pochchamning nafaslaridan o‘rgilay, o‘sha kishiga o‘qitgan edik, – dedi.
Uyalib ketdim. Ko‘ylagimni yechib qo‘ydim. Anchadan keyin ko‘chaga chiqdim. Bolalar tarqab ketishibdi.
Bir-ikki kundan keyin «Qayquvotlik Nodirxon to‘ra ham «Zinger» olipti», degan xabarni eshitdik.
U yoqda Nodirxon to‘ra, bu yoqda usta Abduqahhor!..
Sal kunda dadam og‘izga tushib ketdi. Dadam mahallada «Zingerli boy» deb nom chiqardi, men buni bolalardan ham eshitdim.
Biroq bu xursandchilik uzoqqa bormadi. Kulala bir kuni «Zingerli boy shayton arava minib odam o‘ldirgan», degan gapni topib keldi. Shundan keyin gap chiqaveribdi. Ayam ham har kuni kechqurun dadamning kelishiga bir dilsiyohlik topib qo‘yar edi: «Namoz o‘qimaydi», «mahallaga kelganidan beri biron marta is chiqargani yo‘q», «mahallaga qo‘shilmaydi», «Zinger» olgunicha hirsday bo‘lib qolgan o‘g‘lining qo‘lini halollasa bo‘lmaydimi?..»
Ota-onam katta tashvishga tushib qoldi. Ayam yig‘lar, dadam ichidan qirindi o‘tsa ham unga taskin-tasalli berar edi. Dadamning aytishiga qaraganda, Olim buva endi opasining xunini da’vo qilmaydi, chunki o‘zi «xudoning irodasi» degan. Lekin boshqa gaplarda jon bor edi. Ota-onam bularning hammasini meni sunnatga yotqizish bilan bosmoqchi bo‘ldi. Yanagi hafta bir pud guruch damlab meni sunnatga yotqizishdi. Ota-onam bunchaligini kutmagan bo‘lsa kerak, imom boshliq butun mahalla to‘yga kirganda «xayriyat» deyishdi. Osh ustida «Zinger»dan gap ochilganda mahallamizning imomi «Zinger» tikkan kiyim namozlikka yaramaydi», debdi.
Dadam «Zinger»ni eski qopga o‘rab tandirning tagiga tiqib qo‘ydi, bomdod, shom va xufton namozini machitga chiqib o‘qiydigan bo‘ldi.
Shu bilan tinchib qolgan edik, yana tashvish chiqib qoldi.
Bir kechasi saharga yaqin O‘lmasoy yig‘laganda ayam uyg‘onib qarasa, yo‘lakni to‘sib osilgan sholchaning oldida shopday bo‘lib bir kishi turganmish, ayamning uyg‘onganini ko‘rib devordan oshib ketibdi. Yana bir kuni ertalab qarasak, tutning ostiga devordan ikkita guvalak ko‘chib tushibdi. Uyimizda o‘g‘rining qo‘liga ilingudek hech narsa bo‘lmasa ham juda vahima bo‘lib ketdi. Bir-ikki kecha dadam bolta ko‘tarib hovlini aylanib yurdi.
– Katta boylarni poshsholik qo‘riqlaydi, – dedi dadam, – Miroqil paxtafurushning uyini o‘g‘ri bosganda ellikboshidan tortib mingboshigacha xoda yutgan, bu yog‘i shahardan tergovchilar kelgan edi. Chakana «Zingerli boy»ni chakana o‘g‘ri bossa kim uzatgan oyog‘ini yig‘adi?
Dadam qayoqdandir kattakon, men zo‘rg‘a ko‘taradigan qora to‘pponcha topib keldi; to‘pponcha buzuq bo‘lsa kerak, kechasi eshik va darchani zich yopib, chiroqda tuzatdi, zig‘ir yog‘i bilan moyladi, kechalari boshiga qo‘yib yotadigan bo‘ldi. Ayam o‘g‘ridan ham ko‘ra to‘pponchamiz borligini birov bilib qolishidan qo‘rqar, uning nomini aytish kerak bo‘lib qolsa, «to‘pponcha» emas, «moshina-qo‘shiq» der edi. Dadam bir kuni ayamni urishib berdi:
– Unaqa demagin, tag‘in «moshinaqo‘shiq» ham olipti, degan gap chiqmasin!
Har nechuk «Zinger» tufayli bolalar orasida obro‘yim oshib ketdi, bolalarning o‘yiniga qo‘shiladigan, o‘shalar qatori chug‘urlab, shovqin solib yuguradigan bo‘ldim.
Biroq, Yaypandan Qo‘qonga ko‘chadigan bo‘lib qoldik.
Anjir xazon bo‘lay deganda Qo‘qondan amakim keldi. Amakimni ilgari ko‘rganim esimda yo‘q, u kishi dadamday cho‘qqisoqol bo‘lsa ham unga qaraganda novcharoq, barvasta bo‘lib, ko‘rsatkich barmog‘ini dambadam burnining yonidan yuqoriga surib dimog‘ini tortib qo‘yadigan odati bor ekan.
Amakim usta Abdurahmon qizi Savrinisoni o‘z qo‘lida o‘sgan shogirdi Azimga bermoqchi, bu yerga kelishdan maqsadi Yaypan bozoridan arzonroq guruch va zig‘ir yog‘i olish va shu bilan birga Girmon bilan urush boshlanganini aytib, bizni shaharga ko‘chgani da’vat qilish ekan.
Urush boshlanganiga bir yarim oycha bo‘libdi. Buni amakimning o‘zi ham o‘tgan juma kuni eshitibdi: ellikboshi juma namozidan chiqqan odamlarni to‘xtatib: «Bekorchi temir-tersaklaring bo‘lsa machitga keltirib tashlanglar, poshsholikka kerak», debdi. Amakim sekin: «Poshsholik buni nima qiladi, muncha nazari past bo‘lmasa?» deb so‘rasa, ellikboshi «Girmon bilan urush boshlanib qoldi, temir-tersakdan o‘q yasaladi», deb javob beribdi.
Biz urush nima ekanini bilmasak ham amakimning: «Hammamiz bir joyda bo‘laylik», deganidan ko‘nglimizga g‘ulg‘ula tushdi.
Dadam ertasiga bozor kuni amakimga kerakli narsalarni olib berdi. Amakim shu kuni kechki payt Qo‘qonga jo‘nar oldida ayamga tayinladi:
– To‘yda o‘zing xizmat qilmasang bo‘lmaydi, ovsining tamom bo‘lgan… shoshilishimning boisi ham shu, bechora qizining to‘yini ko‘rib o‘lsin, – dedi.
Ayam hammadan ham «Zinger» dahmazasidan qutulishiga xursand edi.
Yanagi haftaning o‘rtalarida butun ro‘z-g‘or va do‘konimizning asbob-uskunasini bitta aravaga ortib Qo‘qonga jo‘nadik.
HUR QIZ
Qo‘qonga tush mahalida kirib keldik. Ko‘chalarda odam ko‘p, xuddi Yaypanning bozor kuniga, yo‘q, hayitga o‘xshaydi. Jangur-jangur izvoshlar, arava, gumbur soyavon aravalar ko‘p, onda-sonda eshak yoki odam qo‘shilgan eshak-aravalar ham ko‘rinib qoladi. Ko‘chaning ikki beti to‘la lavka, do‘kon; temirchilar, miskarlar taraqlatgani-taraqlatgan. Yasanib nag‘ma chalib ketayotgan bir bolani ko‘rib qoldim. Bir joyga kelganimizda xuddi azaga kelgan bir hovli xotin baravariga uvvos tortib yig‘laganday vahimali bir tovush eshitildi. Men hayron bo‘lib qolgan edim, dadam:
«Qo‘rqma, zovut, Mirrabbiyboyning zovuti, odam chaqiryapti», dedi.
Amakimning hovlisi Qipchoqariq degan mahallada, tollarning ostiga ko‘milgan anhor bo‘yidagi pastqam hovlilardan biri ekan. Yarmini kattakon tol qoplab yotgan hovlida bizni boshdan oyoq oppoq kiyingan bir kampir bilan ozg‘in, rangi zahil, lekin qoshi-ko‘zi qop-qora, sariq ko‘ylak va qizil jeletka kiygan bir qiz qarshi olishdi. Kampir dadamning onasi, qiz amakimning qizi Savriniso ekan. Kampir dadamni quchoqladi. Qiz ayamning ko‘ksiga boshini qo‘yib yig‘ladi, keyin yuz-ko‘zini artib meni quchoqladi, o‘pdi. Ikkovi bizni tandir va o‘choq qurilgan bostirmaga, undan qorong‘iroq uyga boshlab kirishdi. Bu uyda amakimning og‘ir betob xotini yotgan ekan. Betob ozib cho‘p bo‘lib ketgan, chaqchayib turgan ko‘zlaridan odam qo‘rqar edi. Savriniso meni hovliga olib chiqdi, ro‘paradagi yangi uyning zinasiga o‘tqazib gapga soldi, jeletkasining cho‘ntagidan ikkita parvarda olib berdi, keyin: «Hozir G‘afforjon maktabdan keladi, birga o‘ynaysiz», dedi-yu, qaytib ketdi, anchadan keyin yana chiqdi, qo‘limga bir bo‘lak sovunak holva berdi.
Shu orada G‘afforjon kelib qoldi. Men uni qo‘lidagi kitobidan tanidim. G‘afforjon menga qayrilib ham qaramay, kitobini so‘riga uloqtirdi-yu, borib tolning kallagidan bir nima olmoqchi bo‘ldi. Savriniso borib uning qulog‘iga bir nima dedi. G‘afforjon bag‘illab berdi. Savriniso yana bir nima degan edi, G‘afforjon yerga o‘tirib, oyoqlarini tipirchilatib yig‘i boshladi. Savriniso mening oldimga qaytib keldi. G‘afforjon uzoq yig‘ladi, sidirg‘asiga emas, dam olib-dam olib, biron narsaga alahsib qolsa, yig‘lashini unutib, yana eslab yig‘lar edi.
Uydan kampir chiqdi, G‘afforjonni ko‘rib, xuddi bir kor-hol bo‘lganday uning oldiga yugurib bordi, boshini silab gap so‘radi.
– Dadamni aytib kelgin, desam shunaqa qilib o‘tiribdi, – dedi Savriniso.
Kampir baqirib berdi.
– Qo‘shnining bolasini yuborsang bo‘lmaydimi! – dedi va yengidan bir nimalar olib G‘afforjonga berdi-da, aldabsuldab ko‘chaga chiqarib yubordi.
Savriniso hovliga suv sepib, so‘riga joy qildi. Men nima qilishimni bilmay ko‘chaga chiqdim. Muyulishdagi ko‘prik boshida bolalar turishgan ekan, yaqin bordim. Bular mendan yotsirashmadi. Gaplashib ketdik. Biroq ko‘p o‘tmay, bular mening har bir so‘zimdan kula boshladi, biri «qishloqi» deb qo‘ydi.