir-asrorni yechadurg‘on bir donishmand bo‘lmasa?.. Abu Rayhon Beruniy qayda? – to‘satdan so‘radi u. Lojuvard gumbaz uchinchi bor tantanali va tahdidli aks sado berdi: «Abu Rayhon Beruniy qayda?»

      Qayta