dramatik asarlari har ikki sinovdan yorug‘ yuz bilan o‘tdi. Bugungi avlod ham ulkan adib asarlarini katta qiziqish va hayajon bilan o‘qishiga imonim komil. Bu – bir tomondan.
Ikkinchi tomondan Abdulla Qahhor aynan bugungi kunni, yurtimizning istiqloli, Vatan mustaqilligini bir umr orzu qilgan adib edi. Uning kechagi kun haqidagi asarlarini mutolaa qilgan yosh avlod bugungi kunni teranroq qadrlashga o‘rganadi. Adib asarlarining sehri ham shunda…
O‘tmishdan ertaklar
(Qissa)
BIR-IKKI SO‘Z
Eshilib, tolganib ingranadi kuy, Asrlar gamini soylar «Munojot». Kuyi shunday bolsa, gamning oz Qanday chiday olgan ekan odamzod!
Mening bolalik yillarim Farg‘ona vodiy-sining Yaypan, Nursuq, Qudash, Buvaydi, Tolliq, Olqor, Yulg‘unzor, Oqqo‘rg‘on degan qishloqlarida o‘tgan. O‘ttizinchi yillarning o‘rtalarida bolaligimni o‘ylaganimda chalakam-chatti tush ko‘rganday bo‘lgan edim: dumli yulduz chiqqan edi; Babar (Bobir bo‘lsa kerak) degan yigitni otqorovul miltiq bilan otganda o‘lmagan edi, shunda otqorovul odamlarga yuzlanib: «Yopiray, bunaqa battol o‘g‘rini umrimda ko‘rgan emasman, ustidan oshirib o‘q uzibman-u kiprik qoqmadi-ya!» degan edi.
Zehnimda shunga o‘xshagan qalqib yurgan xotiralardan tashqari qalqimasdan toshdek cho‘kib yotgan xotiralar ham hisobsiz ekanidan uzoq zamon bexabar ekanman. Bundan meni Anton Pavlovich Chexov domla xabardor qildilar.
Bundan o‘ttiz yil burun men u kishining yigirma ikki tomlik to‘plamini qo‘limdan qo‘ymasdan o‘qib chiqdim. Shunda alomat bir hodisa yuz berdi: shu bilan muhtaram ustod menga go‘yo muborak ko‘zoynaklarini berdilar-u: «Mana buni taqib, o‘z xalqingning o‘tmishiga nazar sol!» dedilar.
Ustodning muborak ko‘zoynaklarini taqib xalqimizning o‘tmishiga qaradim. Bir tomonda Anton Pavlovichning temir yo‘l gaykalarini burab olgan «yovuz niyatli kishi»si, ikkinchi tomonda otqorovul yur desa yurgan, tur desa, turgan, ustidan oshirib o‘q uzganida kiprik qoqmagan «battol o‘g‘ri» – Babar! Bular zamona daraxtida yetishgan olmaning ikki pallasi edi.
Shunday qilib, bolaligimda zehnimga cho‘kib qolgan xotiralar uyg‘ondi, yuzaga chiqdi, o‘sha vaqtdagi xalq hayoti ko‘z oldimga keldi. Mana shuning natijasi bo‘lib, o‘ttizinchi yillarning o‘rtalarida g‘am-g‘us-saga to‘la «O‘g‘ri», «Tomoshabog‘», «Bemor», «Anor», «Millatchilar» vujudga keldi. Bu hikoyalarni keng kitobxonlar ommasi xush qabul qilgan, hanuzgacha qayta-qayta bosilib kelayotgan bo‘lsa ham, o‘sha vaqtlardayoq yosh kitobxonning e’tiroziga sabab bo‘ldi. Yoshlar hikoyalarda tasvir etilgan voqealarni ortiq darajada mubolag‘a deb bilishardi.
Yillar o‘tib yangidan-yangi kitobxon avlod yetishgan sayin bu e’tirozlar keskin tus ola bordi: nainki, ho‘kizidan ayrilgan musibatdiyda bir mo‘ysafidga hech kim rahm qilmasa, axir amaldorlar ham odamku; nainki, kishi o‘z yurtida begona bo‘lib, o‘z shahrining tomosha bog‘iga kirolmasa; nainki, bemor xotinga go‘dakning saharlari qiladigan duosidan boshqa davo topilmasa; nainki, sog‘-salomat yigit boshqorong‘i xotiniga ikkitagina anor olib berolmasa; nainki, ziyoli deb atalgan kishi boyning itidan ham tuban tursa!
Yosh kitobxonlarning ta’nasi xususan so‘nggi yillarda dashnomga aylana boshladi.
1960-yilda o‘zbek ayolining o‘tmishiga oid «Dahshat» degan bir hikoya yozgan edim. Bu hikoyada sakkizta ayolni Olimbek dodxoning haramiga qamab qo‘yganim bir ayolga haqorat bo‘lib tushibdi. Imzosiz, adressiz yuborilgan xatda shunday satrlar bor:
«…o‘tmishda shundoq bo‘lsa, ehtimol, bo‘lgandir, lekin o‘zbek xotin-qizlari tarixining shunday malomatli sahifalarini hozir, bugungi kunda tiriltirish shartmidi? Siz o‘tmishni qalamga olganingizda ba’zan uydirmachilikka berilib ketasiz…»
Mana shunaqa ta’na-dashnomlardan keyin «uydirmachilikka» berilmasdan, o‘z ko‘zim bilan ko‘rganlarimni, kechirganlarimni, o‘tmish hayot lavhalaridan esimda qolganlarini qalamga olgim kelib qoldi. Kitobning gazeta va jurnallarda bosilib chiqqan ayrim parchalarini o‘qigan bir tanqidchimiz halitdan g‘ashlik qilib: «Juda zulmat-ku, kitob o‘quvchida juda og‘ir taassurot qoldirmasmikan?» deb qoldi. Bu tanqidchi 1930-yilda tug‘ilgan, undan keyin tug‘ilgan yoshlar, shubhasiz, bu mulohazani keskinroq aytishini ham bilaman. Men kitobni «O‘tmishdan lavhalar» deb atamoqchi edim, mayli, shularning ham ko‘ngli to‘lsin, kitobni «O‘tmishdan ertaklar» deb atay qolay.
FALOKATNING SHAROFATI
Biz Yaypanda Olim buva degan bir novvoyning tashqarisida turar edik.
Novvoyxonaning orqasi tashqining qariyb yarmini egallagan, hovli juda ham tor, ayam uning o‘rtasini tesha bilan chopib qo‘qongul, sariqgul, rayhon, jambul ekkan, hovlining guvalak devorlari qaldirg‘ochning uyasiga o‘xshar edi. Eshigi bir tabaqalik, kichkina va pastakkina uyning darchasi ichkari hovlining ayvoniga ochilgani, buning ustiga nomahram nazaridan pana qilib, panjarasiga yog‘langan qog‘oz yopishtirilgani uchun uy qorong‘i, odam odamni tusmol bilan tanir edi.
Olim buvaning ichki hovlisi ham tor, ustini boshdan oyoq tok qoplagani uchun dim. Uning xotini ertadan kechgacha g‘uv-g‘uv charx yigirardi, tez-tez biznikiga kirib ayam bilan gaplashib o‘tirardi; bizning musofirligimizga rahmi kelsa kerak, ba’zan o‘pkasi to‘lib, ayamga taskin bergan bo‘lardi:
Musofir bolmagan kim bor,
Mujovri1 bolmagan kim bor
Birovning yurtiga borib,
Muhojir bolmagan kim bor?..
Olim buvaning o‘g‘li kimningdir eshigiga qarol, qizi erga tegib ketgan. Uning o‘zi shaharda turib non yopadi, nonni do‘konning oldidagi taxtaga dastalab qo‘y-ganidan keyin chorbog‘iga kirib nonni, tushgan pulni sanaydi, pul ba’zan kam kelsa kerak, javraydi, pul yoki non kam kelganiga emas, pul tashlamasdan non olib ketgan kishi birovning haqini yeb, do‘zaxiy bo‘lganiga kuyadi.
Yozning issiq kunlari. Hovlimiz, ayniqsa, qorong‘i bo‘lsa ham salqinroq, uyimiz g‘ij-bij pashsha. Bir kuni dadam o‘zining eshik va darchasini zich yopib, achchiq tug‘ma qalampir tutatdi. Tutun shunday achchiq ediki, uydan dadamning o‘zi zo‘r-g‘a chiqdi, uzoq yo‘taldi. Uning niyatidan xabardor bo‘lib, Olim buva astoydil xafa bo‘ldi va devor osha:
– Usta, xudoning maxluqiga ozor bermang, pashshani ham xudo yaratgan, jon bergan! – dedi.
Dadam tutunni darrov o‘chirdi.
Bir kuni uyimizga dadamning ovchi jiyani keldi. U Pastqo‘riqda ov qilib yurgan ekan, o‘qi tugab, biznikiga o‘q yasagani kelibdi. Men onamning «o‘qqa yaqin borma» deb hayhaylab turishiga qaramay, ovchining o‘q yasashini tomosha qilib turdim. Mehmon miltiq doridan pichasini yoqib, usti qizil va ichi oq chiroyli pistondan bittasini chaqib ko‘rsatdi. Piston qarsillaganda men bir cho‘chib tushdim, keyin zavq qilib irg‘ishladim. Shunda pistondan ikkitasini o‘g‘irlab, kigizning tagiga yashirib qo‘ydim. Mehmon ketganidan keyin nima xayolga bordim-u, bitta pashshani tutib ikkala pistonning orasiga qo‘ydim, sandonchamning ustiga qo‘ydim-da, bolg‘acham bilan qattiq urdim. Piston qars etib ketdi. Olim buvaning xotini bilan gaplashib, rayhon chopib o‘tirgan ayam birdan voyvoylab, quymichini ushlaganicha o‘zini rayhonning ichiga tashlab yubordi. Kampir dod solib uning ustiga o‘zini tashladi va menga qarab: «Nima qilib qo‘yding, bor, dadangni aytib kel!» deb baqirdi. Ayam rayhonning ichida hamon voyvoylar ekan, «Chorig‘ingni kiy!» dedi. Qo‘rqib ketdim, darrov chorig‘imni kiydim, ko‘chaga qarab chopdim. Do‘konimiz guzarda – chorrahada bo‘lib, bolg‘a tovushi eshitilib turar edi. Dadam o‘zi dam bosib ishlayotgan ekan, meni ko‘rib qo‘rqib ketdi, shoshib ayamni so‘radi. Men boshqa gap qo‘shmasdan «ayam yig‘layapti», dedim. Dadam qop peshgirni yechib do‘kondan chiqdi va «shayton arava»sini minib uyimizga tomon ketdi. Men qo‘rqqanimdan tek o‘tirdim.