biz bilan birga to‘yda edi, – dedi o‘rtoqlarimdan biri.
Bu gap kattalar tomonidan ham tasdiqlandi. Eliboy ota, yong‘indan oldin mahallamizdagi Hayit jinnini shu atrofda sang‘ib yurganini aytdi. U hozir ham shu yerda aylanib yurar, odamlarga qarab tinmay kulardi.
O‘t o‘chiruvchilar ham boshlarini ortiqcha qotirib o‘tirmay, aybni osongina o‘sha begunoh jinniga yuklab qo‘yaqolishdi.
Ko‘zlarim hech narsani ko‘rmas, faqat qulog‘imga bolalarning: «Hayit jinni o‘t qo‘yibdi! Jinni o‘t qo‘yibdi!» – degan ovozlari eshitilardi xolos.
Negadir o‘pkam to‘lib, yig‘lagim kelaverdi. O‘zimni tutolmay, o‘tirgan joyimda yuzlarimni berkitib ho‘ngrab-ho‘ngrab yig‘ladim.
Tanish bir qo‘l boshimni silay boshladi. Darrov payqadim. Bu dadamning qo‘llari.
– Nega yig‘laysan? Shunday bo‘lishi kerak ekan, bo‘ldi. Kelgan balo shunga ursin. Uyimiz saqlanib qolganiga quvonsang-chi, tentakvoy. Tur o‘rningdan! O‘g‘il bola yig‘lamaydi!
Ko‘z yoshlarimni artib, dadamga ergashar ekanman, uning oxirgi so‘zlari xayolimda aylana boshladi. «O‘g‘il bola yig‘lamaydi!»
MOYCHI DANG-DANG
Kuz juda seryomg‘ir keldi. Oktabr oyi bo‘lishiga qaramay havo sovib ketdi.
Qo‘ni-qo‘shnilar yoppasiga sandal, pechka qurishni boshlab yubordilar. Ikki kundan beri yog‘ayotgan yomg‘ir tobora avjiga chiqardi. Paxta terimi to‘xtab, hamma uyda o‘tirib qolgan, odamlar yomg‘ir bahona biroz hordiq chiqarmoqda edilar. Sanab chiqdim: uyimizning to‘qqiz joyidan chakka o‘tayapti. Oyijonim tomchilar tagiga chilobchin, kosa va shunga o‘xshash har xil idishlarni qo‘yib qo‘ygan. Tomchilarni sanab, bu ajoyib manzarani tomosha qilib o‘tirgandim, singlimni yelkasiga urib uxlatayotgan onam dadamga so‘z qotdi:
– Bu yil tomni suvamasangiz bo‘lmaydi, dadasi. Ahvolni qarang, oyoq uzatgani joy yo‘q.
– Qo‘limdagi ishlarni tugatib olay, albatta, suvaymiz, – dedi dadam sandal cho‘g‘ini otashkurak bilan kovlab.
– Bo‘zchi belbog‘ga yolchimabdi. O‘tgan yili ham shunday degandingiz…
Dadam indamay menga qarab jilmaydi.
– Darslaringni qilyapsanmi? O‘qishlar qalay?
– Buyam kun bo‘yi ishdan bo‘shamaydi. Dars qilish qayoqda, – gapni ilib ketdi onam. – Ko‘rib turibsizku, ikki kundirki qorong‘ida o‘tiribmiz. Chirog‘imiz yonmaydi. Moychi dang-dangdan esa darak yo‘q.
– Tur, o‘g‘lim, anavini tashqariga to‘kib kel, – dedi dadam to‘lib ketgan idishni barmog‘i bilan ko‘rsatib.
Kosani olib tashqariga chiqdim. Xayriyat, yomg‘ir ancha tinibdi.
Ko‘chadan kerosinchi Moychi dang-dangning ovozi eshitildi.
– Kero-si-i-in! Kero-si-i-in!
Chopib uyga kirdim-da, xushxabarni yetkazdim. Onamjonim moy idishni olib chopganicha ko‘chaga chiqib ketdi. Orqasidan men ham ergashdim.
Moychi dang-dang deganlari o‘zbekchani chalachulpa gapiradigan sap-sariq o‘ris kishi bo‘lib, uning asl ismini hech kim bilmasdi. Shuning uchunmi, osongina Moychi dang-dang deb qo‘yaqolishadi. U baqaloqqina, oyog‘ida qop-qora moylangan kerza etik, bir qo‘lida doim mushtuk tutib yuradigan, indamas odam. Uning soch-soqoli, hatto qoshlariyam maxorka chekaverganidan sarg‘ayib ketganday edi go‘yo.
Moychi dang-dang qishlog‘imizga haftasiga bir bor kelar, o‘zi istagan joyda otini to‘xtatib kerosin to‘la temir bochkani tosh bilan urib dangillatardi va bo‘g‘iq bir ovozda «Kero-si-i-in!», deb qo‘yardi. Biz uning o‘ziga xos harakatlarini, yuvoshgina otini tomosha qilib charchamasdik.
Har safar uning atrofini katta-kichik idish ko‘targan xotin-xalaj o‘rab olar, kerosin keltirganidan quvonishib Moychi akani alqardilar.
– Yakshi, yakshi, – derdi Moychi dang-dang sal jilmayib. Yana uning shunday odati bor ediki, bir tomchi yog‘ni ham nasiyaga bermasdi. Shundanmikan, onajonim juda zarur bo‘lgan chog‘da ham kerosinga ajratilgan pulga sira tegmasdi.
Shunday kunlarning birida «qishlog‘imizga elektr kelarmish», – degan gap tarqaldi. Bu mish-mish uzoq kuttirmadi. Tez orada simyog‘ochlar tortilib, harakatlar boshlab yuborildi. «Elektr toki xavfli ekan, simiga qo‘l tegsa, o‘ldirarmish», degan uzunquloq gaplar asta ortga chekinib, hamma uyda elektr chiroqlari nur socha boshladi. Bu mo‘jizani ko‘rib, biz bolalar rosa quvondik. Onajonim ham chirog‘imiz shishasini artish, uning singan teshigini qog‘oz bilan yamashdan qutuldi. Moychi dang-dang esa butunlay ko‘rinmay ketdi.
HAMAL
Dadam o‘rtoqlari bilan tog‘ bag‘ridagi qaysidir bir qishloqqa dam olish uchun ikki kunlik sayohatga chiqmoqchi bo‘ldi. O‘zi bilan birga meniyam olib ketishga qaror qildi. Rosa xursand bo‘ldim. Chunki men tog‘ni yaqindan hech ko‘rmagandim-da. Azonda ko‘rpa-to‘shagimizni olib, yuk mashinasida yo‘lga chiqdik. Mashina yukxonasining bir chetidagi qoplarda sabzi-piyoz, har xil yeguliklar, yana bir chetida oyoqqo‘li mahkam bog‘langan qo‘chqor ham bor. Aylantirib ko‘rpachalar solingan. Hamma chordana qurib o‘tirar, safarga chiqayotganlaridan benihoya shod edilar.
– Biror ma’qul joy topilmasa, mashinada ham tunab qolaveramiz, – dedi Xo‘r-roz! – deb boshimni silagan sap-sariq odam.
– To‘g‘ri! Bir kun ming kun bo‘larmidi, – dedi yana kimdir.
– Sobitning uyiga tushamiz, – cho‘rt kesdi Komil aka degan semiz kishi.
– Men unga xabar berib qo‘yganman. Eshitsa xafa bo‘ladi.
Komil aka do‘sti Sobitni to‘lib-toshib maqtadi. U bilan bog‘liq qiziq voqealarni aytib hammamizni kuldirdi. Sobit akani ko‘rgani qiziqib qoldim. Mashina uzoq yurdi. Haydovchi ikki-uch joyda to‘xtab, radiatorga suv ham quyib oldi.
Ilonizi, o‘nqir-cho‘nqir yo‘llardan o‘tib, tushga yaqin tog‘lar bag‘rida joylashgan so‘lim bir qishloqqa kirib keldik.
Yozning chillasi bo‘lishiga qaramay, havo salqin. Toshdan toshga urilib sharqirab oqayotgan soyning muzday suvidan ichib chanqog‘imizni qondirdik. Atrofdagi chiroyli manzarani ko‘rib hang-u mang edim. Ko‘plab katta-kichik bolalarning eshak minib yurishlari yanayam qiziqroq ko‘rindi.
Sobit akaning uyiga joylashdik.
Xonadon ikkiga bo‘lingan: ichkari va tashqari hovlidan iborat edi. Tashqi hovli mehmonlarga mo‘ljallangan bo‘lib, ichkari hovlida mezbonning oilasi istiqomat qilarkan. U tashqi hovli sahnidagi ayvonli, baland so‘riga joy qilib, kelishimizni kutib turgani rost bo‘lib chiqdi. Sobit aka miqtidan kelgan, qorindor, lablari qalin, bug‘doyrang bir kishi ekan.
Yoshiga unchalik ham yarashmagan qalin qoshlari, chakkasidagi so‘galga o‘xshash qop-qora xoli uni hammadan ajratib turardi. Tezda sabzi-piyozlar archilib birinchi ovqatga harakat boshlanib ketdi. Ichkari hovli eshigidan iymanibgina mo‘ralab turgan istrasi issiq bola e’tiborimni tortdi. U qo‘li bilan imlab «bu yoqqa kel» demoqda edi. Dadamga shu atrofda bo‘lishimni aytib, notanish bola tomon yurdim. Qo‘l berib so‘rashdik.
– Oting nima? – dedi bola jilmayib.
– Davron. Seniki-chi?
– Hamal.
Biz tezda til topishib ketdik. Hamal qanchalik quvnoq bo‘lmasin, negadir ko‘zlari atrofga ma’yus boqardi.
– Mening musichalarim bor. Yur, ko‘rsataman.
U meni ichkariga boshladi. Hovlida turfa xil gullar ochilib, atrofga yoqimli ifor taratardi.
– Bu gullarni kim ekkan? – dedim qiziqib.
– Ayam ekadilar. Men ham yordam beraman. Sizlarnikidayam gul bormi?
– Biznikida gul yo‘q.
– Nega?
– Bilmadim,