Odil Yoqubov

Ko‘hna dunyo


Скачать книгу

sir-asrorni yechmoqqa aqling yetmaydi?

      Beruniy yuragining gurs-gurs urishiga quloq solib:

      – Oftobi olam!.. – dedi sekin. – Faqir… shoir Unsuriyga bir savolim bor…

      – Shoir emas, malikul kalom!

      – Malikul kalom janoblari ul ne’mati ilohiy to‘g‘risidagi so‘zni qaysi kitobda o‘qiganlar?

      Unsuriy, qandaydir besaranjom pitirlab, yon-veriga qaradi.

      – Barcha parranda-yu darranda tilini bilgan… ul Sulaymon payg‘ambar alayhissalom, – ollo uning pokiza ruhini shod etgay! – Ul tabarruk zot haqida bitilgan ushbu muborak kitobda zikr etilgandur bu daraxt! – dedi shoir va og‘ir hansirab qo‘ynidagi kitobini boshi uzra ko‘tardi.

      – Ijozat etsalar, bu tabarruk kitobni kamina ham o‘qib ko‘rsam!

      Unsuriy, lo‘ppi yuzida zo‘r hayajon, bir yonidagi sheriklariga, bir qovog‘ini uyib turgan sultonga qaradi.

      – Ber, o‘qib ko‘rsin!

      Beruniy, mashvaratxonaga cho‘kkan chuqur sukut ichida, qo‘lma-qo‘l o‘tib kelgan charm jildli og‘ir kitobni olib ochdi. Butun raiyat, mashvaratxonaga yig‘ilgan barcha a’yon-u boyonlar, amir-u umaro, devon beklari, ulamoyi kiromlar-u ilm ahli, hatto allaqanday munqayib qolgan sultonning o‘zi ham unga qadalib qolgan edi. Mashvaratxona jim, faqat qo‘l qovushtirib turgan odamlarning hansirab nafas olishlari eshitiladi, xolos.

      «Nechun bir mahallar yarim jahonni zir titratgan bul bandayi ojizning dilidagi so‘nggi umidlarini so‘ndirdim! – dedi u xayolan afsus chekib. – Qarigan chog‘ida bedavo dardga giriftor bo‘lgan bul sho‘rlik menga ne yomonlik qildi? O‘zi bilan Hindistonga olib ketdi. Faqir ul yurtda hind tilini o‘rganib, ul g‘aroyib xalqning urf-odatlari ila tanishdim. Olamga mashhur kitob bitdim. Bul zoti sharif faqirga rasadxona qurishiga imkon berdi. Men ersam…»

      … Yo‘q, Beruniy yanglishmagan, bu o‘sha, kecha Xatlibegim kelganidayoq esiga tushgan ko‘hna rivoyatning o‘zginasi! O‘z poshshosiga yaxshilik qilish niyatida unga mo‘jiza nihol in’om etib, boshidan judo bo‘lgan to‘tiqush to‘g‘risidagi ibratli cho‘pchakning o‘zginasi!

      Yo tavba! Sulton-ku cho‘kayotgan cho‘pga tarmashar degandek, sababi bedavo dard, bu qadim ertakka inonsa inongandur! Ammo… nazm ahlining sultoni atalmish bu shoir, bu vazir-u vuzaro, bu amirul umaro!.. nahot bular ham bu cho‘pchakka inonsalar? Yo bular aqldan ozgan, yo… sababi bezgak, uning o‘zi aqli hushidan ayrilgan!

      Harqalay bu holni ko‘rib turib, bul bandayi ojizga ne deydi? Birda qahr otiga minib, uni tahqir qilsa, birda boshini silab, himmat ko‘rsatgan bul sohibi toj umrining so‘nggi daqiqalarini ko‘rib turib qattiq so‘zlashga qanday tili boradi uning?

      – Nechun og‘zingga talqon solding? So‘zla, Abu Rayhon!.. «So‘zla, Abu Rayhon!»

      Beruniy yuksak shiftda yangragan aks sadodan seskanib ketdi-yu:

      – Hayhot! – deb yuborganini o‘zi ham bilmay qoldi. – Yo‘q, bu allomalar bitgan kitob emas, davlatpanoh cho‘pchak bu! Cho‘pchak!

      …Mashvaratxonani to‘ldirgan olomon birdan harakatga kelib, «gurr» etdi-yu, darhol jim bo‘ldi. Bu mudhish jimlikdan sultonning allaqanday tahdidli titroq ovozi eshitildi:

      – Cho‘pchak?

      Beruniy birdan bo‘shashib, devorga suyandi.

      – Bir qoshiq qonimdan kechgaysiz, oftobi olam! Va lekin, taassuflar bo‘lsinkim, chindan ham eski cho‘pchak bu!..

      U so‘zini tugatmasdanoq shoir Unsuriy, zarbof to‘nining etaklariga o‘ralashib, qoqilib-surilganicha taxt ro‘parasiga borib yuztuban yiqildi.

      – Oftobi olam! Bu nobakor Abu Rayhon… payg‘ambar alayhissalom… Sulaymon payg‘ambar so‘zini cho‘pchak deb yolg‘onga chiqardi! Inchunin, shakkoklik qildi bu gumroh!

      – Gumroh! – dedi sulton, allaqanday cheksiz bir alam bilan. – Hammang gumroh, hammang nobakor! Qirq yil tuzimni ichib, tuzlig‘imga tupurgan nonko‘rlar! Boshimga musibat tushganida najot topa olmagan aqli ko‘toh allomalar! O, o‘lmagan holim mening!.. Vaziri a’zam!..

      Taxt oldida haykalday qotib turgan Ali G‘arib, xuddi birov oyoqlariga bolta urganday, mukkasidan tushib, yer o‘pdi.

      – Anov betavfiq… hazrat Ibn Sino qayda?

      – Davlatpanoh! Inshoollo, xudovanda karim o‘z inoyatini darig‘ tutmas! Ul najot farishtasi Ibn Sino yo‘lga chiqmish!

      – Yo‘lga chiqmish! – Sulton bir yulqinishda belidagi oltin bandli egri qilichini qinidan sug‘urib oldi. – Qayda yurmish ul hakimi mutakabbir? Qayda? Yo darhol topa-sen uni, yo hammangni chopamen! Hammangni!

      U yog‘i nima bo‘ldi – Beruniy yaxshi anglamay qoldi. Mashvaratxonani to‘ldirgan izdihom birdan harakatga keldi-yu, bir-birini bosib, yanchib, ko‘chaga qarab yopirildi… Bir zumda hamma yoq ostin-ustin bo‘lib ketdi, kimdir yiqilgan edi, bir necha odam unga qoqilib o‘mbaloq oshdi… Zum o‘tmay mashvaratxonada faqat ikki odam qoldi – biri qilich yalang‘ochlaganicha hamon taxtda tebranib turgan sulton, biri ko‘z odi qorong‘ilashib, devorga suyanib qolgan Beruniy edi!..

      Beshinchi bob

      «Bukun, to‘rt yuz yigirma birinchi yil hijriy, rabbiul avval oyining uchinchi kuni18 namozshom oldida shayxning ulkan chorxari xonasiga qirq nafar husnixat xattot yig‘ildi.

      Shayx19 xattotlarni «Ash-Shifo» kitobining nabotot faslini ko‘chirish maqsadida lutfan taklif qilgan edi, biroq namozi asrda banogoh Hamadon hokimi Alouddavla hazratlaridan qo‘sh chopar kelib, shayxni saroyga olib ketdilar.

      Shayx otga mina turib, saroydan qaytguncha majlis ahlini mehmon qilib turishni kaminaga topshirdi. Kamina dasturxon yozib, ularni mehmon qildim, so‘ngra qog‘oz-qalamlarni shaylab, shayxni kutdik.

      Shayx, odatda, to‘rda o‘tirib, o‘ylagan asarini o‘zi yoddan aytib turar, husnixat xattotlar esa so‘zma-so‘z yozib borar, shu yo‘sin, bir kechada o‘ttiz-qirq nusxa matn tayyor bo‘lardi.

      Shayx «Al-Qonun»ni yozib tugatgandan keyin ham shunday qilgan, Isfahonda husnixat xattot borki, hammasini yig‘ib, o‘zi aytib turgan, xattotlar esa so‘zma-so‘z yozib borgan edi. So‘ngra har bir xattot o‘z yoniga yana yigirma-o‘ttiz nafar tolibi ilmlardan yig‘ib shayxdan yozib olgan matnni o‘qib berar, tolibi ilmlar esa buni yozib olar va shu yo‘sin bir yo‘la bir necha yuz nusxa kitob tayyor bo‘lardi. «Al-Qonun»ning el orasida tez-tez tarqab, shuhrat topganining boisi ham shundadur.

      Shayx saroydan xuftondan keyin qaytdi. Ustod qattiq hayajonda edi. Xattotlar yig‘ilgan xonaga kirib, majlis ahlidan uzr so‘radi-da, xattotlarga ijozat berdi. Biz yolg‘iz qoldik. Shayx darhol kiyim-kechak va uch-to‘rt kunlik oziq-ovqat g‘amlashimni iltimos qildi. Ma’lum bo‘lishicha, G‘azna hokimi sulton Mahmud G‘aznaviydan Hamadonga elchi kelibdi. Elchi shayxni yerning tagidan bo‘lsa ham topib, darhol G‘aznada hozir-u nozir qilish to‘g‘risida sultondan farmon keltiribdi. Bu amr-u farmonni o‘qib, kapalagi uchgan Alouddavla a’lo hazratlari shayx bilan pinhona uchrashib, uning o‘ziga maslahat solibdi. Shayx G‘aznaga borishdan qat’iy bosh tortibdi. Ittifoqo, elchi ketguncha shayxning biror joyga yashirinib turishini ma’qul topibdurlar.

      Biz ustimizga eski chakmon, boshimizga eski kuloh kiyib, xurjunlarni ko‘tarib, tun yarmida uydan chiqdik.

      Shayx qattiq iztirobda edi. Bundan besh-olti oy muqaddam, amir Mas’ud Isfahoni zabt etganda shayx undan qochib, Hamadonga kelgan edi. Bundan bir oy muqaddam esa shayxning Isfahondagi hovlisiga o‘t tushgani to‘g‘risida ko‘ngilsiz xabar kelgandi. Aytishlaricha, yong‘in chog‘ida shayxning nodir kutubxonasi yonib ketgan. Inisi Abu Mahmud esa, tirikmi, yo‘qmi, bu yog‘i ham hanuz qorong‘i. Shayx butun topgan dunyosini shu kutubxonaga sarf qilgan, unda ustodning ko‘p qo‘lyozmalari, «Al-Qonun», «Ash-Shifo» kabi kitoblarining eng xushxat xattotlarga ko‘chirtirilgan