bilsa, meni ayarmidi, yig‘larmidi va bo‘ynimga osilib, meni yupatarmidi? Yoki hozir takabbur odamlar menga qayrilib qaramaganlaridek, u ham qayrilib qaramasmidi?» degan so‘roqlarni bera boshladi. Shu haqda fikr uni shunday bir yengilgina g‘am bilan o‘rab oldiki, u tarqalib ketgunicha, har maqomga solib ko‘rdi. Nihoyat, o‘rnidan turdi va og‘ir bir nafas olib, qorong‘u ko‘chaga yo‘l oldi. Soat to‘qqiz yarim yoki o‘nlarda u, odamlar juda kam qatnaydigan bir ko‘chaga kirib keldi; bu ko‘chada uning sevgani – begona qiz turardi, u bir nafas to‘xtadi-da, atrofga quloq sola boshladi – churq etgan ovoz eshitilsa-chi! Ikkinchi qavatdagi uyning derazasidan miltillab yonib turgan shamning shu’lasi pardaga tushib turardi… Qiz shu bo‘lmada emasmikin? U xarilardan oshib o‘tib, chakalakzor orqali yurib sekin-asta naq deraza tagiga borib to‘xtadi. Uzoq vaqt mehr bilan derazaga qarab turdi, keyin so‘ligan gullarini qo‘llari bilan ko‘kragiga bosgani holda, shu yerda chalqanchasiga yotib oldi. Mana shu ahvolda u, ochiq havoda o‘lib ketishni, bevafo dunyodan ko‘z yumishni istar edi; hech kimning jon berish oldidan chiqqan peshona terini artmaydi, so‘nggi nafasini olayotgan chog‘larda hech kim uning oldiga bosh egmaydi. Ertaga, ko‘ngilli tong paytida qiz uyg‘onib, mazkur derazadan qaragan vaqtida, uni shu ahvolda ko‘radi, – nahotki, shu choqda uning jasadiga bir dona ham ko‘z yoshini tomizmasa, o‘ndan bir guli endigina ochilgan yosh bolaning juda bevaqt o‘lganini ko‘rganida, nahotki, ko‘kragidan aqalli biron marta og‘ir xo‘rsinish chiqmasa?
Birdan deraza ochildi. Qandaydir xizmatchi xotinning ko‘targan shovqini qorong‘u kechaning sukunatini buzdi va bir paqir suv bolaning ustiga ag‘darildi. Hayron bo‘lgan qahramon, yotgan joyidan irg‘ib turib, ust-boshini silkishga kirishdi. Shu vaqt havodan bir narsaning uchib o‘tayotgani sezildi, qulog‘iga birovlarning so‘kishayotgan ovozi va oynaning jaranglab singani eshitildi-da, ko‘ziga panjara ustida bilinar-bilinmas bir narsaning qorasi ko‘rinib, shu onda ko‘zdan yo‘qoldi.
Oradan bir necha vaqt o‘tgandan keyin Tom, ho‘l bo‘lgan kiyimlarini yechib, sham yorug‘ida ko‘zdan kechira boshladi. Sid uyg‘onib qoldi. Sid balki Tom oldida o‘z aybini yopib ketmoqchi bo‘lgandir, ammo u, o‘zining bu fikrini tezlik bilan o‘zgartib, jimgina uxlagan bo‘lib yota berdi, chunki Tomning ko‘zlarida yaxshilik alomatlari ko‘rinmas edi. Tom kechki ibodatini ham qilib o‘tirmasdan, uxlamoq uchun o‘rniga borib yotdi. Sid esa buni fahmlab ko‘ngliga tugib qo‘ydi.
To‘rtinchi bob
YAKSHANBA KUNGI MAKTABDA «CHIRANISH»
G‘ala-g‘ovursiz, tinchgina shaharcha ustidan ko‘tarilgan quyosh o‘zining yorqin nurlari bilan shaharchani go‘yo yupatib turgandek bo‘lar edi. Nonushtadan keyin Polli xola ko‘ngliga mustahkam joylab olgan Tavrot oyatlariga asoslangan duolarini o‘qidi. Sinay cho‘qqisiga o‘xshagan mehrobdan turib, u, Muso payg‘ambar hayotidan dahshatli bir bobni o‘qidi.
So‘ngra Tom belini mahkam bog‘lab olib, miyasini Tavrot oyatlari bilan to‘ldira boshladi. Sid esa darsini allaqachon tayyorlab qo‘ygan. Tom, Tavrotning besh oyatini o‘z xotirasida saqlab qolish uchun butun kuchini sarf qildi. U jo‘rttaga oson oyatlarni tanlab olar edi, chunki butun Tavrot ichida bo‘lgan suralarning eng qisqalari shular edi.
Yarim soatdan keyin Tom o‘z saboqlaridan uncha-munchasinigina zo‘rg‘a eslab oldi, chunki shu vaqt ichida uning fikri-yodi turli xayol bilan, qo‘llari esa boshqa ish bilan band edi. Meri, Tomning qo‘lidan kitobni olib, darslarini so‘ray boshladi, Tom esa o‘z yo‘lini go‘yo tuman orasidan paypaslab topib olmoqchi bo‘lar edi.
… Meri tomonidan berilgan savollarga javob berishda qiynalgan Tom, nima deyishni bilmasdan, Meridan o‘pkalay va Merini koyiy boshladi.
– Shularni o‘zing aytib beraqolsang nima bo‘lardi, insofing bormi?
– Oh, Tom bechora, kallavaram, men sening jahlingni chiqarmoqchi emasman, yaxshisi, borib diqqat bilan o‘qib darsingni bilib olishing lozim. Chidamli bo‘l, Tom, shunda ishing o‘nglanib qolsa zora agar sen darsingni yaxshi bilib olsang, men senga g‘alati narsalarni sovg‘a qilaman. Bor, aqlli bola bo‘l, saboqlaringni takrorla!
– Xo‘p… Nima sovg‘a qilmoqchisan, Meri? Aytib qo‘yaqol.
– Yaxshi narsa deb aytdim-ku, demak, yaxshi narsa.
– Bilaman, Meri, bilaman. Xo‘p, sabog‘imni takrorlayman!
Chindan ham u saboqlarini zo‘r berib takrorlashga kirishdi, astoydil diqqat qilishi orqasida va sovg‘ani tezroq qo‘lga kiritish maqsadida saboqlarini juda yaxshi o‘zlashtirib oldi.
Buning uchun Meri o‘zining yangigina, o‘n ikki yarim sent5ga sotib olgan qalamtaroshini Tomga hadya qildi. Tom esa, buning uchun o‘zida yo‘q xursand bo‘ldi. Qarindoshining shafqatliligi yuragining eng chuqur yerlarigacha ta’sir qildi: chindan ham bu qalamtarosh «rostakam» Berlou firmasining pichog‘i bo‘lib, shu sababli unga mahobatli bir hadya bo‘lib ko‘rinar edi. Tom shu pichoq bilan darhol bufetni yo‘nib, endi komodni yo‘nmoqchi bo‘lib turganida, birdan uni maktabga borish uchun kiyinishga chaqirib qoldilar.
Meri unga suv quyilgan tos bilan bir bo‘lak sovun berdi; u eshikdan tashqariga chiqib, tosni kichkina kursi ustiga qo‘ydi-da, sovunni suvga botirib olib, joyiga qo‘ydi. Keyin yenglarini shimarib, suvni sekingina yerga to‘kdi va oshxonaga kirib, eshik orqasiga ilig‘lik turgan sochiq bilan yuz-qo‘llarini yaxshilab arta boshladi. Biroq, Meri uning qo‘lidagi sochiqni tortib oldi.
– Tom, uyalmaysanmi, – deb qichqirdi Meri. – Bunday yomon bola bo‘lish yaxshimas! Yaxshilab yuvinib olsang bir narsa bo‘ladimi?
Tom biroz uyaldi, Tosga yana qaytadan suv to‘lg‘azdilar. Bu gal Tom Tosning tepasiga borib, go‘yo jur’at va botirlik bilan bir dam qarab turdi-da, og‘ir nafas olib, yuvinishga tutindi. U ko‘zlarini ocholmay, oshxonaga ikkinchi marta kirib, devorda osig‘lik turgan sochiqni qo‘li bilan paypaslab axtara boshlaganida, yuzidan oqib turgan suv va sovun ko‘piklari uning chinakam yuvinganligiga shubha qoldirmas edi. Shunday bo‘lsa ham, uning sochiq bilan artilgan basharasi kutilganidek natijani bermas edi, chunki, yuzining toza bo‘lgan qismi, go‘yo niqob kiygandek, peshonasidan iyagigacha bo‘lib, undan yuqorisiga va pastiga, ya’ni peshonasining ustiga hamda bo‘yniga suv tegmay, xuddi qora halqadek bilinib turardi. Meri uni o‘z qo‘li bilan yuvintirishga kirishdi, shundan keyingina u, ko‘chaga chiqsa kishi uyat qilmaydigan ozoda bola bo‘ldi. Sochlari moylanib, taralib, silliq qilib qo‘yilgan, sochlarining uchidagi jingalaklari esa chiroylik va mutanosib ravishda ko‘rinar edi. (U o‘zi har qa-chon sochlarini diqqat bilan silar va uni tep-tekis, xuddi boshiga yopishib turgandek qilib, qo‘li bilan yotqizishga tirishardi: uning fikricha, sochlari jingalak bo‘lib ko‘tarilib tursa, qiz bolaga o‘xshab qolgandek bo‘lar, bu hol butun umr bo‘yi baxtsizlikka duchor qilar emish). Shundan keyin Meri uning ikki yildan beri faqat yakshanba kunlarigina kiyib yuradigan toza kostumini olib berdi. Kostum: «u-bu» deb atalar edi. Bu so‘z, unga tegishli kiyim shkafida kiyimlarning qanchalik ko‘pligini bildiradi. Kiyinib bo‘lgandan keyin, xolasi uning uyoq-buyog‘ini tuzatib, nimchasining hamma tugmalarini qadarkan, ko‘ylagining yelkaga tushib turadigan keng yoqasini sirtga chiqarib qo‘ydi. Ustini cho‘tka bilan tozaladi-da, boshiga savat qalpog‘ini ham kiygizib qo‘ydi.
Bu ishlarning hammasi, uning tashqi qiyofasini ancha bezagan bo‘lsa-da, u uyalib, o‘zini o‘ng‘aysiz holatda his qilayapti, deb o‘ylash mumkin edi. Haqiqatan ham shunday bo‘lib chiqdi: chunki u hech vaqt o‘zini bunchalik yuvingan, ozoda holda ko‘rgan emas edi, – mana shuning uchun bu hol uni qiynar va hayajonlantirardi. U: «Shoyad, Meri etigimni unutsa», deb umid qilgan edi, lekin uning bu umidi puchga chiqdi. Meri, odat bo‘yicha etikni moylab kiydirmoqchi bo‘lib, uning oldiga olib keldi. Shundan keyin u chidolmasdan: «Meni doim o‘zim istamagan ishlarni qilishga majbur etadilar», – deb zorlana boshladi. Meri unga nasihat qilib:
– Kel endi, Tom, sen ham aqlli bola bo‘l! – dedi.
Keyin Tom ming‘illay-ming‘illay etigini kiya boshladi. Meri ham tez vaqt ichida kiyinib olganidan keyin, uchovlari birgalashib yakshanba kunlik maktabga qarab jo‘nadilar. Tom bu maktabni jon-u