Марк Твен

Tom Soyerning boshidan kechirganlari


Скачать книгу

u o‘z o‘rtoqlarining shivir-shivir qilayotganlarini eshitsa, ularning bunday shivirlashlari Jeff uchun yoqimli bir muzikadek tuyular edi.

      – Uni qara, Jim, u o‘shayoqqa ketayapti-ya! Uni ko‘rsang-chi! Ana u qo‘lini berib so‘rashayotir… Qanday gap-a!

      – Qo‘lini berdi-ya! Jin ursin seni! Hozir sen ham o‘sha Jeff bo‘lishni istardingmi?

      Mister Uolters behuda shoshqoloqlik bilan o‘zini korchalon qilib ko‘rsatish uchun o‘zicha «chiranar», har bir kuchi yetgan kishiga uning maslahat, buyruq va farmoyishlari yog‘ilib turar edi.

      Quchoq-quchoq kitoblarni ko‘tarib, u yoqdan bu yoqqa yugurib, o‘zining pala-partish shovqin-suronlari bilan g‘ayrat qilgandek kutubxonachi ham chiranib yurar edi.

      Yosh-yosh muallimalar esa hozirgina o‘zlari chimchilab, quloqlarini cho‘zib yurgan bolalarga muloyim so‘zlar aytib, engashib qarar, bular ham «chiranar», o‘zlarining chiroyli barmoqlarini silkitib, itoatsizlik qilgan bolalarni qo‘rqitishar, itoatli bolalarni esa erkalatib boshlarini silar edilar.

      Yosh muallimlar ham chiranishib, o‘zlarining kichkina-kichkina tanbehlari bilan maqtovga sazovor intizom joriy qilib, o‘z hukmronliklarini ko‘rsatar edilar. Umuman muallim va muallimalardan ko‘pchiligi asosan kafedra oldidagi kitoblar ustida urinib yurar edilar.

      Qiz bolalar ham turli maqomlarda «botirlik» ko‘rsatar, o‘g‘il bolalar esa bu yo‘lda shunchalik qunt qilar edilarki, butun havo jangovar tovushlar va chaynalgan qog‘oz soqqalari bilan to‘lib ketar edi.

      Bulardan ham balandroqda esa – oliy martabali sudyaga xos tabassumi bilan maktabni jonlantirib yumshoq o‘rindiqda o‘tirgan, ya’ni o‘z mahoratining shu’lalarida isinayotgan ulug‘ odam qiyofasi ko‘zga baralla tashlanib turar, chunki u ham o‘z maqomicha chiranar edi.

      Mister Uoltersning shodlik va mamnuniyatining xotimalanishi uchun birgina narsa yetishmas edi: u o‘zining oliyjanob mehmonlariga tirishqoqlik mo‘jizasini ko‘rsatib, so‘zquvar bo‘lganlarga Tavrotni topshirmoqchi edi. Biroq maktab bolalaridan ba’zi birovlari uncha-muncha sariq bilet to‘plagan bo‘lsalar ham, bu oz, – u eng yaxshi o‘quvchilarni so‘roq qilib o‘tkazgan edi.

      Ana shu paytda, ya’ni u butun umidini uzgan bir vaqtda, Tom Soyer oldinga chiqib, bir dasta biletni: to‘qqizta sariq, to‘qqizta qizil va o‘nta ko‘k biletni taqdim etdi hamda mukofot uchun o‘ziga Tavrotning berilishini talab qildi.

      Tomning bu harakati go‘yo havo ochiq kunda momaqaldiroq guldirashini eslatar edi. Mister Uolters esa Soyerdan allaqachon qo‘l siltagan va yaqin o‘rtadagi o‘n yil ichida undan bir ish chiqmasligiga ishongan edi. Biroq, haqiqatga qarshi chiqib bo‘lmaydi: mana xazinaning muhri bosilgan cheklari turipti, ularga pul to‘lash kerak. Tomni sudyaning o‘zi va boshqa saylangan odamlar o‘tirgan baland taxta ustiga olib chiqdilar hamda bunday katta yangilikni boshliqlarning o‘zlari ma’lum qildilar. Bu ajoyib, hayron qolarlik bir voqea edi. So‘nggi o‘n yil ichida maktab bunday hodisani ko‘rmagan edi; buning natijasida vujudga kelgan dahshat shunchalik chuqur ediki, yangi qahramon, mashhur sudya bilan baravar yuksaklikka ko‘tarilgandek bo‘ldi va endi maktab bir hikmat o‘rniga ikkitasini birvakayiga ko‘rib turar edi. Bolalarning hammasi rashkdan o‘rtanar va Tomga devor oqlab yurgan vaqtda to‘plagan narsalari badaliga qizil va sarig‘ biletlarni sotib, bu soxta martabaga o‘zlari yordam berganliklarini fahmlagan bolalar hammadan ko‘proq kuyib-pishar edilar. Bu makkor va aldoqchi ularni osongina ahmoq qilib ketgani uchun o‘zlariga-o‘zlari jirkanch va nafrat bilan qarardilar.

      Direktor o‘ziga xos tantana bilan Tavrotni Tomga topshirdi, biroq, uning nutqi unchalik qizg‘in chiqmadi: allaqanday notayin bir hissiyot u bechoraga bunda qandaydir bir sir bor va unga balki tegmaslik yaxshiroqdir, deb xabar bergandek bo‘lardi. Bu bolaning miyasiga Tavrot suralaridan aqalli o‘n ikkitasi ham sig‘magani holda, u o‘zining miyasida ikki ming bog‘ Tavrot hikmatlarini to‘plaganligi to‘g‘risida faraz qilish ham to‘g‘ridan to‘g‘ri bema’ni bir narsa bo‘lar edi. Emmi Lorens baxt va kibr bilan yashnamoqda edi. U Tomning nazarini o‘ziga qaratish va o‘z shodligini unga bildirish uchun butun choralarni ko‘rsa hamki, Tom unga qaramas edi. Bu hol Emmi Lorensga qiziq tuyuldi va biroz hayron bo‘ldi, so‘ngra ko‘nglida shubha tug‘ildi, shubha tug‘ildi-yu, yana tarqadi. Yana yangidan shubha tug‘ildi: u tikilib qaray boshladi, juda sinchiklab qarab ko‘p narsalarni sezdi va ko‘ngli sovudi. U ho‘ngrab yig‘lar, butun dunyoni va ayniqsa Tomni juda yomon ko‘rar hamda Tomni yomon ko‘rib qolganiga qattiq ishonar edi.

      Tomni sudyaning oldiga olib kirdilar, biroq baxtsiz bola zo‘rg‘a nafas olar, uning tili tanglayiga yopishib qolgan, qisman bu kishining dahshatli mahobati oldida qo‘rqishidan va, asosan, bu kishi o‘sha qizning otasi ekanligidan uning yuragi orqasiga tortib ketar edi. Agar shu yer qorong‘u bo‘lganida, Tom uning oldida tiz cho‘kib ta’zim qilishga tayyor edi. Sudya qo‘lini Tomning boshiga qo‘yib, uni yaxshi bola, deb atadi va otini so‘radi. U tutilib qoldi va og‘zini ochib, otini aytdi:

      – Tom.

      – Yo‘q, Tom emasdir, balki…

      – Tomas.

      – Ha, Tomas. Men sening biror narsa qo‘shishingni bilgan edim. Yaxshi, yaxshi! Har holda sening boshqa oting ham bo‘lsa kerak, sen menga aytasan, to‘g‘rimi?

      Uolters so‘zga aralashdi:

      – Tomas, sen bu boyvachchaga familiyangni ayt, kattalar bilan gapirishganingda «ser» so‘zini qo‘shishni unutma. Jamoat orasida o‘zingni tuta bilishing kerak.

      – Tomas Soyer, ser.

      – Balli! Qanday aqlli bolasan-a! Juda yaxshi, azamat bola bo‘lding, ko‘p yasha! Ikki ming sura – juda ko‘p narsa! Sen shuni o‘rganishni ustingga olganingga hech o‘kinmaysan, chunki bilim dunyodagi hamma narsadan afzalroq. Bilim odamning shuhratini oshiradi va muloyim qiladi. Tomas, sen ham vaqti kelib, shuhratli odam bo‘lasan va o‘sha vaqtda ketingga qayrilib: men bular uchun bolaligimda o‘qigan yakshanbalik maktabdan minnatdorman; bular uchun men, mehnatga o‘rgatgan qimmatli ustozlarimdan minnatdorman: bularning hammasi uchun men, chiroyli muqovalik Tavrotni taqdim qilgan, «hammavaqt yoningda saqla!» deb menga ta’kidlagan, meni qiziqtirgan va menga suyanchiq bo‘lgan direktordan minnatdorman; bularning hammasi uchun men, to‘g‘ri tarbiyalanganimdan minnatdorman, – dersan. Sen, Tomas, shu so‘zlarni aytarsan va bu ikki ming bayt uchun hech qanday pul ham olmassan! Endi sen menga va bu xonimga o‘rganganlaringdan biror narsa aytib bera olmaysanmi? Men bilamanki sen aytib berasan, chunki biz o‘qishni yaxshi ko‘rgan bolalar bilan faxrlanamiz, Sen o‘n ikkita sahobaning otlarini bilasan albatta, qani, ayt-chi, shulardan dastlabki ikkitasining oti nima?

      Tom nimchasining tugmalangan yeridan ushlab, o‘zini oldinga tortdi va sudyaga ho‘mrayib qaradi; so‘ngra qizarib ketib, undan ko‘zini oldi. Mister Uoltersning ko‘ngli sovidi. Axir, bola eng oddiy so‘roqqa ham javob berishga qodir emas-ku, sudya nima qilib unga savol beradi? Har holda, u bunga aralashishni lozim topdi:

      – Boyvachchaga javob ber, Tomas, qo‘rqma!

      Tom goh o‘ng, goh chap oyog‘ini ko‘tarib qo‘yar edi.

      – Menga-ku albatta javob berasan-a, – dedi xonim so‘zga aralashib. – Isoning dastlabki ikki shogirdining oti nima edi?…

      – David va Goliaf!7

      Sahnaning shu yeriga alam pardasini tushiramiz.

      Beshinchi bob

      CHAQAG‘ON QO‘NG‘IZ VA UNING O‘LJASI

      Soat o‘n yarimga yaqinlashganida, kichkina cherkovning darz ketgan qo‘ng‘irog‘i birdan jarangladi va o‘sha zamon ertalabki ibodat uchun kishilar yig‘ilisha boshladilar. Yakshanba kungi maktab shogirdlari cherkovning burchaklariga joylashib oldilar; ular har qachon kattalarning nazorati ostida bo‘lishlari uchun o‘z ota-onalari o‘tirgan kursilarga borib o‘tirdilar. Ana, Polli xola ham keldi; Tom, Sid va Meri uchchalasi Polli xolaning oldida o‘tirdilar. Shuning bilan birga Tomni ochiq deraza yonidan nariroqqa, ya’ni derazadan ko‘rinib,