Abdulla Qahhor

O‘tmishdan ertaklar


Скачать книгу

kuni dadam shayton aravasini minib Qo‘qonga ketgan edi, kechqurun qaytishda Olim buvaning opasi – saksonlardan oshib qolgan kampirga yo‘liqibdi. Dadam qo‘ng‘iroq chalmay uning yonidan shuv etib o‘tib ketibdi. Uning shabadasidan seskanib ketgan kampir boshini ko‘tarib qarasa, oldinda odamga o‘xshagan bir maxluq oyog‘i yerga tegib-tegmasdan uchib ketayotgan-mish. Kampir shaytonlab o‘zini tashlab yuboribdi. Odam yig‘ilibdi. Kampirni uyiga zambilda olib ketishibdi. Dadam qo‘rqqanidan ko‘chaga chiqmay, do‘konga ham bormay qo‘ydi. Uch kun deganda kampir o‘lib qoldi. Dadam tergov va Olim buvaning g‘azabidan qo‘rqib cho‘p-ustixon bo‘lib qoldi. Ayam yig‘idan boshini ko‘tarmas edi. Kampirning yettisi o‘tgandan keyin Olim buva dadamga kishi qo‘yib: «Mayli, usta xafa bo‘lmasin, opamning kuni bitgan, qazosi yetgan ekan, xudoning irodasi, lekin bundan keyin shayton arava minmasin, shu shayton arava olib kelgandan beri Yaypandan fayz ketdi», debdi.

      Dadam ertasigayoq shayton aravani Qo‘qonga eltib sotib keldi, Olim buvaga uchrab uzr-ma’zur aytdi; unga ikkita o‘n ikki qadoqlik ketmon, bitta bolta yasab berdi. Chol dadamni hol-joniga qo‘ymasdan bu narsalarning pulini beribdi.

      Shu bilan tinchigan edik, oradan bir hafta o‘tar-o‘tmas yana bir voqea yuz berdi.

      Dadam ertalab do‘konga ketayotganida yo‘lakda paranjilik bir xotinni ko‘ribdi. Paranjining orqa etagiga bir shox yantoq ilashib borayotgan ekan, dadam xotinga yetib olib yantoqni bosibdi. Yantoq yerda qolib, xotin dadamga qayrilib qarabdi-yu, ketaveribdi. Bu xotin Olim buvaning erga tegib ketgan qizi ekan, paranjisiga ilashgan yantoqdan bexabar, «usta menga tegishmoqchi bo‘lib paranjimni tortdi», degan xayolga boribdi-da, bu gapni otasiga aytibdi.

      Olim buva ertasiga ertalab yo‘lakda shovqin soldi:

      – Ho‘ shayton arava! Ho‘ kelgindi! Bu yoqqa chiq! Chiq deyman bu yoqqa!

      Cholning bunaqa shovqin solganini emas, balandroq tovush chiqarganini ham hech birimiz eshitmagan edik. Dadam cho‘chib ayamga qaradi. Uning ham rangi o‘chib ketdi. Dadam yo‘lakka tomon yugurdi. Men ham chopdim. Yo‘lakda o‘ng qo‘lini yengidan chiqarib olgan Olim buvani ko‘rib tanimadim: meni hamisha bolam-bo‘tam deb suyadigan, shirinso‘z, yuzidan tabassum arimaydigan chol qani? Uning o‘rnida ko‘zlari qinidan chiqay deb turgan, rangi soqolidan ham oqroq, vujudi titrab, uzun soqoli silkinayotgan dahshatli bir odam turardi. Dadam ro‘para bo‘lishi bilan uning og‘zidan haqorat yog‘ildi, ikki gapni birida «kelgindi it» deb, qizidan eshitgan gaplarini dadamning yuziga soldi, yana haqorat qildi. Dadam boshini quyi solganicha nuqul:

      – Otaxon, avval gapga quloq soling, – der, shundan bo‘lak gap aytsa chol kelib musht soladiganga o‘xshardi.

      Chol do‘g‘ayib keldi.

      – Hozir ko‘rpangni ko‘tar, it kelgindi! – dedi va po‘sht-po‘shtlab hovlimizga, taxta bo‘lib qotib qolgan va kishidan qochishni ham unutgan onamning yonidan o‘tib, uyga otildi.

      Hovlidan uning shovqini eshitilib turardi.

      Dadam hamon «otaxon, otaxon» deya uning ketidan ergashdi. Olim buva uydan bir quchoq ko‘rpa ko‘tarib chiqib ko‘chaning o‘rtasiga uloqtirdi. Odam yig‘ildi. Hech kim Olim buvaga taskin-tasalli bermasdi, aksincha kimdir baqirib:

      – Shayton arava minadigan odamdan yaxshilik chiqmaydi, ur bo‘yniga! – dedi.

      Olim buva boshini quyi solib eshik oldida turgan dadamning yonidan o‘tarkan, qo‘lini paxsa qilib baqirdi:

      – Mening qizimni ko‘chada sanqib yurgan qanjiq deb o‘ylaganmiding? Ho‘ it! Qaytib yuzingga qarasam xotinim uch taloq! – dedi-yu, hovlisiga kirib ketdi.

      Dadam ko‘rpalarni otyo‘lakdan olib hovliga kirdi. Ayam boshini devorlarga urib, sochlarini yulib yig‘lar edi. Dadam boyagi yantoq voqeasini aytib, ayamni yupatmoqchi bo‘ldi:

      – Cholning qulog‘iga hozir gap kirmaydi, og‘ziga so‘z olib qo‘ydi, mayli, keyin biladi, uyalib qoladi, – dedi.

      Ayam birdan yig‘idan to‘xtadi.

      – Siz uyaling, bir mo‘minning xotiniga ko‘z olaytirgani siz uyaling! – dedi.

      Dadam unga bir xo‘mrayib qaradi-da, indamadi, indamay ko‘chaga chiqib ketdi.

      Dadam kechki payt qaytib keldi, Qo‘shariq degan mahalladan uy topib, eshak-arava olib kelibdi. Ko‘ch-ko‘ronimizni eshak-aravaga ortib Qo‘shariqqa ko‘chdik.

      «INDAMAS»

      Qo‘shariq mahallasi guzardan ancha nari, ko‘cha ikkita katta-katta ariq o‘tadigan daraxtzorga borib taqalgan, biz ijaraga olgan hovli shu daraxtzordan beriroqda ekan. Hovlini ko‘rib ayam suyunib ketdi: bir tup kattakon tut, pachaqroq bo‘lsa ham ayvon, to‘qqiz yog‘ochlik vassabo‘yra yo-rug‘ uy…

      Namozgarga yaqin ko‘chada bolalar chug‘urlashib qolishdi. Chiqdim. Bolalar mening uchun yangi «Oq terakmi, ko‘k terak» o‘ynashayotgan ekan. Bu o‘yinda bolalar orada yigirma-o‘ttiz qadam masofa qoldirib ikki safga tizilishar, qo‘l ushlashib turishar, safning boshlig‘i qarshi safga qarab: «Oq terakmi, ko‘k terak, bizdan sizga kim kerak?» derkan; qarshi tomonning boshlig‘i «falonchi kerak» deganda nomi aytilgan bola safdan chiqar ekan-u yugurib borib o‘zini jon-jahdi bilan qarshi safga urar ekan; shunda safni uzolsa g‘olib bola mag‘lub safdan bir bolani yetaklab kelar, safni uzolmasa o‘zi shu safda qolib ketar ekan. Men Olim buva mahallasida bolalar qatoriga kirib qolganim uchun dadil borib safga qo‘shildim. Qanchadan qancha bolalar qarshi safni buzib bola olib keldi, qanchadan qanchasi safni buzolmay qolib ketdi. Orziqib kutdim: meni ham «kerak» desa, men ham yugurib borib safni buzsam, bola yetaklab kelsam… Biroq meni hech kim «kerak» demadi. Bu bolalar mening nomimni bilmasligi esimga kelmabdi.

      Bolalar charchab o‘yin buzilganda narigi tomonning boshlig‘i – hammadan ko‘proq shovqin solib yelib-yugurgan bola meni payqab oldimga keldi, menga boshdan oyoq razm soldi-yu, birdan:

      – Kelgindi! – deb urgani qo‘l ko‘tardi.

      – O‘zing kelgindisan! – dedim ehtiyotdan orqaga chekinib.

      Bola bir irg‘ib mening kallamga qo‘yib yubordi. Men javob qilolmadim, qarasam, boshqa bolalar ham urmoqchi bo‘lib, ilonni ko‘rgan chumchuqday atrofimda chug‘urlashib turishibdi. Shu payt bizni kuzatib turgan kichkina salla, uzun malla to‘nli novcha bir chol:

      – Qo‘yinglar, bolalar, tegmanglar, kelgindi bo‘lsa o‘zi bo‘libdimi, xudo qilgan, – dedi.

      Bolalar darrov tarqalishdi.«Kelgindi, kelgindi it», degan gapni Olim buvadan eshitganimda buning haqoratdan tashqari yana odam hazar qiladigan ma’nosi ham borligini bilmagan ekanman, cholning bu gapi boshimdan kirib, tovonimdan chiqib ketdi.

      Hovliga kirdim. Bu gapni ayamga aytmadim, ichimga soldim. Shundan keyin ko‘chadan, bolalardan ham, odamlardan ham ko‘nglim qoldi. Ayam tuqqandan keyin dardga chalinib, «uy qizi» bo‘lib qolganim ham chandon malol kelmadi.

      Ayam O‘lmasoyni tuqqanidan keyin tez o‘ng‘arilmadi, uzoq yotib qoldi. Qo‘shni xotinlar non yopib berishar, kir-chirga qarashar edi. Ro‘zg‘orning boshqa ishlari mening bo‘ynimga tushdi: uy va hovlini har kuni ikki mahal supuraman, dalaga chiqib ko‘targanimcha o‘tin orqalab kelaman, dadamga ovqat pishirgani qarashaman, idish-tovoq yuvaman, suv tashmalayman, O‘lmasoyning latta-puttasini yuvaman…

      Ayamni har kuni yoki kun osha peshinga yaqin dard tutadi: avval xo‘p chanqaydi, keyin qo‘llarining tomiri tortishadi. Ayam panjasini yozish emas, hatto og‘zini ocholmas, jag‘i qotib qolar edi. Dadam tabib olib kelmoqchi bo‘lganda ayam ko‘nmadi: «Hovlimizda ziyon bor, hammasi shundan», dedi. U bir kuni kechqurun darchadan tashqariga qarab yotgan ekan, tutning ostidagi devorning raxnasidan hovlimizga bitta qora echki oshib tushibdi, tushibdi-yu, tushgan joyida g‘oyib bo‘libdi. Ayamning nazarida qora echki jin bo‘lishi kerak, kasalligining boshini shundan ko‘rardi. Dadam Qur’on, avrod sotib olib uning yostig‘i ostiga qo‘ydi. Bularning hech biri foyda qilmadi – dard tutishini qo‘ymadi. Birov dadamga: «Ucharmaxsumga o‘qiting, nafasi o‘tkir», debdi. Bu odam juda zo‘r, duoning kuchi bilan qulf ochadigan azayimxon bo‘lib, aytilgan joyga bir