so‘rida gaplashib o‘tirishgan ekan. So‘z to‘y haqida borayotgan edi.
– Onasi ham shunga ilhaq bo‘lib ko‘z yumolmayapti, – dedi kampir nafasi titrab, – qachon oldiga kirsam: «To‘y qachon, ko‘zim ochiqligida qizimning to‘yini ko‘rib qolay», deydi. O‘zimning ham shartim ketib, partim qolgan… Vaqtida odamlarga o‘tqazib qo‘yganim bor, to‘yanaga kim nima olib kelishini bilmasam ham, har nechuk, umidim katta, o‘z qo‘lim bilan berganimni o‘z qo‘lim bilan olay…
Kechasi Savriniso onasining yonida, kampir bilan amakim va G‘afforjon yangi uyda, biz hovlidagi so‘rida yotdik. Otam-onam xiyla vaqtgacha shivirlashib yotishdi.
– Savrinisoning Azimga hech ham ko‘ngli yo‘q ekan, – dedi ayam, – boya suvxonada meni quchoqlab zor-zor yig‘ladi.
Dadam ayamni urishib berdi.
– Qiziqmisan o‘zing, dunyoda qaysi bir qiz ko‘ngli bo‘lganga tegipti? Qaysi bir qiz ko‘ngli bo‘lmaganga tegmapti? Tushi-rindida yig‘lamasdan aravaga chiqqan kelin bormi?
Ertasiga kechqurun ikkala ammam kelishdi. Ayam shularning oldida amakimga so‘z qotdi:
– Savriniso o‘n oltiga endi to‘ldi, shu ishni biron yil bo‘lsa ham paysalga solinsa bo‘lmasmikan? – dedi.
Bu gap dadamga ham ma’qul tushdi shekilli, so‘zga og‘iz rostlaganida amakim shovqin solib berdi:
– O‘zing necha yoshda erga tekkansan?! O‘n to‘rtda eding! Nima qilasan Savrini qaritib!
Kampir ming‘illadi.
– Abdurahmon uzil-kesil gapni aytib qo‘ygan, bu to‘g‘rida bir nima degani hech kimga so‘z qolgani yoq!
To‘y kelasi oyning sakkizi, juma kuniga tayinlandi. Ertasiga Savriniso yo‘lakda dadamning oyog‘iga yiqildi, tovush chiqarmay kuyinib yig‘ladi. Dadam uni yupatdi, «hammaning ham boshida bor», degan gaplarni aytdi.
Men bir kuni Savrinisoning azob-uqubatlariga sabab bo‘layotgan Azimni ko‘rish uchun amakimning do‘koniga bordim. Azim moylabi endi sabza urgan, peshanasi tor, ko‘zlari katta-katta, bo‘yi pastroq bo‘lsa ham har yelkasiga to‘rttadan odam sig‘adigan bir yigit bo‘lib, dadamning aytishiga qaraganda, «bosqonchimisan bosqonchi, bosqonni boshidan oshirib urishni Qo‘qonda shu rasm qilgan» ekan. U duduq, xiylagina duduq bo‘lishiga qaramay sho‘x, xushchaqchaq, yaxshigina askiya ham qilar ekan. Kulala askiyada yengilganida uning damini qaytarish uchun: «Siz mening otimni aytguningizcha onam yana bitta Kulala tug‘adi» deb shaxsiga tekkanida, Azim xafa bo‘lish o‘rniga qotib-qotib kuldi.
Amakim Yaypanga borganida bizga uy ijaraga olib qo‘yishni va’da qilgan edi, olib qo‘ymabdi. Shuning uchun uy topilguncha, balki to‘y o‘tguncha biz shu yerda turadigan, dadam o‘zi do‘kon ochguncha amakimga qarashadigan bo‘ldi. Bu orada men siqilib qoldim; ko‘chaga chiqib bolalarga qo‘shilolmayman; G‘afforjon maktabdan kelganidan keyin quloqni qomatga keltirib nuqul nay puflaydi, chalolmaydi, faqat puflaydi, bundan zeriksa, ko‘chaning u yuzidagi botqoqqa borib baqa o‘ldiradi. Menga e’tibor qiladigan, qo‘li tekkanda so‘z qotadigan birdan bir odam Savriniso bo‘lib qoldi.
Savriniso bir kuni kampirdan javob so‘rab meni Ko‘mir bozorida turadigan kichik ammamning uyiga olib bordi. Ammam qizi Mukarram ikkovimizning qo‘limizga pul berib, rohatijon yegani yaqin G‘ishtko‘prikka yubordi. G‘ishtko‘prik Ko‘mir bozoridan ancha narida ekan. Biz Ko‘mir bozorida qanorlarda ko‘mir ortilgan tuyalarni, undan nari har xil yaltiroq narsalarga to‘la baqqollik do‘konlarini tomosha qilib bordik; G‘ishtko‘prikning ikki tomonidan zarang kosa tutib tilanayotgan pes-moxovlar, oldiga mayda tosh uyib rom ochayotgan folbinlarni oralab, ko‘prikning u tomoniga o‘tdik. Yangi do‘konda o‘tirgan jikkakkina chol oldidagi muzni qirib likopchalarga soldi-da, ustiga qoshiqcha bilan shinni oqizib qo‘limizga berdi. Rohatijonni qoshiqchaning uchida olib uzoq yedik.
Qaytdik. Kelib qarasam, Savriniso yig‘layverib shishib ketibdi, lekin yig‘laganini bildirmaslik uchun meni gapga soldi, ikki gapning birida kular edi.
Ertasiga ikkala ammam kelishdi, kampir uchovi uzoq gaplashganidan keyin paranji yopinib qayoqqadir ketishdi. Ikkala ammam nima uchun kelganini, kampir uchovi qayoqqa borganini shu kuni kechasi ayamning dadamga aytgan gaplaridan bildim:
uchovi shu mahallalik Bandi eshonga borib ilm-u amal qilishibdi, Savrinisoni Azimga isittirishibdi. Shundan keyin, bilishimcha, Savriniso kampirning ziqnovi bilan, jo‘mragiga paxta tiqilgan sopol obdastadan suv ichadigan, faqat kampirning qo‘lidangina ovqat yeydigan, amal ko‘milgan ko‘cha eshigi ostonasidan nari hatlamaydigan bo‘ldi.
To‘y kuni yaqinlasha boshladi. Savriniso nuqul meni quchoqlab tovush chiqarmay yig‘lar edi.
Yangi oy chiqdi. Seshanbadan boshlab G‘afforjon ikkovimiz uzoq-yaqindagi qarindoshlarimiz, tanish-bilishlarimizni to‘yga xabar qila boshladik, katta ammamizni aytgani Oyimqishloqqa bordik. Ammamiz bir do‘ppi yong‘oq berdi. Yong‘oqni G‘afforjon ikkovimiz bo‘lishib oldik. Men o‘z tegishimni keltirib Savrinisoga berdim. Savriniso yuz-ko‘zimdan o‘pdi, katta uyning zinasiga o‘tirib, amirkon kovushini yechdi-yu, poshnasi bilan yong‘oqni chaqib, bittasini o‘zi yesa, ikkitasini mening og‘zimga soldi. Yong‘oq tamom bo‘lganidan keyin Savriniso boshimni tizzasiga olib, silab bir kuy maqomiga tebranib o‘tirdi. Chakkamga bir tomchi iliq yosh tomdi. Stansiyada parovozlar bir-biriga navbat bermay qichqirar edi. Savriniso o‘ychan, lekin beixtiyor tovush chiqarib gapira boshladi:
– Poyezd meni chaqiryapti… Chaqir! Qattiqroq chaqir, boraman! Meni uzoq-uzoq yurtlarga olib ket!
Qayoqdandir paydo bo‘lgan amakimning baqirgan tovushi eshitildi.
– Qayoqqa olib ketadi! – dedi va Savrinisoga tomon otildi.
Men arang qochib qoldim. Amakim dahshat ichida o‘zini uyga urgan Savrinisoning ketidan otilib kirdi. Savrinisoning avval «Dadajon!» degan chinqirig‘i, keyin mushukday vag‘illagani, nihoyat, ingragani eshitildi-yu, jim bo‘lib qoldi. Bu jimlikda kampirning tovushi eshitildi.
– Hoy, bolam, Abdurahmon, evida! Po‘pisa qilgin, qo‘rqitgin, nainki shunaqa ursang!
Men derazaning oldida dag‘-dag‘ titrab turardim. Qorong‘i uydan ayam chiqdi, mening rang-qutim o‘chganini ko‘rib yugurib keldi, qumg‘ondan suv olib yuzimga sepdi, gap so‘radi. Men javob berishga ulgurmay ichkaridan amakim chiqdi va onamga «kir» deb ishora qildi-yu, oyog‘idan tushib qolgan bir poy kavushini kiyib ko‘chaga chiqib ketdi.
Onamning ketidan uyga kirdim. Savriniso taxmonning oldida mukka tushib o‘zini bilmay yotar edi. Ayam taxmondan ko‘rpa tortib tushirdi, joy soldi, qisqa-qisqa nafas olayotgan Savrinisoni ko‘tarib yotqizdi. Ayam ko‘targanda Savriniso eshitilar-eshitilmas ingradi.
– Vahima qilma, o‘lmaydi, kechgacha tuzalib qoladi, – dedi kampir boshidan tushib ketayotgan ro‘molini peshanasiga surib. – Ovsiningga aytmay qo‘ya qol!..
Kampir chiqib ketdi.
Savriniso kechgacha ham o‘ziga kelmadi, aksincha, isitma chiqardi. Ayam uning yonidan jilmadi. Men goh derazadan qarayman, goh eshikka bosh tiqaman, Savriniso ko‘zini ochishini, meni chaqirishini kutaman, undan ham ko‘ra birdan: «Va-a, hammalaringni aldagan edim» deb o‘rnidan turib ketishini xohlar edim.
Shomdan keyin dadam bilan amakim kelishdi. Dadam Savrinisoning yonida birpas o‘tirgandan keyin yelkasiga sekin turtdi. Savriniso ko‘zlarini xiyol ochdi, lekin osma chiroqning xira shu’lasida dadamni tanimadi, sinchiklab qarashga darmoni yetmadi shekilli, ko‘zini yana yumdi. Dadam tashqariga chiqdi. Eshik oldida qilmishiga o‘kinib, boshini quyi solib turgan amakim imo bilan: «Qalay?» deb so‘radi. Dadam indamay zinadan tushib ketdi.
Yarim kechaga borib Savriniso og‘irlashib qoldi. Hech kim, hatto kampir ham kechasi bilan ko‘z yummadi. Voqeadan va hozirgi ahvoldan Savrinisoning onasi xabardor bo‘lib qolmasin uchun hamma oyoq uchida yurar, shivirlab gaplashar edi. Saharga yaqin amakim ona-bolaning qo‘shmozor bo‘lishidan qo‘rqdi shekilli, xotinini bir bahona