Nabijon Qodirov

Gulyetim


Скачать книгу

ildizi) tergani chiqamiz. Har kim holiga yarasha chorvasiga yemish g‘amlab oladi. «Yo‘ng‘ichqa tomir»ni tesha bilan tuyib maydalab molga berilsa, juda kuchli ozuqa bo‘lardi. Ommaviy ishlardan yana biri g‘o‘zapoya yig‘ish edi. Har bir oila bola-chaqasi bilan dalaga chiqib, o‘ziga bo‘lib berilgan yerning g‘o‘zapoyasini yig‘ishtirib oladi. El birlashadi. Bir-biriga xolis ko‘maklashadi. Ayni shu pallada tut daraxtlarinig sovuqdan darmoni qurib arang ilinib turgan barglarini uzun kaltak bilan savalab qoqishning nashidasi o‘zgacha. Duv-duv to‘kilayotgan yaproqlarni g‘o‘zapoyadan yasalgan qo‘lbola «supurgi» bilan bir joyga yig‘ib, qoplarimizga niqtab-niqtab bosamiz.

      Bu yumushlarni bajarish qanchalik malol kelmasin, biz, bolalar hech qachon bo‘yin tovlamasdik. Ularning o‘ziga yarasha gashti, rohati ham bor edi. Mehnat bizni chiniqtirdi, tobladi, shakllantirdi. Har qanday ishni ko‘rganda qo‘rqmaydigan, oyog‘i qaltiramaydigan bo‘lib ulg‘aydik. «Ko‘z – qo‘rqoq, qo‘l – botir» degan gap topib aytilgan. Yashasin mehnat!

      OLIMJON AKA

      Mavsumiy tig‘iz ishlar tugab, bemalolgarchilik kunlar boshlanadi. Bunday paytlarda o‘rtog‘im Zokir, goho qo‘shnimiz Oqilxon bilan o‘t tergani dalaga boramiz. Oqilxon oq-sariqdan kelgan, nimjon sochlari qizg‘ish, nozik qo‘llari paxtaday yumshoq, qizlarning ichida o‘sayotganidan bo‘lsa kerak o‘ta muloyim bola edi. Yuzidagi siyrakkina sepkillariyam uning o‘ziga xosligini oshirib turardi. U mendan ikki yosh katta bo‘lsa-da, ikkimiz qo‘l berib o‘rtoq tutingandik. Oqilxonlarning oilasini qishloq odamlari hurmat qilar, hatto kichkina bolasiniyam sizlardi. Ular esa negadir boshqalarni senlab gapirishni xush ko‘rardi. Odilxon aka magazin mudiri bo‘lgani uchunmi, bu oila boshqalarga qaraganda anchagina to‘q yashardi. Odilxon taqsir (uni shunday deb atardilar) o‘g‘li Oqilxonni mutlaqo ishlatmasdi, undan faqat yaxshi o‘qishini talab qilib, evaziga oldindan yangi velosiped ham olib bergan. Velosiped did bilan bezatilgan, orqani ko‘rsatadigan oynasi-yu, yoritish chiroqlarigacha bor. Egariga qizil baxmal qoplanib, yana allambalo nurqaytargichlar o‘rnatilgan. Oqilxonni birov majbur qilmasa-da, chiroyli velosipedini ko‘z-ko‘zlash uchunmi, ba’zi-ba’zida men bilan birga o‘t tergani borardi. Bunday ishlarga u juda no‘noq, harchand urinmasin, hech to‘plagan o‘ti ko‘paymasdi. Yana bir tomoni uning cho‘ntaklari doim pulga to‘la bo‘lardi. Oqilxon bolalarning ko‘zini kuydirib do‘konlardan xohlagan narsasini olib yer, hech qachon ko‘ngil uchun ham «mana ol», deb yolg‘on manzirat qilmasdi. U bir gapni bot-bot takrorlashdan sira charchamasdi.

      – Men katta bo‘lsam, sudya bo‘laman.

      – Qishlog‘imiz futbol jamoasigami? – dedi bir gal bu gapni eshitaverib zerikkan Jo‘ra chittak shumlik bilan. Gur etib kulgi ko‘tarildi.

      – Kulmanglar! Mana ko‘rasanlar, hali hammang menga yalinasan. Dadam bir gapni aytdimi, u, albatta, bo‘ladi.

      Dala tomondan qishlog‘imizga kiraverishda yigirma besh yoshlardagi notanish yigit e’tiborimni tortadi. Unga tez-tez ko‘zim tushar, beixtiyor kuzatib ham yurardim. U bir o‘zi chaqqonlik bilan g‘isht quyardi. Dam olish paytlarida esa qo‘lidan kitob tushmasdi. Bir o‘zi uyni ko‘tarib, ustini yopa boshladi. Odamlarni hasharga chaqirsa-ku, – degan xayollar bilan unga salom berib, jim o‘tib ketaverardim.

      Bir kuni tergan o‘tlarimizni qoplab uvatga chiqdik. Oqilxon velosipedining damini kimdir atay chiqarib yuboribdi. Menikiga esa tegmagan. Atrofda birov ko‘rinmadi. Kutilmaganda kap-katta bo‘lib qolgan bo‘lg‘usi sudya yig‘lay boshladi. Uni arang yupatib, noiloj ikkimiz ham velosipedlarimizni yetaklab yo‘lga chiqdik.

      Qishloqqa kiraverishda o‘sha bir o‘zi uy qurayotgan yigitga duch keldik.

      – Iye, Oqilxon, hormang, hormang! – dedi yigit taajjublanib. – Xayriyat, siz ham ish qilarkansiz. Yashang! Mehnat odamni pishiradi, uka. Bo‘shashmang Oqilxon, bo‘shashmang.

      – Bu odam kim?

      – Olim aka, – dedi u bepisand ohangda. – Kutubxonada ishlaydi.

      – Kutubxonachimi? Shuning uchun kitobni ko‘p o‘qirkan-da. U sizni qayerdan taniydi? – dedim hayron bo‘lib.

      – Taniydi-da… Men undan doim kitob olib turamanku.

      – Mengayam kitob berarmikin, – dedim Oqilxonga havasim kelib.

      – Albatta, beradi. Xo‘p desang, ertaga birga borib sengayam kitob olishimiz mumkin.

      – Bo‘ldi, kelishdik.

      Ertasiga u kutubxonadagi xilma-xil kitoblarni ko‘rib, og‘zim ochilib qoldi. Olimjon aka bizni yaxshi kutib oldi. U chiroyli kiyingan, bolalar bilan o‘rtoqday gaplashadigan, xushmuomala, ochiq chehra bir kishi ekan. Bu o‘sha, men ko‘rgan juldur kiyimli, yalangoyoq chopib yurib g‘isht quygan yigitligiga sira ishongim kelmasdi.

      Kitob ko‘pligidan qaysi birini tanlashni bilmay boshim qotdi. Yaxshisi, darsliklarda o‘qiganim Quddus Muhammadiy bilan Po‘lat Mo‘minning kitoblarini olgim kelaverdi. Oqilxon esa «Ilonshoh» degan ertaklar kitobini tanladi. U kutubxonada erkin harakat qilar, Olim akadan tap tortmay, hazillashib ham qo‘yardi. Olimjon aka menga ham qaydnoma varaqasi ochib, olgan kitoblarimni yozib qo‘yarkan, so‘radi:

      – Davronbek, sen she’riyatga qiziqasanmi?

      – Ha, qiziqaman, – dedim biroz qimtinib.

      – Juda yaxshi. Bugundan boshlab kutubxonaga sen ham a’zo bo‘lding. Bu kitoblar sendan ortsa, keyin boshqalar o‘qiydi. Qani, mana bu yerga qo‘l qo‘yib yuborgin-chi.

      Shu paytgacha hech nimaga imzo qo‘ymagandim. To‘g‘risi, qo‘l qo‘yishni bilmasdim ham.

      – Qo‘l qanday qo‘yiladi? Men bilmayman, – dedim qizarib-bo‘zarib.

      – Iye, iye, oddiygina qo‘l qo‘yishni bilmas ekansan-u, yana kitob o‘qiyman deysan-a.

      Oqilxon masxara qilganday hiringlab kuldi.

      – Mayli, kulmang. Hechqisi yo‘q, asta-sekin o‘rganib oladi. Familiyangni yozib qo‘ysang ham bo‘laveradi.

      Olimjon aka varaqlarni olib, menga bir nechta imzolarni misol qilib ko‘rsatdi. Hayajondan qo‘lim qaltirab, belgilangan joyga sharifimni yozib, oxirgi harfning bir uchini uning ustiga jingalak qilib qayirib qo‘ydim.

      – Ana, juda zo‘r, – dedi Olimjon aka ko‘nglimni ko‘tarib. – O‘qigan odam ko‘p biladi. Ko‘p bilish uchun tinimsiz kitob o‘qish kerak, Davronbek.

      – Menga o‘xshab, – dedi Oqilxon qitmirlik bilan gap qistirib.

      – Oqilxon, kitobni shunchaki o‘qib ketaverish bilan ish bitmaydi. Uni sinchiklab, mag‘zini chaqib o‘qish kerak. O‘qisangiz-u uqmasangiz, bir uy kitob mutolaa qilsangiz ham foydasi yo‘q.

      Oqilxon bilan o‘qigan kitoblari xususida suhbatlashib shuni bildimki, u adabiyotga mutlaqo qiziqmas, otasining tazyiqidan qo‘rqib, xo‘jako‘rsinga mutolaa qilardi xolos. U doim yasanib yurar, sochini goh tepaga, goh yoniga tarab, o‘ziga oro berish bilan ovora edi. Nima bo‘lgandayam undan minnatdorman. Axir, u meni kitoblar dunyosiga yetaklab keldi. Bu kun mening xotiramda bir umrga muhrlanib qoldi. Olgan kitobimdagi she’rlarni o‘qib, ularga havas qilib o‘zimcha mashqlar qila boshladim. Qayerda bo‘sh qog‘oz ko‘rsam, ming turga olib qo‘l qo‘yib tashlayverdim. Oxiri chiroyli imzo qo‘yishni ham o‘rganib oldim.

      Olimjon aka bilan juda inoqlashib ketdik. U o‘qigan kitoblarim haqida fikrlarimni so‘radi. Men bu bolajon kutubxonachini juda yaxshi ko‘rib qoldim. Uning tavsiyasiga ko‘ra «Alyonushkaning boshidan kechirganlari» degan kitobni olib, shoshilmay, sinchiklab o‘qiy boshladim. Chunki undagi voqealarni Olimjon akaga hikoya qilib berishim kerak edi-da. Bu orada ipak qurti, yagana mavsumi boshlanib, kitob o‘qishga vaqtim ham qolmadi.

      Kutilmaganda odamlar orasida sovuq xabar tarqaldi.

      «Olimjon tutdan yiqilib o‘libdi». Mish-mish gaplarning yolg‘on bo‘lib chiqishini qanchalik istamay, ming afsus, bu fojia haqiqat edi. Ko‘zlarim yoshga to‘ldi. Endi menga kutubxona eshiklari butunlay yopilgandek tuyuldi. Olimjon akaning katta hafsala